Ibn Abbos roziyallohu anhumo rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qalbida Qur’ondan hech narsa bo‘lmagan inson xaroba uy kabidir”, deb marhamat qildilar.(Termiziy rivoyati.)
* * *
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Qur’onni yodlagan qoriga (qiyomat kuni) “O‘qi, ko‘taril va dunyoda tilovat qilganingdek tilovat qil. Sening manziling oxirgi o‘qigan oyatingdadir”, deb aytiladi”. (Termiziy va Nasoiy rivoyati.)
* * *
Muoz ibn Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Qur’onni o‘qib, undagi hukmlarga amal qilsa, qiyomat kunida Alloh taolo uning ota-onasiga toj kiydiradi. Uning nuri dunyo uylaridagi quyosh nuridan ko‘ra yorqinroqdir. Bunga amal qilgan inson haqida gumoning qanday?”. (Abu Dovud rivoyati.)
Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’on o‘qinglar, zero u qiyomat kunida o‘z egalari uchun shafoatchi bo‘lib keladi”, deb marhamat qildilar. (Muslim rivoyati.)
* * *
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faqat ikki narsada hasad qilish joiz: Alloh unga Qur’onni ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uning tilovati bilan mashg‘ul bo‘ladigan kishiga va Alloh taolo unga mol dunyo ato qilgan bo‘lib, kechayu kunduz uni infoq qiladigan kishiga”, dedilar.(Buxoriy va Muslim rivoyati)
* * *
Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudanRasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb marhamat qilganlari rivoyat qilinadi: “Alloh taolo aytadi: “Kimni Qur’on o‘qish va mening zikrim uni boshqa narsalarni so‘rashdan to‘sib qo‘ysa, men unga so‘raganlarga berganimdan ko‘ra ko‘prog‘ini beraman. Alloh taolo kalomining boshqa kalomlarga nisbatan fazli Alloh taoloning bandalarga nisbatan fazli kabidir”. (Termiziy rivoyati.)
* * *
Bizni kuzatib boring va musobaqa rasmlaridan bahramand bo‘ling
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlarning yaxshilaringiz Qur’onni o‘rganib, boshqalarga o‘rgatganlaringizdir”, deb marhamat qilganlar.
* * *
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qur’onni o‘qigan va unga mohir bo‘lgan qorilar ulug‘ va mukarram farishtalar bilan birga bo‘ladi, Qur’onni tutilib-tutilib o‘qigan va qiroat unga mashaqqatli bo‘lgan kishi uchun ikki ajr bordir”, deb marhamat qildilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)
* * *
Abu Muso Ash’ariy[1]roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Qur’on o‘qiydigan mo‘minning o‘xshashi utrujja[2] kabidir, uning hidi ham, o‘zi ham shirindir. Qur’on o‘qimaydigan mo‘min o‘xshashi hurmo kabidir, uning ta’mi shirin bo‘lib, hidi bo‘lmaydi, Qur’on o‘qiydigan munofiqning o‘xshashi rayhon kabidir, hidi hushbo‘y, lekin mazasi achchiqdir. Qur’on o‘qimaydigan munofiqning o‘xshashi esa hanzala[3]kabidir, uning hidi ham yo‘q, ta’mi ham achchiqdir”. (Buxoriy va Muslim rivoyati.)
* * *
#Maqola #Ixtilof #G‘uluv
Islomda "g‘uluv" din ilmini anglashda haddan oshishdir. Alloh taolo bunday ogohlantiradi: "Ayting: "Ey ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!" (Moida surasi, 77-oyat).
Rasululloh alayhissalom "Alloh taolo shariatda ziyoda chuqur ketuvchilar halok bo‘ldilar", deb uch marta aytishlarida, dinda haddan tashqari ziyodalik qilish insonni halok qilish bilan teng ekanligidan ogohlantirmoqdalar.
Dinda g‘uluvga ketish musulmon jamiyatlarida ixtilof va guruhbozlikka, fitnaga va oxir-oqibat aqidaning buzilishiga olib keladi. Islom tarixida xavorij, mo‘tazila va boshqa oqim va toifalarning vujudga kelishi ham, asosan, dinda g‘uluvga ketish natijasida sodir bo‘lgan.
Ayni vaqtda, g‘uluvga berilganlar dinni o‘ta og‘ir va mashaqqatli tushuntirganlari bois odamlar to‘g‘ri yo‘ldan adashib, undan bezib qoladilar. Dinda g‘uluvga ketish haqida so‘z yuritilganda aqidaparast oqimlarning aqidaviy masalalarda g‘uluvga ketganlari va ularning xatolari hamda bu e’tiqodlari sof islomiy ta’limotlarga naqadar zid ekanini eslamasdan iloji yo‘q.
G‘uluvga ketish, sarkashlik, itoatsizlik, manmansirash kabi illatlardan xoli bo‘lgan o‘tmish ajdodlarimiz dinimizni asrab-avaylab, bizgacha yetkazdilar. Shunday ekan, dinning musaffoligini asrash va uni kelajak avlodga asl xolicha yetkazish bizning vazifamizdir.
Abdug‘offor Hakimov, Mingbuloq tumani "Qo‘sh qishloq" jome masjidi imom-xatibi