Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

Yangilanish va yasharish fasli

14.03.2017   7077   8 min.
Yangilanish va yasharish fasli

Bahor kelishi bilan tabiat uzoq qish uyqusidan uyg‘onib jonlanadi, nabototlar nish urib chiqadi, Yurtimiz va xalqimizning qut-barakasi, to‘kinligi va farovonligi manbai bo‘lgan ziroat, dehqonchilik ishlari boshlanib ketadi.

Alloh taolo bu dunyoni cheksiz hikmatlarga to‘la holda yaratgan. Insonlar uchun yaratilgan barcha mavjudot, Xoliqni borligiga dalolat qiladi. Shuningdek, atrofimizda ro‘y berayotgan tabiat va manzaralarning yangilanib, yasharib, yashnab turishi Alloh taoloni tanituvchi, ushbu ne’matlarni qadriga yetib, shukrini qilishga undaguvchi dalillar, deb aytsak aslo xato bo‘lmaydi.

Alloh taolo “Oli Imron” surasida shunday degan:

إن فى خلق السموت و الأرض و اختلف اليل و النهار لأيت لإولى  الألباب

Ya’ni: “Osmonlar va Yerlarning yaratilishida, tun va kunning o‘rni almashib turishida aql egalari uchun alomatlar bordir”, (190-oyat) deb marhamat qilgan.

Har kuni umr daftarimizdan yangi bir sahifa ochilgani kabi atrofimizdagi olamni, ya’ni tabiatning ham surati har kuni yangilanadi. Bu yangilanish insonni tafakkurga chorlaydi.

Dunyoda xalqimizni hammadan ajratib turadigan, o‘zligini ko‘rsatadigan o‘ziga xos fazilatlari bisyor. Jumladan, bag‘rikenglik, mehr-oqibat, xayr-saxovat, yiqilganni suyash, bir-biriga madadkor bo‘lish, tozalik-ozadalikka e’tibor berish, kam ta’minlangan, ko‘ngi o‘ksik qalblarni ko‘nglini ko‘tarib, ularga mehr ulushish kabi tuyg‘ulari qonida bor bu elning – Baxor fasli, yangilanish va yosharish fasli boshlanishi bilan amalga oshiradigan barcha ezgu ishlarida yuqorida zikr qilingan tuyg‘ular butun bo‘y-basti bilan o‘z hayotiy ifodasini topadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bahorning har kuni qutlug‘ niyatlarga hamohangdir. Yosh nihollarning ertaga bog‘ga aylanishi hamda uning mevasidan yoshu keksa bahramand bo‘lishi orzusi dillarni zavqqa to‘ldiradi.

Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbalarida insonlarni bog‘lar yaratishga, ekin ekishga, obodonchilik qilishga targ‘ib qilgan. Ushbu amallarga Yaratganning ulug‘ mukofati borligini ham ma’lum qilgan. Jumladan: Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) o‘z ummatlarini mazkur savobli amallarga targ‘ib qilib:

 

" مَا مِنْ مُسْلِمٍ يَغْرِسُ غَرْساً اَوْ يَزْرَعُ زَرْعاً فَيَأْكُلُ مِنْهُ طَيْرٌ اَوْ اِنْسَانٌ اِلاَّ كَانَ لَهُ بِهِ صَدَقَةٌ

رواه البخاري و مسلم

Ya’ni: “Biron-bir musulmon kishisi bir daraxt o‘tqazsa yoki bir narsa eksa, bas undan qush yoki inson tanavul etib, manfaatlansa, shu sababdan u kishi ehson qilganlik savobiga erishur” deb, marhamat qilganlar.

Insonlarning yaratilishidan maqsad ham aynan mana shu ezgu amallarni amalga oshirish uchun, manfaatli bo‘lishi uchun yaratilganligi ko‘p-ko‘p eslatilgan xaqiatlardandir. Manzarali va mevali daraxtlarni ekish, – bizni o‘rat turgan olamni, zaminni obod qilish ajri ulug‘ savobli ishlardan (kasb) hisoblanishini yuqoridagi hadisi sharifdan bilib oldik. Muqaddas dinimiz dehqonchilik va bog‘dorchilik ishlariga katta e’tibor, barchani unga dalolat qilgan.

Jobir (r.a,) Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan bu borada quyidagi hadisi sharifni rivoyat qilgan: “Kim Allohga ishonib, savob umid qilgan holda qarovsiz yerni obod qilsa, unga yordam va baraka berish Allohga lozim bo‘ldi (u bandani Yaratgan o‘zining marhamati bilan ne’matlantiradi)”.

Shuningdek, har yili bahor kelishi bilan atrof-muhit, hovli va yashash joylar, o‘quv dargohlari hamda mahallalarni saranjom-sarishta qilish bo‘yicha ko‘plab ommaviy hasharlarni uyushtirish ham millatimizga xos fazilatlardandir. Bunda daraxtlar oqlanib, har xil chiqindilar tozalanadi, yangi-yangi mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekiladi. Atrofni o‘zgacha fayz va shukuh, poklik qamrab oladi. Zero, Payg‘ambarimiz  Muhammad sollallohu alayhi vasallam:

 “Hovli va uy-joylaringizni ozoda tutinglar”, “Poklik imondandir” deya ummatlarini poklikka chorlaganlar.

Shuningdek, boshqa bir hadisda:

" اَلنَّظَافَةُ تَدْعُو إِلىَ الْاِيمَانِ وَالْاِيمَانُ مَعَ صَاحِبِهِ فىِ الْجَنَّةِ "

ya’ni: “Poklik kishini imonga chaqiradi. Imon esa, o‘z egasi bilan jannatda birgadir”, deyiladi.

Oila, mahalla, ko‘cha va guzarlar obodonlashtirilib, mevali, manzarali ko‘chatlar o‘tqazish, tozalik va ozodalikka e’tibor bergan kishi milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismiga aylangan muqaddas dinimizning talab va tavsiyalariga amal qilgan bo‘ladi.

Rivoyat qilinadiki, bir kishi ulug‘ sahobiy Abu Dardo (r.a.)ning oldilaridan o‘tib borayotsa, u zot yong‘oq ko‘chati ekayotgan ekanlar. U kishi Abu Dardo (r.a.)ga qarab: “Ulug‘ yoshga kirgan bo‘lsangiz ham ko‘chat ekasizmi, axir bu falon yildan so‘ng mevaga kiradu-ku” – dedi. Abu Dardo (r.a.) bunga javoban: “Menga savobi yetsa bo‘ldi, mevasini boshqalar iste’mol qilaversin” – degan ekanlar.

Ha azizlar, azal-azaldan ota-bobolarimiz Bahorga pokizalik, yaxshi orzu-niyatlar bilan peshvoz chiqqan. Chunki mehnat, tozalik, saranjom-sarishtalik bor joyda qut-baraka, sihat-salomatlik bo‘ladi.

Dinimizda dehqonchilik, yerni obod qilish masalasiga alohida e’tibor berilganligini yuqorida o‘rganib chiqdik.

Zero, yerga mehnat bilan qanchalik ishlov berilsa,  dehqonchilik, ziroat ham  shunga qarab  barakali bo‘ladi. Ro‘zg‘orimiz butun, hayotimiz farovon, turmushimiz ham yanada obod va  ko‘rkam bo‘ladi.

Hazrat Mir Alisher Navoiydan tortib barcha mutafakkirlar ijodida Yurtni obodligi, elni farovonchiligi yo‘lida harakat qilish jamiyatda yashab turgan kishilarning asosiy istagi asosiy g‘oyalardan bo‘lishi lozim ekanligini zikr qilganlar.

Shahar va qishloqlarda yashovchi barcha insonlar  bu muborak faslni g‘animat bilib, yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, turmushimiz ravnaqi yo‘lida astoydil bellarini  mahkam bog‘lab, fidokorona mehnat qilish, tozalik va ozodalik ishlarini amalga oshirish bilan o‘zlarining xolis hissalarini qo‘shishga harakat qilishlari maqsadga muvofiqdir.

Mana shunday navbahor faslida yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi, imon-e’tiqodimizga yarasha solih amallarni bajarishlikka munosib sharoitlarning muhayyo ekani uchun Alloh taologa shukronalar aytgan holda atrof-muhit va hovli-joylarimizning ozoda bo‘lishligi uchun harakat qilaylik.

Atrofimizni turli zararli narsalardan va ifloslanishdan saqlasak, o‘zimiz va ahlimizning hayotini saqlagan bo‘lamiz. Shuningdek, tuproq, suv, havo va boshqa narsalarni toza saqlash, ularni ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik va sog‘liq uchun zararli bo‘lgan narsalardan saqlanish kabi ishlarni amalga oshirishda barchamiz faol bo‘lsak milliy qadriyatlarimiz va muqaddas dinimizning asosiy fazilatli va hayrli ishlarini amalga oshirgan bo‘lamiz.

 

Navro‘z qo‘shig‘i

Bahorni bilmagan ellarni ko‘rdim,
Bir chechak kulmagan yerlarni ko‘rdim.
O‘zingni sog‘inib keladi navro‘z,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Chuchmoma chayqalib, chalar qo‘ng‘iroq,
Hayot hidin sochar uyg‘ongan tuproq,
Ildiz suvratini chizadi chaqmoq,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Mehmonni chorlaydi sumalaklaring,
Qizlaring bog‘laydi jamalaklarin.
Saodatga ko‘prik kamalaklaring,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Ey, kafti qadog‘u  ko‘ngli yumshoq el,
Quyoshda qoraygan, yuragi oq el,
Duoga qo‘l ochgan, tilagi oq el,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Muqaddas yering bor, qutlug‘ osmon bor,
Suyangan tog‘ing bor, dilda iymon bor.
Ulug‘ bog‘istonga buyuk bog‘bon bor,
Kaftingga ko‘z suray, dehqonim, yurtim,
O‘zingdan o‘rgulay, bog‘bonim, yurtim.

Iqbol Mirzo

 

 

Isomiddin AXROROV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Toshkent shahar vakilligi xodimi,

“Oqilon” jome masjidi imom-xatibi.

Yangiliklar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘tadillik - saodat

04.07.2025   2630   2 min.
Mo‘tadillik - saodat

Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.

Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.

Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.

Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida  “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar. 

Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”. 

Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.

Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi

Bahodir Mirfayziyev

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA