Navro‘zi olam mazmuni yangi kun, yangi fasl, yangi yil yoki xalq tilida yil avvali degan ma’nolarni ifoda etadi. Aslida Navro‘z qaysi nom bilan atalmasin, u millatning ulug‘ kuni, yangilanish, poklanish, yasharish, yuksalish bayrami deb qaralgani ma’qul. U – kun bilan tun teng bo‘lgan kun. Tarixda yil taqvimi, ya’ni fasllar almashinuvini qutblar orqali bilish kishilar hayot tarzidan salmoqli o‘rin olgan. Chunki ajdodlarimiz oy, yulduz, quyosh kabi osmon jismlaridagi o‘zgarishlarni kuzatib, ular to‘g‘risida muayyan bilimlarni o‘zlashtirganlar. Keyin esa yumushlarini ana shu xisob-kitobga qarab rejalashtirgan.
Hozirda Navro‘zi olam tadbirlariga nazar solsangiz, ajdodlar ruhiga ehtiromni ko‘rasiz. Aynan shuning uchun ham Navro‘z bayrami oldidan umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi, atrof-muhitning tozaligi, ozodaligiga e’tibor qaratiladi, ajdodlar duolarda eslanib ularning ruhiga hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi.
Navro‘z nafaqat tabiatning o‘zgarishi, yangilanishi, balki u inson ruhiyatida ham yangilash sodir bo‘lishidir. Tabiiyki, tabiatning yangilanishi inson qalbiga nur baxsh etadi. Ana shunda insonga kelajakka bo‘lgan umidi va istagi hamroh bo‘ladi. Aynan shu jihati bilan Navro‘z ayyomi tinchlik-osoyishtalik, totuvlik, do‘stlik, muhabbat tuyg‘usini baxshida etadi.
Shukrlar bo‘lsinki, O‘zbekistonimizda Navro‘z kuni umumxalq bayramlaridan biri sifatida nishonlanmoqda. Har yili shu kuni bayram sayillari tashkil qilinadi. Bayram kuni erta tongdan karnay-surnaylar chalinadi. Sayilgohlarda kurashchilar, baxshilar, chavandozlar, qo‘shiqchi-hofizlar o‘z mahoratlarini namoyish etishadi. Joylarda Navro‘zga bag‘ishlab sumalak, halim va boshqa tansiq taomlar tayyorlanadi. Xayriyalar tashkil etilib, imkoniyati cheklanganlar holidan xabar olinadi. “Mehribonlik”, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, yolg‘iz keksalar, urush va mehnat faxriylariga sovg‘a-salomlar olib boriladi.
Bahor bayrami Navro‘zi olam haqidagi bayramona tomoshalar, tadbirlar xalqimizning qadim tarixi va ruhiyati bilan uzviy bog‘liqdir. Bu borada muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning 28 fevraldagi “2017 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga binoan bu yilgi Navro‘z bayrami Toshkent, Qoraqalpog‘iston va viloyatlar markazlari, shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida nishonlanadi.
Furqat JUMAYEV,
Qarshi shaharidagi “Qum qishloq” jome masjidi imom-xatibi
Yaqinda Qo‘ng‘irot tumani, “Qumbiz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Baxtiyor Matyakupovning xonadonida yong‘in sodir bo‘lib, kelib chiqqan yong‘in natijasida xo‘jalik a’zolari uy-joysiz qoldi. Ushbu yuzaga kelgan holat yaqindan o‘rganilib, tumandagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-xatibi R.Umarov oila a’zolarining holidan xabar oldi va homiylar yordami bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan moddiy yordam berdi.
Darhaqiqat, Alloh taolo “Baqara” surasi 271-oyatida: «Sadaqalarni oshkor qilsangiz, bu qanday ham yaxshi! Agar ularni maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan yomonliklaringizni ketkazadir. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir», deb bayon etadi.
Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar’iy dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, “Sadaqa farz bo‘lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga itoat oshkora ko‘rinadi va mazkur sadaqadan unga haqdor bo‘lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligining oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo‘lsa, u maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo‘linadi”.
Sadaqa o‘z egasini Shaytondan yiroq, Rabbisiga yaqin va suyukli etadi. Sadaqa tufayli gunohlar kechiriladi, mehr-muruvvat va shafqat eshiklari ochiladi.
Sadaqa qilish xoh oshkora bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin, doimo o‘z egasiga foyda keltiradi, uning gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Alloh taolo ixtiyoriy sadaqada maxfiylikni joriy qilgan. Bu borada maxfiysi oshkorasidan yetmish marta ko‘p savobga ega bo‘ladi. Farz sadaqaning oshkorasini maxfiysidan yigirma besh marta afzal qilgan», deganlar.
Alloh taolo yurtimizda mehr-oqibatli va saxovatli insonlar ko‘payishini, el-yurtimiz obod, xonadonlarimiz fayzli bo‘lishini nasib etsin!
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati