Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Iyul, 2025   |   9 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:11
Quyosh
04:55
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
04 Iyul, 2025, 9 Muharram, 1447

Baxtimiz mahoratimizga bog‘liq

14.03.2017   4706   4 min.
Baxtimiz mahoratimizga bog‘liq

Farzandlar yaxshi tarbiya ko‘rib ulg‘aysa, ota-ona rohat-farog‘atda yashaydi. Chunki inson umrining baxtli yoki baxtsiz kechishi uning bola tarbiyasidagi mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Tajribadan bilamizki, bolalariga chiroyli tarbiya bergan oilalar tinch-xotirjam yashaydi. Buning aksini qilgan xonadonlarda esa mudom baqir-chaqir, janjal-so‘ron bo‘ladi. Eng xatarli jihati, bolasiga dinni, shariatni tanitmagan odamga bu dunyodagi azob kam va u dunyoda ham azob chekadi.

Shunday ekan, farzandini Alloh taolo amr etgan yo‘ldan olib yurish har bir aqli butun musulmonning burchidir. Illo, ana shu yo‘ldagina ikki olam saodati bor. Aqli salim insonlar Allohga yaqinlashtiradigan yo‘l qiyinroqdek ko‘ringani bilan o‘sha yo‘lni tanlaydi va shaytonning yomonliklaridan Unga sig‘inadi.

Xo‘sh, go‘zal axloq bilan xulqlangan avlodni voyaga yetkazish uchun nimalarga e’tibor qilishimiz kerak?

Bu ish kelin, ya’ni bo‘lajak farzandga ona tanlashdan boshlanadi. Bo‘lajak rafiqamiz dinni, islomni, tanigan, iymonli, e’tiqodli oila farzandi bo‘lgani durust. Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Ayol tanlaganda to‘rt narsaga e’tibor qaratiladi: boyligiga, nasabiga, chiroyiga va taqvosiga. Sen ulardan dindorini tanla...” (Buxoriy va Muslim rivoyati), deb marhamat qildilar. Hatto taqvodor insonga uchrashib unga o‘zining qizini bermoqchi ekanini ishora qilib ham qo‘yish mumkin ekan. Ayniqsa, ota-onalar qizlarini turmushga berish masalasiga juda katta mas’uliyat bilan yondashmoqlari kerak. Chunki qiz bola mehrga muhtoj  nozik xilqat hisoblanadi.

To‘y tantanasi shariat ko‘rsatgan talablardan chiqib ketmasligi kerak. To‘yga to‘g‘ri tilakli, kambag‘al kishilar taklif qilinsa, yaxshi bo‘ladi. Bunda ham to‘y ayon qilinadi, ham kambag‘allarning qornini to‘ydirib duosi olinadi.  

Kelin-kuyov yaqinlik qilishdan oldin Payg‘ambar alayhissalom o‘rgatgan mana bu duoni o‘qiydilar:

اَللَّهُمَّ جَنِّبْنَا الشَّيْطَانَ وَجَنِّبِ الشَّيْطَانَ مَا رَزَقْتَنَا                      

«Allohumma jannibnash-shaytana va jannibish-shaytana ma razaqtana».

Ma’nosi: “Mehribon Parvardigorim, bizni shaytondan himoya qilgin va bizga ato qiladigan farzandimizni ham shaytondan yiroq qil!” 

Ota-onaning yaqinlik qilgan vaqtidagi holati ham farzandning xarakteriga ta’sir qilar ekan. Agar ota-ona o‘sha vaqtda tushkin kayfiyatda bo‘lsa, tug‘ilgan bola tabiatida tushkunlik namoyon bo‘ladi.  Agar ota-onaning o‘sha vaqtdagi kayfiyati a’lo bo‘lsa, tug‘ilgan farzand quvnoq xarakterli bo‘lib tug‘iladi. Ana shundan kelib chiqib o‘sha vaqtda Allohni eslab, tinmasdan qalbida Uning zikrini qilish kerak.

Ayol homiladorlik vaqtida ko‘proq ibodat qilib, shubhali va taqiqlangan taomlardan qat’iyan tiyilmog‘i lozim.

O‘g‘il bola tug‘ilganda sevinib, qiz bola tug‘ilgandan xafa bo‘lish yaramaydi. Chunki ularning qaysi biridan foyda yetishini faqat Alloh biladi. Boz ustiga tarbiyali qiz o‘stirgan ota-ona ko‘proq mukofot ham oladi.

Bolaga jahl qilsangiz, yolg‘on gapirsangiz, qo‘rqitsangiz, bir ishga majburlasangiz – unga shularni o‘rgatasiz.

Bolani rag‘batlantirib turish ham kerak. Agar u yaxshi ish qilsa, yaxshi gaplar aytib maqtab, kichkina narsa bo‘lsa-da sovg‘a qilib turilsa, u o‘zini har doim shunday ishlar qilishga undaydi.  Agar bola yomon ish qilib qo‘ysa, dastlab uni ko‘rmaganga olish lozim, ayniqsa, uning o‘zi buni yashirishga urinayotgan bo‘lsa. Ikkinchi safar esa dakki berib qo‘yish kerak. Ota har doim so‘ziga ega chiqib bolasiga ibrat ko‘rsatmog‘i lozim. Ona ham baqir-chaqir qilmasdan bolaga “otang buni yoqtirmaydi, otangning jahli chiqadi, bu ishing uchun otang seni jazolaydi” kabi so‘zlar bilan bolani otasining martabasi qanchalik baland ekaniga ko‘niktirib boradi.

Bola maktabdan qaytgandan so‘ng unga bir oz o‘ynab kelishga ruxsat berish kerak. Shunda bolaning miyasi ham dam oladi. Agar uni o‘ynagani qo‘ymasdan faqat o‘qishga majbur qilaversangiz, joniga tegib hammasidan kechib yuborishi mumkin. Bolaga ota-onani, ustozlarni, yoshi ulug‘larni hurmat qilishni kichik yoshdan o‘rgatib borilgani bois u shu ishga ko‘nikib qoladi.  

Bolaga  tarbiya berish toshga ishlov berish bilan barobar. Uni bolaligida  shaklga solib olib, o‘sib-ulg‘ayib borgani sayin diniy-dunyoviy bilimlarini ko‘paytirib borish foydali bo‘ladi.

       Muzaffarxon A’ZAMOV.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Har qanday qoraning ichida oq bor

04.07.2025   677   4 min.
Har qanday qoraning ichida oq bor

Bismillahir Rohmanir Rohiym

ismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida...

Oisha onamiz roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Hijri Ismoil haqida so‘radilar:

- Ey Allohning Rasuli! U ham Ka’badanmi?

- Ha, u ham Ka’badan!

- Nima uchun uni Ka’baning ichiga kiritishmagan?

- Chunki o‘shanda qavmingning nafaqasi yetmay qolgan!

- Nega Ka’baning eshigi baland qurilgan?

- Qavming o‘zi istaganiga Ka’baga kirishga ruxsat berib, istamaganiga ruxsat bermaslik uchun! So‘ngra Nabiy sollallohu alayhi vasallam yana dedilar:

Agar qavming yangi musulmon bo‘lmaganida va ularning qalbi inkor qilishidan qo‘rqmaganimda, Ka’bani buzishga amr qilar va undan chiqarilgan narsalarni yana uning ichiga kiritib, boshqatdan qurar edim. Uni yerga barobar etib, ikki eshik qilardim. Biri sharqiy tomonida, ikkinchisi g‘arbiy tomonida. Uni Ibrohim alayhissalomning poydevoriga yetkazardim!

Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhumo Hijozda hukmronlikni qo‘lga kiritgach, xolasi Oisha onamiz unga yuqoridagi hadisni aytib berdilar. U Ka’bani buzib Ibrohim alayhissalomning davridagidek qilib qurdi. So‘ngra Hajjoj Abdulloh ibn Zubayrni qatl etgach, Ka’bani buzib, yana Quraysh mushriklari davridagidek qilib qurdi.

Abbosiylardan Abu Ja’far Mansur xalifa bo‘lgach, Ka’bani buzib, yana Ibrohim alayhissalom davridagidek qilib qurmoqchi bo‘ldi. Bu to‘g‘risida imom Molik rohimahulloh bilan maslahat qildi. Imom Molik rohimahulloh unga dedilar:

- Menimcha, uni hozirgi holida qoldirganing yaxshi. Yo‘qsa, Ka’ba podshohlar o‘rtasida o‘yinga aylanadi!

Bizga kerakli nuqta Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Qavming yangi musulmon bo‘lmaganida edi...» degan gaplaridir!

Nabiy sollallohu alayhi vasallam Oisha onamizga bugungi Ka’bani Ibrohim alayhissalom davridagi Ka’ba emasligini, uni buzishni, Ibrohim alayhissalom qanday qurgan bo‘lsalar, shunday qilib qayta qurishni istayotganlarini aytyaptilar. Ammo Fathdan so‘ng islomga yangi kirgan qurayshliklarning iymonidan xavfsirayaptilar. Bu u zotning chiroyli siyosatlarini, foyda bilan zararning rioyasini qilganlarini anglatadi!

Islomda zararni daf qilish foyda keltirishdan oldinda turadi. Masalan, bir to‘g‘ri ish bor. Ammo uni qilsangiz, ortidan zarar keladi. Yaxshisi, uni qilmasligingiz kerak. Ana shu narsa muhim bir hayot darsidir!

Gohida bir qizni boshqa bir munosib bo‘lmagan kishiga turmushga berib zulm qilib qo‘yamiz. U qizimiz turmush o‘rtog‘i bilan yashay olmaydi. Undan ajralishga harakat qiladi. Bu unga foydali bo‘lib ko‘rinadi. Ammo bu ajralishdan o‘rtadagi farzandlar uvol bo‘lishi mumkin. Ona farzandlarini o‘zi bilan olib keta olmaydi yoki ularni tashlab ham keta olmaydi. Ana shunaqa paytda savob umidida uni sabrga chaqiriladi, ajralishga undalmaydi. Chunki ajralishda bir kishiga manfaat, ammo bir necha kishiga zarar bor!

Hayotdagi barcha ishlarni shunga qiyos qiling. Hayotda hamma narsa bir xil emas. Bir narsa ziyoda bo‘ladi, yana bir narsa ikkita narsaga teng bo‘ladi. Bu hayot chigal. Bunda har qanday oqning ichida qora bor. Har qanday qoraning ichida esa oq bor. Oqil inson o‘zidagi ko‘p oqni saqlab qolish uchun ozgina qorani qabul qiladi.

Umar roziyallohu anhu ajoyib gap aytganlar: «Yomondan yaxshini ajratib olgan inson ziyrak emas, ikkita yomondan yaxshisini ajratib olgan inson ziyrakdir».

Hayot bizni gohida ikkita achchiq narsadan birini tanlashga majbur qiladi. Zakiy inson to‘g‘ri amalda bo‘lgan, yaqinlashib yurgan va foyda bilan zarar o‘rtasini solishtira oladigan kishidir. Haq deb hamma narsa aytilavermaydi!


«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar