Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallam bir hadisi sharifda: “Allohning bir toifa farishtalari borki, ular ko‘chalarni kezib zikr etayotganlarni izlaydi. Allohni zikr etayotgan jamoatni uchratganda bir-birlariga:
“Bu yoqqa kelinglar, izlaganlarimiz bu yerda ekan”, deya ovoz beradilar va zokirlarni ko‘kka qadar qanotlari ostiga oladi. Ko‘k yuziga chiqqanlarida Alloh taolo – har narsani bilgani holda – ulardan:
– Qullarim nima deyapti? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Seni tasbih va takbir etayotir. Senga hamd aytib, ta’zim bajo etmoqda, – deydi.
Alloh taolo:
– Ular meni ko‘rdilarmi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Yo‘q, Seni ko‘rmadilar, – deya javob beradi.
Alloh taolo:
– Meni ko‘rganlarida nima qilgan bo‘lar edi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Agar Seni ko‘rganlarida yanada ko‘p ibodat etar, yanada ko‘p ta’zim etar va yanada ko‘p tasbih etardilar, – deydi.
Buyuk Robbimiz ulardan:
– Qullarim nima istayotir? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Sendan jannat istayotir? – deb javob beradi.
Alloh taolo:
– Ular jannatni ko‘rdilarmi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Yo‘q, ular jannatni ko‘rmadilar, – deb javob beradi.
Alloh taolo:
– Agar jannatni ko‘rsalar nima qilgan bo‘lar edi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Agar u yerni ko‘rsalar jannatga bo‘lgan ishtiyoqi yanada kuchayar, u yerni istab hech toqati qolmas, ibodatlarini yanada kuchaytirar edi, – deydi.
Alloh taolo:
– Nimadan qo‘rqib menga sig‘inayotirlar? – dedi.
Farishtalar:
– Jahannamdan Senga sig‘inayotir, – deya javob beradi.
Alloh taolo:
– Ular jahannamni ko‘rdilarmi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Yo‘q, ko‘rmadilar, – deb javob beradi.
Alloh farishtalardan:
– Ular jahannamni ko‘rganlarida nima qilgan bo‘lar edi? – deb so‘raydi.
Farishtalar:
– Agar jahannamni ko‘rganlarida yanada qattiq qo‘rqib, undan Senga shiddatla qochar edi, – deya javob beradi.
Bu javobni eshitgan Alloh taolo:
– Shohid bo‘lingki, ularni afu etdim, – deydi.
Shunda farishtalardan biri:
– Ularning orasida bir kishi borki, u aslida ulardan emas, bir g‘arazli niyati uchun ularning orasiga suqilib olgan, – deydi.
Alloh taolo u farishtaga:
– Ular shunday bir jamoatki, ularning do‘stlari o‘zlariga xiyonat etmas, – deydi” (Buxoriy, Muslim rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Agar bir qavm ahdni buzsalar, Alloh ularning ustidan dushmanlarini g‘olib qilib qo‘yadi. Agar ular o‘lchovdan urib qolsalar, o‘simliklardan man qilinadilar va qurg‘oqchilikka giriftor bo‘ladilar", dedilar (Ibn Mardavayh rivoyati).
Imom Nasoiy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilgan uzun hadisda: “Agar (odamlar) o‘lchov va tarozidan urib qolsalar, qurg‘oqchilik va ozuqa tanqisligiga uchraydilar”, deyilgan.
Bu hadisda tarozidan urib qolish, birovga o‘lchab yoki tortib berayotganda kam qilib berish kabi holatlar ham yomon oqibatlarga olib kelishi ta’kidlanmoqda. Bundan ma’lum bo‘ladiki, birovning haqqini yeyish, harom yo‘llar bilan boshqalar molini o‘zlashtirish rizqning kamayishi, barakaning ko‘tarilishi va turli xil og‘ir holatlarning kelib yuzaga kelishiga omil bo‘lar ekan.
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li