Bahor kelishi bilan tabiat uzoq qish uyqusidan uyg‘onib jonlanadi, nabototlar nish urib chiqadi, Yurtimiz va xalqimizning qut-barakasi, to‘kinligi va farovonligi manbai bo‘lgan ziroat, dehqonchilik ishlari boshlanib ketadi.
Alloh taolo bu dunyoni cheksiz hikmatlarga to‘la holda yaratgan. Insonlar uchun yaratilgan barcha mavjudot, Xoliqni borligiga dalolat qiladi. Shuningdek, atrofimizda ro‘y berayotgan tabiat va manzaralarning yangilanib, yasharib, yashnab turishi Alloh taoloni tanituvchi, ushbu ne’matlarni qadriga yetib, shukrini qilishga undaguvchi dalillar, deb aytsak aslo xato bo‘lmaydi.
Alloh taolo “Oli Imron” surasida shunday degan:
إن فى خلق السموت و الأرض و اختلف اليل و النهار لأيت لإولى الألباب
Ya’ni: “Osmonlar va Yerlarning yaratilishida, tun va kunning o‘rni almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir”, (190-oyat) deb marhamat qilgan.
Har kuni umr daftarimizdan yangi bir sahifa ochilgani kabi atrofimizdagi olamni, ya’ni tabiatning ham surati har kuni yangilanadi. Bu yangilanish insonni tafakkurga chorlaydi.
Dunyoda xalqimizni hammadan ajratib turadigan, o‘zligini ko‘rsatadigan o‘ziga xos fazilatlari bisyor. Jumladan, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, xayr-saxovat, yiqilganni suyash, bir-biriga madadkor bo‘lish, tozalik-ozadalikka e’tibor berish, kam ta’minlangan, ko‘ngi o‘ksik qalblarni ko‘nglini ko‘tarib, ularga mehr ulushish kabi tuyg‘ulari qonida bor bu elning – Baxor fasli, yangilanish va yosharish fasli boshlanishi bilan amalga oshiradigan barcha ezgu ishlarida yuqorida zikr qilingan tuyg‘ular butun bo‘y-basti bilan o‘z hayotiy ifodasini topadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bahorning har kuni qutlug‘ niyatlarga hamohangdir. Yosh nihollarning ertaga bog‘ga aylanishi hamda uning mevasidan yoshu keksa bahramand bo‘lishi orzusi dillarni zavqqa to‘ldiradi.
Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbalarida insonlarni bog‘lar yaratishga, ekin ekishga, obodonchilik qilishga targ‘ib qilgan. Ushbu amallarga Yaratganning ulug‘ mukofati borligini ham ma’lum qilgan. Jumladan: Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z ummatlarini mazkur savobli amallarga targ‘ib qilib:
" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ
رواه البخاري و مسلم
Ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur” deb, marhamat qilganlar.
Insonlarning yaratilishidan maqsad ham aynan mana shu ezgu amallarni amalga oshirish uchun, manfaatli bo‘lishi uchun yaratilganligi ko‘p-ko‘p eslatilgan xaqiatlardandir. Manzarali va mevali daraxtlarni ekish, – bizni o‘rat turgan olamni, zaminni obod qilish ajri ulug‘ savobli ishlardan (kasb) hisoblanishini yuqoridagi hadisi sharifdan bilib oldik. Muqaddas dinimiz dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor, barchani unga dalolat qilgan.
Jobir (r.a,) Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan bu borada quyidagi hadisi sharifni rivoyat qilgan: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi (u bandani Yaratgan o‘zining marhamati bilan ne’matlantiradi)”.
Shuningdek, har yili bahor kelishi bilan atrof-muhit, hovli va yashash joylar, o‘quv dargohlari hamda mahallalarni saranjom-sarishta qilish bo‘yicha ko‘plab ommaviy hasharlarni uyushtirish ham millatimizga xos fazilatlardandir. Bunda daraxtlar oqlanib, har xil chiqindilar tozalanadi, yangi-yangi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Atrofni o‘zgacha fayz va shukuh, poklik qamrab oladi. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam:
“Hovli va uy-joylaringizni ozoda tutinglar”, “Poklik imondandir” deya ummatlarini poklikka chorlaganlar.
Shuningdek, boshqa bir hadisda:
" اَلنَّظَافَةُ تَدْعُو إِلىَ الْاِيمَانِ وَالْاِيمَانُ مَعَ صَاحِبِهِ فىِ الْجَنَّةِ "
ya’ni: “Poklik kishini imonga chaqiradi. Imon esa, o‘z egasi bilan jannatda birgadir”, deyiladi.
Oila, mahalla, ko‘cha va guzarlar obodonlashtirilib, mevali, manzarali ko‘chatlar o‘tqazish, tozalik va ozodalikka e’tibor bergan kishi milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismiga aylangan muqaddas dinimizning talab va tavsiyalariga amal qilgan bo‘ladi.
Rivoyat qilinadiki, bir kishi ulug‘ sahobiy Abu Dardo (r.a.)ning oldilaridan o‘tib borayotsa, u zot yong‘oq ko‘chati ekayotgan ekanlar. U kishi Abu Dardo (r.a.)ga qarab: “Ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu falon yildan so‘ng mevaga kiradu-ku” – dedi. Abu Dardo (r.a.) bunga javoban: “Menga savobi yetsa bo‘ldi, mevasini boshqalar iste’mol qilaversin” – degan ekanlar.
Ha azizlar, azal-azaldan ota-bobolarimiz Bahorga pokizalik, yaxshi orzu-niyatlar bilan peshvoz chiqqan. Chunki mehnat, tozalik, saranjom-sarishtalik bor joyda qut-baraka, sihat-salomatlik bo‘ladi.
Dinimizda dehqonchilik, yerni obod qilish masalasiga alohida e’tibor berilganligini yuqorida o‘rganib chiqdik.
Zero, yerga mehnat bilan qanchalik ishlov berilsa, dehqonchilik, ziroat ham shunga qarab barakali bo‘ladi. Ro‘zg‘orimiz butun, hayotimiz farovon, turmushimiz ham yanada obod va ko‘rkam bo‘ladi.
Hazrat Mir Alisher Navoiydan tortib barcha mutafakkirlar ijodida Yurtni obodligi, elni farovonchiligi yo‘lida harakat qilish jamiyatda yashab turgan kishilarning asosiy istagi asosiy g‘oyalardan bo‘lishi lozim ekanligini zikr qilganlar.
Shahar va qishloqlarda yashovchi barcha insonlar bu muborak faslni g‘animat bilib, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, turmushimiz ravnaqi yo‘lida astoydil bellarini mahkam bog‘lab, fidokorona mehnat qilish, tozalik va ozodalik ishlarini amalga oshirish bilan o‘zlarining xolis hissalarini qo‘shishga harakat qilishlari maqsadga muvofiqdir.
Mana shunday navbahor faslida yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi, imon-e’tiqodimizga yarasha solih amallarni bajarishlikka munosib sharoitlarning muhayyo ekani uchun Alloh taologa shukronalar aytgan holda atrof-muhit va hovli-joylarimizning ozoda bo‘lishligi uchun harakat qilaylik.
Atrofimizni turli zararli narsalardan va ifloslanishdan saqlasak, o‘zimiz va ahlimizning hayotini saqlagan bo‘lamiz. Shuningdek, tuproq, suv, havo va boshqa narsalarni toza saqlash, ularni ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish kabi ishlarni amalga oshirishda barchamiz faol bo‘lsak milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimizning asosiy fazilatli va hayrli ishlarini amalga oshirgan bo‘lamiz.
Navro‘z qo‘shig‘i
Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,
Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.
O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Ey, kafti qadog‘u ko‘ngli yumshoq el,
Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,
Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,
Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.
Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.
Iqbol Mirzo
Isomiddin AXROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
“Oqilon” jome masjidi imom-xatibi.
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan zamonaviy media-makonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yoritib borish ishlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun joriy yilning 30 iyun – 2 iyul kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida "Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon" mavzusida V milliy konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot kotibi ham qatnashdi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Media Quiz”da 9 ta jamoa 5 ta raundda turli sohaga oid yo‘nalishlarda bilimlarini sinashdi. Bilim-ring natijalariga ko‘ra uchta jamoa g‘olib deb topildi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Uch kun mobaynida o‘tkazilgan tadbirlar nihoyasiga yetdi.
***
Shuningdek, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida Muslim.uz jamoasi ham munosib ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati