Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Imom Zahabiy va uning «Kaboir» nomli asari

13.02.2017   8341   4 min.
Imom Zahabiy va uning «Kaboir» nomli asari

Islom olamida mo‘tabar bo‘lgan ulamolardan biri, shubhasiz, Muhammad ibn Ahmad ibn Usmon Abu Abdulloh Zahabiy Shofe’iydir.

Imom Zahabiy hijriy 673 yili Suriyaning Damashq shahrida tavallud topganlar.

«Zahabiy» taxallusi u kishiga otalarining kasbiga nisbatan berilgan bo‘lib, «zargarning o‘g‘li» degan ma’noni anglatadi.

Hadis ilmi bilan 18 yoshdan shug‘ullanishni boshladilar, Ba’labakka, Hims, Hama, Aleppo, Tripoli, Nabulus, Ramla, Qohira, Iskandariya, Quddus, Hijoz kabi jami o‘ttizta shaharda bo‘ldilar. Ilm tahsili uchun juda ko‘p olimlarning xizmatida turdilar. Ibn Zahiriy, Abarquhiy, Shayxul-Islom Ibn Daqiq Iyd (Imom Zahabiy u kishining oldiga ilm o‘rgangani kelganida, imtihon qilib: «Abu Muhammad Hiloliy kim?» deb so‘ragan, Imom Zahabiy: «Sufyon ibn Uyayna», deb to‘g‘ri javob bergach, Ibn Daqiq Iyd u zotni shogirdlikka qabul qilgan), davrining yetuk hadisshunos olimi Sharafiddin Dimyatiy, Jaloliddin Abu Ma’li Ansoriy kabi olimlardan hadis va fiqh ilmini o‘rgandilar. So‘ng Damashq shahriga qaytib, hadis ilmidan dars berdilar, islom olamida nomlarini mashhur etgan kitoblarini yozdilar.

73 yoshda ko‘z nuridan ayrildilar va ikki yildan so‘ng foniy dunyoni tark etdilar. Uchta farzandi bor edi: qizining ismi Amat Aziz va o‘g‘illari Abdulloh bilan Abu Hurayra Abdurahmon. Abdurahmon keyinchalik hadis ilmi peshvosiga aylanib, Ibn Nasriddin Damashqiy va Ibn Hajar Asqaloniy kabi olimlarga dars berdi, otasidan eshitgan ko‘plab hadislarni rivoyat qildi.

Imom Zahabiy 75 yil umr ko‘rdilar, islom olamida hadis ilmining sultoni, qomusiy ilmlarga ega tarixchi, shajarashunos va shayxul islom sifatida nom qozondilar.

Imom Zahabiyning mashhur asarlari:

  • Tarixul Islom. Katta bibliografik qomus.
  • Al-Ibar bi axbar man abar. Olimlar haqida keng bibliografik tarix.
  • Duvalul Islom. Siyosiy shaxslar va voqealar haqida.
  • Siyaru a’lamin-nubala.
  • Tazkiratul huffaz. Hadis olimlari tazkirasi. Abu Bakr Siddiqdan boshlab to o‘zlari yashagan davrigacha o‘tgan hadis roviylari va olimlari hayotiga bag‘ishlangan asar. Keyinchalik Imom Suyutiy bu kitobni o‘z zamondoshlari bilan boyitib, «Tabaqatul huffaz» asarini yozganlar.
  • Tabaqatul qurro. Qur’on olimlarining hayotiga bag‘ishlangan kitob.
  • Zikru man yu’tamid qavluhu fil jarhi vat-ta’dil. Ishonchliligi jarh va ta’dil yo‘lida tekshirilgan hadis roviylariga bag‘ishlangan kitob.
  • Muxtasaru Sunan al-Bayhaqiy.
  • At-tajrid fi asmaais-sahaba. Sahobalar haqida lug‘at.
  • Muxtasaru al-Mustadrak lil Hakim. Hakimning «Mustadrak» asariga qisqa sharh.
  • Muxtasaru tarixi Naysabur lil Hakim.
  • Nabaud-Dajjal. Dajjol haqidagi hadis va rivoyatlar monografiyasi.

Imom Zahabiyning qirqqa yaqin asarlari bo‘lib, ularning ichida eng ko‘p tarqalgani, shubhasiz, «Kaboir» kitobidir. Qur’on va hadisda tilga olingan, had-jazo belgilangan, Alloh taolo va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam la’natlagan gunoh ishlar ushbu kitobda batafsil yoritilgan.

Inson yomon va munkar ishlarni qolmasligi uchun uni yaxshilab tanib olishi kerak. Ushbu kitob bizga bu borada katta yordam beradi. To‘g‘ri, oldin ham katta gunohlar haqida ba’zi risolalar chop etilgan. Lekin biz Alloh taoloning: “Va eslatgin. Albatta, eslatish mo‘minlarga manfaat berur”[1], degan oyatiga amal qilgan holda eslatmoqchimiz xolos.

Alloh taolo bandalari katta gunohlardan saqlansa, mayda-kichik gunohlarini kechirishini aytgan. O‘qiyotgan besh vaqt namozimiz, tutayotgan ro‘zamiz, juma namozlarimiz ham, gunohi kabiralardan saqlanar ekanmiz, kichik gunohlarimizni yuvib turadi. Shuning uchun kabiralardan saqlanmog‘imiz, mabodo, beixtiyor ulardan birortasini sodir etib qo‘ysak, tavba va pushaymonlik o‘ti ila uni kuydirmog‘imiz lozim. Gunohlardan chekinish va ulardan poklanish yo‘lida ushbu kitob o‘quvchilarga zarur qo‘llanma bo‘ladi insha Alloh. Uni o‘qib, uqib, nafsida naf topganlar avvalo Imom Zahabiy hazratlarining haqlariga duoi xayrlar qilgaylar.

Olamlar Parvardigori Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Barchamizga U zotning huzuriga gunohlarsiz, pok holda borishimizni nasib aylasin.

Gunohi kabiralar. Imom Hofiz Shamsuddin Zahabiy

Davomi bor...

Toshkent Islom Instituti 4-kurs talabasi

Tojiddinov Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li

 

[1] Zariyat, 55.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mehribon aka

23.12.2024   494   1 min.
Mehribon aka

Bir yigit nonvoyning oldiga kelib: -– Amaki, singlimning qorni juda och. Lekin pulimiz yo‘q. Iltimos, unga bir dona non bering. Hech bo‘lmasa bir burda non bering. Pul topishim bilan to‘lab ketaman,– deya yolvora boshladi. 
Nonvoy uning gapiga quloq tutay demasdi. Bola ham yolvorishdan to‘xtamay “singlim och, singlim och” derdi. 
Oxiri nonvoy: – Bu yerga kelchi? Qani singling? Bu yerga olib kel, – dedi. Bola yugurgancha ko‘chaning narigi tomonida turgan singlisini chaqirdi.  
Nonvoy: – Isming nima?, – dedi qizchaga. 
Qizcha: – Maryam. 
Sotuvchi: – Ochmisan? 
Qizcha uyalibgina “Ha” dedi. 
Nonvoy: – Men sizlarga ikki dona non beraman.
Yigitcha: – Yo‘q, amaki faqat bir dona so‘radim. 
Sotuvchi: – Olaver, olaver uyalma – dedi.  
Yigitcha: – Amaki rahmat. Pul topganimda albatta beraman deb xursand bo‘lgan holda ketdi.
Nonvoy: – Qachon sen va singling och qolsangiz darhol mening oldimga kelinglar, – deb yigitning qo‘liga ikkita non berdi.
Aka-uka, opa-singlingiz bormi? Ularning doim qadriga yeting. Ularning haqqiga duo qiling. Hech bo‘lmasa telefon orqali bo‘lsa ham, hollaridan xabar oling. Vaqti soati kelganda ularni topolmay qolishingiz mumkin. 

Akbarshoh RASULOV tarjimasi

Ibratli hikoyalar