Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Aprel, 2025   |   25 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:05
Quyosh
05:32
Peshin
12:26
Asr
17:11
Shom
19:15
Xufton
20:35
Bismillah
23 Aprel, 2025, 25 Shavvol, 1446

Otaning qat’iyati

24.03.2017   6777   4 min.
Otaning qat’iyati

Qiz bolani kollejni bitirmasidan, hunar egallamasidan kimki turmushga bermoqchi bo‘lsa, bilib qo‘yinglar, men bunga mutlaqo qarshiman. Qiz bola, avvalo, kasb egallasin, o‘z fikriga ega bo‘lsin. Shundan keyin u hayotda o‘z o‘rnini topadi, yo‘lini yo‘qotmaydi”.

   I.Karimov

Bahor. Atrof chiroyga burkanmoqda. Mevali daraxtlar gulga kirib, maysalar quyoshning zarrin nurlariga erkalanib bo‘y cho‘zmoqda. Yo‘lak chekkasiga ekilgan turfa gullar o‘z iforini yo‘lovchilarga tarqatmoqda. Bir guruh qizlar sho‘x-shodon qiqirlashib, kollejdagi darslari tugab uylari oshiqayotir. Bahorning mayin shabadasi navnihol qizlarning sochlarini o‘ynaydi.

– Qizlar, kelinglar niyat qilamiz. Men shifokor bo‘laman. Odamlarning dardiga malham bo‘lsam deyman,– dedi Ra’no.

– Feruz, sen kim bo‘lasan?

 – Tarjimon bo‘laman. Sayyohlarga yurtimizdagi hamma qadamjolarni ko‘rsataman.

– Men uchuvchi bo‘laman, – dedi Nozima.

– Voy... qiz bola ham uchuvchi bo‘ladimi?

– Ha... Nima qipti? Samolyotimga sizlarni o‘tqazib osmonu falakka uchiraman.

Qizlar suhbatlashib borarkan, Ra’noning uyi oldida taqqa to‘xtashdi. Yo‘laklar suvlar sepib supurib-sidirilgan, darvoza lang ochiq. Ostonada qimmatbaho mashina turibdi. Ra’no tabiatan uyalchang qiz emasmi, darvozadan iymanibgina kirdi. Hovlidagi supada qorindor, savlatli kishi va bashang kiyingan, zeb-ziynatga burkangan, to‘ladan kelgan ayollar o‘tirardi. Ra’no xiyol egilib salom berdi. Mehmonlar salomga alik olarkan, bir-birlariga ma’noli qarab qo‘yishdi.

                                                                       ***

Ortiqboy aka qiyin vaziyatda qoldi. Chunki hali kollejda o‘qiyotgan qiziga sovchilar kelgandi.

    To‘raxon aka  viqor bilan dedi:

   – Ortiqboy aka...

    – Labbay...

    – O‘zingizga ayon: yolg‘izgina o‘g‘lim, merosxo‘rim. Yaxshi niyatlar bilan xonadoningizga qulchilikka keldik. O‘g‘lim biznes ishlari bilan bir kun Xitoy, Yapon, Olmon deganlaridek yurtma – yurt kezadi.

    Sovchi ayollar ham o‘zlariga navbat yetganida og‘zilaridan bol tomib yolg‘iz o‘g‘ilni maqtay ketishdi.

    Xayolida qizi taqdirini o‘ylayotgan Ortiqboy aka ming andisha ichida: “Qizimni berolmayman”, dedi. Shu paytgacha gapi ikki bo‘lmagan, qo‘lini qayerga cho‘zsa yetadigan To‘raxon aka bunday javobni kutmagani uchun bexosdan:

– Nega? Nima uchun?.. – deb yubordi.

– Axir qizim endi o‘n yettiga to‘ladi. Kollejda o‘qiyapti,
shifokor bo‘lmoqchi,  qizimni o‘qitaman.

– Ha,... Ortiqboy aka, qiziq odamsiz-da... To‘ydan keyin o‘qishiga boraveradi. Qiz bolaning o‘qishi... . Mening mol-davlatim nabiralarimga ham bemalol yetadi.

Shu vaqtda bolalik davridan hali qadam uzmagan Ra’no oyisiga iltijo qilardi:

– Oyijon, meni turmushga bermanglar, men o‘qiyman, do‘xtir bo‘laman.

Maslahatga kelgan qarindoshlar ham Ortiqboy akaga rozilik bildirishga undab, Ra’noning kelajakda bekamu ko‘st, farovon hayot kechirishini bashorat qilishardi.

Bu orada sovchilar ham gapga chechanlik bilan yoshlar taqdirini hal qilishga harakat qila ketdi.

Umri mehnatda o‘tgan Ortiqboy aka xayolan: “Eh, azizlar, baxt bu mol-davlat,  tilla taqinchoqlar bilan o‘lchanmaydi-ku”, der edi.

Ortiqboy aka sovchilarga qat’iy ohangda:

– Mening hayotda eng katta orzuyim: barcha farzandlarim oliy ma’lumotli bo‘lsa, yaxshi kasb-hunar egallasa, qizim Ra’noning shiforkor bo‘lganini ko‘rsam armonim yo‘q”, – dedi.

                                               ***

Unisi “u” dedi, bunisi “bu” dedi... Sovchilar noumid qaytdi. Oradan yillar o‘tdi. Ra’no shifokorlik kasbini  egalladi va o‘z hamkasbiga turmushga chiqdi.

Endi Ortiqboy akaning ko‘ngli xotirjam, Ra’no o‘zi sevgan kasb egasi bo‘lib, hayotda o‘z o‘rnini topdi.

Ha, azizlar, qarshimizdan mol-dunyo jilva qilib chiqqan choqda Ortiqboy akadek qat’iyatli bo‘laylik. Zero, qizlarimiz bizning kelajagimiz, ularning baxti  bizning baxtimizdir.

Tohirjon TUNGATOV,

Chinoz tumanidagi “Hazrat-Ali” jome masjidi imom-xatibi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi

23.04.2025   265   2 min.
Zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Buzuqlikning zarari qahatchilik va ocharchilik shaklida zohir bo‘ladi. Yomg‘ir yog‘masligi, suvning ozayishi, ekinga zarar yetishi, qimmatchilik, hosilning kam bo‘lishi — bu ofatlarning barchasi zino sababidandir. Hadisi sharifda bunday deyiladi:

مَا مِنْ قَوْمٍ يَظْهَرُ فِيهِمُ الزِّنَا إِلَّا أُخِذُوا بِالسَّنَةِ

«Qaysi qavmda zino keng tarqalsa, ular qahatchilikka mubtalo qilib qo‘yiladi» («Mishkoti sharif»).

Zinoning ofati faqat zinokorning o‘ziga urmaydi. Uning zarari ijtimoiydir. Zinokorlik ko‘paygan sari qahatchilikning ko‘lami va shiddati ham ortaveradi. Alloh saqlasin!

Duolar qabul bo‘lmay qoladi.

Zino shu darajada og‘ir gunohki, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.

Hazrati Usmon ibn Abul Os roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

تُفتَحُ أَبْوَابُ السَّمَاءِ نِصْفَ اللَّيْلِ فَيُنَادِي مُنَادٍ: هَلْ مِنْ دَاعٍ فَيُسْتَجَابَ لَهُ هَلْ مِنْ سَائِلٍس فَيُعْطَى هَلْ مِنْ مَكْرُوبٍ فَيُفَرَّجَ فَلَا يَبْقَى مُسْلِمٌ يَدْعُو بِدَعْوَةٍ إِلَّا اسْتَجَابَ اللهُ عَزَّوَجَلَّ لَهُ إِلَّا زَانِيَةً.

«Kechaning yarmida osmon eshiklari ochiladi. Shunda bir nido qiluvchi: «Biror duo qiluvchi bormi? Uning duosi qabul qilinadi. Biror so‘rovchi bormi? Unga ato etiladi. G‘amga botgan bormi? Uning g‘ami ketkazib qo‘yiladi. Qay bir mo‘min-musulmon duo qilsa, Alloh unga ijobat etadi. Faqatgina zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi» (Imom Tabaroniy rivoyati).

Demak, hadisi sharifning xabariga ko‘ra, zinokorning duosi qabul bo‘lmaydi.

Barakadan mahrum bo‘ladi.

Qur’oni karimda barakaga haqdorlar faqat iymon ahli va taqvo egalari ekani qaror qilinib, bunday deyilgan: «Agar shahar-qishloq ahli iymon keltirganlarida va taqvo qilganlarida edi, albatta, ularga osmonu yerdan barakotlarni ochib qo‘yar edik. Lekin ular yolg‘onga chiqardilar, bas, ularni kasb qilgan narsalari tufayli tutdik» (A’rof surasi, 96-oyat).

Hazrat Abdulmajid Daryoobodiy rahmatullohi alayh ushbu oyatning tafsirida bunday deydilar: «Bu oyatdan ko‘rinadiki, taqvodor mo‘minlarning hojatlari g‘oyibdan ravo qilib qo‘yiladi. «Osmonu Yerning barakoti»dan murod ishlarning oxiri e’tiboridan barakotli va foydali bo‘lgan barcha narsalardir. «Barakot darvozalarini ochib qo‘yish»dan murod har ishda osonlik paydo qilishdir» («Tafsiri Majidiy»).

Demak, yuqoridagi gaplardan ma’lum bo‘ladiki, gunohkorlar va buzuq kishilar barakadan mahrum qilib qo‘yilar ekan.

«Badnazarlik va zinodan saqlanish» kitobi
asosida tayyorlandi

Maqolalar