Nusayba (roziyallohu anho) ertangi kunini o‘ylab, o‘zida yo‘q xursand va shirin xayollar og‘ushida o‘tirar edi. Ertaga Yasribning ko‘zga ko‘ringan yigitlaridan biri Zayd ibn Osim bilan nikoh to‘ylari bo‘ladi.
Er-xotin baxtiyor kun kechirardilar. Bu orada Abdulloh va Habib ismli ikki o‘g‘il ko‘rishdi. Nusayba (roziyallohu anho) farzandlarini juda sevar, ularni ko‘z qorachig‘idek avaylab-asrar edi.
Er-xotin cheksiz quvonch bilan bir-birini tabriklab iymon keltirdilar. Kelgusi haj mavsumida yasriblik musulmonlar karvoni bilan Makkaga borib, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga bay’at etishga qaror qildilar.
Mus’ab ham bir guruh yasriblik musulmonlarga bosh bo‘lib, Makkaga kirib keldi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ning huzuri saodatlariga kirib, salom berdi va xushxabar bilan kelganini aytdi. Yasrib xalqining Islom da’vatini ochiq yuz bilan qabul qilib, bay’at etish uchun kelganlarini eshitgan Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ning muborak yuzlarida tabassum ko‘rindi. Yasriblik musulmonlar bilan bo‘ladigan uchrashuv joyi va paytini tayin qildilar.
Makka shahri uzra sukunat hukmron. Biroq ana shu osudalik ichida ko‘zlari uyqusiz, ko‘ngillari buyuk bir muloqotning sog‘inchi bilan yonayotgan insonlar ham bor. Bu insonlar yasriblik musulmonlar edi. Ular tun qo‘ynida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ni kutyaptilar. Aqaba tuprog‘ining har bir zarrasi bu kecha insoniyat tarixida eng ulug‘ kelishuv va buyuk vafodorlikning shohidi bo‘ladi.
Kechaning teng yarmida Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) amakilari Abbos bilan birgalikda Aqabaga keldilar. Yasribliklar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga bay’at etib, moddiy va bashariy barcha imkoniyatlarini sarf etib, Islom dini va Payg‘ambarini mudofa etishga so‘z berdilar. Nusayba va eri Zayd ham bay’at etganlar orasida edi.
Hamma qatori er-xotin ham Yasribga qaytdi. Biroq bu safar ularning qalblari quvvat va jasorat, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ning qalblaridan ko‘chib o‘tgan kuchli iymon bilan to‘la edi. Islom nuri Nusaybaning butun ruhini, vujudini qamrab oldi.
Nusayba (roziyallohu anho) Uhud jangida hamshiralik vazifasini zimmasiga olgan edi. Jangchilarga yordam berar, yaradorlarning jarohatini bog‘lardi. Ammo musulmonlar ichida paydo bo‘lgan parokandalikni ko‘rgach, qo‘lidagi meshni tashlab, qilichga yopishdi va jang qila boshladi.
Payg‘ambarmiz (sollallohu alayhi vasallam)ni qo‘riqlab turgan halqa tobora torayib borardi. Nusayba eri G‘oziyya va o‘g‘li Abdulloh bilan birgalikda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni mardonavor himoya qilib turardilar. Keyinchalik Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Nusayba (roziyallohu anho) ning bu qahramonligi haqida shunday degan edilar: “Qachon o‘ngimga yoki so‘limga qarasam, meni himoya etish uchun jang qilayotgan Nusaybani ko‘rardim”.
Ha, Nusayba (roziyallohu anho) ning ko‘rsatgan qahramonligi har qanday er yigitning qo‘lidan kelmasdi! U suvsaganlarga suv tutar, yaralanganlarning jarohatini bog‘lar, mardonavor jang qilardi. Bu iymonli ayolning buyuk jasoratiga loyiq mukofotni faqat Janobi Alloh ehson ato eta oladi!
Bu jangda Nusayba (roziyallohu anho) turli joylaridan o‘n uchta jarohat olgan edi. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) Abdullohga: “Onangning oldiga bor va yarasini bog‘la! — dedilar.
So‘ng: “Ey Nusayba oilasi! Alloh sizni muborak qilsin. Sening onangning maqomi falon-falon kishilarning maqomidan ustunroqdir. Alloh bugun oilangizni panohida saqlasin!” dedilar.
Nusayba (roziyallohu anho) o‘zi va oilasi haqqiga Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dan duo so‘radi. “Yo Rasulalloh! Jannatda siz bilan birga bo‘lishimiz uchun Allohga duo eting”.
Rasuli akram (sollallohu alayhi vasallam): “Allohim! Jannatda ularni menga do‘st qil!” deya duo qildilar.
Shundan so‘ng Nusayba (roziyallohu anho): “Ortiq dunyoda har qanday alam cheksam ham ahamiyati yo‘q”, deb hayqirdi va yanada kuchli azmu iroda bilan mujodalani davom ettirdi.
Nusayba (roziyallohu anho) o‘g‘illari Abdulloh va Habibni ko‘ngillarida Alloh yo‘lidagi fidokorlik sevgasi bilan o‘stirdi. Islom bayrog‘ining yuksalishida ixlos va sadoqat bilan xizmat qilishga o‘rgatdi.
Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) ning vafotlaridan so‘ng, Nusayba (roziyallohu anho) qolgan umrini Payg‘ambarimizni sog‘inib, jannatda u zot bilan uchrashadigan kunni kutib o‘tkazdi. Hayotining oxirida iymoni bergan buyuk huzur ichida ruhini ulug‘ Rabbiga taslim etdi.
Alloh taolo undan rozi bo‘lsin va uni ham rozi qilsin
Manbalar asosida
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi