Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Albatta Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytdilar: “Agar inson vafot etsa, amallari to‘xtaydi. Faqatgina uchta ishdan, sadaqai joriyadan yoki foydali ilmdan yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan unga savob borib turadi”(Imom Muslim rivoyati). Ushbu muborak hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam inson vafot etganidan keyin ham uning ortidan borib turadigan savobli ishlarni sizu-biz ummatlariga bayon qilib bermoqdalar. Bu ezgu amallarning dastlabkisi esa sadaqai joriyadir. Ulamolarimiz sadaqai joriyaga boshqa insonlarga foyda keltiradigan, ularga mafaati tegib turadigan har qanday savobli ish deya ta’rif beradilar. Ya’ni inson hayotlik chog‘ida masjid, madrasa, maktab yoki shifoxonalar bunyod etsa, ko‘prigu-yo‘llar ochib insonlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilsa, u inson dunyodan o‘tganidan so‘ng ham qilgan bu ishlarining savobi unga yetib turadi.
Istiqlol yillarida marhum Birinchi Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimiz obodligi yo‘lida misli ko‘rinmagan muvafaqqiyatlarga erishildi. Shaharu-qishloqlarimiz chiroy ochib, yangi yo‘llar, ko‘priklar bunyod qilindi. Mustaqilligimizning 25 yillik to‘yi arafasida Farg‘ona vodiysini yurtimizning boshqa hududlari bilan bog‘laydigan temir yo‘lni qurilishi tarixiy voqea bo‘lgani hech kimga sir emas. Alloh taolo marhum Yurtboshimizni qilgan bu sadaqai joriyalarini ajrini o‘zi ko‘paytirib bersin. Oxiratlarini obod qilsin!
U kishining vafotlaridan keyin ham shogirdlari muhtaram Prezidentimizning Shavkat Miromonovich Mirziyoyev boshchiligida obodonchilik ishlari jadal olib borilmoqda. Ushbu savobli ishlarning davomi sifatida “Novza” jome masjidining yonida, Bunyodkor va Muqimiy shoh ko‘chalari kesishadigan chorrahada ko‘prik qurilish ishlari nihoyasiga yetay deb qoldi. Mazkur ulkan ishga arzimas hissa qo‘shish maqsadida “Novza” masjidi imom xatibi, masjid qavmi, hay’at a’zolari, namozxonlar tashabbuslari bilan homiylarni jalb qilgan xolda kuni kecha 8-mart kuni xayriya ehsoni tashkillashtirildi. Unda masjid faollari, otaxonlar ishtirok etib, Qur’oni karim tilovat qilinib, Yurtimiz Rahbariyati bu ishga bosh-qosh bo‘lib turgan azizlarimiz va quruvchilarning haqqiga duoyi xayrlar qilindi. Tadbir so‘ngida osh tarqatilib, ularning yurtimiz obodligi yo‘lida qilayotgan ishlariga muvafaqqiyat tilandi.
A.Sobirov,
Chilonzor tumani “Novza” jome’ masjidi noibi imomi
Shayx Muhammad G‘azzoliy rahimahulloh aytadilar:
“Hanafiy va molikiy mazhablari imom juma xutbasini o‘qiyotgan vaqtida masjidga kirgan kishi tahiyyatul-masjid namozini o‘qishi makruh deb biladilar. Holbuki, bu namozni o‘qish haqida hadis kelgan. Buning sababi nima?
Biroz mulohaza yuritib, shunday xulosaga keldim: Juma xutbasi hijratdan keyin shariatga kirgan. Musulmonlar o‘n yil davomida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning orqalarida juma namozini o‘qiganlar, ya’ni bu davrda taxminan 500 ta xutba aytilgan. Lekin ular qayerda? Nega muhaddislar bu xutbalarni yozib qoldirmagan? Ular faqat sanoqligina xutbalarni qayd etgan!
Haqiqat shundaki, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam xutba qilganlarida Qur’on tilovat qilar edilar. U zot minbarda turganlarida Allohning kitobini o‘qish bilan band bo‘lardilar, shuning uchun barcha kishilar sukut saqlab, diqqat bilan eshitishlari kerak edi. Hech kim o‘sha paytda boshqa narsa bilan, jumladan, namoz yoki qiroat bilan mashg‘ul bo‘lolmas edi. Chunki Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Qachon Qur’on o‘qilsa, uni diqqat bilan eshiting va jim turing, shoyadki rahm qilinsangiz” (A’rof surasi, 204-oyat)”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV