Kitobdan yaxshiroq do‘st yo‘q jahonda
G‘amxo‘ring bo‘lgay u g‘amgin zamonda
U bilan qol tanho hech bermas ozor
Joningga yuz rohat beradi takror
Abdurahmon Jomiy
Islom dini ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi dindir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga nozil qilingan dastlabki oyatlarda ilm olishga undash ma’nosi borligining o‘zi ham, Islom ilmu ma’rifat dini ekanligining yorqin dalilidir:
"O‘qing (ey, Muhammad! Butun borliqni) yaratgan zot bo‘lmish Rabbingiz ismi bilan!” (Alaq,1).
Abdulloh ibn Abbos (r.a.) shunday deganlar: "Sulaymon ibn Dovud(a.s.)ga ilm, mol-dunyo va podshohlikdan birortasini tanlashlik. ixtiyori berilganda, u Zot ilmni tanladilar. Natijada, Alloh taolo u Zotga ilm bilan birga mol-dunyo va podshohlikni ham qo‘shib berdi". Zero, ilm aql chirog‘i deydilar. Ilmli kishining yo‘li doimo charog‘on bo‘lib, u hamma yerda ham qadrlanadi. Bu dunyoning qoim turishi ham olimlarning ilmiga bog‘liq ekanligi Payg‘ambarimiz (s.a)ning hadislarida bayon etilgan. Hazrat Ali (k.v.) shunday deganlar: "Ilm mol-dunyodan yaxshidir, chunki ilm seni nojoiz ishlarni qilishdan saqlaydi. Molni esa o‘g‘irlab ketmasliklari uchun o‘zing qo‘riqlaysan. Mol-dunyo sarf qilinsa kamayadi, ilm esa tarqatish bilan yanada ziyoda bo‘laveradi".
Kitob — insonnint eng yaqin do‘sti va maslahatchisi, aql qayrog‘i va bilim manbaidir. Kitob fikrlash quroli, xazinalar kaliti, tafakkur manbai bo‘lgani uchun ham xalqimiz uni nonday aziz, mo‘tabar va muqaddas deb hisoblagan. Shuning uchun kitobta muhabbat, uni qadrlash, o‘qishga ishtiyoq xalqimiznint qon- qoniga singib ketgan. Kishining madaniyati uning kitobida aks etadi. Shu ma’noda bugungi kunda kitob o‘qish va unga munosabat bir qadar susaygandek. Chunki yoshlar ko‘proq kino, video, televideniye, kompyuterga berilib ketdi. Kompyuter hozirgi kunda ko‘pgina xonadonlarga ham kirib kelgan. Istalgan yangiligu axborotlarni bu vositalardan xohlagancha olish mumkin. Achinarlisi, bugun kitob o‘qish uchun vaqt sarflashga hojat yo‘qdek. Aslida, hech bir axborot vositasi, kino yoki videofilm badiiy asar o‘rnini bosolmaydi. Masalan, "O‘tgan kunlar" romani asosida ishlangan film qanchalik mahorat bilan suratta olingan bo‘lmasin, kitobning ta’sirini, jozibasini berolmaydi. Kitobxonlik oiladagi muhitga ham bog‘liq. Ma’rifatli oilalarda kitobga e’tibor farzandlar tarbiyasida qo‘l keladi. Inson o‘zining fikrlash qobiliyati, ma’naviyat dunyosi bilan tirik. Odamni boshqa mavjudotlardan ajratib turuvchi omillardan biri ham uning ma’naviyati hisoblanadi.
Xo‘sh, biz insonlar ma’naviy ozuqani qayerdan olamiz? Albatta, "bilimlar manbai" bo‘lmish kitobdan. Kitob - bebaho boylik ekani barchamizga ma’lum. Birorta san’at turini televideniye va radio, zamonaviy kompyuterlar imkoniyati va afzalliklarini inkor qilmagan holda aytish mumkinki, bularning hech biri kitob o‘rnini bosa olmaydi. Ayniqsa, badiiy kitoblar har bir kishida insoniy fazilatlarini kuchaytiradi, dunyoqarashini kengaytiradi. "O‘zimdagi barcha yaxshi xislatlarim uchun kitobdan minnatdorman", degan edi o‘z davridagi allomalardan biri.
Darhaqiqat, kitob bizning do‘stimiz hisoblanadi. Lekin afsuski, bugungi kunda oramizda bu bebaho-ma’naviy boylikdan bahramand bo‘lish o‘rniga "Internet kafe"larda vaqtini behuda o‘tkazayotgan yoshlar uchrab turadi. Avvallari na kompyuter, na internet bo‘lgan. Ota- bobolarimiz "Boburnoma", "O‘tkan kunlar", "Mehrobdan chayon" singari bebaho asarlarni o‘qib, ulg‘ayishgan. Xo‘sh bugunchi? Ko‘pchilik, ayniqsa, yoshlar internetni kitobdan afzal bilishadi. Shu o‘rinda, bu zamonaviy axborot vositasining salbiy oqibatlari ham yo‘q emasligini unutmaslik lozim. U tufayli bugun kitobga bo‘lgan mehr tobora kamayib boryapti. Unutmaylikki, kitob bizning eng yaxshi do‘stimizdir. Biz qancha ko‘p kitob o‘qiganimiz sari, shuncha tushunchamiz kengayadi. Afsuski, ko‘p yoshlar internetni kitobdan ustun qo‘ymoqda. Bu esa ularni dangasalikka giriftor qilmoqda. Kitob - bu oftob, u bilimlar sarchashmasidir. Kitobni inson tafakkurinint qanotlariga o‘xshatishgan. Zero, tafakkuri, fikr doirasi keng ma’rifatli kishilar jamiyatnint chinakam boyligidir. Aksincha, hayotda ro‘y berib turadigan ayrim noxushliklar ildizi esa ma’rifatsizlik, kitob o‘qimasliknint achchiq mevasidir. Temirni zang kemirganidek, odamni ham ma’naviyatsizlik mo‘rt qiladi. Ma’naviyat esa insonga kitob o‘qish orqali yuqadi. Har qanday yangilik ham bir kun eskiradi, biroq insoniyatnint ming-ming yillar davomida qo‘lga kiritgan aqliy hamda fikriy durdonalarini o‘zida jamlagan kitoblar aslo eskirmaydi. Binobarin, kitob-hamisha ilm-ma’rifat, adab va axloq manbai bo‘lib kelgan. Bugungi kunda yosh avlodni milliy qddriyatlar ruhda tarbiyalashda ham kitobdan ko‘ra qudratliroq vosita yo‘q. Inson aqliy salohiyatining yuksalishida kitobning o‘rni beqiyos. Zero, kitob tufayli dunyoqarashimiz boyib, tafakkurimiz yanada o‘sib boraveradi. Ne-ne ulug‘ zotlar kitobga oshno bo‘lib, yetuklikka erishgan, komil inson darajasiga yetishganlar.
Kitob - inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltiruvchi muhim manbaa hisoblanadi. Kitob o‘qigan inson mulohazali, bilimli bo‘lib, yuksak tafakkuri ila boshqalardan o‘zining dunyoqarashi va fikrlashi bilan ajralib turadi. Kitob bilan oshno bola yaxshi inson bo‘lib ulg‘ayadi. Shuning uchun ham oilada, bog‘cha va maktablarda bolalarning kitobga mehrini, adabiyotga qiziqishini oshirish ota-onalarning, o‘qituvchilarning vazifasi.
Ko‘p kitob o‘qigan kishining bilim saviyasi yuqori, muomala madaniyati yuksak, yetuk inson sifatida hayotda o‘z o‘rnini topa oladi. Biroq, bugungi kunda kitobga, kitob o‘qishga bo‘lgan ehtiyoj va intilish, ayniqsa, yoshlar orasida tobora kamayib bormoqda. Bu esa juda achinarlidir. Qanchadan-qancha kitoblar, kitob jovonlari va do‘konlarida shunchaki ko‘rgazma sifatida turibdi. Tabiiy savol tug‘iladi. Nega shunday? Nima uchun kitob o‘qimay qo‘yyapmiz?
Ming afsuski, kitob o‘qish o‘rniga qimmatli vaqtini bekorchi ko‘ngilochar o‘yinlarga sarflayotgan insonlar ham oramizda oz emas. Undaylar fikrlashda, o‘zini tutishda ham ma’naviyati yuksak emasliklarini namoyon etib ko‘yishadi. Texnika asri davrida yashayapmiz, kundan-kunga texnik vositalar taraqqiylashib, ularga bo‘lgan ehtiyoj ortib bormokda. Xususan, qo‘l telefonlari, turli internet tizimini bunga misol qilishimiz mumkin. To‘g‘ri, Yurtimizda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Chunki millatimiz sha’nini, milliy g‘ururimizni yuksaltiruvchi bu - yoshlar. Shu bois, turli millat va elatlarning yoshlari kabi o‘zbek yoshlari ham dunyo bilan muloqotda bo‘lishi kerak. Bunga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin ayrim yoshlar berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish o‘rniga, internetdagi ko‘ngilochar o‘yinlar, tanishuvlar, yoshlar ongini zaharlovchi saytlarga kirib, u yerdagi ma’lumotlar bilan tanishmoqdalar. Buning oqibatida ularning dunyoqarashi bir tomonlama bo‘lib qolmoqda.
Qadimda buyuk shoir va yozuvchilarimiz, olimlarimiz kitobga shu qadar mehr qo‘ygan edilarki, hatto tunlari sham yorug‘ida kitob mutolaa qilganlar. So‘z mulkining sultoni Navoiy xazratlari 7 yoshida Farididdin Attorning "Mantiqut-tayr" asarini yod olgan, buyuk muhaddisimiz Imom al-Buxoriy hazratlari esa olti mingdan ziyod hadisni yod bilgan. Ammo u davrlarda bizga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning bir qismi ham bo‘lmagan. Lekin ular o‘z maksadlari sari intilib, yuksak ma’naviyat sohibiga aylanishgan. Demak, biz uchun berilayotgan imkoniyatdan unumli foydalanish xar birimizning o‘zimizga bog‘liq. To‘qlikka sho‘hlik esa o‘zbek millatiiing yoshlariga xos fazilat emas. Aslini olganda, ayrim yoshlarimiz bunday loqaydlikdan yirok. Ular o‘zlarining hur fikrligi va yuksak ma’naviyati bilan ajralib turadi. Birok, guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi insonlar orasida ham ma’naviy qashshok kishilar yo‘q emas. Bundaylarning loqaydliklari natijasida "yengil hayot" ixlosmandlari safi ortib bormoqda. Oqibatda kitobni o‘qish unutilmoqda. Ma’naviyati sayoz, kitob o‘qimaydigan insonlar oilasida tarbiya topayotgan farzandlar kelajakda barkamol shaxs bo‘lib ulg‘aymaydi.
Shu bois, har bir inson bilimlar kaliti bo‘lmish - kitob bilan do‘st bo‘lmog‘i lozim. Axir dunyoda kitobdan kura yaxshirok do‘st va maslakdosh yo‘q.
Atoqli adibimiz Oybek ta’rificha, kitob - tafakkurning tolmas qanotlaridir. Shu ma’noda aytish mumkinki, kitob - insonning qalb gavhari, tafakkur xazinasidir. Biz shunday yo‘l tutaylikki, toki farzandlarimiz uchun kitob eng bebaho sovg‘aga aylansin. Shundagina fardandlarimiz biz orzu qilganday, ma’naviy yetuk, teran fikrlay oladigan, katta va kichik mehribon, Vataniga sodiq, insofli, diyonatli va oliyjanob insonlar bo‘lib kamol topadilar.
Odiljon NARZULLAYEV,
Yangiyo‘l tumani “Jome” jome masjidi imom xatibi.
Shukuh
Mamlakatimizda muborak Qurbon hayitini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash yaxshi an’anaga aylangan. Bayram kunlari yurtimizda mehr-oqibat, insonparvarlik, shukronalik, saxovat va bag‘rikenglik kabi xalqimizga xos ezgu fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Ushbu muborak ayyomda qarindosh-urug‘lar, yaqinlar, yolg‘iz keksalar holidan xabar olinadi, ko‘makka muhtoj insonlarga yordam beriladi, qisqacha aytganda, jamiyatda birdamlik va ahillik muhiti yana ham mustahkamlanadi.
Kezi kelganda, bugun mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga chiqqanini, barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘plab islohotlar amalga oshirilayotganini, yutuqlarga erishilayotganini alohida qayd etish lozim.
Yangi O‘zbekistondagi bu muvaffaqiyatlar zamirida fuqarolarning vijdon erkinligi huquqlarini ta’minlash borasidagi yangilik va yengilliklarni alohida qayd etish, xususan, ikki muhim hujjatni eslab o‘tish lozim.
Birinchisi — “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun, ikkinchisi — Prezidentimizning “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. Ushbu ikki muhim hujjat tom ma’noda diniy-ma’rifiy soha samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishning mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi.
Farmonga asosan, ko‘hna Buxoroda Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bu xalqimiz, xususan, diniy-ma’rifiy soha vakillari uchun katta xushxabardir. Ushbu markaz tom ma’noda buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish kabi asosiy vazifalarni bajaradi. Naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etadi. Tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qiladi va soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqadi.
Sirasini aytganda, ushbu markaz ham Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi singari uchinchi Renessansni qaror toptirish yo‘lidagi yana bir mustahkam ilm va aql markazi bo‘ladi, albatta.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston Prezidentining Qurbon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ta’kidlanganidek, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi — Samarqand shahri 2025 yilda Islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda.
Poytaxtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz hamda xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanajak, albatta.
Shukrki, maqtansak arziydigan bu kabi xushxabar va yangiliklar bisyor. Ayniqsa, ayni hayit kunlarida bu yurtdoshlarimiz kayfiyatini yanada ko‘tarishi, bayramga o‘zgacha shukuh qo‘shishi muqarrar.
Kezi kelganda aytish joizki, muborak Qurbon hayitining ahamiyati yangi O‘zbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish jarayonlari hal qiluvchi bosqichga kirayotgan bugungi sharoitda tobora ortib bormoqda. Bu muborak kunda yaqinlar bilan ko‘rishish, uzoqlashgan do‘stlar bilan yarashish, qarindosh-urug‘larga ziyoratga borish — barchasi mehr-oqibat va insonlar o‘rtasidagi uzviy aloqalarni mustahkamlaydi.
Hayit faqat bayramgina emas, balki ming yillar davomida shakllangan qadriyatlarimiz tarannumi hisoblanadi. Odatda ushbu ayyomda hamma bir-birini bayram bilan samimiy muborakbod etadi, qurbonliklar qilinadi. Qurbonlik go‘shtidan va taomidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan insonlar, turli millat va din vakillariga ulashiladi. Bu, o‘z navbatida, saxiylik, shukronalik, jamiyatdagi tenglikni ta’minlashga qaratilgan ulkan ibrat hamda muhtojlar, yetim-yesirlar va e’tiborga muhtoj insonlar haqida qayg‘urishning amaliy ifodasi, qolaversa, o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining yanada mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi.
Hayit ayyomingiz muborak bo‘lsin!
Homidjon ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.