Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Sentabr, 2025   |   30 Rabi`ul avval, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:52
Quyosh
06:10
Peshin
12:21
Asr
16:33
Shom
18:24
Xufton
19:37
Bismillah
22 Sentabr, 2025, 30 Rabi`ul avval, 1447

To‘g‘ri topganga ikki, xato qilganga bir ajr...

20.04.2017   12073   4 min.
To‘g‘ri topganga ikki, xato qilganga bir ajr...

“Mazhab” so‘zi lug‘atda “chiroyli”, “go‘zal” hamda “yo‘l”, “yo‘nalish” degan ma’nolarda ishlatiladi. Shariat istilohida mazhab, Alloh taoloning amrlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasllamning sunnatlari asosida ijtihod qilib topilgan, U Zotning roziligiga erishtiruvchi yo‘l,  urfda esa chiroyli yo‘l ma’nosini bildiradi.

Xalqimiz asrlar osha e’tiqod qilib kelayotgan diniy jamoa – ahli sunna val-jamoaning mazhablari to‘rtta bo‘lib, uning asoschilari mutlaq ijtihod sohiblari hisoblanadi. Ular mazhabboshi yoki imom deb ataladi. Ularning qay biriga ergashilsa ham, to‘g‘ri yo‘l tutilgan bo‘ladi. Ushbu mazhablarning biri boshqasidan ustun ko‘rilmagan holda barchasi birdek qadrlanadi. Musulmon kishi to‘rt mazhabdan birini mahkam ushlashi vojib amal.

 To‘rt mazhabning har biri asoschilari nomi bilan Hanafiy, Molikiy, Shofiiy, Hanbaliy mazhablari deb nomlangan. Ibn Rajab Hanbaliy rahmatullohi alayh “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” degan kitobida mazhablarga bo‘lgan ehtiyojni quyidagicha ta’riflagan: “Alloh taolo o‘z hikmati taqozosi ila dinni ushlash va muhofaza qilish uchun odamlarga imomlarni chiqarib berdi. Ularning bilimlari, fatvo va hukmlar ilmida ko‘zlangan maqsadga erishganlarini hamma tan olar edi. Barcha odamlar fatvoda ularga murojaat qiladigan, hukmlarni bilishda ham ularga qaytadigan bo‘ldi. Alloh taolo ular uchun mazhablarini tartibga soladigan va qoidalarni tahrir qiladigan zotlarni qoim qildi. Oxir-oqibat ulardan har bir imomning mazhabi, uslubi, qoidalari va fasllari aniqlandi. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami, ushbu dinni muhofaza qilish sabablaridan bo‘ldi”.

Mazhabboshilar Qur’oni karim va hadisi sharifdan hukmlarni oladigan mujtahidi mutloq darajasiga yetganlar. Ularning yo‘li biror-bir masalani yechishda  o‘zlari asos qilib olgan usullar va istinbod qoidalariga tayangani jihatidan farq qiladi.

Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qachon hokim hukm qilganda ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr bo‘lur. Qachon u hukm qilganda ijtihod qilsa-yu, xato qilsa, unga bir ajr bo‘lur”, dedilar”.

Hanafiy mazhabining imomi  Abu Hanifa rahmatullohi alayh biror masalani yechishda quyidagi yetti asos: Qur’oni karim, sunnat, sahobiylar so‘zlari, qiyos, istihson, ijmo, urfga tayanganlar. Qolgan uchala imomlar esa, urf va istihsonga asoslanmagan, Lekin Molikiy mazhabi istihsonni olgan.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, to‘rtta mazhabning haq ekani borasida musulmonlar ummati ijmo’ qilganlar.

Alloh taolo marhamat qiladi: “Albatta, bu Mening to‘g‘ri yo‘limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo‘llarga ergashmang, sizni Uning yo‘lidan ajraturlar” (An’om surasi, 153-oyat).

Bugungi kunda dunyodagi taxminan 1.3 milliard musulmon aholisining 92.5 foizini sunniylar tashkil etib, ular mazhablar bo‘yicha quyidagi nisbatda bo‘linadi: hanafiylar 47, shofiiylar 21, molikiylar 17, hanbaliylar 7.5 foizini tashkil qiladi.

Musulmonlarning mazhabga bo‘linish e’tiboridan ayon bo‘lmoqdaki,  47 foiz kishi hanafiy mazhabida ekani, bu mazhabning mohiyati va mazmunida odamlarga yengillik yaratib berishdek oliy maqsad o‘z aksini topgan. Hanafiy mazhabi to‘rt mazhab ichida vasatiylikni mahkam tutgan, shariatga xilof qilmagan holda bandalarga yengilliklar yaratgan mazhabdir. Hanafiy mazhabi hech qachon musulmonlarga qiyinchilik va mashaqqatni ravo ko‘rmagan, xoh ibodatda bo‘lsin, xoh muomilat masalalarida bo‘lsin, Abu Hanifa rahmatullohi alayhning bunday yondashuvi tahsin va e’tiborga sazovordir. Masalan, Abu Hanifa rahmatullohi alayh ko‘ylakka tekkan najosatni gul yoki uzum suvi bilan tozalash va mevalarni xomligida sotishga ijozat berganlar. Abu Hanifa rahmatullohi alayh urf va istihsonga e’tibor berishi jihatidan, qolgan uch mazhabga nisbatan fiqhiy masalalarda yengil va mo‘tadilroq deb aytsak bo‘ladi.

Xayrullo MARDONOV,

Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi 

 

 

Fiqh
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xotirjamlik va osoyishtalik – yuksalishlar asosi

22.09.2025   759   2 min.
Xotirjamlik va osoyishtalik – yuksalishlar asosi

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlagan: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara, 208 oyat).

Tinchlik Alloh taolo butun insoniyatga in’om etgan eng ulug‘ ne’matdir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam tinchlik va xotirjamlik haqida Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda bunday deganlar: “Tinchlik va xotirjamlik ikki ulug‘ ne’matdirki, bundan ko‘p odamlar bebahradirlar”  Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Alloh taolo O‘zining fazlu karami ila inson zotini aql va idrok sohibi qilib yaratdi va unga behisob ne’matlarni ato qildi. Shu bilan birga bergan ne’matlariga shukr aytishga ham buyurib, muborak kalomida shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda qilish va’da qildi:

Alloh taolo Quroni karimda shunday marhamat qiladi: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim juda qattiqdir” (Ibrohim surasi 7-oyat).  Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga biror xursandchilik ish bo‘lsa yoki xabar berishsa Allohga shukr qilib sajda qilar edilar.  Demak, Parvardigorimiz biz bandalarga bergan tansihatlik, farovonlik, baxtu saodat, tinchlik va osoyishtalik kabi ulug‘ ne’matlarga shukr aytsak, qadriga yetsak – Alloh buni ne’matni bardavom etadi.

Shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror aylasin. Yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!

Abdulbosit Xamdamov, Yangi Namangan tumani

"Usmon Zunnuroyn" jome masjidi imom xatibi

Manba: @SOFTALIMOTLAR

MAQOLA