Jonajon diyorimiz qadim-qadimdan bitmas-tuganmas ma’naviy meroslarni o‘zida jam etgan, Yer yuzidagi ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan son-sanoqsiz ulamolarni yetishtirgan muqaddas maskan, ilm-ma’rifat beshigi desak xato qilmagan bo‘lamiz. Birgina Termiz shahrini misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, olimlarning olib borgan tadqiqiotlariga ko‘ra Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lgan ulamolar adadi juda ham ko‘p ekani shu zaminda istiqomat qilayotgan har bir kishida iftixor hissini uyg‘otadi.
Termizlik ulamolar haqida gap ketar ekan birinchi bo‘lib Abu Iso at-Termiziy haqida so‘z ochmaslikning iloji yo‘q. Shu boisdan ham u zotning hayotlari, ilm tahsil qilish yo‘llari va bizlarga qoldirgan boy ilmiy merosi borasida topganlarimizni sizlar bilan baham ko‘ramiz.
Ismlari: Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhokdir.[1]
Ba’zi ma’lumotlarda, Muhammad ibn Iso ibn Yazid ibn Savra ibn Sakan[2] deb keltirilsa, boshqalar Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Shaddod deganlar.[3] Alloma Ibn Kasir rahmatullohi alayh ibn Iso deb qo‘shimcha qilganlar.[4]
Ammo allomaning to‘liq va mukammal ismini Muhammad ibn Iso ibn Savradir, deb tarixchi olimlar keltirganlar va shunga ko‘pchilik tomonidan ittifoq qilingan.[5]
U zotning ismiga “Yazid” degan qo‘shimchani Mizziy o‘zining “Tahzib al-kamol” kitobida keltirgan.[6] Biroq, u bu ma’lumotni kimdan olganligini keltirmagan. Undan oldin bobolarining ismlarini keltirgan. Shu ma’lumotlar Ibn Kasirning “Al-bidoya va an-nihoya” asarida ham mavjud.
Nisbalari: Termiziy, Bug‘iy, Zaririy, Sulamiydir.
Termiziy deb nisbat berilishi Termiz shahriga nisbatandir.
Bug‘iy nisbalari esa, Termiz shahridan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bug‘ (hozirgi Sherobod tumani) qishlog‘ bo‘lib, Imom Termiziy u yerda vafot etib, o‘sha joyga dafn etilgani uchun ushbu nom qo‘shilgan.[7]
Zaririy taxallusi alloma umrining oxirlarida ko‘zlari ojiz bo‘lib qolganligi uchun qo‘yilgan.
Sulamiy nisbalari mashhur arab qabilalaridan bo‘lgan Sulaym ibn Mansurga nisbatan berilgan.[8] Sulaym ibn Fahm ibn G‘onamga nisbatan emas. Hofiz Yusuf ibn Ahmad Bog‘dodiydan naql qilinishicha, allomaning bobolari Marvlik bo‘lib, Abu Lays ibn Sayyor davrida Termizga ko‘chib kelib qolishgan.
Kunyalariga kelsak, Abu Iso ekaniga hech kim ixtilof qilgan emas.
Tug‘ilishlari: Imom Termiziy hijriy uchinchi asrda, aniqrog‘i hijriy 209 yilda tavallud topganlar.
Hofiz Zahabiy “Siyar a’lam an-nubalo” asarida U zotni hijriy 210 yil atrofida tug‘ilgan desalar,[9] Xalil as-Sifdiy esa “al-Vofiy bi al-vafoyot” kitobida “ikki yuz nechanchi (o‘ngacha bo‘lgan sanoqni nazarda tutgan) yilda tug‘ilgan”, deb aytgan.[10]
Hofiz Ibn Asir “Jome’ al-usul” kitobida hijriy 209 yil tug‘ilgan deb aytgan.[11] Mazkur ma’lumotni Muhammad ibn Qosim Jassus hamda Sulaymon Jamal o‘zlarining “Shamoil”ga yozgan sharhlarida, Muhammad ibn Muhammad al-Amir “Fihrist”ida, Muhammad Abdulhay Laknaviy Sayyid Sharif Jurjoniyning “Muxtasar”iga yozgan “Zofar al-amoniy”[12] nomli sharhida keltirganlar.
Imom Termiziyning tug‘ilgan joylari haqida manbalarda aniq ravshan keltirilmagan. Aniqrog‘i U Zot o‘zi nisbat berilgan shaharda tug‘ilganlar. Negaki, u zotning tug‘ilganlik nisbati boshqa hech bir joyga berilmagan, vallohu a’lam.
Imomning ko‘zi ojiz holda tug‘ilgan, degan gapga kelsak, bu gap “Imom Termiziy manoqiblari va imomlarning u zot haqidagi maqtovlari” deb nomlangan qismda Termiziyning zehni o‘tkirligi borasida keltiriladigan qissa sababli yo‘qqa chiqadi. Qissada oq varaqqa qarar edilar, umrining oxirlarida ko‘zlari ko‘rmay qolgan, deb aytilgan. Biz quyida keltiradigan ulamolarning so‘zlari ham ushbu ma’lumotni to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi:
Hofiz ibn Yusuf Ahmad al-Bag‘dodiyning: “Imom umrining oxirida ko‘zlari ko‘rmay qolgan”[13], degan.
Ibn Kasir: “Termiziyning holidan shunisi ayon bo‘ladiki, ko‘zi ojizlik unga (ko‘p) yurgani va tinglagani, yozgani va yodga olgani, tekshirgani va tasnif etganidan so‘ng yetgan”[14], deb aytgan.
Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniy ham o‘z “Tahzib” nomli asarida keltirgan fikr ham xuddi shundaydir.
Hofiz ibn Hajar Abu Ahmad al-Hokimning shunday deganini naql qiladi: “Umar ibn Ilkning “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vafot etdi. O‘zidan keyin Xurosonda ilm va taqvoda Abu Isoga teng keladigan merosxo‘r qoldirmadi. (Abu Iso Buxoriyning o‘limi sabab ko‘p) yig‘ladi, so‘ng ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi”, - deganini eshitdim.[15]
Ilm talabi: Boshqa muhaddis ulamolar kabi Imom Termiziy ham ilm talabida ko‘plab shaharlarda bo‘lganlar. U kishi Hijoz, Basra, Kufa, Bag‘dod, Ray, Xuroson yurtlarida hadis eshitgan. Shu ma’noda Hofiz Abu Bakr ibn Nuqta o‘zining “At-Taqyid li ma’rifa ar-ruvvat as-sunan va al-masanid” asarida shuni aytib o‘tgan va ularning ba’zilarini ismini ham keltirgan.
Hofiz Mizziy aytadi: “Termiziy shaharlarga safar qildi va Xurosonliklar, Iroqliklar, Hijozliklar va ulardan boshqa juda ko‘p shayxlardan hadis eshitgan”[16].
Imom Termiziy Misr va Shomga safar qilmagan. Balki, bu yurtlarning shayxlaridan bilvosita rivoyat qilgan. Doktor Nuriddin Itr aytadi: “Misr va Shom shaharlariga Termiziyning kirmagani tasodifan emas. Bunga sabab holatlar va fitnalarning g‘alayoni bo‘lgani bo‘lsa ne ajab!”. Yana qo‘shimcha qilib shunday deydi: “To‘g‘rirog‘i shuki, Imom Termiziy Bag‘dodga ham kelmagan. Agar u Bag‘dodga kirganda buyuk imom Ahmad ibn Hanbaldan hadis eshitgan bo‘lar edi. Lekin Termiziyni u kishidan hadis eshitgani haqida xabar kelmagan. Bu gapni Xatib Bag‘dodiy o‘zining “Tarixi Bag‘dod” asarida Termiziyni zikr qilmaganligidan bilib olamiz”[17].
Bu haqda boshqa qarash ham bor. Ibn Nuqta o‘zining “Taqyid” asarida imom Termiziy Bag‘dodda Hasan ibn Saboh, Ahmad ibn Hasson ibn Maymun, Ahmad ibn Mani’, Muhammad ibn Is'hoq as-Sog‘oniydan hadis rivoyat qilgan.
Ustozlari. Imom Termiziy juda ham ko‘p shayxlardan hadis rivoyat qilganlar. Agar Termiziyning hadis rivoyatidagi qaysi shaharlarga safarlari sahifalarini varaqlasangiz, u kishining shayxlari ikki yuzlab bo‘lganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin.
Imom Buxoriy va Imom Muslimlarga bitta shayx (ustoz)da sherik bo‘lgan. Shuningdek, Imom Buxoriyning o‘ziga bir qancha shayx (ustoz)larda, Imom Muslimga esa boshqa Imom Buxoriy ulardan hadis tinglamagan bir necha shayx (ustoz)larda sherik bo‘lgan. Shu bilan birga, Imom Termiziy beshta muhaddisdan alohida holda o‘zi yakka qirq ikkita shayxdan rivoyat qilgan.
Imom Termiziy beshta mashhur muhaddis – imom Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Nasoiy va Ibn Mojalar ulardan rivoyat qilgan to‘qqizta shayxdan hadis aytgan. Ular:
Muhammad ibn Bashshor Nabdor, Muhammad ibn Musniy Abu Muso, Ziyod ibn Yahyo al-Hasaniy, Abbos ibn Abdulazim al-Anbariy, Abu Sa’id al-Ashah Abdulloh ibn Sa’id al-Kindiy, Abu Hafs Amr ibn Ali al-Falloh, Muhammad ibn Mu’ammar al-Qaysiy al-Bahroniy, Ya’qub ibn Ibrohim ad-Davroqiy, Nasr ibn Ali al-Jahzomiylardir.
Imom Termiziy Imom Buxoriyga shogird tushib, Uzotdan ham hadis rivoyat qilgan.
Imom Abu Iso Termiziy ilm uchun safarbar qilingan, hadis ilmini egallash va yozib qoldirish istagida safarlar bilan kechgan mazmunli umrdan so‘ng hijriy 279 yil, rajab oyida Termizga qarashli, undan olti farsax uzoqlikda joylashgan Bug‘ qishlog‘ida Robbilari huzuriga rihlat qildilar.
Ulamolarning u zot haqida aytilgan so‘zlari:
Abu Sa’d al-Idrisiy al-Hofiz aytadi: “Muhammad ibn Iyso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhak as-Sulamiy al-Hofiz az-Zarir (ko‘zi ojiz) Termiziy hadis ilmida ergashiladigan imomlardandir. Jome’, tarix, ilal borasida yozgan asarlari haqiqiy mohir olim kishining kitobidir. U kishining xotiralari zarbul masal qilingan”.
Hofiz Abu Ya’lo al-Xoliliy: “Abu Iso.... ishonchli, unga (ulamolar tomonidan) ittifoq qilingan. Omonatdorlik va ilmi bilan tanilgan”, degan.
As-Sam’oniy shunday deydilar: “U shubhasiz, o‘z asrning tengi yo‘q imomidir.
Ibn Asir Jazariy aytadilar: “U Imom Hofiz edi. Va chiroyli tasniflari bor edi. Hadis fani bo‘yicha kitoblari ko‘p bo‘lib ulardan mashhuri “Al-jome’ al-kabir” kitobidir”.
Yana aytadilarki: “(U zot) mashhur hofiz olimlardan biridir. Va fiqhda ham zabardast edilar”.[18]
Abul Fido aytadilar: “U Hofiz, imom, shu qatorda ko‘zi ham ojiz edilar. Hadis ilmida unga ergashiladigan ulug‘ imomlardan edi”.[19]
Hokim Abu Ahmad aytadilar: “Umar ibn Ilkning bunday deganlarini eshitdim: “Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy vafot etdi. O‘zidan keyin Xurosonda ilm va taqvoda Abu Iso (imom Termiziy)ga teng keladigan merosxo‘r qoldirmadi . (Abu Iso Buxoriyning o‘limi sabab ko‘p) yig‘ladi, so‘ng ko‘zi ojiz bo‘lib qoldi”.[20]
Abu Fazl Al-Baylamoniy aytadi: “Nasr ibn Muhammad ash-Sherkuhiyning: “Men Muhammad ibn Iso at-Termiziyning Muhammad ibn Ismoil menga sen mendan foydalanganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim, dedilar”,- deganlarini eshitdim”-degan.[21]
Abu Xotam ibn Hibbon: “Termiziy hadislarni jamlagan, yozgan, ularni yodlab aytib berguvchi zokirlardan edi”,- degan.[22]
Is’ardiy aytadilar: “Abu Isoning ko‘p fazilatlari bo‘lib, ular boshqalar tomonidan to‘planib, rivoyat qilingan va ko‘pchilik bu xabarlardan voqif edi. Uning kitobi maqbul, boblari va fasllarida keltirilgan hadislar sahih ekanligiga ulug‘ olimlar, fazilatli shayxlar, faqihlar va o‘z ilmining bilimdoni hisoblangan hadis hofizlari ittifoq qilgan besh kitobning biridir”.[23]
Hofiz Abul Hajjoj al-Mizziy aytadi: “Abu Iso mashxur hofiz imomlaridan biri va Alloh u bilan musulmonlarni foydalantirgan insondir”.[24]
Abu Ja’far ibn az-Zubayr aytadi: “Hadis faniga oid ilmlarda Termiziyga biror kimsa tenglasha olmagan”.[25]
Mulla Ali al-Qoriy: “(U zot) Hujjat (deb nomlangan, aytgani surishtirilmasdan dalil bo‘ladigan) yagona imom. Ishonchli, mohir hofizdir”,[26]- deb aytgan.
Ibn Ammod al-Hanbaliy Termiziy haqida: “Ibn Iso zamondoshlari orasida eng mashxur, kuchli xotira va mohirlikda esa mo‘jiza edi”[27], deganlar.
Olimlar va hofizlar tomonidan Imom Termiziy haqidagi aytilgan bu maqtovlar u zotning hadis ilmida poyqadami qutlug‘, yurgan yo‘li to‘g‘ri, tabarruk, salafi solihlarning ishlarini puxta va ishonchli egallagani va bundan tashqari taqvo va zuhdda tengsiz ekaniga ulamolar ittifoq qilganini ko‘rsatib beradi. Imom Buxoriydek muhaddislar sultonining Imom Termiziydan hadis rivoyat qilgani va“Sen mendan foydalanganingdan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim”, degan so‘zlari Imom Termiziyning martabalari naqadar baland ekaniga dalolatdir.
Islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va Termiziy taxallusi bilan ijod qilganallomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas yurtimiz zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish maqsadidaO‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori avvalo xalqimiz, qolaversa barcha ilm ahllariga quvonchli xabar bo‘ldi. Mazkur o‘z vaqtida chiqarilgan Qaror ulug‘ ajdodlarimiz va ularning ilmiy merosini tadqiq qilish va abadiylashtirish yo‘lida barcha ilm ahllariga kuch-g‘ayrat, shijoat bag‘ishlaydi, degan umiddamiz.
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent islom instituti “Tahfizul-Qur’on” kafedrasi mudiri
[1]“Fazoilul-kitob al-jome’”, 96 b; Tahziybul-kamol, 26/250.
[2]“Tahziyb at-tahziyb”, 9/387.
[3]“Al-irshod ila ma’rifatil-ulamoil-hadis”, 3/904; “al-Ansob”, 2/361; 3/41
[4]“Al-bidoya van-nihoya”, 11/66
[5]Ibn Hibbonning “as-siqot” asari 9/153, Suyuutiyning “tobaqotul-huffoz” asari 282.
[6]“Tahziybul-kamol”, 26/250.
[7]“Al-Ansob” 2/361; “An-nafhush-shaziy” 1/167
[8]“Al-Ansob” 7/170,171; “An-nafhush-shaziy” 1/171.
[9]“Siyaru a’lamin-nubalo” 13/371
[10]“al-Vofiy bil-vafoyot” 4/290
[11]“Jome’ul-usul” 1/193
[12]“zofarul-amaniy”, 555-b.
[13]“Fazoilul-kitabil-jome’”, 40-b, “Tahziyb at-tahziyb”,9/389
[14]“Al-bidoya van-nihoya”, 11/67
[15]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389
[16]“Tahzibul-Kamol” 26/250/251.
[17]“Imom Termiziy” asari, 23-bet.
[18]“Jome’ul-usul”, 1/114.
[19]“Al-muxtasar”, 1/71.
[20]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389, yana “Tazkirotul-huffoz” va “Siyaru a’lamin-nubalo” kitoblaridagi Imom Termiziyning tarjimayi hollarida ham kelgan.
[21]“Tahziyb at-tahziyb”,9/389
[22]“As-siqot” 9/103
[23]“Fazoilul-kitab al-jome’”, 30-b.
[24]“Tahziybul-kamol” 26/250.
[25]“Qutul-mug‘taziy” 6-b.
[26]“Al-mirqotul-mafotih” 1/21.
[27]“Shazarotuz-zahab”, 2/174.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: لَمَّا قَدِمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْمَدِينَةَ وَأَمَرَ بِبِنَاءِ الْمَسْجِدِ، قَالَ: يَا بَنِي النَّجَّارِ، ثَامِنُونِي بِحَائِطِكُمْ هَذَا، قَالُوا: لَا وَاللهِ، لَا نَطْلُبُ ثَمَنَهُ إِلَّا إِلَى اللهِ تَعَالَى، أَيْ فَأَخَذَهُ فَبَنَاهُ مَسْجِداً. رَوَاهُ الثَّلَاثَةُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasulalloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida va masjid bino qilishga amr qilganlarida:
«Ey Bani Najjor! Men bilan mana bu bog‘ingizni baholashinglar», dedilar.
«Yo‘q! Allohga qasamki, uning bahosini faqat Allohdan so‘raymiz», deyishdi.
Bas, u zot uni olib, masjid qurdilar».
Uchovlari rivoyat qilganlar.
Bu rivoyatda Bani Najjor qabilasining o‘zlariga mulk bo‘lgan bog‘ yerini masjid qurish uchun vaqf qilganliklari haqida so‘z bormoqda.
Bani najjorliklarning bu himmatlari keyin ham barcha zamonlar va makonlarning muxlis musulmonlari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda. Masjid uchun hech narsasini ayamaslik yaxshi odat bo‘lib qolgan. Faqat musulmonligini emas, balki odamiyligini ham unutganlargina boshqacha tasarruf qilishi mumkin.
عَنْ عُثْمَانَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ حَفَرَ بِئْرَ رُومَةَ فَلَهُ الْجَنَّةُ، فَحَفَرْتُهَا. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَالنَّسَائِيُّ.
Usmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kim Ruma qudug‘ini kovlasa, unga jannat bo‘lur», deganlarida uni men kovladim».
Buxoriy, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.
Boshqa rivoyatlarda:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida u yerda Ruma qudug‘idan boshqa shirin suvli quduq yo‘q edi. «Kim quduqni sotib olib, o‘z chelagini musulmonlar chelagi bilan birga qilsa, unga jannatda yaxshiroq quduq berilur», dedilar. Shunda men uni o‘zimning asl molimdan yigirma besh yoki o‘ttiz besh ming dirhamga sotib oldim», deyilgan.
U Bani g‘iforlik bir kishining bulog‘i edi. Hazrati Usmon roziyallohu anhu uni quduq qilib kovlatdilar, qurilish qildilar va musulmonlar uchun atab, o‘z chelaklarida ular bilan bir qatorda suv olib, ichib yurdilar.
عَنْ سَعْدِ بْنِ عُبَادَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ قَالَ: يَا رَسُولَ اللهِ، إِنَّ أُمَّ سَعْدٍ مَاتَتْ، فَأَيُّ الصَّدَقَةِ أَفْضَلُ؟ قَالَ: الْمَاءُ، فَحَفَرَ بِئْرًا وَقَالَ: هَذِهِ لِأُمِّ سَعْدٍ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ. وَزَادَ: فَتِلْكَ سِقَايَةُ سَعْدٍ بِالْمَدِينَةِ. وَاللهُ أَعْلَى وَأَعْلَمُ.
Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«U kishi roziyallohu anhu:
«Ey Allohning Rasuli, Ummu Sa’d vafot etdi. Qaysi sadaqa afzal?» dedi.
«Suv», dedilar u zot.
Bas, u quduq qazidi va:
«Bu Ummu Sa’dga», dedi».
Abu Dovud va Nasaiy rivoyat qilganlar va:
«Ana o‘sha Sa’dning Madinadagi suvxonasidir»ni ziyoda qilganlar. Alloh oliy va bilguvchiroqdir.
Ushbu rivoyatdan savobini ma’lum kishiga atab vaqf qilish joizligi kelib chiqmoqda.
O‘sha vaqtda musulmonlar jamoasining ehtiyojiga binoan, shu ish qilingan. Keyinchalik ushbu ma’noda turli vaqflar qilingan. Turar joylar, madrasalar, muhtojlarga maosh bo‘ladigan narsalar vaqf qilingan.
Hozirgi musulmonlar ham bu ishlardan o‘rnak olishlari kerak. Chunki vaqf sadaqai joriya bo‘ladi, undan doimiy ravishda savob yetib turadi.
Dinimizdagi vaqflar tushunchasini hozirgi kundagi xayriya jamiyatlari tushunchasiga o‘xshatish mumkin. Albatta, ikkisi o‘rtasidagi farq juda ham katta. Bu nozik farqlarni ularni sinchiklab o‘rgangan kishilar yaxshi anglab yetishlari mumkin.
A’zolari oliymaqom insoniy fazilatlar sohibi bo‘lgan ummatgina hayotga, taraqqiyotga va dunyoda peshqadam bo‘lishga loyiqdir. Mazkur oliymaqom insoniy fazilatlardan yaxshilik, xayr-ehson va mehru shafqat barq urib turadi hamda ulardan jamiyatdagi barcha tabaqalar bahramand bo‘ladilar.
Musulmonlar xuddi ana shu oliymaqom fazilatlar bilan butun dunyoga yaxshilik urug‘ini sochgan jamoa a’zolaridir. Ular Qur’oni Karim va Payg‘ambarlari Muhammad alayhissalomning hadislarida kelgan butun mavjudotga yaxshilik qilish haqidagi ta’limotlarga amal qilgan holda yaxshilik, xayr-ehson va mehr-shafqat ulashib kelganlar.
Musulmonlarning xayriya ishlarining barchasiga dinimizdagi vaqflar haqidagi ko‘rsatmalar asos bo‘lgan.
Mazkur xayriya ishlarini qilishda barcha musulmonlarga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning o‘zlari bosh o‘rnak bo‘lganlar. U zot turli kishilar tark qilgan yettita bog‘ni miskinlar, faqirlar va hojatmandlar foydasiga vaqf qilganlar.
Keyin u zotga Hazrati Umar, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hazrati Ali, Zubayr ibn Avvom, Mu’oz ibn Jabal kabi sahobalar ergashib, katta miqdordagi vaqflarni qilganlar. Asta-sekin bu xayrli ish kengayib borgan va deyarli imkoni bor bo‘lgan barcha sahoblar vaqflar qilganlar.
Bu haqda ulkan sahobiy Jobir ibn Abdulloh: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muhojir bo‘lsin, ansoriy bo‘lsin, qudrati yetgan sahobalaridan biror kishining sotilmaslik, merosga qolmaslik va hadya qilinmaslik sharti ila o‘z molidan vaqf qilmaganini bilmayman», deydilar.
Keyin kelgan musulmonlar ham bu xayrli ishni sharaf bilan davom ettirdilar. Ular hisobsiz bog‘u rog‘larni, yerlarni, hovli-joylarni va boshqa turli-tuman mulklarni vaqf qildilar. Buning oqibatida hamma taraflarga xayriya muassasalari tarqaldi.
Mazkur vaqflar ikki xil bo‘lgan:
Birinchisi – davlat tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Ikkinchisi – shaxslar tomonidan tashkil qilingan vaqflar.
Xayriya muassasalarining eng birinchilaridan bo‘lgani masjidlardir. Musulmonlar masjid qurishda qadimdan bir-birlari bilan musobaqa qilib kelganlar.
Shuningdek, madrasalar ham bu borada Islom ummatining alohida e’tiborga sazovor ishlaridan biridir.
Vaqflar haqida so‘z ketar ekan, shifoxonalar, mehmonxonalar, zoviya – zikrxonalar, takyalar kabi muhtojlarga atalgan muassasalar haqida alohida ta’kidlash lozim bo‘ladi.
Kambag‘alligi tufayli turar-joy qura olmaydigan, uy sotib yoki ijaraga ololmaydigan oila va shaxslarga atalgan turar-joy vaqflari ham ko‘p bo‘lgan.
Yo‘lovchi va muhtojlarga suv tarqatishga atalgan alohida vaqflar ham hamma joylarda yetarli ravishda bo‘lgan. Kishilarga turli taomlar, non, go‘sht, holva va boshqa narsalarni tarqatadigan xayriya oshxonalari ham juda ko‘p bo‘lgan.
Makkai mukarrama va Madinai munavvaraga haj hamda ziyoratga kelganlarga atalgan takiyalar ham juda ko‘p bo‘lgan. Ulardan hozirga qadar ko‘pchilik foydalanib kelmoqda.
Yo‘lovchilar, ziroatlar, hayvonlar va muhtojlarni suv bilan ta’minlash niyatida hamma joylarda quduqlar qaziydigan vaqflar ham ko‘p bo‘lgan.
Musulmonlarning xayriya ijtimoiy muassasalari qatorida yo‘l va ko‘priklarni tuzatish bilan o‘z xizmatlarini taqdim qiladigan vaqflari ham bo‘lgan.
Tashlandiq va yetim bolalarga atalgan vaqflar ularni yedirish, ichirish, kiyintirish, yashash joyi bilan ta’minlash bilan birga, ularni xatna qildirishga ham katta ahamiyat berganlar.
Shuningdek, ko‘zi ojiz, shol va nogiron kishilarga atalgan vaqflar ularning huzur-halovat ila yashashlari uchun barcha kerakli narsalarni hozir qilganlar.
Qamoqdagilarga yordam beradigan, ularga oziq-ovqat va dori-darmon yetkazib beradigan vaqflar ham bo‘lgan.
Oila qurishda qiynalib qolgan yosh yigit-qizlarga oila qurishda kerakli barcha yordamlarni taqdim qiladigan vaqflar ham hamma joylarda muvaffaqiyat bilan ish olib borganlar.
Emizikli onalarni sut va qand bilan ta’minlaydigan xayriya muassasalari bo‘lib, bu kabi vaqfni birinchilardan bo‘lib, Salohuddin Ayyubiy tashkil qilgan edi. U kishi Damashq shahri qal’asi darvozalaridan biri yaqinida ikki tarnov qilib, biridan sut, ikkinchisidan qandli suv oqib turadigan qilgan edi. Onalar har haftada ikki marta kelib, bolalari uchun sut va qandli suv olib ketar edilar.
Idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yordam beradigan vaqflar o‘yinqaroqlik qilib, idishlarini sindirib qo‘ygan bolalarga yangi idish berar edilar. Bolalar esa yangi idishlarni olib, xuddi hech narsa bo‘lmagandek, ota-onalari huzurlariga bemalol boraverar edilar.
Musulmonlarning xayriya tashkilotlaridan hamma barobariga foyda topar edi. Hatto qarovsiz qolgan hayvonlarga yordam beradigan xayriya tashkilotlari ham turli joylarda o‘z xizmatlarini ado etar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi