Hasan ibn Hasan bilan Zaynul Obidiyn aka-ukaning – Imom Hasan va Imom Husaynning farzandlari – amakivachchalar. Nimadir bo‘lib ikkalasining gapi chiqishmay qolibdi. Jahl kelsa aql ketadi deganlaridek, g‘azab otiga mingan Hasan ibn Hasan og‘ziga nima kelsa qaytarmasdan aytib, uni bas deguncha xaqorat qilibdi. O‘sha vaqtda ular jamoat bilan masjidda ekanlar. Zaynul Obidiyn sukut qilib, javob qaytarmabdi.
Bu yog‘ini o‘zlaridan eshitamiz.
“So‘ng uyga qaytdim, qorong‘u tushganda to‘satdan kimdir eshik qoqib qoldi. Eshikni ochsam, Zaynul Obidiyn turibdi. U endi rosmana janjallashgani kelgan bo‘lsa, kerak deb o‘yladim. Lekin u mutlaqo xotirjam edi: “Ey, og‘ajon, sen men haqimda aytgan gaplaring rost bo‘lsa, Alloh meni mag‘firat qilsin; agar aksi bo‘lsa, seni mag‘firat qilsin, – deb bir oz sukut saqlab turdi-da, – senga Allohning salomi bo‘lsin”, – deya ortiga qayrilib ketdi. Orqasidan ergashib, borib: “Allohga qasamki, ikkinchi bor senga yoqmaydigan ish qilmayman”, deb uzr so‘radim. U meni bag‘riga bosib mehrli bir sasda: “Menga nima degan bo‘lsang hammasidan kechdim”, dedi”.
***
Madinaliklardan biri aytadi: “Zaynul Obidiyn masjiddan chiqayotganda unga ergashib so‘ka boshladim. O‘zi uni so‘kishimga biror sabab ham yo‘q edi. Bu holni ko‘rgan odamlar yoppasiga ustimga bostirib kela boshladi. Agar meni ushlasalar burda-burda qilib tashlashi tayin edi. Shunda u zot odamlarga qarab: Unga indamanglar”, dedi. Ular to‘xtashdi. Mening qaltirayotganimni ko‘rib, ochiq chehra bilan yaqinlashdi ichimdagi qo‘rquvni ketkazib, tinchlantira boshladi. So‘ng esa: “Sen kaminani bilganlaring bilan so‘kding, hali sen bilmaganlari qancha! Biror ehtiyojing bormi, yordam beraylikmi?!” dedi. Uyatning zo‘ridan hech narsa deya olmadim. Xijolatdan terga botganimni ko‘rib ustidagi to‘nini yelkamga tashladi-da, menga yana ming dirham berishlarini amr qildi”.
Robiya JO‘RAQULOVA tayyorladi.
Alhamdulillah, biz mo‘min-musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga salavot aytishga buyurilganmiz. Agar bir marta salavot aytsak, bizga Alloh o‘n marta rahmat yo‘llaydi, o‘nta gunohimiz o‘chiriladi, martabamiz o‘n daraja ortadi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta rahmat yo‘llaydi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi, martabasi o‘n daraja ko‘tariladi” (Imom Ahmad rivoyati). Manbalarda qisqa salavot sifatida quyidagi salavot beriladi:
اَللَّهُمَّ صل وَسَلِّمْ عَلَى نَبِيِّنَا مُحَمَّد
Allóhumma solli vasallim alá nabiyyiná Muhammad
Ma’nosi: “Ey, Alloh! Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga rahmat va salom yo‘llagin!”
Ruhiddin Akbarov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi