Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Yanvar, 2025   |   23 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:42
Peshin
12:40
Asr
15:47
Shom
17:31
Xufton
18:48
Bismillah
23 Yanvar, 2025, 23 Rajab, 1446

Eng buyuk saodat – oila baxti

25.04.2017   8679   12 min.
Eng buyuk saodat – oila baxti

Ota-onaning muhim vazifalaridan biri – voyaga yetgan farzandi o‘g‘il bo‘lsa uylantirish, qiz bo‘lsa turmushga uzatish. Xalqimizda “Tengini topsang tekin ber”, degan maqol bor. Hamma shu maqolga amal qilishni istaydi. Ammo ana shu tenglikka har xil yondoshadi. Masalan, birov bo‘lajak qudalarning boylikdagi barobarligini tushunsa, boshqa biri yigit va qizning chiroyini, yana biri ularning bo‘yi-bo‘yiga mosligini nazarda tutadi...

Bu borada bobolarning fikri qanday bo‘lgan?

 “Axloqi muhsiniy”da yozilishicha: “Ulamolardan birining sohibjamol qizi bor edi. Shaharning hamma ulug‘lari qizning ko‘nglini olish ilinjida edi. Bu ulamo qizini kimga berarga hayron edi. Uning bir g‘ayridin hamsoyasi bor ekan. Uni chaqirib, dedi: “Ey hamsoya, mening bir qizim bor, ko‘pchilik uning ko‘nglini olish ilinjida, ularning qaysi biriga rozilik berishga hayronman. Sen nima maslahat berasan?”. G‘ayridin dedi: “Men islom dinidan begona kishiman, nechun bu so‘zni mendan so‘raysan?”. Ulamo dedi: “Sen garchi islom dinidan begona bo‘lsang-da, har ishda tadbirkor insonsan. Ulug‘lar kengash to‘g‘risida mubolag‘a qilib bunday deganlar: to‘g‘ri, donishmand kishi bilan kengashish kerak. Hadisda yozilganki: “Al-mustashoru mu’taminun” (Shunday kishi bilan kengashish kerakki, odam unga ishona olsin). Shunday ekan, hozir sen qanday maslahat bersang, men shunga amal qilaman”. G‘ayridin dedi: “Nikohdagi kifoyat eru xotinning barobarligidir. Kifoyat musulmonlar mazhabida din va millat bilan bo‘ladi, bizning odatimizda aslu nasab bilan va zamona ahli nazdida mulk va ulug‘lik bilandir. Endi o‘ylab ko‘r, agar o‘z diningga rioya qilsang, din yo‘lini ixtiyor qil, agar bizning rasmimizga kelsang, nasabga e’tibor qil, agar zamona ahli odatiga amal qilsang, molu joh talab qil!””

Ulamoga bu javob xush keldi va dedi: “Din hammaga barobar. Dinni ixtiyor qildim”. Uning Muborak ismli g‘oyat olim va dindor quli bor edi. U, men Muborakdek iymonli dindorni bilmayman. Demak, qizimni unga nikoh qilib beray, deb chaqirtirib, qizini unga berdi.

Haq (pok va oliy) Muborakka u qizdan bir farzand berdiki, u islom ahlini peshvosi va dindorlarning imomi, zohidlar o‘rtasida yagona va oriflar o‘rtasida tengi yo‘q Abdulloh ibn Muborakdir”.

Buni qarangki, ota-ona farzandlarini uylantirish yoki uzatish bilan ularning baxtiyor yashab ketishini, avlodining davomiyligini ta’minlash barobarida o‘g‘li va qizining ko‘plab jiddiy kasalliklarga chalinib qolishining ham oldini olishga sababchi bo‘lar ekan.

Yolg‘izlik halokatli!

Ummon ortida o‘tkazilgan tadqiqotlar jiddiy kasalliklarning eng muhim sababchilaridan biri yolg‘izlik ekanini ko‘rsatdi. Yolg‘izlik o‘lim xavfini kamida ikki barobar orttirar ekan.

AQSHning markaziy onlayn “Slate” jurnali yolg‘izlik sababli paydo bo‘ladigan tahlikalarga oid bir maqola e’lon qildi. Unda yozilishicha, izlanishlar natijasida yolg‘iz kishilarning xastaliklarga qarshi chidamsiz bo‘lishi aniqlandi. Keyingi tadqiqotlar esa yolg‘izlikning faqat kasallik chaqiruvchi emas, o‘limga sabab bo‘lishini ham ko‘rsatdi.  

Tadqiqot natijalari yolg‘izlikning semirib ketish va tamaki chekishdan-da xatarli ekanini ko‘rsatdi. Aniqrog‘i, yolg‘izlik sababli o‘lim xavfi tamaki chekish bilan barobar ekan-u,  biroq semizlikdan ikki barobar ortiqroq ekan...

Ilgariroq Kaliforniya instituti olimlari rak kasalligining oldini olish borasida olib borgan izlanishlari natijasida oila hayoti onkologik kasallikka chalingan bemorning uzoqroq yashashiga yordam qilishini aniqlagan edi.

Olimlar ijtimoiy yakkalanib qolish insonning immunitet tizimi faoliyatiga jiddiy zarar yetkazib, unda yallig‘lanuvchi kasalliklar kuchayishini aniqladi. Revmatizm, qandli diabet va yurak kasalliklari yolg‘iz insonlarda tez rivojlanadi. Shuningdek, tadqiqotlar yolg‘izlikni internet vositasida bartaraf etib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Michigan universiteti olimlari Facebookdan foydalanuvchilar orasida virtual aloqa ko‘payishiga qaramay, ular o‘zlarini baxtli his etmaganini aytgan. O‘sha odamlar boshqalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘langanda baxtiyor bo‘lganini ma’lum qilgan. 

“Yo” harfiga ishorat kabi...

Chikago universiteti psixologi Jon T.Kakioppo: “Yolg‘iz ekaningizni o‘zingizga o‘zingiz e’tirof etishingiz manglayingizning o‘rtasiga katta qilib “Yo” harfini yozib qo‘yganga o‘xshaydi“, der ekan, insonlarning bu tuyg‘u bilan o‘tayotgan kunlarining mashaqqatli ekaniga e’tibor qaratadi. Mutaxassisning fikricha, insonga atrofida qancha ko‘p odam jamlanishining unchalik e’tibori yo‘q. Inson yolg‘izlikni his etmasligi uchun jilla qursa bir kishiga ehtiyoji bor. Shuni hisobga olib Yevropadagi Angliya va Donimarka kabi o‘lkalarda keksa yoshdagi yolg‘iz kishilar uchun turli xil profilaktika ishlari olib borilmoqda. 

Nikoh ichkilikbozlikdan asraydi

“American Journal of Psychiatry”  jurnalida e’lon qilingan maqolada turmush qurgan odamlar ichkilikbozlikka yolg‘izlarga nisbatan kamroq berilishi yozilgan. Biroq, tadqiqotlardan ayon bo‘lishicha, mayxo‘r kimsa bilan turmush qurish ichkilikbozning yanada ko‘proq ichishiga yoki uning turmush o‘rtog‘ining ham ichkilikka o‘rganishiga sabab bo‘lar ekan.

  – Biz ichkilikboz bilan turmush qurgan kishiga uning qanchalik ta’siri bo‘lishini o‘rganishga harakat qildik, – deya tadqiqot ishining maqsadini ifoda etdi mualliflardan biri, Virjiniya hamkorlik universiteti tibbiyot maktabi professori, psixiatr Kennet Kendler. – Javob shunday chiqdi: ha, juda ham kuchli. 

Tahlillar ko‘rsatishicha, turmush qurish ichkilikbozlikka ruju qo‘yishni erkaklarda 59 foizga, ayollarda esa 73 foizga kamaytiradi. Ayniqsa, vaqtida oila qurish naslida ichkilikbozlik bo‘lgan odamlarga juda ham foydali. Shuningdek, er yoki ayolning to‘ydan oldingi vaqtlarda ichkilikka moyilligi bo‘lgan esa kelajakda ikkinchisida ushbu muammo tezlik bilan yuksaladi. Xususan, ana shu ahmaqona odatga ichkilikbozning ayoli giriftor bo‘ladi. Demak, ichkilikboz bilan oila qurish yolg‘iz yashashdan ham yomon ekan.

Kennet Kendler: “Hozir olimlar ichkilikbozlikning ajralishga moyillik tug‘dirishini o‘rganishmoqda. Ularning taxminicha, ajralish ichkilikbozlikka moyillikning oshishiga sabab bo‘lar ekan”, deydi.

Oila parokanda bo‘lsa...

Oilaning buzilishi erkakka ham, ayolga ham, oilaning boshqa a’zolariga ham  qattiq ruhiy zarba. Shuning uchun ham oilaviy ajrim barcha din, ta’limot va davlatlarda noxush hodisa sanaladi. Jumladan, Islom dinida ajralishni ifoda etuvchi “taloq” so‘zi tilga olinganda Allohning Arshi larzaga kelishi ta’kidlanadi. Lekin jami dinlar, ta’limotlar, davlat qonunlari ma’qullamagani holda ajralishni taqiqlamaydi. Negaki, agar ajralish taqiqlansa, odamlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishlar ko‘payib ketadi.   

Ma’lumotlarga ko‘ra, 50-yillarda ajralishlar sobiq Ittifoq bo‘yicha atigi uch foizni tashkil qilgan. 60-yillarga kelib o‘n foizga chiqqan. 80-yillarda 33 foizga yetgan, bugungi kunda esa O‘zbekistonda 15 foizni, Rossiya federatsiyasida 45 foizni tashkil qilmoqda.

Ajralishning asosiy sabablari: yoshlarning turmushiga ota-onaning aralashuvi, xiyonat, yetishmovchilik, murosaga kela olmaslik, janjal, zararli odatlar – ichkilikbozlik, giyohvandlik; xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi; tirikchilik muammolari; tuyg‘ularning susayishi; mas’uliyatsizlik va rashk asoratlaridir.

Yoshlarning oila sharoitiga ko‘nika olmasligining sabablari juda ham ko‘p.

Er-xotin o‘rtasidagi muomalada bir-birini tushunmasliklari sababli oilada birgalikda harakat qilish, bir-biriga yordam qilish, o‘zaro ishonch va yaxshi-yomon odatlarga sabr qilish bo‘lmaydi. Kelin-kuyovning ota-onalarining tutumlari to‘g‘ri kelmasligi ham kelishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Yana endigina turmush qurgan yoshlar oila boshqaruvini qo‘lga olish uchun talashadi.

Yoshlarning to‘ygacha yaxshi tanishib olmasliklari ajralishlarning sabablaridan biridir. Ba’zida yigit va qizning intilishlari va qarashlari bir xil chiqadi. Shunday holatda ularning baxti kuladi. Yoshlar bir-biriga suyanadi, bir-biriga moslashadi. Ammo buning uchun insonga sabr, xohish va uquv kerak.  

Rossiya jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bir tadqiqot o‘tkazgan. Ikkita oila. Birinchi va ikkinchi oiladagi erkaklar va ayollar talantli yoshlar. Ikki oiladagilar ham bir-birini sevadi. Lekin birinchi oila buziladi. Ikkinchisi saqlanib qoladi. Xo‘sh, birinchi oilaning buzilishning sababi nimada? Bu oiladagi ayol erining siymosida oila boshini emas, do‘stni ko‘radi. U turmush o‘rtog‘ini hayotdagi o‘sib-o‘nishlar jarayonida raqib o‘rnida bilgani bois uy ishlari va bolalarni – eri undan ilgarilab ketish uchun o‘ylab topgan tuzoq deb o‘ylaydi. Shu bois eri universitetni bitirib aspiranturaga topshirganda ajralishga ariza beradi. Ikkinchi oila esa bir-biriga qo‘ldosh bo‘ladi. Ayol eri bilan poygalashmaydi. Eri doktor bo‘lgan choqda xotini nomzodlik bilan kifoyalanib qo‘ya qoladi. Uning sababini so‘rashganida oilani saqlab qolish uchun shunday qilganini aytgan. Xotini qo‘llab turgan erkak nomdor olimga aylanadi. Natijada bundan oila yutib chiqadi. Ayniqsa, eriga madadkor bo‘lgan ayol.

Ana shu tadqiqot xulosasini o‘qir ekanman, rahmatli ustozimiz, professor Begali Qosimovning turmush o‘rtog‘i bilan kechgan bir suhbat yodimga tushdi. Matluba opadagi katta bilimni, kuchli mantiqni ko‘rgan suhbatdoshlardan biri: “Shuncha bilimingiz bilan nega ilm qilmagansiz?” deb so‘raganda. Matlub opa: “Men har doim oilani birinchi o‘ringa qo‘yganman”, deb javob bergan edi. Opaning ana shu tushunchasi, say’-harakatlari natijasida Begali aka dunyoga tanilgan olim bo‘ldi, farzandlari aqlli, tarbiyali insonlar bo‘lib voyaga yetdi.      

Ajralishlarning aksari yirik va boy shaharlarda yuz beradi. Bunday megapolislarda qarindoshlar, kelin-kuyovning ota-onalari, qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlarning oila ustidan o‘rnatadigan ijtimoiy nazorati birmuncha zaif bo‘ladi. Yoshlar shoshqaloqlik bilan nikohdan o‘tadi. Ba’zi nikohlar tamagirlik va qalbakilik asosiga tuziladi va ko‘p o‘tmay buzilib ketadi.

Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, Elmira Bositxonova “Oila davrasida” gazetasiga bergan intervyusida mamlakatimiz bo‘yicha ajrashishlar ko‘rsatkichi o‘rtacha 15 foiz atrofida bo‘lgani holda bu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 32 foizni tashkil etganini aytgani ushbu fikrni tasdiqlaydi.

Ajralishning yana bir sababi, hammaga tanish bo‘lgan hisob-kitob asosida turmush qurish. Bunday oila muhabbat asosida emas, kelin kuyovdan yoki kuyov kelindan nimadir kutish evaziga paydo bo‘ladi. Bu kabi oilalarda to‘ydan bir yil, hatto bir oy o‘tar-o‘tmas o‘zaro hurmat-ehtiromning, axloqiy tamoyillarning eng oddiysiga ham rioya qilmaslik boshlanadi va u kun sayin rivojlanib boradi. Tamagirlik asosida barpo bo‘lgan oilalar moddiy jihatdan to‘la ta’minlangani bilan ma’naviy tomondan qashshoq bo‘lgani sababli barbod bo‘ladi.

Turkiya statistika qo‘mitasi o‘tkazgan bir tadqiqotda oila qurgan 95 foiz ayollar erkaklarga o‘zini bekamu ko‘st ta’minlaydigan ishchi kuchi sifatida e’tibor qaratar ekan, 60 foiz atrofidagi erkak esa qizlarning go‘zalligiga ucharkan. Ularning ikkisida ham inson ma’naviyatiga, ruhiyatiga  daxldor nazar yo‘qligidan turmushi uzoqqa bormasligini taxmin etsa bo‘ladi.

Modomiki, ajralishni birorta din va davlat yoqlamas ekan, modomiki, oilasi buzilgan erkak va ayol hamda farzandlar bundan qattiq ruhiy zarba olar ekan, modomiki, yolg‘izlik odamning halokatiga, ichkilikka ruju qo‘yishiga sababchi bo‘lar ekan, unda turmushni buzmaslikning chorasini qidirish, oilani eng so‘nggi ilinj qolgunga qadar  himoya qilish har bir insonning o‘zi uchun yaxshi emasmikan!..

Damin JUMAQUL,  jurnalist

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

22.01.2025   1575   4 min.
Allohdan ilm va ofiyat so‘ranglar

Boshqalarga qalbingiz, aqlingiz, molingiz ila yordam bering. Yordamingiz, amalingiz faqat Alloh taoloning rizoligi uchun bo‘lsin. Qilgan yaxshiligingizni eslab yurishdan saqlaning. Aksincha, birov sizga yaxshilik qilsa, uni doim yodingizda tuting. Zero, Alloh taolo Baqara surasining 264-oyati karimasida: «Ey iymon keltirganlar! Molini odamlar ko‘rsin deb beradigan, Allohga va oxirat kuniga ishonmaydigan kimsaga o‘xshab, (bergan) sadaqalaringizni minnat va ozor bilan yo‘qqa chiqarmang!..» deb marhamat qildi. 

Qarshingizdan chiqadigan har qanday ko‘ngilsizlikni muvaffaqiyat keltiradigan hayot tajribalaridan biri deb biling. Zero, tun naqadar uzun bo‘lmasin, albatta, quyosh chiqishi bordir. Aytishadi-ku, muvaffaqiyat narvondir, ikki qo‘ling cho‘ntakda bo‘la turib, unga ko‘tarila olmaysan, deb.

Bir burda nonga ham Allohga hamd ayting, shukr qiling. Doim ham to‘kin-sochinlik bo‘lavermaydi. O‘tayotgan kuningizdan noliyvermang, qanoatli bo‘ling. Hasad qilishdan saqlaning. Zero, Alloh taolo bandalarini O‘zi siylagan ne’matlar bilan xoslab qo‘ygan. Boshqalarning o‘sha ne’matlardan mahrum bo‘lishlariga orzumand bo‘lmang, aksincha, Alloh sizni ham ne’matlantirishini, barakotini so‘rang.

Har kuni Alloh azza va jalladan afv va ofiyat so‘rashni unutmang. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan afv va ofiyat so‘ranglar. Chunki biror kishiga iymondan keyin ofiyatdan-da yaxshirog‘i berilmagan”[1], deya marhamat qilganlar.

Alloh taolodan foydali ilm va keng rizq so‘rang. Boisi, ilm o‘zgalar tortib ololmaydigan xazinadir. Johilning qo‘lidagi ming dinor bir hovuch tuproqqa aylanadi, ilm talabidagi kimsaning qo‘lidagi bir siqim tuproq esa, ming dinorga.

Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilmning fazli borasida: Ey Kumayl, ilm mol-dunyodan yaxshiroqdir. Ilm seni muhofaza qiladi, molni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hokim, mol esa mahkumdir. Molni berganing sari kamayaveradi. Ilm esa tarqatish orqali ko‘payib boradi”, deganlar.

Ilm mag‘rurlikni so‘ndiradi. G‘urur go‘yo bananning po‘stlog‘iga o‘xshaydi. Muvaffaqiyat cho‘qqisiga ko‘tarilayotganingizda, u sabab toyib ketasiz. Foydali ilm so‘rash borasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolodan manfaatli ilm so‘ranglar va foyda bermaydigan ilmdan panoh tilanglar”, deganlar.

O‘zingiz va atrofingizdagilar birdek baxtli bo‘lishi uchun ularning har birini baxtiyor qilishga harakat qiling. Yig‘i orasida kula olmaganingizdek, atrofingizdagilar zulmat qa’rida bo‘lgan bir holda, siz tong yog‘dusi ichra tura olmaysiz. Axir, insonning baxti uning ko‘magi sabab muvaffaqiyatga erishganlarning adadi bilan belgilanadi. O‘ziga to‘q kishilardan bo‘lsangiz davlatingizdan ozroq berish ila boshqalarning saodatiga hissangizni qo‘shing. Bordi-yu, qo‘lingiz kaltalik qilsa, bir og‘iz shirin so‘z bilan bo‘lsa-da, bu jarayonda ishtirok eting.

Qora kuningizda sizga yordam qo‘lini cho‘zgan, dunyo to‘nini teskari kiyganida siz bilan birga yelkadosh bo‘lgan, ba’zan yaqinlaringiz tashlab ketib yolg‘iz qolganingizda sizni jarlikdan olib chiqqan kishilarni unutmang...

Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham minnatdorchilik bildirish mo‘minlarning sifati ekanini ta’kidlab: “Odamlarga tashakkur aytmagan kishi, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmaydi”, deganlar va yana boshqa bir hadislarida yaxshilikni mukofotlashni o‘rgatib, shunday deya marhamat qilganlar: “Kim sizlarga bir yaxshilik qilsa, uni mukofotlab qo‘yinglar. Taqdirlashga arzirli biror narsa topa olmasangiz,  haqqi ado bo‘ldi deb o‘ylaguningizgacha uning haqqiga duo qilib qo‘ying” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Siz bilmay xafa qilgan insonlaringizni ismini yodingizda tuting va, albatta, uzringizni ayting. Odamlarni hisob-kitob qilmang, odamlarni muhokama qilish vaqtni behuda ketkazishdan boshqa narsa emas.

Hasson Shamsiy Poshoning "Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar" nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Imom Termiziy rivoyati.