Savdo-sotiq bilan shug‘ullanish sharafli kasblardan biridir. Dinimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra tijoratda rostgo‘ylik, to‘g‘rilik, muloyimlik alohida o‘rin tutadi. Insonlarning haqqiga xiyonat qilmay, bir-birini aldamay savdo-sotiq qilgan kishilarga oxiratda Allohning eng suyukli bandalari bilan birga bo‘lish baxti nasib bo‘ladi. Abu Sa’id al-Xudriy roziyallohu anhudan: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ”Ishonchli, rostgo‘y savdogar (jannatda) nabiylar, siddiqlar va shahidlar bilan birgadir”, deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).
To‘g‘rilik deganda avvalo, yolg‘on, xiyonat, tuhmat, bevafolik kabi qabih ishlardan uzoqda bo‘lish tushuniladi.
Ma’lumki, har qanday kasbni puxta egallash, o‘z kasbining mohir ustasi bo‘lish uchun ana shu kasbga taalluqli ilmni mukammal o‘rganmoq kerak. O‘z kasbiga muhabbati bor inson mehnatdan charchamaydi, balki u rohatlanadi. Mehnatining samarasini ko‘rganda barcha charchoqlarini unitadi. Kasbi tufayli atrofdagilariga yordami tegsa, inson o‘zini baxtli deb hisoblaydi. Demak, inson halol mehnati bilan va’da qilingan ulug‘ savoblar, darajalarga erishar ekan.
Demak, savdo-sotiq, tijorat bilan mashg‘ul bo‘lgan kishi dinimiz ko‘rsatgan yo‘lga muvofiq tijorat qilsa, unga oxiratda katta ajru mukofot bo‘lishi, xatto jannatda payg‘ambar-u, siddiqlar bilan birga bo‘lar ekan. Ammo uning aksi bo‘lsa, o‘zining foydasi uchun hiyla-nayrang, aldamchilik, ko‘zbo‘yamachilik va g‘irromlik qilsa, dinimiz talablaridan tashqariga chiqqan bo‘ladi hamda qiyomat kunida og‘ir hisob kitobga mubtalo bo‘lishi muqarrar. Ba’zi bir savdogarlar o‘z molini o‘tkazish uchun yolg‘on gapiradilar, hatto yolg‘on qasam ichadilar. Bu savdoning barakasini ketkazadi. Boshqa tomondan balo va ofatlar yetishi ham mumkin.
Hakim ibn Hizom roziyallohu anhudan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: ”Oluvchi va sotuvchi ixtiyorlidir. Agar bir-birlariga rost so‘zlab, molini aybini yashirmasalar o‘rtalarida baraka bo‘ladi. Agar mollari aybini yashirsalar va bir-birlarini aldasalar, savdolarida baraka ko‘tariladi”, dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni bozorda bug‘doy sotib turgan kishining bug‘doyiga muborak qo‘llarini tiqib ko‘rsalar, bug‘doyning tagi sal nam ekan. Shunda U zot: “Bu qanday bo‘ldi?”, deb sotuvchiga e’tiroz bildirdilar. Sotuvchi esa: “Hozir yomg‘ir yog‘ib o‘tgan edi, shuning uchun nam tekkanini tagiga qo‘ygan edim”-deb uzr aytdi. On hazrat: “Nam tekkani ustida turaversa bo‘lmaydimi? Kimki hiyonat qilsa bizdan emas”-dedilar.
Ba’zi bir o‘lkalarga Islomni yoyishda musulmon savdogarlarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Ko‘plab insonlar musulmon tijoratchilar sababli islomga kirganlar. Xitoy yerlariga qarashli Sharqiy Turkiston islomni musulmon savdogardlar orqali o‘rganganlar. Shu bilan xitoyliklar orasida islom yoyila boshlagan. Musulmon savdogarlar tufayli Islom Indoneziya, Malayziya, Filippin kabi Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga yetib borgan. Shri-Lankaning janubiy g‘arbida joylashgan Maldiv oroli va Vetnamga ham islomning tarqalishi ortida musulmon savdogarlarning xizmatlari katta.
Afrika qit’asining shimolidan tortib markaziy-sharqiy va janubiy Afrikagacha bo‘lgan hududlarda ham islomning tarqalishiga musulmon savdogarlarning o‘rni nihoyatda beqiyos.
Biroq, qalb qulflarining islomga ochilishida tijoratchilirning xulqi qanday o‘rin tutgan?
Ana o‘sha biz ular haqida gapirayotgan tijoratchilar ko‘p ishlar qilmagan. Lekin ular Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam olib kelgan xulq bilan xulqlangan edilar xolos.
Bu xulq Alloh taolo o‘z nabiyyiniوَإِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ “Siz buyuk xulq uzradirsiz” deb maqtashiga sabab bo‘lgan xulq edi.
Bu xulq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning
بعثت لأتمم مكارم الأخلاق
“Men axloqlarning eng mukarramlarini mukammal qilish uchun yuborildim” degan so‘zlarida jo bo‘lgan xulq edi.
Masruq roziyallohu anhu aytadi: “Biz Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu bilan o‘tirgan edik. U bizga: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fahsh ishlarni qiluvchi ham fahsh gaplarni aytuvchi ham emasdilar. U zot:
إن خياركم أحاسنكم أخلاقاً
“Sizlarning eng yaxshilaringiz xulqi go‘zallaringizdir, der edilar”, -dedi” (Buxoriy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhu aytadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
إن من أحبكم إليَّ وأقربكم مني مجلساً يوم القيامة أحاسنكم أخلاقاً
“Sizlarning menga eng sevikligingiz va qiyomat kuni menga eng yaqin joyda bo‘ladiganingiz xulqi chiroylilaringizdir”, dedilar (Termiziy rivoyati).
Islomda tijoratning ham o‘ziga xos axloqi bo‘lib, u haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deb xabar beradilar:
عَنْ مُعَاذِ بْنِ جَبَلٍ، قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : (إِنَّ أَطْيَبَ الْكَسْبِ كَسْبُ التُّجَّارِ الَّذِينَ إِذَا حَدَّثُوا لَمْ يَكْذِبُوا، وَإِذَا ائْتُمِنُوا لَمْ يَخُونُوا، وَإِذَا وَعَدُوا لَمْ يُخْلِفُوا، وَإِذَا اشْتَرُوا لَمْ يَذِمُّوا، وَإِذَا بَاعُوا لَمْ يُطْرُوا، وَإِذَا كَانَ عَلَيْهِمْ لَمْ يَمْطُلُوا، وَإِذَا كَانَ لَهُمْ لَمْ يُعَسِّرُوا
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Kasblarning eng yaxshisi – tijoratchilarning kasbidir. Ular gapirsalar yolg‘on gapirmaydilar, ularga omonat qo‘yilsa xiyonat qilmaydilar, va’da bersalar xilof qilmaydilar, sotib olayotgalarini pastga urmaydilar, sotayotganlarini bo‘rttirmaydilar, qarzlarini berishni cho‘zib yurmaydilar va birovga qarz berganlarida uni qistamaydilar” (Bayhaqiy rivoyati).
Musulmon tijoratchining omonatdor bo‘lishi muqaddas dinini ko‘rsatmasi va topshirig‘i ekan. Rivoyatlarda kelishicha Yunus ibn Ubayd har xil narxdagi kiyimlarni sotar edi. Ba’zi kiyim-kechaklarining narxi to‘rt yuz tanga bo‘lsa, ba’zilariniki ikki yuz tanga edi. Bir kuni o‘zining o‘rniga do‘konda jiyanini qoldirib o‘zi namoz o‘qish uchun masjidga jo‘nabdi. Shunda do‘konga bir a’robiy kelib to‘rt yuz tangalik kiyim so‘rabdi. Unga ikki yuz tangaligi ko‘rsatilganda libos unga ma’qul kelib uni sotib olibdi. Yunus ibn Ubayd yo‘lda haligi a’robiyni uchratib qolibdi va libos o‘zining do‘konidan sotilganini payqab undan “Qanchaga sotib olding?” deb so‘rabdi. A’robiy to‘rt yuz tangaga olganini aytgach Yunus ibn Ubayd u libos ikki yuz tanga turishini va qaytarib olib borishini aytibdi. A’robiyning: “Biz tomonlarda buning narxi besh yuz tanga, men roziman” degan gapiga qaramay “To‘g‘rilik mol-u dunyodan yaxshiroq” deb do‘konidan ikki yuz tangasini qaytarib beribdi, jiyaniga esa bu ishi uchun qattiq dashnom berib, uni insofli bo‘lishga chaqiribdi.
Bunga o‘xshash voqeani Muhammad ibn Mundakir rohmatullohi alayhning hayotlarida ham uchratishimiz mumkin. U kishi ham savdogarlardan bo‘lib turli liboslarni sotar edilar. Bir kuni o‘rniga yosh bola savdo qilib besh tangalik kiyimni o‘n tangaga sotganligini bilib qolib xaridorni izlashga tushibdi. Axiri topgach unga: “Yosh bola sizga besh tangalik kiyimni o‘n tangaga sotibdi” debdi. U odam roziligini aytganda unga qarata: “Biz o‘zimizga ravo ko‘rganimiznigina boshqalarda bo‘lishiga rozimiz. Endi yo o‘n tangalik liboslardan birini oling, yoki besh tangani qaytarib beray, yoki bo‘lmasa libosni qaytarib pullaringizni olib keting” deb aytibdi. Haligi odam besh tangani qaytarib olibdi va odamlardan bu ulug‘ zot kim ekanligini so‘rganida ular Muhammad ibn Mundakir ekanligini aytishibdi.
Alloh taolo yurtimiz bozorlariga O‘zining barakotlarini yog‘dirsin. Barchamizga muqaddas dinimiz ko‘rsatmasiga muvofiq savdo-sotiq qilib, bu dunyo baxti oxirat saodatiga nasib etsin.
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.