Farzandlar yaxshi tarbiya ko‘rib ulg‘aysa, ota-ona rohat-farog‘atda yashaydi. Chunki inson umrining baxtli yoki baxtsiz kechishi uning bola tarbiyasidagi mahoratiga bog‘liq bo‘ladi. Tajribadan bilamizki, bolalariga chiroyli tarbiya bergan oilalar tinch-xotirjam yashaydi. Buning aksini qilgan xonadonlarda esa mudom baqir-chaqir, janjal-so‘ron bo‘ladi. Eng xatarli jihati, bolasiga dinni, shariatni tanitmagan odamga bu dunyodagi azob kam va u dunyoda ham azob chekadi.
Shunday ekan, farzandini Alloh taolo amr etgan yo‘ldan olib yurish har bir aqli butun musulmonning burchidir. Illo, ana shu yo‘ldagina ikki olam saodati bor. Aqli salim insonlar Allohga yaqinlashtiradigan yo‘l qiyinroqdek ko‘ringani bilan o‘sha yo‘lni tanlaydi va shaytonning yomonliklaridan Unga sig‘inadi.
Xo‘sh, go‘zal axloq bilan xulqlangan avlodni voyaga yetkazish uchun nimalarga e’tibor qilishimiz kerak?
Bu ish kelin, ya’ni bo‘lajak farzandga ona tanlashdan boshlanadi. Bo‘lajak rafiqamiz dinni, islomni, tanigan, iymonli, e’tiqodli oila farzandi bo‘lgani durust. Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Ayol tanlaganda to‘rt narsaga e’tibor qaratiladi: boyligiga, nasabiga, chiroyiga va taqvosiga. Sen ulardan dindorini tanla...” (Buxoriy va Muslim rivoyati), deb marhamat qildilar. Hatto taqvodor insonga uchrashib unga o‘zining qizini bermoqchi ekanini ishora qilib ham qo‘yish mumkin ekan. Ayniqsa, ota-onalar qizlarini turmushga berish masalasiga juda katta mas’uliyat bilan yondashmoqlari kerak. Chunki qiz bola mehrga muhtoj nozik xilqat hisoblanadi.
To‘y tantanasi shariat ko‘rsatgan talablardan chiqib ketmasligi kerak. To‘yga to‘g‘ri tilakli, kambag‘al kishilar taklif qilinsa, yaxshi bo‘ladi. Bunda ham to‘y ayon qilinadi, ham kambag‘allarning qornini to‘ydirib duosi olinadi.
Kelin-kuyov yaqinlik qilishdan oldin Payg‘ambar alayhissalom o‘rgatgan mana bu duoni o‘qiydilar:
اَللَّهُمَّ جَنِّبْنَا الشَّيْطَانَ وَجَنِّبِ الشَّيْطَانَ مَا رَزَقْتَنَا
«Allohumma jannibnash-shaytana va jannibish-shaytana ma razaqtana».
Ma’nosi: “Mehribon Parvardigorim, bizni shaytondan himoya qilgin va bizga ato qiladigan farzandimizni ham shaytondan yiroq qil!”
Ota-onaning yaqinlik qilgan vaqtidagi holati ham farzandning xarakteriga ta’sir qilar ekan. Agar ota-ona o‘sha vaqtda tushkin kayfiyatda bo‘lsa, tug‘ilgan bola tabiatida tushkunlik namoyon bo‘ladi. Agar ota-onaning o‘sha vaqtdagi kayfiyati a’lo bo‘lsa, tug‘ilgan farzand quvnoq xarakterli bo‘lib tug‘iladi. Ana shundan kelib chiqib o‘sha vaqtda Allohni eslab, tinmasdan qalbida Uning zikrini qilish kerak.
Ayol homiladorlik vaqtida ko‘proq ibodat qilib, shubhali va taqiqlangan taomlardan qat’iyan tiyilmog‘i lozim.
O‘g‘il bola tug‘ilganda sevinib, qiz bola tug‘ilgandan xafa bo‘lish yaramaydi. Chunki ularning qaysi biridan foyda yetishini faqat Alloh biladi. Boz ustiga tarbiyali qiz o‘stirgan ota-ona ko‘proq mukofot ham oladi.
Bolaga jahl qilsangiz, yolg‘on gapirsangiz, qo‘rqitsangiz, bir ishga majburlasangiz – unga shularni o‘rgatasiz.
Bolani rag‘batlantirib turish ham kerak. Agar u yaxshi ish qilsa, yaxshi gaplar aytib maqtab, kichkina narsa bo‘lsa-da sovg‘a qilib turilsa, u o‘zini har doim shunday ishlar qilishga undaydi. Agar bola yomon ish qilib qo‘ysa, dastlab uni ko‘rmaganga olish lozim, ayniqsa, uning o‘zi buni yashirishga urinayotgan bo‘lsa. Ikkinchi safar esa dakki berib qo‘yish kerak. Ota har doim so‘ziga ega chiqib bolasiga ibrat ko‘rsatmog‘i lozim. Ona ham baqir-chaqir qilmasdan bolaga “otang buni yoqtirmaydi, otangning jahli chiqadi, bu ishing uchun otang seni jazolaydi” kabi so‘zlar bilan bolani otasining martabasi qanchalik baland ekaniga ko‘niktirib boradi.
Bola maktabdan qaytgandan so‘ng unga bir oz o‘ynab kelishga ruxsat berish kerak. Shunda bolaning miyasi ham dam oladi. Agar uni o‘ynagani qo‘ymasdan faqat o‘qishga majbur qilaversangiz, joniga tegib hammasidan kechib yuborishi mumkin. Bolaga ota-onani, ustozlarni, yoshi ulug‘larni hurmat qilishni kichik yoshdan o‘rgatib borilgani bois u shu ishga ko‘nikib qoladi.
Bolaga tarbiya berish toshga ishlov berish bilan barobar. Uni bolaligida shaklga solib olib, o‘sib-ulg‘ayib borgani sayin diniy-dunyoviy bilimlarini ko‘paytirib borish foydali bo‘ladi.
Muzaffarxon A’ZAMOV.
Xotira
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Qur’oni Karim xodimi, ustoz Yahyo qori Turdiyev 1930 yil 21 dekabrda Sharqiy Turkistonning Qashqar viloyati Yangisor shahrida ziyoli oilada tavallud topgan. U 1943 yil Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi.
1962-1968 yillar davomida Mir Arab madrasasida tahsil oldi.
1978-1984 yillarda O‘rtachirchiq tumanidagi To‘ytepa jome’ masjidida imom-xatiblik qildi.
1988 yildan Toshkent (hozirgi Zangiota) tumanidagi Ko‘kterak masjidiga imomlik qildi.
1995-2011 yillar shu tumandagi «Hasanboy ota» jome’ masjidida imom xatib, keyinchalik shu masjidda imom noibi bo‘lib el xizmatida faoliyat yuritdi.
Qur’ondan ilk saboqlarni ota-onasidan oldi. 13 yoshida Qur’oni Karimni to‘liq yod oldi. Shuningdek, ustozlari Abduhalil va Abdunodir domlalardan ham ta’lim olgan.
1954 yil Yahyo qorini olim bo‘lishini istagan otasi 1600 km uzoqlikda joylashgan Ro‘zihoji madrasasiga olib bordi. U yerda Hindistonda ta’lim olgan shayx Shohimardon ismli yetuk olimdan ilm oldi,
1960 yilda madrasani tamomlab, domla Shohimardonning yonida mudarris bo‘lib ishladi. Biroq shu yilning o‘zida ustozining maslahati bilan sobiq Ittifoqqa yo‘l olib, Andijonda qo‘nim topdi.
1962 yilda Mir Arab madrasasiga o‘qishga kirdi.
1968 yil madrasani tugallagach, Toshkent viloyatidagi Bektemir qishlog‘iga ko‘chib keldi. Bu yerda o‘n yildan ortiq kombinatda ishladi. Shu orada Qashqarda ustozlik qilgan minglab qorilarni chiqargan Abdulaziz qori Mahmudov bilan yana ustoz-shogirdlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi.
1976 yilda shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon bilan tanishdi. U kishining taklifi bilan 1977 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratiga ishga kirdi. Shu tariqa imomlik faoliyati boshlandi.
Farzandim qori bo‘lsin degan ota-onalar uchun ustoz Yahyo qoridan tavsiya:
— Ilm ahliga havas qilgan, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalarga aytadigan birinchi tavsiyam luqmasini halol qilsin. Haromga yaqinlashmasin, halol narsani ham me’yorida iste’mol qilsin. Shuningdek, farzandini ham halol luqma bilan voyaga yetkazsin, tarbiyalasin. Domlalarimiz ko‘cha-kuyda taom iste’mol qilganimizni bilib qolsalar, qattiq ranjib, bizni koyib: «Sen kecha Qur’ondan bir betni yuz marotaba o‘qib yodlagan bo‘lsang, bugun ikki yuz marotaba o‘qisang ham yodlay olmaysan. Shubhali ovqat yemagin. Zehning zaiflashib qoladi», der edilar.
Shuningdek, farzandini qori bo‘lishini istagan ota-onalar taqvoli, o‘qimishli bo‘lsin. Ota-onalar olimlarni hurmat qilsin, ularni yaxshi ko‘rib, olimlarga muxlis bo‘lsin. Farzandini yoshligidan boshlab odob-axloqli qilib tarbiyalasin. Bolam qori bo‘lsin degan niyatda bo‘lgan ota-ona o‘zaro bir-biri bilan janjallashmasin, uyda sokinlik hukm sursin. Farzand kelajakda yetuk olim bo‘lishi uchun juda ko‘p mashaqqat, sa’y-harakat talab etiladi. Avvalo, ota-onaning, so‘ngra talabi ilmning hamda ustozning birgalikdagi intilish va harakati bo‘lishi lozim. Shularning bari birikkandagina farzand olim, qori bo‘ladi. Ota-ona mas’uliyatsizlik qilsa yoki talaba ilm olishdan boshqa narsalarga chalg‘isa oqsash kuzatiladi, maqsadga erishilmaydi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Har bir narsaga ham bir mone’lik bo‘ladiku, lekin ilmning mone’lari ko‘p bo‘ladi», degan mazmundagi hadislari ilm olishda sobitqadam, bardavom bo‘lishga undaydi.