Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Yurtdan yurtga yordam uyushtirgan zot

06.04.2017   8720   6 min.
Yurtdan yurtga yordam uyushtirgan zot

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu birinchi bo‘lib bir yurtdan  ikkinchi  yurtga  insonparvarlik  yordamini uyushtirgan shaxsdirlar.

Ibn Abdul-Hakam al-Lays ibn Sa’ddan rivoyat qiladi:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning xalifalik davrida Madinada odamlarga qattiq ochlik yetdi. Bas, u kishi Misrdagi Amr ibn Ossga maktub yozdi:

«Allohning bandasi, mo‘minlarning amiri Umardan Osiy ibn Osiyga. Salom! Ammo ba’d: Umrim ila qasamki, ey Amr! Sen o‘zing va sen bilan bo‘lganlar to‘q bo‘lsa, men va men bilan bo‘lganlar halok bo‘lsa ham ishing yo‘qmi?! Yordam! Yordam!»

Amr ibn Oss unga maktub yozdi:

«Allohning bandasi, mo‘minlarning amiri Umarga Amr ibn Ossdan. Ammo ba’d: Labbayka! Yana labbayka! Batahqiq, sizga bir karvon yubordim. Uning avali sizning  huzuringizda,  oxiri  mening  huzurimda. Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barokatuhu».

Amr katta karvon yubordi. Uning avvali Madinaga yetib kelganida, oxiri Misrda edi. Nihoyatda uzun karvon edi. U Umarga yetib kelganida odamlarga kenglik yaratdi. U Madinadagi har bir uy ahliga bir tuyani ustidagi taomi bilan berdi.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abdurrahmon ibn Avf, Zubayr ibn Avvom va Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhumni odamlarga ularni taqsimlab berish  uchun yubordi. Ular har bir xonadon ahliga bir tuyani ustidagi taomi bilan berdilar. Taomni yeydilar, tuyani so‘ydilar, go‘shtini yeydilar, yog‘ini eritib oldilar, terisini oyoq kiyimi qildilar va taom solingan matoni choyshab yoki boshqa narsa qildilar. Shu bilan Alloh odamlarga kenglik yaratdi».

Ibn Abu Shayba, al-Bazzor va Bayhaqiylar G‘afraning ozod qilgan quli Umardan, jumladan rivoyat qiladilar:

Umar: «Bu mol bo‘yicha Abu Bakrning o‘z fikri bor edi.

Mening boshqacha fikrim bor. Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarshi urush qilganlarni u zot bilan birga urush qilganlarga o‘xshatmayman», dedi. Bas, u muhojir va ansorlarni afzal qildi. Ulardan Badrda ishtirok etganlariga besh ming-besh mingdan tayin qildi. Islomga Badr ahlidan avval kirganlarga to‘rt ming-to‘rt mingdan tayin qildi.

Rasululloh  sollallohu  alayhi  vasallamning zavjalaridan har bir ayolga o‘n ikki mingdan tayin qildi. Faqat Sofiya va Juvayriya roziyallohu anhumoning har birlariga olti mingdan tayin qildi. Ular uni olishdan bosh tortdilar.

Shunda u: «Men ularga hijratga qarab tayin qildim», dedi. «Sen  ularga  hijratga  qarab  emas,  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning martabalariga qarab tayin qilding. Biz ham ularning martabasidamiz», dedilar.

Buni qayta ko‘rib chiqib, ularning hammalarini teng qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarobatini hisobga olib, Abbos ibn Abdulmuttolibga o‘n ikki ming tayin qildi. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhuga to‘rt ming tayin qildi.

Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarga besh mingdan  tayin  qildi.  Ularning  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga qarobatlari tufayli otalariga qo‘shdi.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumoga uch ming tayin qildi. Shunda u:

«Ey otajon! Usoma ibn Zaydga to‘rt ming tayin qildingiz. Menga uch ming tayin qildingiz. Uning otasining senda yo‘q fazli bo‘lgan emas. Uning o‘zining menda yo‘q fazli bo‘lgan emas», dedi. Umar: «Uning  otasi  Rasululloh  sollallohu  alayhi vasallamga sening otangdan mahbubroq bo‘lgan! Uning o‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sendan ko‘ra mahbubroq bo‘lgan!» dedi.

Badrda ishtirok etgan muhojirlarning bolalariga ikki mingdan tayin qildi. Uning oldidan Umar ibn Abu Salama o‘tayotganida:

«Bunga ming ziyoda qilinglar! (Yoki) «Ey g‘ulom, bunga ming ziyoda qil!» dedi. Muhammad ibn Abdulloh:

«Bunga nima uchun ziyoda qilasan? Uning otasining bizning otalarimizda bo‘lmagan fazli yo‘q edi!» dedi.

«Unga Abu Salama roziyallohu anho uchun ikki ming tayin qildim. Ummu Salama uchun ming ziyoda qildim. Agar sening Ummu Salamadek onang bo‘lganida, senga ham ming ziyoda qilar edim», dedi.

U Tolha ibn Ubaydullohning akasining o‘g‘li Usmon ibn Abdulloh ibn Usmonga sakkiz yuz tayin qildi. Nazr ibn Anasga ikki ming tayin qildi. Shunda Tolha unga: «Senga Usmonning o‘g‘li kelganda sakkiz yuz tayin qilding. Ansorlardan bir g‘ulom kelgan edi, ikki ming tayin qilding?!» dedi. U: «Men buning otasiga Uhud kuni duch keldim. U mendan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haqlarida so‘radi. Men, u zot qatl bo‘lgan bo‘lsalar kerak, dedim. U qilichini yalang‘ochlab, o‘qlarini to‘g‘riladi-da: «Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qatl qilingan bo‘lsalar, Alloh tirik, o‘lmaydi!» deb, qatl bo‘lgunicha jang qildi.

Anavi  bo‘lsa  qo‘y  boqadi.  Ikkovlarini  barobar qilishimni xohlaysizlarmi?!» dedi. Umar umri davomida shunga amal qildi».

Bundan hazrati Umar roziyallohu anhuning fuqarolarga jamiyat nafaqasini avvalgi qilgan xizmatlariga qarab tayin qilishni birinchi bo‘lib tartibga solganlarini ko‘rmoqdamiz.

Hatto ota va onaning xizmatlari tufayli ularning bolalariga ham jamiyat nafaqasi tayin qilingan ekan.

        Nargiza ODILOVA,

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   11031   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA