Ota-onaning muhim vazifalaridan biri – voyaga yetgan farzandi o‘g‘il bo‘lsa uylantirish, qiz bo‘lsa turmushga uzatish. Xalqimizda “Tengini topsang tekin ber”, degan maqol bor. Hamma shu maqolga amal qilishni istaydi. Ammo ana shu tenglikka har xil yondoshadi. Masalan, birov bo‘lajak qudalarning boylikdagi barobarligini tushunsa, boshqa biri yigit va qizning chiroyini, yana biri ularning bo‘yi-bo‘yiga mosligini nazarda tutadi...
Bu borada bobolarning fikri qanday bo‘lgan?
“Axloqi muhsiniy”da yozilishicha: “Ulamolardan birining sohibjamol qizi bor edi. Shaharning hamma ulug‘lari qizning ko‘nglini olish ilinjida edi. Bu ulamo qizini kimga berarga hayron edi. Uning bir g‘ayridin hamsoyasi bor ekan. Uni chaqirib, dedi: “Ey hamsoya, mening bir qizim bor, ko‘pchilik uning ko‘nglini olish ilinjida, ularning qaysi biriga rozilik berishga hayronman. Sen nima maslahat berasan?”. G‘ayridin dedi: “Men islom dinidan begona kishiman, nechun bu so‘zni mendan so‘raysan?”. Ulamo dedi: “Sen garchi islom dinidan begona bo‘lsang-da, har ishda tadbirkor insonsan. Ulug‘lar kengash to‘g‘risida mubolag‘a qilib bunday deganlar: to‘g‘ri, donishmand kishi bilan kengashish kerak. Hadisda yozilganki: “Al-mustashoru mu’taminun” (Shunday kishi bilan kengashish kerakki, odam unga ishona olsin). Shunday ekan, hozir sen qanday maslahat bersang, men shunga amal qilaman”. G‘ayridin dedi: “Nikohdagi kifoyat eru xotinning barobarligidir. Kifoyat musulmonlar mazhabida din va millat bilan bo‘ladi, bizning odatimizda aslu nasab bilan va zamona ahli nazdida mulk va ulug‘lik bilandir. Endi o‘ylab ko‘r, agar o‘z diningga rioya qilsang, din yo‘lini ixtiyor qil, agar bizning rasmimizga kelsang, nasabga e’tibor qil, agar zamona ahli odatiga amal qilsang, molu joh talab qil!””
Ulamoga bu javob xush keldi va dedi: “Din hammaga barobar. Dinni ixtiyor qildim”. Uning Muborak ismli g‘oyat olim va dindor quli bor edi. U, men Muborakdek iymonli dindorni bilmayman. Demak, qizimni unga nikoh qilib beray, deb chaqirtirib, qizini unga berdi.
Haq (pok va oliy) Muborakka u qizdan bir farzand berdiki, u islom ahlini peshvosi va dindorlarning imomi, zohidlar o‘rtasida yagona va oriflar o‘rtasida tengi yo‘q Abdulloh ibn Muborakdir”.
Buni qarangki, ota-ona farzandlarini uylantirish yoki uzatish bilan ularning baxtiyor yashab ketishini, avlodining davomiyligini ta’minlash barobarida o‘g‘li va qizining ko‘plab jiddiy kasalliklarga chalinib qolishining ham oldini olishga sababchi bo‘lar ekan.
Yolg‘izlik halokatli!
AQSHning markaziy onlayn “Slate” jurnali yolg‘izlik sababli paydo bo‘ladigan tahlikalarga oid bir maqola e’lon qildi. Unda yozilishicha, izlanishlar natijasida yolg‘iz kishilarning xastaliklarga qarshi chidamsiz bo‘lishi aniqlandi. Keyingi tadqiqotlar esa yolg‘izlikning faqat kasallik chaqiruvchi emas, o‘limga sabab bo‘lishini ham ko‘rsatdi.
Tadqiqot natijalari yolg‘izlikning semirib ketish va tamaki chekishdan-da xatarli ekanini ko‘rsatdi. Aniqrog‘i, yolg‘izlik sababli o‘lim xavfi tamaki chekish bilan barobar ekan-u, biroq semizlikdan ikki barobar ortiqroq ekan...
Ilgariroq Kaliforniya instituti olimlari rak kasalligining oldini olish borasida olib borgan izlanishlari natijasida oila hayoti onkologik kasallikka chalingan bemorning uzoqroq yashashiga yordam qilishini aniqlagan edi.
Olimlar ijtimoiy yakkalanib qolish insonning immunitet tizimi faoliyatiga jiddiy zarar yetkazib, unda yallig‘lanuvchi kasalliklar kuchayishini aniqladi. Revmatizm, qandli diabet va yurak kasalliklari yolg‘iz insonlarda tez rivojlanadi. Shuningdek, tadqiqotlar yolg‘izlikni internet vositasida bartaraf etib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Michigan universiteti olimlari Facebookdan foydalanuvchilar orasida virtual aloqa ko‘payishiga qaramay, ular o‘zlarini baxtli his etmaganini aytgan. O‘sha odamlar boshqalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langanda baxtiyor bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Yo” harfiga ishorat kabi...
Chikago universiteti psixologi Jon T.Kakioppo: “Yolg‘iz ekaningizni o‘zingizga o‘zingiz e’tirof etishingiz manglayingizning o‘rtasiga katta qilib “Yo” harfini yozib qo‘yganga o‘xshaydi“, der ekan, insonlarning bu tuyg‘u bilan o‘tayotgan kunlarining mashaqqatli ekaniga e’tibor qaratadi. Mutaxassisning fikricha, insonga atrofida qancha ko‘p odam jamlanishining unchalik e’tibori yo‘q. Inson yolg‘izlikni his etmasligi uchun jilla qursa bir kishiga ehtiyoji bor. Shuni hisobga olib Yevropadagi Angliya va Donimarka kabi o‘lkalarda keksa yoshdagi yolg‘iz kishilar uchun turli xil profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Nikoh ichkilikbozlikdan asraydi
“American Journal of Psychiatry” jurnalida e’lon qilingan maqolada turmush qurgan odamlar ichkilikbozlikka yolg‘izlarga nisbatan kamroq berilishi yozilgan. Biroq, tadqiqotlardan ayon bo‘lishicha, mayxo‘r kimsa bilan turmush qurish ichkilikbozning yanada ko‘proq ichishiga yoki uning turmush o‘rtog‘ining ham ichkilikka o‘rganishiga sabab bo‘lar ekan.
– Biz ichkilikboz bilan turmush qurgan kishiga uning qanchalik ta’siri bo‘lishini o‘rganishga harakat qildik, – deya tadqiqot ishining maqsadini ifoda etdi mualliflardan biri, Virjiniya hamkorlik universiteti tibbiyot maktabi professori, psixiatr Kennet Kendler. – Javob shunday chiqdi: ha, juda ham kuchli.
Tahlillar ko‘rsatishicha, turmush qurish ichkilikbozlikka ruju qo‘yishni erkaklarda 59 foizga, ayollarda esa 73 foizga kamaytiradi. Ayniqsa, vaqtida oila qurish naslida ichkilikbozlik bo‘lgan odamlarga juda ham foydali. Shuningdek, er yoki ayolning to‘ydan oldingi vaqtlarda ichkilikka moyilligi bo‘lgan esa kelajakda ikkinchisida ushbu muammo tezlik bilan yuksaladi. Xususan, ana shu ahmaqona odatga ichkilikbozning ayoli giriftor bo‘ladi. Demak, ichkilikboz bilan oila qurish yolg‘iz yashashdan ham yomon ekan.
Kennet Kendler: “Hozir olimlar ichkilikbozlikning ajralishga moyillik tug‘dirishini o‘rganishmoqda. Ularning taxminicha, ajralish ichkilikbozlikka moyillikning oshishiga sabab bo‘lar ekan”, deydi.
Oila parokanda bo‘lsa...
Oilaning buzilishi erkakka ham, ayolga ham, oilaning boshqa a’zolariga ham qattiq ruhiy zarba. Shuning uchun ham oilaviy ajrim barcha din, ta’limot va davlatlarda noxush hodisa sanaladi. Jumladan, Islom dinida ajralishni ifoda etuvchi “taloq” so‘zi tilga olinganda Allohning Arshi larzaga kelishi ta’kidlanadi. Lekin jami dinlar, ta’limotlar, davlat qonunlari ma’qullamagani holda ajralishni taqiqlamaydi. Negaki, agar ajralish taqiqlansa, odamlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlar ko‘payib ketadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 50-yillarda ajralishlar sobiq Ittifoq bo‘yicha atigi uch foizni tashkil qilgan. 60-yillarga kelib o‘n foizga chiqqan. 80-yillarda 33 foizga yetgan, bugungi kunda esa O‘zbekistonda 15 foizni, Rossiya federatsiyasida 45 foizni tashkil qilmoqda.
Ajralishning asosiy sabablari: yoshlarning turmushiga ota-onaning aralashuvi, xiyonat, yetishmovchilik, murosaga kela olmaslik, janjal, zararli odatlar – ichkilikbozlik, giyohvandlik; xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi; tirikchilik muammolari; tuyg‘ularning susayishi; mas’uliyatsizlik va rashk asoratlaridir.
Yoshlarning oila sharoitiga ko‘nika olmasligining sabablari juda ham ko‘p.
Er-xotin o‘rtasidagi muomalada bir-birini tushunmasliklari sababli oilada birgalikda harakat qilish, bir-biriga yordam qilish, o‘zaro ishonch va yaxshi-yomon odatlarga sabr qilish bo‘lmaydi. Kelin-kuyovning ota-onalarining tutumlari to‘g‘ri kelmasligi ham kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Yana endigina turmush qurgan yoshlar oila boshqaruvini qo‘lga olish uchun talashadi.
Yoshlarning to‘ygacha yaxshi tanishib olmasliklari ajralishlarning sabablaridan biridir. Ba’zida yigit va qizning intilishlari va qarashlari bir xil chiqadi. Shunday holatda ularning baxti kuladi. Yoshlar bir-biriga suyanadi, bir-biriga moslashadi. Ammo buning uchun insonga sabr, xohish va uquv kerak.
Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bir tadqiqot o‘tkazgan. Ikkita oila. Birinchi va ikkinchi oiladagi erkaklar va ayollar talantli yoshlar. Ikki oiladagilar ham bir-birini sevadi. Lekin birinchi oila buziladi. Ikkinchisi saqlanib qoladi. Xo‘sh, birinchi oilaning buzilishning sababi nimada? Bu oiladagi ayol erining siymosida oila boshini emas, do‘stni ko‘radi. U turmush o‘rtog‘ini hayotdagi o‘sib-o‘nishlar jarayonida raqib o‘rnida bilgani bois uy ishlari va bolalarni – eri undan ilgarilab ketish uchun o‘ylab topgan tuzoq deb o‘ylaydi. Shu bois eri universitetni bitirib aspiranturaga topshirganda ajralishga ariza beradi. Ikkinchi oila esa bir-biriga qo‘ldosh bo‘ladi. Ayol eri bilan poygalashmaydi. Eri doktor bo‘lgan choqda xotini nomzodlik bilan kifoyalanib qo‘ya qoladi. Uning sababini so‘rashganida oilani saqlab qolish uchun shunday qilganini aytgan. Xotini qo‘llab turgan erkak nomdor olimga aylanadi. Natijada bundan oila yutib chiqadi. Ayniqsa, eriga madadkor bo‘lgan ayol.
Ana shu tadqiqot xulosasini o‘qir ekanman, rahmatli ustozimiz, professor Begali Qosimovning turmush o‘rtog‘i bilan kechgan bir suhbat yodimga tushdi. Matluba opadagi katta bilimni, kuchli mantiqni ko‘rgan suhbatdoshlardan biri: “Shuncha bilimingiz bilan nega ilm qilmagansiz?” deb so‘raganda. Matlub opa: “Men har doim oilani birinchi o‘ringa qo‘yganman”, deb javob bergan edi. Opaning ana shu tushunchasi, say’-harakatlari natijasida Begali aka dunyoga tanilgan olim bo‘ldi, farzandlari aqlli, tarbiyali insonlar bo‘lib voyaga yetdi.
Ajralishlarning aksari yirik va boy shaharlarda yuz beradi. Bunday megapolislarda qarindoshlar, kelin-kuyovning ota-onalari, qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlarning oila ustidan o‘rnatadigan ijtimoiy nazorati birmuncha zaif bo‘ladi. Yoshlar shoshqaloqlik bilan nikohdan o‘tadi. Ba’zi nikohlar tamagirlik va qalbakilik asosiga tuziladi va ko‘p o‘tmay buzilib ketadi.
Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Elmira Bositxonova “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida mamlakatimiz bo‘yicha ajrashishlar ko‘rsatkichi o‘rtacha 15 foiz atrofida bo‘lgani holda bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 32 foizni tashkil etganini aytgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Ajralishning yana bir sababi, hammaga tanish bo‘lgan hisob-kitob asosida turmush qurish. Bunday oila muhabbat asosida emas, kelin kuyovdan yoki kuyov kelindan nimadir kutish evaziga paydo bo‘ladi. Bu kabi oilalarda to‘ydan bir yil, hatto bir oy o‘tar-o‘tmas o‘zaro hurmat-ehtiromning, axloqiy tamoyillarning eng oddiysiga ham rioya qilmaslik boshlanadi va u kun sayin rivojlanib boradi. Tamagirlik asosida barpo bo‘lgan oilalar moddiy jihatdan to‘la ta’minlangani bilan ma’naviy tomondan qashshoq bo‘lgani sababli barbod bo‘ladi.
Turkiya statistika qo‘mitasi o‘tkazgan bir tadqiqotda oila qurgan 95 foiz ayollar erkaklarga o‘zini bekamu ko‘st ta’minlaydigan ishchi kuchi sifatida e’tibor qaratar ekan, 60 foiz atrofidagi erkak esa qizlarning go‘zalligiga ucharkan. Ularning ikkisida ham inson ma’naviyatiga, ruhiyatiga daxldor nazar yo‘qligidan turmushi uzoqqa bormasligini taxmin etsa bo‘ladi.
Modomiki, ajralishni birorta din va davlat yoqlamas ekan, modomiki, oilasi buzilgan erkak va ayol hamda farzandlar bundan qattiq ruhiy zarba olar ekan, modomiki, yolg‘izlik odamning halokatiga, ichkilikka ruju qo‘yishiga sababchi bo‘lar ekan, unda turmushni buzmaslikning chorasini qidirish, oilani eng so‘nggi ilinj qolgunga qadar himoya qilish har bir insonning o‘zi uchun yaxshi emasmikan!..
Damin JUMAQUL, jurnalist
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘z uyida yaqinlari, qo‘shnilari, yoru-do‘stlari yoki shulardan boshqa biror kishiga ziyofat bermaydigan inson bo‘lmasa kerak. Mehmondorchilik odoblari muqaddas dinimizda eng ahamiyatli islom odoblaridan hisoblanadi. Va dinimiz mehmondorchilikda har ikki taraf uchun, ya’ni mehmon va mezbon uchun lozim bo‘ladigan odoblarni shariatga kiritgan. Mehmon va mezbonga ziyofat o‘z samarasini berishi uchun, ushbu odoblarga rioya qilish lozim bo‘ladi. Biz avvalo, mezbonga taaluqli bo‘ladigan odob haqida so‘z yuritamiz.
Mezbonga taaluqli bo‘ladigan odoblardan birinchisi – yaxshi niyat qilish:
Ushbu odob, ziyofat sohibining o‘z yoru-do‘stlariga bergan ziyofatida, ularga bergan taomida va chiroyli kutib olishligida ajr olishni niyat qilish bilan bo‘ladi. Shuningdek, mehmon ham mezbonning chaqirig‘iga labbay deb, o‘z do‘stini ziyorat qilishda ajr olishni niyat qiladi. Natijada, ularning har biri ushbu qilgan amallariga ajr oladilar.
Ikkinchi odob – mehmonni chiroyli kutib olish:
Ziyofat sohibiga o‘z mehmonini tabassum, ochiq chehralilik, shuningdek, xursandchilik va xushxabar iboralari bilan kutib olishligi lozim bo‘ladi. Bu esa, ularning qalblarini xushnud qiladigan amallardan hisoblanadi. Ziyofat sohibi do‘stlari huzurida, ular o‘zlarini o‘z uylaridagidek his qilishlari uchun munosib joy hozirlamoqligi xam lozim bo‘ladi.
Zero, Abu Zarr (roziyallohu anhu)dan qilingan rivoyatda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Do‘stingni yuziga tabassum qilishing ham, sen uchun sadaqadur”, deb marhamat qilganlar.
Darhaqiqat, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining huzurlariga kelgan qavmlarni chiroyli kutib olardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam Abdul Qays qavmiga: “Marhabo! Xafaliksiz va nadomatsiz kelgan qavm, xush kelibsiz!”, der edilar. Termiziy rivoyati.
Shuningdek, Oisha (roziyallohu anho)dan qilingan rivoyatda: Nabiy sollallohu alayhi vasallam Fotima (roziyallohu anho)ga “Marhabo! Xush kelibsiz! qizalog‘im” deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Uchinchi odob – mehmonni munosib o‘ringa o‘tqizish:
Bu esa, xonadon sohibi o‘z mehmonlarini munosib bir makonga o‘tqazishligi mehmondorchilikning hurmatidir. Ana shunda, ular majlisda xotirjam o‘tiradilar. O‘sha joy mezbonning ahli baytlarini ochiq ko‘rsatib turadigan makon bo‘lmasligi yoki u yer mehmonga noxush hidlar keladigan va shunga o‘xshash noqulaylik keltiradigan joy bo‘lmasligi kerak. Va hokazo, ularni ifloslik bo‘lgan makonga yoki noloyiq bir shakldagi makonga o‘tqazmaslik lozim bo‘ladi. bu esa, mehmondorchilikning hurmati emas, albatta.
To‘rtinchi odob – ziyofatning majburiyatlariga rioya qilish va mehmonni hurmat qilish:
Xonadon sohibiga mehmonning haqqini o‘z o‘rniga qo‘yishligi lozim bo‘ladi. Masalan, ichimlik, yegulik va shunga o‘xshash narsalar ila bo‘ladi. Va ana shu narsalarni kechiktirmasligi yoki sekin harakat qilib, mehmonni qaytib ketishlikka o‘ylantirib qo‘ymasligi lozim bo‘ladi. Qur’oni karim mana shu narsalarni bizlarga o‘rgatadi. Alloh taolo Ibrohim alayhissalom haqlarida bayon qilib, O‘zining so‘zida;
“24. (Ey Muhammad), sizga Ibrohimning izzat-ikromli mehmonlari haqidagi xabar keldimi? 25. O‘shanda ular (Ibrohimning) huzuriga kirib, «Salom», deyishgan edi, u ham: «Salom, (Bular) notanish qavm-ku?», dedi. 26-27. So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi. ”, degan.
“Zariyat surasining 24-27-oyatlari ”
Bu yerda ma’lum bo‘lishicha, Ibrohim alayhissalom mehmonlarni ogohlantirmasdan maxfiygina borib, ularga loyiq taomni tayyorlab, tezda uni ular o‘tirgan joyga keltirdilar. Bu esa, mehmonning haqlaridan hisoblanadi. Mehmonni hurmat qilishlik, Nabiy sollallohu alayhi vasallam buyurgan vojib ishlardandir. Dinimizda unga iymonning alomatlaridan deb, e’tibor beriladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin”, deb marhamat qilganlar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Beshinchi odob – mehmoni uchun ortiqcha mashaqqatni o‘z zimmasiga olmaslik:
Xonadon sohibiga mehmonlarga toqatidan ortig‘ini qilmasligi yoki mehmonini hurmati uchun ko‘p narsalarni o‘ziga yuklab olmasligi kerak. Balki, ularni hurmat qilish bilan birga ularga o‘zida bor narsalarni imkoniyat chegarasida taqdim qilishi lozim bo‘ladi. Chunki, Ibrohim alayhissalom ham o‘z mehmonlariga semiz buzoqni so‘ydilar va pishirib, ularning oldilariga qo‘ydilar. U zot o‘zlarida bor eng yaxshi narsani keltirdilar.
Oltinchi odob – mehmonning haqqini berish:
Mehmon bo‘lish sunnatga ko‘ra bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq bo‘lishi majburiy emas. Ammo, undan ortiq bo‘lishi mezbonga sadaqa bo‘lib yoziladi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam mehmonni ham, mezbonni ham haqqini joriy qilib, Abdulloh ibn Amrga; “Albatta, mehmondorchiligingni sening zimmangda haqlari bor” deb, marhamat qildilar.
Ya’ni, mehmondorchilik haqlaridan murod – mehmonlik va mezbonlikning haqlaridir.
Abdulloh ibn Amrdan qilingan rivoyatda; Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, mehmonini hurmat qilsin. Mehmon bo‘lish bir kecha kunduz, mehmon kutish uch kecha kunduz bo‘lishi joiz bo‘ladi. Undan ortiq (mehmondorchilikni) bo‘lishi majburiy emas. Balki, ortiq bo‘lishi sadaqa bo‘lib yoziladi. To uni chiqarib yubormagunicha uning huzurida yashamoqligi unga halol bo‘lmaydi” dedilar. Buxoriy va Muslim rivoyati.
Ibn Hajar: “Ibn Battol shunday dedi; “Molik roziyallohu anhu mehmonning haqqi haqida so‘ralganda, u zot: “Uni bir kecha kunduz ikrom qiladi va unga tuhfa beradi va uch kun ziyofat qiladi.” dedilar.”
Men: “Birinchi kundan tashqari uch kun hisoblanadimi yoki undan hisoblanadimi?”, dedim.
Abu Ubayd javoban: “Unga birinchi kunda yaxshilik va iltifotlarni qilishlik majburiy bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi kunda oldidagi hozir bo‘lgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Odatdagidan tashqari ziyoda qilmaydi. So‘ngra unga bir kecha kunduz masofaga yetadigan narsa beradi. U musofir bir joydan boshqa joyga borishiga yetadigan narsa miqdoricha bo‘lib, “jiyza – manzil chegarasi” deyiladi.” Dedi.
Xattobiy shunday degan: “Ya’ni, agar, mehmon kelib tushsa, unga tuhfa berish va o‘zida bor imkoni yetgan narsalarda bir kecha kunduz unga yaxshilikni ziyoda qilishdir. Keyingi boshqa ikki kunda, u mehmonning oldida hozir bo‘lib turgan narsalarni unga taqdim qiladi, xolos. Agar uchinchi kun o‘tsa, darhaqiqat uni haqqi tugaydi. Keyingi kunlarda ham, mehmondorchilikni davom ettirsa, unga sadaqa qilganni savobi bo‘ladi.” dedi.” degan.)
Yettinchi odob – xonadon sohibi mehmonlarga aynan o‘zi xizmat qilishi:
Bu esa, qur’oni karim o‘sha Ibrohim alayhissalom qissasida bizlarga o‘rgatgan odobdir. Alloh taolo “Zoriyot surasining 26-27-oyatlari ”da:
"So‘ng u asta oilasi oldiga chiqib, (qovurilgan) bir semiz buzoqni keltirdi-da, uni ularga yaqin qilib, «(Taomdan) yemaysizlarmi?» dedi", degan.
Bu yerda Ibrohim alayhissalom aynan o‘zlari turib, mehmonlariga xizmat qilganliklari bayon qilinmoqda. Imom Buxoriy (rahmatullohi alayh) ham bu haqida o‘zlarining sahih to‘plamlarida “Mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini aynan o‘zi qilishlik bobi” deb, alohida bob ajratganlar. Shubha yo‘qki, bu ish mehmonni hurmat qilish va uning xizmatini qilishdagi eng yaxshi amaldir.
Sakkizinchi odob – mehmonga u mehmon bo‘lib turish vaqtida yaxshiliklar qilish:
Ushbu odob, mehmonga uxlashi uchun bolalarning shovqin-suronidan panaroqda bo‘lgan to‘la-to‘kis munosib bir o‘rin tayyorlab berish, unga pokiza sochiqni taqdim qilish, unga yostiq tutish, hammomni unga tayyorlab qo‘yish, xushbo‘yliklarni yaqin qilish, o‘ziga qarab jamolini ko‘rish uchun ko‘zguni va yana shunga o‘xshash narsalarni taqdim qilish bilan bo‘ladi.
To‘qqizinchi odob – xonadon sohibi mehmonni birga eshikkacha kuzatib chiqishi:
Agar, mehmon ketishlikni xohlasa, xonadon sohibining o‘zi ham hovlining darvozasigacha unga qo‘shilib, birga kuzatib chiqishligi lozim bo‘ladi. bu esa, mehmonni ulug‘lash va uni hurmat qilishdir. Mehmon ketishlikka izn so‘rab turganda, xonadon sohibi o‘z joyidan qimirlamay o‘tiravermasligi kerak. Balki, uni kuzatib, ortidan o‘zi ham chiqadi.
Abu Ubayd imom Ahmadniing manzillariga ziyoratga borganlari haqida: “Men u zotning uylaridan turishlikka izn so‘rab, o‘rnimdan turgandim u zot ham men bilan birga turdilar”.
Shunda men u zotga: “Ey Abu Abdulloh unday qilmang” dedim.
U zot: “Sha’biy roziyallohu anhu shunday degan: “Ziyorat qilib kelgan kishining ziyoratining eng so‘ngi haqqi, mezbon hovlining darvozasigacha u bilan birga yurib chiqishligi va markabini ushlab turishligidir.” Dedilar.” Deb, aytib berganlar.”
O‘ninchi odob – mehmon ketishidan oldin eshikni yopib, kirib ketmaslik:
Mehmonni eshik oldiga kuzatib, xonadon sohibi mehmon markabiga minib yoki yurib ketmagunicha uyiga kirib, eshigini qulflab olmaydi. Chunki, bu kutib turishlik mehmonni ulug‘lash, uni hurmat qilish va unga iltifot ko‘rsatishdir. Muslmon kishiga bu odoblarga bee’tibor bo‘lishlik durust bo‘lmaydi.
Mahbuba Abduhalilova,
TII 3-kurs talabasi.