Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Hafsa binti Umar

15.03.2017   9608   5 min.
Hafsa binti Umar

Hafsa binti Umar ibn Xattob ibn Nufayl ibn Abdul U’zzo al-A’daviy al-Qurashiy

Hijratdan o‘n sakkiz yil oldin (melodiy olti yuz beshinchi) yili Makkai mukarramada tug‘ilganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan Hafsa binti Umar roziyallohu anhoning shajaraci Ka’b ibn Luayda tutashadi.

Makkai mukarramada islomni qabul qilganlar. Madinai munavvaraga birinchi erlari Xunays ibn Huzofa as-Sahmiy bilan hijrat qilganlar.

Hafsa binti Umar roziyallohu anho qanday xonadondan ekanliklarini ta’riflab o‘tirishga hojat bo‘lmasa kerak. U kishining otalari ikkinchi xalifa Umar ibn Xattob roziyallohu anhudir. Onalari esa Zaynab binti Maz’un ham mashhur xonadondan bo‘lib, sahobiy Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhuning singlisidir.

Ibn Sa’d rahmatullohi alayhi qilgan rivoyatda hazrati Umar roziyallohu anhu: “Hafsa Nabiy sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambar etib yuborilishlaridan besh yil oldin, Quraysh Baytni qurayotgan paytda tug‘ilgan”, degan.

Bundan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga vahiy kela boshlaganda Hafsa binti Umar roziyallohu anho besh yoshli qizcha ekani ma’lum bo‘ladi.

Hafsa esxushini taniganidan boshlab, islomiy muhitda o‘sdi. Umar roziyallohu anhu Islomga kelganlaridan keyin u kishining uylari Makkadagi din tayanchlaridan biriga aylangan edi.

Hafsa roziyallohu anhoning eri Uhud g‘azotida yarador bo‘ladi. Ana shu jarohat sababli vafot etadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Hafsa roziyallohu anhoga hijratning uchinchi yili ellik olti yoshlarida eri vafotidan so‘ng uylandilar.

Hafsa roziyallohu anho hadislarni rivoyat qilishda Oisha, Ummu Salama va Maymuna  roziyallohu anhumlardan keyingi to‘rtinchi o‘rinda turadilar. U kishi oltmishta hadis rivoyat qilganlar.

Hafsa roziyallohu anhoning Islom olamida tutgan o‘rinlari u kishining otalari Umar roziyallohu anhuning xalifalik vaqtlarida katta ahamiyat kasb etdi. Umar roziyallohu anhu Hafsa onamizga maslahat solar va u kishining aytgan gaplarini qaytarmas edilar.

Hafsa roziyallohu anho tufayli Alloh taolo bir necha oyatlar nozil qilgan. Buning sababi quydagicha bo‘lgan edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam bir kuni Zaynab bint Jahsh roziyallohu anho ismli xotinlari huzurida asal iste’mol qilib, biroz qolib ketadilar. Buni payqagan boshqa xotinlari – Oysha roziyallohu anho bilan Hafsa roziyallohu anho onalarimizning rashklari kelib, ul zotni “jazolab qo‘yishga” o‘zaro kelishib oladilar va On hazrat chiqishlari bilan: "Og‘zingizdan badbo‘y hid kelmoqda, nima yedingiz?" – deydilar. Badbo‘y hidni yoqtirmaydigan Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam biroz qizishib: "Asal yegandim", – deydilar va bundan keyin asal yemaslikka qasamyod qiladilar. Shunda Alloh taolo quydagi oyatlarni nozil qilgan:

يَا أَيُّهَا النَّبِيُّ لِمَ تُحَرِّمُ مَا أَحَلَّ اللَّهُ لَكَ تَبْتَغِي مَرْضَاةَ أَزْوَاجِكَ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ

قَدْ فَرَضَ اللَّهُ لَكُمْ تَحِلَّةَ أَيْمَانِكُمْ وَاللَّهُ مَوْلَاكُمْ وَهُوَ الْعَلِيمُ الْحَكِيمُ

وَإِذْ أَسَرَّ النَّبِيُّ إِلَى بَعْضِ أَزْوَاجِهِ حَدِيثًا فَلَمَّا نَبَّأَتْ بِهِ وَأَظْهَرَهُ اللَّهُ عَلَيْهِ عَرَّفَ بَعْضَهُ وَأَعْرَضَ عَنْ بَعْضٍ فَلَمَّا نَبَّأَهَا بِهِ قَالَتْ مَنْ أَنْبَأَكَ هَذَا قَالَ نَبَّأَنِيَ الْعَلِيمُ الْخَبِيرُ

إِنْ تَتُوبَا إِلَى اللَّهِ فَقَدْ صَغَتْ قُلُوبُكُمَا وَإِنْ تَظَاهَرَا عَلَيْهِ فَإِنَّ اللَّهَ هُوَ مَوْلَاهُ وَجِبْرِيلُ وَصَالِحُ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمَلَائِكَةُ بَعْدَ ذَلِكَ ظَهِيرٌ

Ey, Payg‘ambar! Nega xotinlaringizning roziligini istab, Alloh Siz uchun halol qilgan narsani (asalni) harom qilib olursiz! Alloh mag‘firatli va rahmlidir. Darvoqe, Alloh sizlar uchun (ma’lum miqdorda kafforat – jarima to‘lab) qasamlaringizni halollab olishni farz qilgan. Alloh xojalaringizdir. U (barcha narsani) Biluvchi va (yetuk) Hikmatli (zot)dir. Payg‘ambar xotinlaridan biriga (Hafsaga) bir gapni (cho‘risi Moriya talog‘i va xalifalikni) xufyona aytganini eslang! Bas, qachonki, (Hafsa roziyallohu anho) u (sir) haqida (Oyshaga) xabar bergach, Alloh uni bundan voqif qildi va u (Hafsaga o‘zi bilgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki, (Payg‘ambar Hafsaga) xabarni aytgach, u: «Kim Sizga bu xabarni berdi?», – dedi, (Payg‘ambar): «Menga Biluvchi va Xabardor (Alloh) xabar berdi», – dedi. (Ey, Hafsa va Oysha!) Agar sizlar Allohga tavba qilsangiz (o‘zlaringizga yaxshi). Chunki dillaringiz (haq yo‘ldan) toyib ketdi! (Ammo) agar sizlar uning (Payg‘ambar) zarariga hamkorlik qilsangiz, u holda, shubhasiz, Allohning o‘zi ham, Jabroil ham, ahli solih mo‘minlar ham uning himoyachisidirlar. Yana, bulardan keyin farishtalar ham (Payg‘ambarga hamma ishlarida) yordamchidir.

Hafsa roziyallohu anho hijriy qirq berinchi sananing sha’bon oyida Madinai munavvarada vafot etadilar. Janozalarini Marvon ibn Hakam roziyallohu anhu o‘qigan. Baqi’ qabiristoniga dafn etilganlar.

Manbalar asosida

Tojiddinov Abdussomad

Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   10851   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA