Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Tinchlik – buyuk ma’vo

12.02.2017   8013   6 min.
Tinchlik – buyuk ma’vo

Insoniyat yashash davomida ezgu maqsadlarga yetish uchun doimo izlanadi va harakatda bo‘ladi. Ezgu maqsadli inson orzu-umidini amalga oshirishi uchun eng katta tayanch tinchlik va osoyishtalik muhitidir. Odatda, tinchlik so‘zi kishini bezovta qilmaslikni, holatlarning tinch va osoyishta, urush-janjalsizligini, hayot va turmush tizimini bir me’yorida bo‘lishini ifoda etadi. Oilada tinchlik va osoyishtalik hukm sursa, oila bardavom va mustahkam. El-yurtda tinchlik va osoyishtalik davom etsa, mamlakat taraqqiyoti, farovonligi, yurt ahlining turmushi obod bo‘ladi. Bularni aks ettiruvchi muqaddas qadriyatlarimiz, milliy urf-odat va rasm-rusumlarimiz, dinimiz bevosita xotirjamlik silsilasiga uzviy bog‘liqdir. Xalqimiz tinchlik va osoyishtalikni istab kundalik hayotida qator diniy va milliy fazilatlarni amalga oshiradi. Jumladan: ular ko‘rishganida salom beradi. Bu bir-birlariga tinchlik, omonlik tilash ramzidir.

Duo qilsa, Yaratgandan xonadonlarimizni tinch, yurtimizni obod qilgin deb yuziga fotiha tortadi.

Har bir yaxshilik, ezgulik ustida tinchlik bo‘lsin deya, kelajak uchun yaxshi niyatlar qiladi.

To‘y-to‘novlarda to‘ylar bo‘laversin deydi,chunki to‘y tinch va farovon kunlar bois o‘tadigan tantanadir.

Oilada yangi mehmon tug‘ilsa, go‘dakka uzoq umr, baland martaba, uning baxtiga tinchlik, ikki dunyo obro‘si va baxt-saodat bersin deb iltijo qiladilar.

Bir so‘z bilan aytganda, insoniyatga, dov-daraxtga, chorva-molga, qurt-qumursqaga havodek zarur bo‘layotgan tinchlik-xotirjamlik, osoyishtalikdan ham ziyoda, mo‘tabar ne’mat yo‘q. Darhaqiqat, Alloh asrasin, oila va yurt notinch bo‘lsa, to‘y-tomosha, ko‘ngilxushlik, hazil-mutoyiba, hayot lazzatini tasavvur qilib bo‘lmaydi. Inson biror luqmani xotirjam yutmaydi, har qanday koshona uy-joy, mol-mulk, bola-chaqa inson tanasiga og‘irlik qiladi. Aytishlaricha, notinchlik, urush sababidan oxirgi besh ming yilda uch milliarddan ziyod  odam hayotdan ko‘z yumgan.

Urushlar sababidan mehr-oqibat, insoniylik unutiladi, har qanday ezgu amallar, ulug‘ maqsadlar poyoniga yetmaydi. Yer qanchalik keng bo‘lishi bilan shunchalar tor va ziq ko‘rinishga mubtalo bo‘ladi. Demak, xotirjamlik, osoyishtalik ne’matini so‘rashda dono xalqimiz nechog‘lik to‘g‘ri va go‘zal yo‘l tanlagan. Muqaddas dinimiz dasturi bo‘lmish Qur’on oyatlarida tinchlik-osoyishtalikka katta e’tibor qaratilib, Alloh taolo:  “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) in’om etsak, u (shukr qilishdan) yuz o‘girib, o‘z holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambag‘allik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid bo‘lur” (Isro, 83) deb, tinchlik-osoyishtalik to‘g‘risida marhamat qiladi.

Alloh taolo bandalarini o‘zaro ittifoqlikda, ahillikda,  tinchlik-omonlikda yashashga da’vat etib: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz!”. (Hujurot, 9) degan insonparvarlik tamoyilini yaratishga chaqiradi.

Jannatmakon yurtimizda tinchlik-osoyishtalik barqarorligini ta’minlash yo‘lida davlatimiz tomonidan katta ish olib borilayotgani bizning baxtimizdir.

Shunga ko‘ra biz ham tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, bu farovonlik, osuda turmushimizning barqarorligini ta’minlashda o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. Bu orqali turmushimiz farovonligiga erishamiz.

Ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytilganidek, “Ikki eng aziz ne’mat bor-u, ko‘plar buning qadriga yetishmaydi, bular salomatlik va tinchlik-xotirjamlikdir” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati).

Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlargaaniqdushmandir” (Baqara, 208).

Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. Qur’on nozil bo‘lgan kecha ham salom kechasidir. Bu haqda Alloh taolo kalomi sharifida: “U (kecha) to tong otgunicha salomatlikdir”, deydi (Qadr, 5).

Dinimizning tinchlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta bo‘lishi bilan bir qatorda bag‘rikenglik uning negizidir. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanini o‘ylab ko‘rish bilan his etadi.

Tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikning qadriga yetib, shukrini ado etishlari, balki unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim. Zero, tinchlik va xotirjamlikning ulug‘ ne’matligi doimo kundalik xayriyatlarimizning boshida zikr qilinadi. Shuning uchun ham Payg‘ambar alayhissalom eng avvalo inson dunyo va oxiratda tinch-omon bo‘lishni so‘rab, duo qilish to‘g‘risida Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Ey, Parvardigor! Dunyo va oxiratda tinch va omonda qilgin” deb qilingan duodan ko‘ra afzalroq duo yo‘qdir” dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Aynan shu mazmunni Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “(Ey, Anas!) Alloh taolodan dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lishni so‘ragin. Zero, senga dunyo va oxiratda tinch va omonda bo‘lish berilsa, najot topibsan” dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Demak shunday ekan, Yaratgandan bir-birimizga tinchlik, amniyat, xotirjamlik tilaylik! Alloh taolo tinchlik-osoyishtaligimizni hamisha barqaror qilsin. Jannatmakon yurtimizni tinch, mehnatsevar xalqimiz hayotini farovon aylasin!

 

Abdulhay TURSUNOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Namangan viloyat vakili

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

«Buyuk» geografik kashfiyotlar

23.12.2024   1378   6 min.
«Buyuk» geografik kashfiyotlar

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Bu kashfiyotlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar uchta asosiy banddan iborat:

1. Yevropa mamlakatlari Sharq bilan savdo-sotiq qilishda duch kelgan qiyinchiliklar.

2. Pul metali sifatida oltin tanqisligi.

Yevropaning iqtisodiy taraqqiyoti tobora ko‘proq pul talab qilar edi. Bu taraqqiyotning asosiy yo‘nalishi tovar xo‘jaligining, savdo-sotiqning o‘sishi edi. Buyuk geografik kashfiyotlarga sabab bo‘lgan yana bir muhim omil ham shunga bog‘liq: Yevropada shakllanib borayotgan kuchli absolyutist (mutlaq) monarxiyalarga dabdabali saroylar, yollangan armiyani ta’minlash uchun ulkan mablag‘lar kerak bo‘layotgan edi. Ana shu davlatlar yirik dengiz ekspeditsiyalarini tashkil etishi mumkin edi. Bundan tashqari, yakka shaxslarning bu qadar xarajatlarga imkoni yo‘q edi. Shuning uchun bu kashfiyotlarda feodal tarqoq mamlakatlar emas, aynan markazlashgan davlatlar (Ispaniya, Portugaliya, Angliya) asosiy o‘rin tutgani tasodif emas. Biroq, bunday ekspeditsiyalar uchun savdogarlar ham mablag‘ ajratar edi. Shuningdek, katolik cherkovi ham qo‘shimcha yerlar, katta daromadlar va yangi qavmlarga ega bo‘lish istagida bunday istilolarga «oq fotiha» berar edi.

Bunday davr uchun muqarrar bo‘lgan feodal mulklarning parchalanish jarayoni Yevropa mamlakatlarida har qanday yo‘l bilan uzoq qit’alarda boylik va yerlarni qo‘lga kiritishga intiluvchi ko‘plab avantyuristlarning paydo bo‘lishiga olib keldi. Bular qaramlik va qashshoqlikdan qutulishni orzu qilib yurgan zodagonlar va dehqonlar edi.

3. Fan-texnikaning, ayniqsa kemasozlik va dengiz navigatsiyasining rivojlanishi. XV asrda yangicha tuzilishga ega bo‘lgan kemalar – karavellalar paydo bo‘ldi. Uning to‘shi (kil, pushtak) bor bo‘lib, yelkanlar bilan shunday jihozlangan ediki, yonboshdan esgan shamolda ham yura olara edi. Shuningdek, o‘sha davrga kelib kompasdan tashqari astrolyabiyalar, ya’ni kenglikni aniqlovchi asboblar hamda anchagina ishonchli xaritalar – portolanlar ham paydo bo‘lgan.

Buyuk geografik kashfiyotlar oxir-oqibatda mustamlaka tizimining vujudga kelishiga olib keldi. Agar XVI asrda Yevropada kapitalizm rivojlana boshlagan bo‘lsa, agar Yerovpa iqtisodiy jihatdan boshqa qit’alarning xalqlaridan o‘zib ketgan bo‘lsa, bunga mustamlakalarning talon-taroj qilinishi va ayovsiz ekspluatatsiya qilinishi ham sabab bo‘lgan.

Mustamlakalar darhol kapitalistik usullar bilan ekspluatatsiya qilina boshlamagan, ular darhol xom ashyo manbaiga va yangi bozorlarga aylanmagan. Avval ular obdon talon-taroj qilingan, birlamchi kapital (sarmoya) to‘plash manbai bo‘lib xizmat qilgan. Ispaniya va Portugaliya mustamlakalarni feodal usullar bilan ekspluatatsiya qilgan birinchi mustamlakachi davlatlar bo‘lishgan.

Bu yerlarda zodagonlarga odatdagi qishloq xo‘jalik mahsulotlari emas, balki oltin, kumush yoki hech bo‘lmaganda Yevropada qimmat baholarga sotish mumkin bo‘lgan anvoyi mevalar kerak edi. Ular hindularni oltin va kumush konlarda ishlashga majburlashar, bo‘ysunmaganlarni butun-butun qishloqlari bilan yo‘q qilib yuborishar edi. Guvohlarning aytishicha, konlar atrofida chirib yotgan yuzlab murdalarning badbo‘y hidi anqib yotar edi. Shakarqamish va qahva plantatsiyalarida ham yerlik aholi ana shunday usullarda ekspluatatsiya qilinar edi.

Yerlik aholi bunday og‘ir mehnatga bardosh bera olmay, yoppasiga qirilib bitar edi. Ispanlar Espanola (Gaiti) orolida ilk bor paydo bo‘lgan paytda u yerda millionga yaqin aholi yashar edi, biroq XVI asrning o‘rtalariga kelib ular bitta qo‘ymay qirib tashlandi. Ispanlarning o‘zi ham XVI asrning birinchi yarmida amerikalik hindularni qirib tashladik, deb hisoblashar edi.

Biroq, ispanlar ishchi kuchini yo‘q qilib, o‘z mustamlakasining xo‘jalik asosiga putur yetkazishdi. Yetishmayotgan ishchi kuchini to‘ldirish maqsadida Amerikaga afrikalik qoratanlilarni olib kelishga to‘g‘ri keldi. Shunday qilib, mustamlakalar paydo bo‘lishi bilan quldorlik qayta tiklandi.

Ispanlar tomonidan Amerika yerlarining mustamlaka qilinishi konlarga, shakarqamish va tamaki plantatsiyalariga haydab kelingan son-sanoqsiz yerlik aholini majburlab ishlatish yo‘li bilan, bo‘ysunmaganlarni ommaviy qirg‘in qilish yo‘li bilan amalga oshirildi (Yamayka orolida XVI asrning birinchi yarmida 50 mingdan ortiq yerlik aholi halok bo‘lgan, Peru va Chilida esa XVI asrning ikkinchi yarmida hindularning soni besh baravar kamayib ketgan), oqibatda bir necha o‘n yildan so‘ng ishchi kuchi keskin kamayib ketdi. Mustamlakachilar Afrikadan qullar olib kela boshlashdi. Jismonan chidamliroq bo‘lgan qoratanlik afrikaliklar ispan mustamlakalaridagi asosiy ishchi kuchiga aylandi.

Qul savdosi serdaromad ish chiqib qoldi: Afrikada qabila boshliqlarini ichirib, suv tekin taqinchoqlar bilan aldab, qullarni juda arzonga sotib olish va Amerikada ularni 20-30 baravar qimmatga sotish mumkin edi. Ba’zan qullar umuman sotib olinmas, balki ularni kuch ishlatib, tutib olib, kemaga yuklashar va Amerikaga olib ketishar edi. Ispan mustamlakalariga har yili 6-8 ming qoratanli qullar olib kelinar edi. (Manba: allbest.ru).

(Bu ishlarning barchasi Yevropa uyg‘onishining gumanizm – insonparvarlik shiori ostida amalga oshirilganmi?)

Yevropada dinga bo‘lgan munosabatda ham keyinroq o‘zgarish yuz berdi. Bir guruh dinsiz bo‘lib ketdi. Bir guruh dinni cherkovga qamab olib, bu har kimsaning o‘z ishi deyish bilan kifoyalandi. Ammo Darvinning asl shogirdlari dinni Karl Marks boshchiligida xalq uchun afyun deb e’lon qildilar va uni batamom yo‘q qilib yuborishga bel bog‘ladilar.  Karl Marksning xayolini Lenin va uning safdoshlari Rossiyada va unga qaram bo‘lgan diyorlarda hayotga tatbiq qildilar. Lenin tuzgan davlat dunyo tarixida kufrni o‘ziga shior qilib olgan birinchi davlat bo‘ldi. Ular dunyoning o‘zlariga qaram bo‘lgan barcha yurtlarida «ilmiy ateizm» asosida dinga va dindorlarga qarshi qatag‘on o‘tkazdilar. Son-sanoqsiz ibodatxonalar yer bilan yakson qilindi. Diniy xodimlar va ulamolar qatl qilindi, qamaldi va surgun qilindi. Diniy kitoblar va dinga bog‘liq madaniyat durdonalarni olovga yoqildi. Ilmiy ateizm ta’limotlari dunyodagi yagona to‘g‘ri e’tiqod sifatida barchaga majburiy ravishda talqin qilindi. 

«Olam va odam, din va ilm» kitobi asosida tayyorlandi

Maqolalar