Ota-onaga oq bo‘lish so‘zi “osiy bo‘lish”, “qarshi chiqish” ma’nolarini anglatadi. Har bir farzand zimmasida ota-onaga ehtirom ko‘rsatish, ularning xizmatlarini qilish mas’uliyati bor. Sog‘lom inson tabiati ham taqozo etadigan bu mas’uliyatning ahamiyati shariatda ham bayon qilingan. Shu ma’noda ota-onaga oq bo‘lish eng ulkan gunohlardan ekani xabar berilgan. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: «Nabiy (solallohu alayhi va sallam): “Gunohi kabiralar Allohga shirk keltirish, ota-onaga oq bo‘lish va biror kishini o‘ldirish va yolg‘on qasamdir”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadisi sharifda eng katta gunoh bo‘lgan Allohga shirk keltirishdan keyin ota-onaga oq bo‘lish ekani aytilgan. Bu esa ota-onaga osiy bo‘lish naqadar ulkan gunoh ekaniga dalolat qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda ota-onaga oq bo‘lgan farzand jannatga kirmasligi xabar berilgan: Abdulloh ibn Amr (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (solallohu alayhi va sallam): “Minnat qiluvchi (yaxshilik qilgan kishisiga faxr va kibr qiluvchi) va ota onasiga oq bo‘luvchi va xamr (mast qiluvchi ichimlik) ichishda bardavom bo‘luvchi jannatga kirmaydi”, dedilar” (Imom Nasaiy rivoyati).
Boshqa hadisda esa, ota-onasi hayotlik vaqtida ularni rozi qilishga urinish ahamiyati bunday bayon qilingan: Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: «Burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin, burni yerga ishqalsin”, deyayotganlarini eshitdim. "Kim, ey, Rasululloh?", deyildi. U Zot: "Kim ota-onasining ikkovi yoki bittasi yoshi katta bo‘lganda, ularga yetsa-yu, so‘ngra jannatga kira olmasa", dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Demak, ota-onaga xizmat qilish farzand uchun jannatga kirish sabablaridan biri ekan.
Ota-onaga oq bo‘lishga sabab bo‘ladigan ishlar juda ham ko‘p bo‘lib, ayrimlari hadisi shariflarda bayon qilingan. Ular quyidagi gunohlardir:
Ularni so‘kish ikki xil bo‘lishi mumkin:
a) farzand ota-onasini to‘g‘ridan to‘g‘ri haqoratlab, uni so‘kishi mumkin. Bu holat juda ham kam uchrashi mumkin;
b) o‘z ota-onasini ochiqdan-ochiq so‘kmaydi, balki, birovning ota-onasini so‘kadi va uni la’natlaydi, natijada, ular ham buning ota-onasini so‘kadi. U birovlarni so‘kishi bilan o‘z ota-onasini so‘kkan hisoblanadi. Bu holat esa, odamlarning orasida ko‘plab uchraydi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan. Abdulloh ibn Amr ibn Os (roziyallohu anhumo)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (solallohu alayhi va sallam): "Kishi ota-onasini haqorat qilishi gunohi kabiralardandir", deb aytdilar. Ular: "Ey, Rasululloh! Kishi o‘z ota-onasini ham haqorat qiladimi?" deb aytdilar. U zot: "Ha, u bir kishining otasini so‘kadi, u ham uning otasini so‘kadi va u uning onasini so‘kadi, natijada, u ham uning onasini so‘kadi", dedilar»(Imom Muslim rivoyati).
Boshqa bir rivoyatda bunday deyilgan: Urva ibn Iyozdan rivoyat qilinadi: U Abdulloh ibn Amr ibn Osning: “Kishi otasiga so‘kish olib berishi Alloh taolo huzurida katta gunohlardandir”, deganini eshitgan. (Imom Buxoriy “Al-Adab al-mufrad” kitobida rivoyat qilgan).
Shunga ko‘ra, musulmon kishi hech kimning ota-onasini so‘kmasligi kerak, aks holda bu ishi bilan o‘z ota-onasini so‘kkan bo‘lib qolar ekan.
Ota-onani la’natlash ham ikki xil bo‘ladi:
a) farzand o‘z ota-onasiga la’nat so‘zlarini aytishi;
b) u boshqalarni yomonlik qiladi, ularga la’nat aytib, haqorat qiladi. Natijada, boshqalar tomonidan buning ota-onasiga la’natlar aytiladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abu Tufayldan rivoyat qilinadi: U: «Aliy (roziyallohu anhu)dan: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sizlarga bir narsani xoslab berganlarmi?” deb so‘raldi. U: “U zot insonlarning hammasiga tarqalmagan narsalarni bizga xoslab bermaganlar, faqatgina qilichim qinidagi narsa bor”, dedi. “Allohdan boshqa uchun jonliq so‘yganni Alloh la’natlaydi va yer belgilarini o‘g‘irlagan kishini Alloh la’natlaydi va otasini la’natlagan kishini Alloh la’natlaydi va bid’atchiga joy bergan kishini Alloh la’natlaydi, deb yozilgan bir sahifani chiqardi», deb aytdi (Imom Ahmad rivoyati).
Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida kelgan rivoyatda: “Ota-onasini la’natlagan kishini Alloh la’natlaydi”, deyilgan.
Shunga ko‘ra, ota-onaga la’nat olib keladigan barcha ishlardan saqlanish lozim bo‘ladi.
Demak, farzand ota-onasini qalbini ranjitadigan va ularning yig‘lashiga sabab bo‘ladigan barcha ishlardan saqlanishi lozim.
Ota-onaga oq bo‘lish shu darajada og‘ir gunohki, Alloh taolo uning jazosini shu dunyoning o‘zidayoq tezlashtirib beradi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan. Abu Bakr (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Men Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning: "Alloh taolo har bir gunohdan xohlaganini (ya’ni, jazosini) qiyomat kuniga kechiktiradi. Ota-onaga oq bo‘lish bundan mustasnodir. Zero, Alloh taolo uni (ota-onaga oq bo‘lishni) egasiga o‘limdan oldin, shu dunyo hayotidayoq (uning jazosini) tezlashtiradi”, deganlarini eshitdim» (Tabaroniy rivoyati).
Shunga ko‘ra, har bir farzand ota-onasini doimo hurmat qilishi, ularni qalbini og‘ritib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lishi lozim. Zero, ularga qilingan har bir xatti-harakat mukofot yoki jazosiz qolmasligini esdan chiqarmaslik kerak.
Shuningdek, ular bilan yurganda ularning oldida yurmasligi, o‘tirishda ulardan oldin o‘tirmasligi va ularning ismini aytib chaqirmaslik ham muhim odoblardan hisoblanadi. Bu haqida ulug‘ sahobalardan biri bunday degan: Hishom ibn Urvadan, uning otasidan yoki undan boshqadan rivoyat qilinadi: «Abu Hurayra (roziyallohu anhu) ikki kishini ko‘rdida, ularning biriga: "Bu senga kim bo‘ladi", deb aytdi. U kishi: "Otam", deb aytdi. Abu Hurayra: "Uni ismi bilan chaqirmagin, uning oldida yurmagin va undan oldin o‘tirmagin", deb aytdi» (Imom Buxoriy "Adabul mufrad" kitobida rivoyat qilgan).
Har bir farzand doim ota-onasining yaxshi duolarini olishga intilishi va ularning yomon duolariga duchor bo‘lib qolishdan saqlanishi kerak. Zero ota-onaning farzandi uchun har qanday duosi ijobat bo‘ladi.
Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan: Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (solallohu alayhi va sallam): “Uchta duo qabul bo‘ladi. Ularda shak yo‘q: mazlumning duosi, musofirning duosi, otaning farzandining ziddiga duosi”, dedilar» (Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilishgan).
Imom Buxoriyning “Al-adab al-mufrad” kitobida kelgan rivoyatda: “Ota-onaning farzandining ziddiga qilgan duosi”, deyilgan.
Xulosa o‘rnida aytadigan bo‘lsak, har bir farzand ota-onasining haqlarini ado etish harakatida bo‘lishi lozim. Hayotlik vaqtlarida xizmatlarini qilib duolarini olishga intilish kerak bo‘ladi. Zero farzand ota-onasining xizmatini qilib jannatga kirishi mumkin bo‘lgani kabi, ularni norozi qilish bilan buni aksi bo‘lishi ham mumkin.
Barchamiz ota-onamizning bizga qilgan yaxshiliklarini esdan chiqarmaylik. Xususan, go‘daklik va bolalik chog‘imizda bizga ko‘rsatgan mehribonliklarini zinhor unutmaylik. Biz yosh va zaif bo‘lgan paytimizda ular bizga parvona bo‘lishdi. Kasal va ojiz paytimizda ular bizga mehr ko‘rsatishdi. Buni hech qachon esdan chiqarmaslik kerak. Endi biz ham ularga shunday parvona bo‘laylik. Bor mehrimiz bilan ularga xizmat qilaylik. Alloh barchamizga ota-onamizni rozi qilib, ularning duolariga sazovor bo‘lishimizni nasib aylasin.
Shokirjon MADAMINOV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati bosh imom xatibi Musoxon domla Abbosiddinov vakillik mutaxassislari, viloyatdagi shahar va tumanlar bosh imom-xatiblari va bosh mutaxassislari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yig‘ilishda joriy yil 12 dekabr kungi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining navbatdagi yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, imom-xatiblar mehnat samaradorligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi tadbirlarni faollashtirish va mahalla bilan hamkorilikdagi ishlarda yanada faol bo‘lishga chaqirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati