Qaynatilgan suvni yana qaynatish yoki hatto isitish nafaqat zararli, balki xatarlidir.
Vodoprovod suvi o‘zida — tuzlardan tortib minerallargacha juda ko‘p aralashmalardan tarkib topadi. Suv isitilib boshlanganda, uning kimyoviy tarkibi o‘zgaradi.
Bu o‘zgargan moddalar kishi organizmiga qayta isitilgan suv bilan tushib boradi.
Qaynatilgan suvni yana qancha marta qayta-qayta qaynatilgani sari uning inson salomatligi uchun zarari shuncha ortib boraveradi.
Bunday suvda inson salomatligi uchun eng zararli bo‘lgan mishyak, ftoridlar, nitratlar kabi moddalar hosil bo‘lib boraveradi.
Suvning bir marta qaynatilishi, uning turli mikroblardan toza bo‘lishi uchun kifoya qiladi. Uni yana bir (yoki undan ko‘p) marta qaynatilganida, mavjud bo‘lgan foydali moddalarning buzilishiga, zararli va xatarli birikmalarga aylanishiga yo‘l ochiladi.
Qayta qaynatilgan suvdagi zararli moddalarning inson uchun xatarli ta’siri:
Butunjahon sog‘likni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga qaraganda, inson salomatligi uchun eng katta xatarni aynan shu modda keltirib chiqaradi. Mishyakni juda oz va inson uchun zararsiz miqdorda vodoprovod suviga undagi zararli mikroorganizmlarni yo‘q qilish uchun qo‘shiladi.
Albatta qayta qaynatilgan suvdagi mishyak sababidan insonning o‘limi uzoq yillar bunday suvni muntazam ichishda davom etishidan kelib chiqishi mumkin, lekin gap shundaki, bu modda yig‘ma ta’sir qiladi. Buning oqibati esa, eng ayanchli bo‘lishi mumkin: periferik neyropatiyani, butun badandagi teri kasallikka chalinib shikastlanishini, oshqozon-ichak tizimi faoliyatining buzilishini, buyrak faoliyati buzilishini va saraton kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Suv qayta qaynatilganida, undagi ftor birikmalarining bir qismi ftorid moddalarga aylanadi.
Garvard universiteti professorlarining bir necha o‘n yillik tadqiqotlari natijalari ftorid moddalar nevrologik faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatishini va hatto yosh bolalarda aqliy qoloqlikka sabab bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi, shuningdek, ular ayollarda bepushtlik kelib chiqishi xavfini kuchaytirishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Bizning hayotimiz shunday ham nitratlar bilan to‘yingan — ular kundalik hayotda oziq-ovqat sanoatida konservantlar sifatida ishlatiladi.
Lekin ular yuqori temperaturada ishlov berish natijasida inson salomatligi uchun yanada xatarli tus oladi.
Qaynatish jarayonida nitratlar nitrozaminlarga aylanadi, bu moddalar esa, kanserogenlarga bevosita aloqadordir.
Buning oqibatlarini yetarli ravishda baholamaslik to‘g‘ri kelmaydi: tushinmasdan qilinadigan bunday zararli odat inson organizmida ichaklar, me’da, oshqozonosti bezi, jinsiy-peshob yo‘llari saratoni va leykemiyagacha olib borishi mumkin.
Jaloliddin Nuriddinov
13aprel 2017 yil
Savol: Hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Har tong quyosh chiqqanda ikki farishta nido qiladi. Ey Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin va xasis, ziqnaga talofat ber” der ekanlar. Lekin biz hayotda bu hadisning aksini ko‘ramiz. Infoq, ehson va sadaqa qiluvchilar yashashda o‘rta hol, ba’zilari esa biroz qiynalgan bo‘lsa, ziqna, xasis Alloh yo‘lida bir chaqa ham infoq qilmaydiganlar esa, dunyolari ziyoda bo‘lib borayotganligini ko‘ramiz. Shunda kishi hayoliga bu hadis sahihmikan yoki yolg‘onmi degan o‘y keladi. Agar sahih bo‘lsa nega infoq qiluvchining qilgan infoqini o‘rni to‘lmayapti? Nega xasis, ziqna odam talofat ko‘rmayapti?
Javob: Mazkur hadis sahih, muttafaqun alayh. Hadisning to‘liq matni quyidagicha.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Bandalar har tong ottirganlarida ikki farishta tushib, ularning biri: "Yo Alloh infoq qiluvchini infoqini o‘rnini to‘ldirgin", ikkinchisi esa: "Yo Alloh xasis, ziqnaga talofat ber" deydi” (Al-Jome’ as-Sahih, 445-bet, 1442-hadis)
Ushbu hadisning ma’nosiga o‘xshash boshqa hadislar ham mavjud. Misol uchun, Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: "Ey Odam bolasi agar sahovatli bo‘lsang, bu ishing sen uchun yaxshidir. Agar ziqna, xasis bo‘lsang, bu ishing sen uchun yomondir" (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyati).
Oyatda esa: “Har bir infoq qilgan narsangizning o‘rnini U to‘ldirur. U zot rizq berguvchilarning yaxshisidir” deyiladi (Saba’ surasi, 39-oyat). Ushbu oyatni Ibni Kasir rahimahulloh tafsirlarida: "Robbingizning buyurgan yoki muboh qilgan ishlarida biror bir narsani infoq qilsangiz, albatta, U dunyoda uning badalini beradi. Oxiratda esa, savob va mukofot beradi", deganlar.
Endi savol beruvchining fikriga keladigan bo‘lsak, u inson faqatgina hadisdagi to‘ldirish va talofot so‘zlarini mol-mulk ma’nosida tushunganlar. Hadisning asl mohiyati esa, bundan ko‘ra chuqurroq va kengroqdir. Aslida infoq qiluvchi kishiga G‘oniy va Karim bo‘lgan Allohning O‘zi kifoya qilishi uning infoqiga eng yaxshi evazdir. Allohni infoq qiluvchi bandasining ahlini isloh, farzandlarini iqtidorli, tanasini sog‘, oziga baraka berishi va uni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi, yaxshiliklar qilishga muvaffaq qilishi, qalbida sakinat, insonlarni unga nisbatan muhabbatli va iymon halovatini sezuvchi qilib qo‘yishi infoq qiluvchi kishiga dunyo matolaridan cheklanishidan ko‘ra yaxshiroqdir. Zotan oriflar ruhiy rizqlarni ko‘zni quvontiruvchi dunyo matolaridan ko‘ra abadiy va qiymati baland deb biladilar.
“Talofat” esa, faqatgina molning talofati degani emas, balki kishining oilasini notinchligi, farzandlarini noqobil, o‘zgalar bilan yaxshi aloqada bo‘lmasligi, doim tashvishda, hayotda kishini xafa qiladigan ishlar bilan yashashi, moli ko‘p bo‘lsa-da foydalana olmasligi va doimo tanasining dardi bilan azob uqubatda hayot kechirishi tushuniladi. Bunday holatlar esa, molning talofotidan ko‘ra yomonroqdir.
Hadisda kelgan farishtalarning duosi Qur’oni karimdagi ushbu oyatlarga muvofiqdir: "Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni tasdiq qilsa. Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz. Ammo kimki baxillik va istig‘no qilsa. Va go‘zal (so‘z)ni yolg‘onga chiqarsa. Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz" (Layl surasi, 5-10-oyatlar).
Alloh barchamizni oyatlarini va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarini asl mohiyatlari bilan anglab yetishimizni oson qilsin.
Yusuf Qorozoviyning “Fataava Muasira” nomli asaridan
“Imom at-Termiziy” jome’ masjidi imom xatibi
Yahyo Abdurahmonov tarjimasi