Ota-onaning muhim vazifalaridan biri – voyaga yetgan farzandi o‘g‘il bo‘lsa uylantirish, qiz bo‘lsa turmushga uzatish. Xalqimizda “Tengini topsang tekin ber”, degan maqol bor. Hamma shu maqolga amal qilishni istaydi. Ammo ana shu tenglikka har xil yondoshadi. Masalan, birov bo‘lajak qudalarning boylikdagi barobarligini tushunsa, boshqa biri yigit va qizning chiroyini, yana biri ularning bo‘yi-bo‘yiga mosligini nazarda tutadi...
Bu borada bobolarning fikri qanday bo‘lgan?
“Axloqi muhsiniy”da yozilishicha: “Ulamolardan birining sohibjamol qizi bor edi. Shaharning hamma ulug‘lari qizning ko‘nglini olish ilinjida edi. Bu ulamo qizini kimga berarga hayron edi. Uning bir g‘ayridin hamsoyasi bor ekan. Uni chaqirib, dedi: “Ey hamsoya, mening bir qizim bor, ko‘pchilik uning ko‘nglini olish ilinjida, ularning qaysi biriga rozilik berishga hayronman. Sen nima maslahat berasan?”. G‘ayridin dedi: “Men islom dinidan begona kishiman, nechun bu so‘zni mendan so‘raysan?”. Ulamo dedi: “Sen garchi islom dinidan begona bo‘lsang-da, har ishda tadbirkor insonsan. Ulug‘lar kengash to‘g‘risida mubolag‘a qilib bunday deganlar: to‘g‘ri, donishmand kishi bilan kengashish kerak. Hadisda yozilganki: “Al-mustashoru mu’taminun” (Shunday kishi bilan kengashish kerakki, odam unga ishona olsin). Shunday ekan, hozir sen qanday maslahat bersang, men shunga amal qilaman”. G‘ayridin dedi: “Nikohdagi kifoyat eru xotinning barobarligidir. Kifoyat musulmonlar mazhabida din va millat bilan bo‘ladi, bizning odatimizda aslu nasab bilan va zamona ahli nazdida mulk va ulug‘lik bilandir. Endi o‘ylab ko‘r, agar o‘z diningga rioya qilsang, din yo‘lini ixtiyor qil, agar bizning rasmimizga kelsang, nasabga e’tibor qil, agar zamona ahli odatiga amal qilsang, molu joh talab qil!””
Ulamoga bu javob xush keldi va dedi: “Din hammaga barobar. Dinni ixtiyor qildim”. Uning Muborak ismli g‘oyat olim va dindor quli bor edi. U, men Muborakdek iymonli dindorni bilmayman. Demak, qizimni unga nikoh qilib beray, deb chaqirtirib, qizini unga berdi.
Haq (pok va oliy) Muborakka u qizdan bir farzand berdiki, u islom ahlini peshvosi va dindorlarning imomi, zohidlar o‘rtasida yagona va oriflar o‘rtasida tengi yo‘q Abdulloh ibn Muborakdir”.
Buni qarangki, ota-ona farzandlarini uylantirish yoki uzatish bilan ularning baxtiyor yashab ketishini, avlodining davomiyligini ta’minlash barobarida o‘g‘li va qizining ko‘plab jiddiy kasalliklarga chalinib qolishining ham oldini olishga sababchi bo‘lar ekan.
Yolg‘izlik halokatli!
AQSHning markaziy onlayn “Slate” jurnali yolg‘izlik sababli paydo bo‘ladigan tahlikalarga oid bir maqola e’lon qildi. Unda yozilishicha, izlanishlar natijasida yolg‘iz kishilarning xastaliklarga qarshi chidamsiz bo‘lishi aniqlandi. Keyingi tadqiqotlar esa yolg‘izlikning faqat kasallik chaqiruvchi emas, o‘limga sabab bo‘lishini ham ko‘rsatdi.
Tadqiqot natijalari yolg‘izlikning semirib ketish va tamaki chekishdan-da xatarli ekanini ko‘rsatdi. Aniqrog‘i, yolg‘izlik sababli o‘lim xavfi tamaki chekish bilan barobar ekan-u, biroq semizlikdan ikki barobar ortiqroq ekan...
Ilgariroq Kaliforniya instituti olimlari rak kasalligining oldini olish borasida olib borgan izlanishlari natijasida oila hayoti onkologik kasallikka chalingan bemorning uzoqroq yashashiga yordam qilishini aniqlagan edi.
Olimlar ijtimoiy yakkalanib qolish insonning immunitet tizimi faoliyatiga jiddiy zarar yetkazib, unda yallig‘lanuvchi kasalliklar kuchayishini aniqladi. Revmatizm, qandli diabet va yurak kasalliklari yolg‘iz insonlarda tez rivojlanadi. Shuningdek, tadqiqotlar yolg‘izlikni internet vositasida bartaraf etib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Michigan universiteti olimlari Facebookdan foydalanuvchilar orasida virtual aloqa ko‘payishiga qaramay, ular o‘zlarini baxtli his etmaganini aytgan. O‘sha odamlar boshqalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langanda baxtiyor bo‘lganini ma’lum qilgan.
“Yo” harfiga ishorat kabi...
Chikago universiteti psixologi Jon T.Kakioppo: “Yolg‘iz ekaningizni o‘zingizga o‘zingiz e’tirof etishingiz manglayingizning o‘rtasiga katta qilib “Yo” harfini yozib qo‘yganga o‘xshaydi“, der ekan, insonlarning bu tuyg‘u bilan o‘tayotgan kunlarining mashaqqatli ekaniga e’tibor qaratadi. Mutaxassisning fikricha, insonga atrofida qancha ko‘p odam jamlanishining unchalik e’tibori yo‘q. Inson yolg‘izlikni his etmasligi uchun jilla qursa bir kishiga ehtiyoji bor. Shuni hisobga olib Yevropadagi Angliya va Donimarka kabi o‘lkalarda keksa yoshdagi yolg‘iz kishilar uchun turli xil profilaktika ishlari olib borilmoqda.
Nikoh ichkilikbozlikdan asraydi
“American Journal of Psychiatry” jurnalida e’lon qilingan maqolada turmush qurgan odamlar ichkilikbozlikka yolg‘izlarga nisbatan kamroq berilishi yozilgan. Biroq, tadqiqotlardan ayon bo‘lishicha, mayxo‘r kimsa bilan turmush qurish ichkilikbozning yanada ko‘proq ichishiga yoki uning turmush o‘rtog‘ining ham ichkilikka o‘rganishiga sabab bo‘lar ekan.
– Biz ichkilikboz bilan turmush qurgan kishiga uning qanchalik ta’siri bo‘lishini o‘rganishga harakat qildik, – deya tadqiqot ishining maqsadini ifoda etdi mualliflardan biri, Virjiniya hamkorlik universiteti tibbiyot maktabi professori, psixiatr Kennet Kendler. – Javob shunday chiqdi: ha, juda ham kuchli.
Tahlillar ko‘rsatishicha, turmush qurish ichkilikbozlikka ruju qo‘yishni erkaklarda 59 foizga, ayollarda esa 73 foizga kamaytiradi. Ayniqsa, vaqtida oila qurish naslida ichkilikbozlik bo‘lgan odamlarga juda ham foydali. Shuningdek, er yoki ayolning to‘ydan oldingi vaqtlarda ichkilikka moyilligi bo‘lgan esa kelajakda ikkinchisida ushbu muammo tezlik bilan yuksaladi. Xususan, ana shu ahmaqona odatga ichkilikbozning ayoli giriftor bo‘ladi. Demak, ichkilikboz bilan oila qurish yolg‘iz yashashdan ham yomon ekan.
Kennet Kendler: “Hozir olimlar ichkilikbozlikning ajralishga moyillik tug‘dirishini o‘rganishmoqda. Ularning taxminicha, ajralish ichkilikbozlikka moyillikning oshishiga sabab bo‘lar ekan”, deydi.
Oila parokanda bo‘lsa...
Oilaning buzilishi erkakka ham, ayolga ham, oilaning boshqa a’zolariga ham qattiq ruhiy zarba. Shuning uchun ham oilaviy ajrim barcha din, ta’limot va davlatlarda noxush hodisa sanaladi. Jumladan, Islom dinida ajralishni ifoda etuvchi “taloq” so‘zi tilga olinganda Allohning Arshi larzaga kelishi ta’kidlanadi. Lekin jami dinlar, ta’limotlar, davlat qonunlari ma’qullamagani holda ajralishni taqiqlamaydi. Negaki, agar ajralish taqiqlansa, odamlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlar ko‘payib ketadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 50-yillarda ajralishlar sobiq Ittifoq bo‘yicha atigi uch foizni tashkil qilgan. 60-yillarga kelib o‘n foizga chiqqan. 80-yillarda 33 foizga yetgan, bugungi kunda esa O‘zbekistonda 15 foizni, Rossiya federatsiyasida 45 foizni tashkil qilmoqda.
Ajralishning asosiy sabablari: yoshlarning turmushiga ota-onaning aralashuvi, xiyonat, yetishmovchilik, murosaga kela olmaslik, janjal, zararli odatlar – ichkilikbozlik, giyohvandlik; xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi; tirikchilik muammolari; tuyg‘ularning susayishi; mas’uliyatsizlik va rashk asoratlaridir.
Yoshlarning oila sharoitiga ko‘nika olmasligining sabablari juda ham ko‘p.
Er-xotin o‘rtasidagi muomalada bir-birini tushunmasliklari sababli oilada birgalikda harakat qilish, bir-biriga yordam qilish, o‘zaro ishonch va yaxshi-yomon odatlarga sabr qilish bo‘lmaydi. Kelin-kuyovning ota-onalarining tutumlari to‘g‘ri kelmasligi ham kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Yana endigina turmush qurgan yoshlar oila boshqaruvini qo‘lga olish uchun talashadi.
Yoshlarning to‘ygacha yaxshi tanishib olmasliklari ajralishlarning sabablaridan biridir. Ba’zida yigit va qizning intilishlari va qarashlari bir xil chiqadi. Shunday holatda ularning baxti kuladi. Yoshlar bir-biriga suyanadi, bir-biriga moslashadi. Ammo buning uchun insonga sabr, xohish va uquv kerak.
Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bir tadqiqot o‘tkazgan. Ikkita oila. Birinchi va ikkinchi oiladagi erkaklar va ayollar talantli yoshlar. Ikki oiladagilar ham bir-birini sevadi. Lekin birinchi oila buziladi. Ikkinchisi saqlanib qoladi. Xo‘sh, birinchi oilaning buzilishning sababi nimada? Bu oiladagi ayol erining siymosida oila boshini emas, do‘stni ko‘radi. U turmush o‘rtog‘ini hayotdagi o‘sib-o‘nishlar jarayonida raqib o‘rnida bilgani bois uy ishlari va bolalarni – eri undan ilgarilab ketish uchun o‘ylab topgan tuzoq deb o‘ylaydi. Shu bois eri universitetni bitirib aspiranturaga topshirganda ajralishga ariza beradi. Ikkinchi oila esa bir-biriga qo‘ldosh bo‘ladi. Ayol eri bilan poygalashmaydi. Eri doktor bo‘lgan choqda xotini nomzodlik bilan kifoyalanib qo‘ya qoladi. Uning sababini so‘rashganida oilani saqlab qolish uchun shunday qilganini aytgan. Xotini qo‘llab turgan erkak nomdor olimga aylanadi. Natijada bundan oila yutib chiqadi. Ayniqsa, eriga madadkor bo‘lgan ayol.
Ana shu tadqiqot xulosasini o‘qir ekanman, rahmatli ustozimiz, professor Begali Qosimovning turmush o‘rtog‘i bilan kechgan bir suhbat yodimga tushdi. Matluba opadagi katta bilimni, kuchli mantiqni ko‘rgan suhbatdoshlardan biri: “Shuncha bilimingiz bilan nega ilm qilmagansiz?” deb so‘raganda. Matlub opa: “Men har doim oilani birinchi o‘ringa qo‘yganman”, deb javob bergan edi. Opaning ana shu tushunchasi, say’-harakatlari natijasida Begali aka dunyoga tanilgan olim bo‘ldi, farzandlari aqlli, tarbiyali insonlar bo‘lib voyaga yetdi.
Ajralishlarning aksari yirik va boy shaharlarda yuz beradi. Bunday megapolislarda qarindoshlar, kelin-kuyovning ota-onalari, qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlarning oila ustidan o‘rnatadigan ijtimoiy nazorati birmuncha zaif bo‘ladi. Yoshlar shoshqaloqlik bilan nikohdan o‘tadi. Ba’zi nikohlar tamagirlik va qalbakilik asosiga tuziladi va ko‘p o‘tmay buzilib ketadi.
Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Elmira Bositxonova “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida mamlakatimiz bo‘yicha ajrashishlar ko‘rsatkichi o‘rtacha 15 foiz atrofida bo‘lgani holda bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 32 foizni tashkil etganini aytgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.
Ajralishning yana bir sababi, hammaga tanish bo‘lgan hisob-kitob asosida turmush qurish. Bunday oila muhabbat asosida emas, kelin kuyovdan yoki kuyov kelindan nimadir kutish evaziga paydo bo‘ladi. Bu kabi oilalarda to‘ydan bir yil, hatto bir oy o‘tar-o‘tmas o‘zaro hurmat-ehtiromning, axloqiy tamoyillarning eng oddiysiga ham rioya qilmaslik boshlanadi va u kun sayin rivojlanib boradi. Tamagirlik asosida barpo bo‘lgan oilalar moddiy jihatdan to‘la ta’minlangani bilan ma’naviy tomondan qashshoq bo‘lgani sababli barbod bo‘ladi.
Turkiya statistika qo‘mitasi o‘tkazgan bir tadqiqotda oila qurgan 95 foiz ayollar erkaklarga o‘zini bekamu ko‘st ta’minlaydigan ishchi kuchi sifatida e’tibor qaratar ekan, 60 foiz atrofidagi erkak esa qizlarning go‘zalligiga ucharkan. Ularning ikkisida ham inson ma’naviyatiga, ruhiyatiga daxldor nazar yo‘qligidan turmushi uzoqqa bormasligini taxmin etsa bo‘ladi.
Modomiki, ajralishni birorta din va davlat yoqlamas ekan, modomiki, oilasi buzilgan erkak va ayol hamda farzandlar bundan qattiq ruhiy zarba olar ekan, modomiki, yolg‘izlik odamning halokatiga, ichkilikka ruju qo‘yishiga sababchi bo‘lar ekan, unda turmushni buzmaslikning chorasini qidirish, oilani eng so‘nggi ilinj qolgunga qadar himoya qilish har bir insonning o‘zi uchun yaxshi emasmikan!..
Damin JUMAQUL, jurnalist
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
1. Makka.
«Makka»ning lug‘aviy ma’nosi halok etdi, noqis qildi, demakdir. Bu yurtning Haram deb nomlanishiga sabab — u gunohlarni kamaytiradi va ularni yo‘q qiladi yoki u yerda zulm qilgan kishi halok etiladi. Ya’ni, u zo‘ravonlarni halok qiladi, g‘ururlarini ketkazadi.
2. Bakka.
Alloh taolo Qur’oni Karimda marhamat qiladi: «Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo‘yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir» (Oli Imron surasi, 96-oyat).
«Bakka» so‘zining lug‘aviy ma’nosi buzish, ajratish, bekor qilish, iftixorni rad qilish, pasaytirish, bo‘ysundirish, deganidir. Makkaning Bakka deb nomlanishi u yerda odamlarning izdihom qilib to‘planishi yoki Makka zo‘ravonlarining bo‘yinlarini egish ma’nosi borligi sababidandir. Zero, Alloh taolo zo‘ravonning g‘ururini sindirganidan keyingina u Makkani qasd qiladi. Makka mutakabbirlarining g‘ururini pasaytirish ma’nosidadir. Bakka deganda iroda qilinadigan joy haqida to‘rtta qavl bor:
- u Ka’ba joylashgan o‘rinning ismidir;
- u Baytullohning atrofi, Makka va uning yonidagi joylardir;
- u masjid va Baytullohning nomidir;
- Makka – haramning hammasi uchun qo‘yilgan ism. Albatta, Bakka – bu Makka deganidir. («Zod al-Musir fi ilmit-tafsir», «Qomus al-Muhit»)
3. Ummul-Quro.
Alloh taolo Qur’oni Karimda aytadi:
«Bu (Qur’on) bir muborak, o‘zidan oldingi kitoblarni tasdiqlaydigan, barcha qishloqlarni (va shaharlarning) onasi – markazi bo‘lmish (Makka ahlini) hamda uning atrofidagi kishilarni (oxirat azobidan) ogohlantirishingiz uchun O‘zimiz nozil qilgan Kitobdir» (An’om surasi, 92-oyat).
Makka — qishloqlarning onasi. Uning bunday deb nomlanishi haqida ham to‘rtta so‘z bor:
- Yer Makkaning pastki qismidan tekislangan. U yerning kindigida va dunyoning o‘rtasida joylashgandir. Ya’ni, yer kurrasi sathidagi quruqlikdir. Makkai Mukarrama atrofida yer yuzi tartib bilan taqsimlangan. Makka quruq yerning markazi hamda yer kurrasi sathidagi barcha shaharlardan namoz uchun yuzlaniladigan tomondir.
Ilmiy falakiyot tadqiqotlari Makkai Mukarramaning ko‘ksiga bino etilgan Ka’ba Yerning markazida, deb isbotlagan.
- U yer eng qadimiy joydir.
- Ka’ba barcha odamlar yuzlanadigan qibladir.
- U obro‘-e’tibor jihatidan qishloqlarning eng buyugidir.
4. Al-Balad.
Bu yerda «balad» so‘zidan maqsad Makkadir.
5. Baladul amin.
Ibn Javziy: «Bundagi shahar Makkai Mukarramadir. Johiliyatda ham, Islomda ham qo‘rqoqlar bu shaharda omon yurishgan», deganlar.
6. Baldatu.
Ibn Javziy: «U Makka shahri», deb aytganlar.
7. Haroman amina.
Bu shahar tarix mobaynida qanday din yoki mazhab bo‘lishidan qat’i nazar, tinch-osoyishta bo‘lib kelgan. U yerga faqat ehromdagina kirilgan. Agar biror xavf yetgudek bo‘lsa, o‘sha tinch joyga qochib kirishgan. Bu osoyishtalik nafaqat inson, balki hayvonot va nabototni ham o‘z ichiga olgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu haqda: «Albatta, bu shahar yeru osmon xalq qilinganidan beri Alloh u yerda (hayvon ovlash, o‘simlikni payhonlashni) harom qilgan», deganlar.
To qiyomat kunigacha Alloh harom etgani sababli u yerda biror tikanni uzish yoki ovni haydab ketish haromdir.
8. Vodin g‘oyri ziy zar’in.
Ibn Javziyning aytishlaricha, «ekin o‘smaydigan vodiy» Makka shahri bo‘lib, u yerda ekin o‘smaydi, suv ham bo‘lmaydi.
9. Ma’ad.
Ibn Abbos aytadilar: «Ya’ni, sizni Makkaga, albatta, qaytarguvchidir».
10. Qorya.
Ibn Javziy: «Qishloqdan murod, Makka shahridir», deganlar.
11. Masjidul Harom.
Bundan to‘rt ma’no nazarda tutiladi:
- Ka’ba;
- Ka’ba va uning atrofidagi masjid;
- Makkaning jamiki joyi;
Qatoda: «Masjidul Harom Makkadir», dedilar.
- Haramning barcha joyi;
Ibn Abbos va Ato: «U Haramning jamiki yeridir», deyishgan.
«Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi, haj va umra manosiklari» kitobidan.