Islom olamida mo‘tabar bo‘lgan ulamolardan biri, shubhasiz, Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Abu Abdulloh Zahabiy Shofe’iydir.
Imom Zahabiy hijriy 673 yili Suriyaning Damashq shahrida tavallud topganlar.
«Zahabiy» taxallusi u kishiga otalarining kasbiga nisbatan berilgan bo‘lib, «zargarning o‘g‘li» degan ma’noni anglatadi.
Hadis ilmi bilan 18 yoshdan shug‘ullanishni boshladilar, Ba’labakka, Hims, Hama, Aleppo, Tripoli, Nabulus, Ramla, Qohira, Iskandariya, Quddus, Hijoz kabi jami o‘ttizta shaharda bo‘ldilar. Ilm tahsili uchun juda ko‘p olimlarning xizmatida turdilar. Ibn Zahiriy, Abarquhiy, Shayxul-Islom Ibn Daqiq Iyd (Imom Zahabiy u kishining oldiga ilm o‘rgangani kelganida, imtihon qilib: «Abu Muhammad Hiloliy kim?» deb so‘ragan, Imom Zahabiy: «Sufyon ibn Uyayna», deb to‘g‘ri javob bergach, Ibn Daqiq Iyd u zotni shogirdlikka qabul qilgan), davrining yetuk hadisshunos olimi Sharafiddin Dimyatiy, Jaloliddin Abu Ma’li Ansoriy kabi olimlardan hadis va fiqh ilmini o‘rgandilar. So‘ng Damashq shahriga qaytib, hadis ilmidan dars berdilar, islom olamida nomlarini mashhur etgan kitoblarini yozdilar.
73 yoshda ko‘z nuridan ayrildilar va ikki yildan so‘ng foniy dunyoni tark etdilar. Uchta farzandi bor edi: qizining ismi Amat Aziz va o‘g‘illari Abdulloh bilan Abu Hurayra Abdurahmon. Abdurahmon keyinchalik hadis ilmi peshvosiga aylanib, Ibn Nasriddin Damashqiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlarga dars berdi, otasidan eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qildi.
Imom Zahabiy 75 yil umr ko‘rdilar, islom olamida hadis ilmining sultoni, qomusiy ilmlarga ega tarixchi, shajarashunos va shayxul islom sifatida nom qozondilar.
Imom Zahabiyning mashhur asarlari:
Imom Zahabiyning qirqqa yaqin asarlari bo‘lib, ularning ichida eng ko‘p tarqalgani, shubhasiz, «Kaboir» kitobidir. Qur’on va hadisda tilga olingan, had-jazo belgilangan, Alloh taolo va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam la’natlagan gunoh ishlar ushbu kitobda batafsil yoritilgan.
Inson yomon va munkar ishlarni qolmasligi uchun uni yaxshilab tanib olishi kerak. Ushbu kitob bizga bu borada katta yordam beradi. To‘g‘ri, oldin ham katta gunohlar haqida ba’zi risolalar chop etilgan. Lekin biz Alloh taoloning: “Va eslatgin. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur”[1], degan oyatiga amal qilgan holda eslatmoqchimiz xolos.
Alloh taolo bandalari katta gunohlardan saqlansa, mayda-kichik gunohlarini kechirishini aytgan. O‘qiyotgan besh vaqt namozimiz, tutayotgan ro‘zamiz, juma namozlarimiz ham, gunohi kabiralardan saqlanar ekanmiz, kichik gunohlarimizni yuvib turadi. Shuning uchun kabiralardan saqlanmog‘imiz, mabodo, beixtiyor ulardan birortasini sodir etib qo‘ysak, tavba va pushaymonlik o‘ti ila uni kuydirmog‘imiz lozim. Gunohlardan chekinish va ulardan poklanish yo‘lida ushbu kitob o‘quvchilarga zarur qo‘llanma bo‘ladi insha Alloh. Uni o‘qib, uqib, nafsida naf topganlar avvalo Imom Zahabiy hazratlarining haqlariga duoi xayrlar qilgaylar.
Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Barchamizga U zotning huzuriga gunohlarsiz, pok holda borishimizni nasib aylasin.
Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy
Davomi bor...
Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi
Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li
[1] Zariyat, 55.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
ULUG‘ HISOB-KITOB BO‘LISHI BAYONI
- 55حِسَابُ النَّاسِ بَعْدَ الْبَعْثِ حَقٌّ فَكُونُوا بِالتَّحَرُّزِ عَنْ وَبَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Qayta tirilishdan keyin insonlarning hisob berishlari haqdir, shunday ekan (ey insonlar) yomon oqibatdan (qiyomatda yomon hisobga yo‘liqishdan) saqlanishda bo‘linglar.
Nazmiy bayoni:
Qiyomatda hisob bo‘lmog‘i aniq,
Yomon oqibatdan saqlan, xaloyiq.
Lug‘atlar izohi:
حِسَابُ – mubtado.
النَّاسِ – muzofun ilayh.
بَعْدَ – zarfi zamon.
الْبَعْثِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “yuborish”, “jonlantirish”, “uyg‘otish” kabi ma’nolarni anglatadi.
حَقٌّ – xabar. Voqelikning berilgan hukmga muvoq bo‘lishi haq deyiladi.
كُونُوا– noqis fe’l, oxiridagi واو ismi.
بِ – “majoziy zarfiyat” ma’nosida kelgan.
تَّحَرُّز – “saqlanish”, “o‘zini asrash” va “ehtiyot bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur كُونُوا ning xabari ekaniga ko‘ra nasb o‘rnida turibdi.
وَبَالِ – “zarar”, “halokat” ma’nolarida bo‘lib, yomon oqibatga olib boruvchi narsalarga nisbabtan ishlatiladi. Jor majrur تَّحَرُّز ga mutaalliq.
Matn sharhi:
Bayt mazmunidan, ey insonlar, kelajakda hisob-kitob bo‘lishi haqdir, shuning uchun o‘tkinchi narsalarga aldanib qolmanglar, zimmalaringizdagi Alloh taoloning haqlarini ham, insonlarning haqlarini ham ado etinglar, agar hozir ado etmasangiz, ulug‘ hisob-kitob kunida badalini to‘laysizlar, degan ma’no tushuniladi.
So‘fi Ollohyor bobomiz qayta tirilgandan keyingi hisob-kitobni quyidagi sodda va ravon so‘zlari bilan bayon qilgan:
Udur hokim nechukkim hukm qildi,
Tiril degach hama olam tirildi.
* * *
Yig‘ar mahshar yerida barcha jonni,
So‘rar bandasidin yaxshi-yomonni.
Ya’ni o‘sha kunda insonlar hisob-kitob joyidan yaxshi va yomon qilgan amallarining samaralarini ko‘rish uchun guruh-guruh bo‘lib qo‘zg‘aladilar. Tuproq zarrasi vaznidagi yaxshi amalni qilgan bo‘lsa, uni o‘zining amallari yozilgan sahifada borligini ko‘radi va o‘shanga loyiq mukofotni oladi. Ibn Abbos roziyallohu anhu zarra haqida: “Kaftingizni yerga qo‘yib ko‘targanda unga yopishgan har bir tuproq zarradir,” – degan.
Ya’ni o‘sha kunda qilingan barcha yaxshiyu yomon amallar sohibidan aslo ajramaydi. Hammaga amallari yozilgan kitob ochiq holatda ko‘rsatiladi. Bu kitobda yaxshi ishlar ham, yomon ishlar ham, ochiq-oydin ko‘rinib turadi, birortasi ham pinhon qolmaydi. Kitob sohibiga, amallaring yozilgan kitobni o‘qi! Bugungi kunda qilgan amallaringga o‘zing guvohlik berasan! Boshqa guvoh yo boshqa hisobchiga muhtoj bo‘lmaysan, – deyiladi.
Qilingan yaxshi ishlarning mukofotlari ko‘paytirib beriladi, yomon ishlarga esa ko‘paytirilmasdan jazo beriladi:
Ushbu o‘n baravar oshirib mukofotlash ham aslida ko‘p mukofot berishning eng ozi hisoblanadi. Chunki gohida yetti yuz baravariga beriladigan yoki undan ham ko‘piga beriladigan mukofot beriladi. Yomon amal qilganlarga esa qilgan yomonliklaridan oshiqcha jazo berilmaydi, qilgan yomonligiga belgilangan jazoning o‘zigina beriladi. Yaxshi amallarning mukofotini ko‘paytirib berish, Alloh taoloning fazlu marhamati bo‘lsa, yomon ish qilganlarni qilmishlariga yarasha jazolashi U zotning adolati hisoblanadi.
Shuningdek, kofir jinlarning ham azobga giriftor etilishini ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Jin surasida quyidagicha xabar berilgan:
“Ammo (yo‘ldan) ozganlarga esa, bas, ular jahannamga o‘tin bo‘luvchi kimsalardir”[4].
Ya’ni to‘g‘ri yo‘ldan ozib, iymon keltirmagan kofir jinlar, kofir insonlar kabi jahannamga “o‘tin” bo‘ladilar.
Ammo mo‘min jinlarning jannatga kirishlari to‘g‘risida ixtilof bo‘lib, bu haqida Badriddin Shibliy Hanafiy[5] o‘zining mashhur “Okomul marjon fi ahkamil jan”[6] kitobida to‘rt xil so‘zni keltirgan.
MO‘MIN JINLARNING JANNATGA KIRISHLARI HAQIDAGI QARASHLAR
“Ulamolar mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqida to‘rt xil qarashni aytganlar:
1. Jumhur ulamolar mo‘min jinlarni jannatga kiradi, deb hisoblaydilar. Ushbu qarashni Ibn Hazm “Milal” kitobida Abu Ya’lo, Abu Yusuf va boshqa ko‘pchiliklardan rivoyat qilgan;
2. Jinlar jannatga kirmaydilar, balki uning atrofida bo‘ladilar. Insonlar ularni ko‘radilar, ular esa insonlarni ko‘rmaydilar. Ushbu qarash Molik, Shofi’iy, Ahmad, Abu Yusuf va Muhammadlardan rivoyat qilingan;
3. Jinlar A’rofda[7] bo‘ladilar;
4. Bu haqida hech qanday gap aytmaslik”[8].
JINLAR VA SHAYTONLAR ORASIDAGI FARQLAR
Jinlar va shaytonlar orasidagi farqlar haqida “Aqidatul mu’min” kitobida quyidagilar yozilgan: “ Jinlar ikki turli bo‘ladi:
1. Shaytonlar. Bularda hech qanday yaxshilik bo‘lmaydi;
2. Jinlar. Bular orasida solihlari ham, yomonlari ham bo‘ladi.
Jinlarning holati insonlarga o‘xshash bo‘lib, ular orasida xushfe’llari ham, badfe’llari ham, mo‘minlari ham, kofirlari ham bo‘ladi.
Shaytonlar aslida jinlarning vakillari hisoblanadi. Zero, iblisning jinlardan bo‘lgani Qur’oni karimda xabar berilgan:
Shayton ilohiy rahmatdan quvilib, barcha yaxshiliklardan kesilgach, mazkur ishlar uning zurriyotlariga ham meros bo‘lib o‘tgan. Shuning uchun shaytonlarda aslo yaxshilik bo‘lmaydi, ular faqat yomonlikni biladilar va doim yomonlikka chaqiradilar. Bularning holatiga ilon ancha yaqin misol bo‘la oladi. Ya’ni ilondan faqat ilon tug‘iladi, ilon nasli borki, barchasi doim zahar solish payida bo‘ladi. Xuddi shu singari, shaytonlardan ham faqat shaytonlar tug‘iladi, shayton nasli borki, doim odam bolalarini yo‘ldan urish payida bo‘ladi.
Shuningdek, aslida shayton bo‘lmagan jin va insonlar ham iflos ishlarni qilishlari va tug‘yonga ketishlari sababli shaytonga aylanib boradilar. Shaytonga aylanganlarining ashaddiylari “Marid” deyiladi, yanada bundan ham ortiq tug‘yonga ketganlari “Ifriyt” deb nomlanadi.
Shaytonlarning vasvasa qilishlari haqida Qur’oni karimda shunday xabar berilgan:
“Shuningdek, har bir payg‘ambarga insu jinning shaytonlarini dushman qilib qo‘ydik. Ular aldash maqsadida soxta xushsuxanlik bilan bir-birlariga vasvasa qiladilar”[10].
Ushbu oyat shaytonlarning insonlardan ham, jinlardan ham bo‘lishiga dalolat qiladi. Jinlarning turli bo‘lishi haqida esa ularning tilidan hikoya tarzda shunday xabar berilgan:
“Va albatta, bizdan solihlar ham va boshqalar ham bor. Turli guruhlar bo‘lgan edik”[11].
Ushbu oyatda esa jinlarning oralarida solihlari ham bo‘lishi bayon qilingan”[12].
Keyingi mavzular:
Nomai a’mol berilishi haqidagi e’tiqodimiz.
[1] Zalzala surasi, 7, 8-oyatlar.
[2] Isro surasi, 13, 14-oyatlar.
[3] An’om surasi, 160-oyat.
[4] Jin surasi, 15-oyat.
[5] Badriddin Shibliy Hanafiy hijriy 712 yilda Damashqda tug‘ilgan. Hanafiy mazhabidagi ulug‘ muhaddis olimlardan biri bo‘lgan bu zotning “Fusul fi ahvali Rasul”, “Kashful ibham bisharhil ahkam”, “Nashrul a’lam fi ahkamis salam” va “Okomul marjan fi ahkamil jan” kabi ko‘plab asarlari bo‘lgan. Hijriy 796 yilda vafot etgan.
[6] “Okomul marjon fi ahkamil jan” kitobi jinlarga taalluqli hukmlarni bayon qiluvchi eng mo‘tabar asarlardan biri hisoblanadi. Unda jinlarning mavjudligi, ularning sinflari, sahoba jinlar, mo‘min jinlarning jannatga kirishlari haqidagi qarashlar kabi rang-barang mavzulardagi ma’lumotlar jamlangan. Badriddin Shibliydan keyingi olimlar jinlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bayon etishda, asosan, ushbu kitobdan foydalanishgan. “Fathul Boriy sharhu Sahihil Buxoriy”dek mo‘tabar kitobda ham agarchi nomi bayon qilinmagan bo‘lsa-da, ushbu kitobdan iqtibos keltirilgan.
[7] “A’rof – jannat bilan do‘zaxni ajratib turadigan devor, arasot. Bu joy jannatga ham, do‘zaxga ham kirmagan, ya’ni vaqti soati kelib, Alloh taolo ularni jannatga kiritgunga qadar ma’lum muddat turadigan kishilarning joyidir”. Qarang: Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. – Toshkent: “Toshkent islom universiteti” nashriyot-matbaa birlashmasi, 2006. – B. 151.
[8] Badriddin Shibliy Hanafiy. Okomul marjon fi ahkamil jan. – Qohira: “Dorul haram litturos”, 2009. – B 155.
[9] Kahf surasi, 50-oyat.
[10] An’om surasi, 112-oyat.
[11] Jin surasi, 11-oyat.
[12] Abu Bakr Jobir Jazoiriy. Aqidatul mu’min. – Madinai munavvara: “Maktabatul ulum val hikam”, 2009. – B. 122.