Yunus butun o‘quv yili davomida yangi telefon olish uchun po‘l to‘pladi. Har safar otasi maktabda tushlik qilishga pul berganda u qorni ochsa-da, o‘sha pulni yemasdan uyga qaytarib kelardi-da pul yig‘adigan idishchaga tashlab qo‘yardi.
Pulim yetadi degan qarorga kelganidan so‘ng bir sinfdoshi bilan kunning ikkinchi yarmida telefon xarid qilishga birga borishga kelishib oldi. Uyiga kelib kiyimlarini alishtirib chiqdi. Qarasa, ko‘chada yana bir sinfdosh o‘rtog‘i Said mug‘nayib turibdi. Ular qo‘shnichilikda yashashadi. Saiddan g‘amginligining sababini so‘radi.
– Singlim og‘rib qoldi. Oyim meni dori olib kelishim uchun dorixonaga yubordilar. Ammo pulim yetmadi. Uni oyimga qanday aytishni bilmay turibman. Oyim juda siqiladilar, chunki uyda boshqa pulimiz yo‘q. Men ham siqilyapman. Yur, bir oz o‘ynaylik, uyga kechroq boraman, ungacha singlim yaxshi bo‘lib qolar balki, – dedi Said.
Yunus qanchalik harakat qilmasin, ammo o‘yini hech qovushmadi. Uning xayoliga Saidning aytgan gaplari mahkam o‘rnashib olgan edi. Ko‘z oldiga dorining tezroq kelishini kutib yotgan Maryam gavdalandi. U hatto telefon olish uchun uydan chiqqanini ham unutgan etdi, daf’atan, cho‘ntagida puli borligi esiga tushib qoldi.
– Menga dorilar ro‘yxatini ber-chi, – dedi Saidga.
Said nega deb so‘rab ham o‘tirmasdan qog‘ozni uzatdi. Yunus qog‘ozni olib dorixonaga yugurib ketdi. Ro‘yxatdagi dorilarni oldi, dorixonadan chiqib do‘konga kirdi va sarxil mevalar xarid qildi. Keyin uni kutib turgan Saidning oldiga xursand bo‘lib qaytib keldi.
– Yur uylaringga boraylik, men Maryamga kerakli dorilarni oldim, – dedi zavqi ichiga sig‘may borayotgan Yunus.
– Sen telefon olish uchun yiqqan pulingni sarfladingmi? Nega bunday qilding, axir qancha vaqtdan beri orzu qilardin-ku! – hayron bo‘ldi Said.
– Telefonni keyinroq olaversak ham bo‘ladi, Maryamning sog‘ayib ketishi muhim, – javob berdi Yunus va bolalar Saidlarning uyiga ketishdi.
Yunus kechqurun uyiga qaytganida uni ajoyib sovg‘a kutayotganini bilmas edi. U maktabda a’lo baholarga o‘qigani uchun ota-onasi unga yangi telefon xarid qilishgan edi. Bola juda ham hayratga tushdi va ko‘zlari yoshga to‘lib:
– Alhamdullilloh! Alhamdulilloh! Bu Alloh taoloning sovg‘asi, – dedi va bo‘lib o‘tgan voqeani ota-onasiga gapirib berdi.
Dinimizda Qur’on tilovati eng savobli amallardan biri ekanligini doimo e’tirof qilib kelingan. Yaqin yillargacha namozdan keyin Kur’on tilovati qilish joiz yoki joiz emasligi to‘g‘risida ixtilof bo‘lmagan. Buni olimlar ham omma xalq ham durust deb bilishgan. Zero, nafl ibodatlar orasida afzali Qur’oni karim tilovatidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlarini bunga qiziqtirganlar. Qur’oni karim sohibini shafoat qiladi va shayton vasvasalaridan qo‘rg‘on bo‘ladi. Uning tilovati gunohlarni o‘chiradigan, savoblarni ko‘paytiradigan go‘zal amaldir. Ammo keyingi vaqtlarda namozlardan keyin o‘qiladigan Qur’on tilovatini bid’at deydigan, uni eshitishdan yuz o‘giradigan va boshqalarni ham qaytaradigan turli “ayrim kishilar” paydo bo‘lmoqda.
Tilovat o‘qilib turgan holatda adabsizlik bilan mutakabbirona chiqib ketayotganlar borki, ular Rasululloh sollallohu alayhi va sallam davri saodatlarida qilinmagan ekan, deb asosi yo‘q gaplar, eshitdim yoki qaysidir internetda o‘qidim deb o‘zlarini oqlashga urinadilar. Ilmni esa ishonchli manbadan, ustozdan o‘rganish zarurligini hadislarda ko‘p ta’kidlangan. O‘rni kelganda mazkur kishilarni da’volariga javob berib, bid’at nimaligini ham yodga olamiz.
البِدْعَةُ طَرِيقَة فِي الدِّينِ مُخْتَرَعَةٌ تُضاهي الشَّرِيعَةَ يُقْصَدُ بِالسُّلُوكِ عَلَيْهَا مَا يُقْصَدُ بِالطَّرِيقَةِ الشَّرِيعَةِ
"Bid’at dinda yangi ixtiro qilingan yo‘l bo‘lib, u bilan shariatga yangilik kiritiladi. Unga yurishdan shariat yo‘liga yurish qasd qilinadi" ("Al-E’tisom" kitobi).
Yuqoridagi ta’rifdan shu narsa ravshan bo‘ladiki, Payg‘ambarimiz alayhissalomning davrlarida bo‘lmagan, yangi paydo bo‘lgan har narsa bid’at hisoblanmaydi. Balki, Qur’on, hadis, ijmo va shar’iy qiyosdan biror dalil bo‘lmagan holda, bir ishni paydo qilish va uni dindan deb tushunish bid’at ekanligi ma’lum bo‘lmoqda. Endi, Qur’on tilovati borasida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ko‘rsatmalari bilan tanishamiz:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ: قَالَ النَّبِيُّ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَ سَلَّمَ إِنَّ لِكُلِّ شَيْءٍ قَلْبًا وَ قلْبُ الْقُرْآنِ يَس وَ مَنْ قَرَأَ يَسٍ كَتَبَ اللَّهُ لَهُ بِقِراءَتِهَا قِرَاءَةَ الْقُرْآنِ عَشْرَ مرات
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Har bir narsaning qalbi bor. Qur’onning qalbi Yosindir. Kimki Yosin surasini (bir marotaba) o‘qisa, Alloh unga o‘n marotaba Kur’on o‘qiganlik savobini yozadi” deganlar. Imom Termiziy rivoyatlari.
Allohning kalomi va Rasulining hadislarida Qur’on tilovati haqidagi ko‘rsatmalar bundanda bisyor. Qolaversa, bu masalada biror cheklov yo‘q, aksincha ish keng qilib qo‘yilgandir. Alloh va Uning Rasuli bir ishni keng qilgandan keyin bandalar uni toraytirishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Shar’iy dalillarda namozdan keyin Qur’on o‘qish mumkin emas degan gap yo‘q. Qur’-on tilovat qilish va uni tinglash savobli ish ekani esa juda mashhur masala. Kim savob umidida tilovat qilsa, ajr olaveradi. Kur’oni Karim oyatlari va hadisi shariflar Qur’on o‘quvchiga ulkan savoblar, buyuk fazllar xabarini berganidek, uni tinglovchiga ham ana shunday go‘zal ajr, buyuk manzil hamda ulug‘ mukofotlar bordir.
Rasul akram sollallohu alayhi va sallam Oishai Siddiqa roziyallohu anho onamizni har kuni Qur’oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Uni ado etish tartibi haqida har kuni Qur’onni hammasini o‘qishni aytganlar, qodir bo‘lmasa, 200-250 oyat o‘qishni, hatto 100 oyat va “Ixlos” surasini uch bora o‘qish bilan deb tushintirganlar. Qur’oni karimdagi ko‘pgina suralar va ba’zi oyatlarning fazilati zikr qilingan. Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko‘paytirib yozilishi, hojatlarining ravo bo‘lishi, bemorlarga shifo bo‘lishi, duolarning ijobat bo‘lishi, nur bag‘ishlashi, tetiklik va aql-idrokka musaffolik berishi va boshqa ko‘pgina fazilatlari bildirilgan. Shunday suralardan “Yosin”, “Fath”, “ar-Rahmon”, “Voqea”, “Duxon”, “Mulk”, “Naba’”, “Kahf”va boshqalarini sanash mumkin. Oyatlardan “al-Kursiy”, “Baqara” surasining oxirgi ikki oyati, “Tavba” surasining oxirgi ikki oyati, “Hashr” surasining oxirgi uch oyati va boshqalari bor.
Har kuni mo‘min kishi Qur’oni karim haqqini ado etish uchun alohida vaqt ajratishi kerak. Ammo ko‘pincha imkon topilmaydi. Yoki shunchaki bu vazifa borligi yoddan ko‘tariladi. Har qanday xastalikni davolovchi mohir tabib kabi ulamolarimiz besh vaqt namozda quyidagi suralarni tilovatini tavsiya qiladilar: Bomdoddan keyin “Yosin” surasi 83 oyat, Peshindan keyin “ar-Rah-mon” 78 oyat yoki “al-Fath” 29 oyat, Asrda “an-Naba’” (amma) surasi 40 oyat, Shomdan so‘ng “al-Voqea” surasi 96 oyat, Xuftondan so‘ng “al-Mulk” surasi 30 oyat jami 350 oyat atrofida har kuni o‘qiladi. Demak, mo‘minlar namozdan so‘ng ushbu suralarning tilovati yordamida har kuni Qur’oni karim haqqini ado etish bilan birga, mazkur suralarning fazilatlaridan ham bahramand bo‘ladilar.
Qur’oni karimni tinglash tilovat qilish bilan barobar. Bu borada Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharif munga yorqin dalil bo‘ladi:
حَدَّثَنَا أَبُو سَعِيدٍ - مَوْلَى بَنِي هَاشِمٍ - حَدَّثَنَا عَبَّادُ بْنُ مَيْسَرَةَ ، عَنِ الْحَسَنِ الْبَصْرِيِّ ، عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ ، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : " مَنِ اسْتَمَعَ إِلَى آيَةٍ مِنْ كِتَابِ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ، كُتِبَ لَهُ حَسَنَةٌ مُضَاعَفَةٌ، وَمَنْ تَلَاهَا كَانَتْ لَهُ نُورًا يَوْمَ الْقِيَامَة رَوَاهُ أَحْمَد.ُ ".
Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Alloh taoloning kitobidan bir oyat tinglasa, unga bitta savob ko‘paytirilib beriladi. Kim Qur’on tilovat qilsa, unga qiyomat kuni nur bo‘ladi”, dedilar” Imom Ahmad rivoyati.
Demak yuqoridagi suralarni va oyati karimalarni tilovat qilgan kishi qancha ajru savoblarga ega bo‘lsa tinglovchilar ham ajru mukofotlarga ega bo‘ladilar. Qolaversa yodlay olmagan mo‘min musulmonlar yodlab olgunlariga qadar tilovat qilayotgan kishilardan tinglab Qur’oni karimni savobiga ega bo‘ladilar.
Sufyon ibn Uyayna (rahmatullohi alayh): “Ilm olish tinglashdan boshlanadi, so‘ngra uni tushuniladi va yod olinadi keyin unga amal qilinadi”, dedilar. Banda Kalomullohni xolis niyat bilan tinglasa, uning qalbiga Alloh taolo nur soladi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qiladi. Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “
الَّذِينَ يَسْتَمِعُونَ الْقَوْلَ فَيَتَّبِعُونَ أَحْسَنَهُ أُولَٰئِكَ الَّذِينَ هَدَاهُمُ اللَّهُ وَأُولَٰئِكَ هُمْ أُولُو الْأَلْبَابِ
“Bas, (ey Muhammad!) Mening shunday bandalarimga xushxabar beringki, ular gapni tinglab, so‘ng uning eng go‘zaliga (foydalisiga) ergashadilar. Aynan o‘shalar Alloh hidoyat etgan zotlardir va aynan o‘shalargina aql egalaridir” (Zumar, 17-18).
Imom Lays ibn Sa’d aytadilar: “Hech bir kishi Qur’on tinglovchidan ko‘ra tezroq rahmatga erishmaydi. Chunki Alloh taolo:
وَإِذَا قُرِئَ الْقُرْآنُ فَاسْتَمِعُوا لَهُ وَأَنصِتُوا لَعَلَّكُمْ تُرْحَمُونَ
“Qur’on o‘qilganda uni tinglangiz va sukut saqlangiz! Shoyad (shunda) rahm qilingaysiz!” - deydi (A’rof surasi, 204-oyat).
Bu Qur’onni eshitish va unga quloq solishni vojib qiladigan buyruqdir. Shubha yo‘qki, Islom odobi Kur’on tilovat qilingan paytda uni tinglashni taqozo qiladi.
Ismoilxon Ishanov,
"Hidoya" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi