So‘nggi yillarda butun dunyo hamjamiyatini qattiq tashvishga solayotgan, mamlakatlarning kelajagiga, qolaversa, yoshlarning umriga zavol bo‘layotgan, insonni insoniylik qiyofasidan chiqarib, hayvondan ham tuban holatga tushishiga sabab bo‘layotgan illat – bu giyohvandlikdir.
O‘z navbatida insoniyat kelajagi va salomatligi uchun qayg‘urayotgan kishilar dunyo bu masalada halokat jari tomon odimlab ketayotgani haqida o‘z tashvishlarini bayon qilmoqdalar.
Kundan kunga ko‘plab kishilar, ayniqsa, yoshlar va ayolllar giyohvandlik illatining halokatli to‘riga ilinmoqdalar. Giyohvandlikning kishilar sog‘ligiga, oilalar mustahkamligi va iqtisodiga, farzandlar odob-axloqiga, umuman, inson hayotining barcha sohalariga solayotgan tahdidi soat sayin ortib bormoqda. Mutaxassislar tomonidan endilikda dunyoni halokatga soluvchi narsa, “geroin bombasi” ekanligi takidlanmoqda.
Gapning xulosasini aytadigan bo‘lsak, giyohvandlik balosi bugungi kunda dunyo hamjamiyatining dolzarb muammosiga aylandi. Bangilik va uning muammolari bo‘yicha xalqaro va umumjahon tashkilotlar tuzildi. Giyohvandlikka qarshi kurashish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 26 iyun kunining “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni” deb nomlanishi ham bu illatning naqadar xavfli va unga qarshi kurashish butun dunyo hamjamiyatining muammosi ekaniga dalolat qiladi.
Darhaqiqat, bugungi kunda giyohvandlikka qarshi kurashish har bir insonning muhim burchlaridan biriga aylangan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Ta’kidlash joizki, tadqiqotchilar fikricha giyohvandlikka qarshi kurashda eng samarali yo‘l islom dini ta’limotlarida belgilangan ekan.
Ma’lumki, islom dinining asosiy ta’limot manbai bo‘lmish Qup’oni karimda toza-pok narsalarning halolligi va nopok narsalarning haromligi haqida ochiq bayon qilingan.
Ilohiy ko‘rsatmalarga asoslanib, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Har bir mast quluvchi narsa haromdir” , dedilar.
Boshqa bir hadisda: “Kimda kim zahar bilan o‘z joniga qasd qilsa, qiyomat kuni unga jahannamda zahar ichirish bilan azob beriladi”, - deb ta’kidlangan. Giyohvand moddalarning zahri qotil deb atalishi ham bejiz emas. Uning o‘ldiruvchi zahardan hech qanday farqi yo‘qligini e’tirof etish lozim.
Yana bir hadisi sharifda: “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam hap qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan man etganlar”, - deyiladi.
Qur’on oyatlari va Rasul akram hadislarida giyohvand moddalarning nomi keltirilmagan-ku? degan savol tug‘ilishi mumkin. To‘g‘ri, Payg‘ambarimiz davrlarida, hatto Abbosiylar xalifaligining dastlabki yillarigacha ham giyohvandlikning o‘zi ham, nomlari ham islom olamida noma’lum edi. Lekin o‘zlaridan keyingi davrlarda insoniyatga ham moddiy, ham ma’naviy zarar keltiruvchi nopok narsalarning turlari va nomlari ko‘payib ketishini oldindan bilib, o‘z ummatlarini ogohlantirib ketdilar. Xaqiqattan ham, hozirgi kunda mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi, zaiflashtiruvchi va sog‘likka jiddiy zarar yetkazuvchi zahri qotil moddalarning turlari ko‘payib bormoqda. Shuning uchun Rasul alayhissalom umumiy qilib:
“Har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi narsalar haromdir”, - deb asosiy qoidalardan birini bayon qilib berdilar.
Giyohvand moddalarning bo‘shashtiruvchi, zaiflashtiruvchi ekanligi, o‘z navbatida inson sog‘ligiga jiddiy zarar yetkazishiga esa shubha bo‘lmasa kerak.
Buyuk allomalardan biri Imom Abu Bakr Qastaloniy giyohvand moddalarning turlari va ularning haromligiga bag‘ishlab alohida bir kitob yozganlar va nomini "Nashani hapom qilish bilan turmushni ikrom etish" deb ataganlar. Shuningdek, Imomiddin ibn Abu Sharif kabi boshqa zabardast allomalar ham giyohvandlikka oid bir qancha kitoblar ta’lif etganlar.
Asrimiz ulamolaridan ham juda ko‘plari bu zahri qotilning zararli oqibatlariga oid kitob va risolalar yozishgan. Islom olamida uning haromligi haqida maxsus fatvolar va maqolalar e’lon qilinib kelinmoqda. Islom dini insonga zarar keltiruvchi narsalarni, ayniqsa eng ulug‘ ne’mat sanalmish aqlni ketkazuvchi yoki uni zaiflashtiruvchi hap qanday narsani hapom deb hisoblab, sog‘liqning ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan cheklanishga buyuradi.
Ilmiy tekshirish natijalariga ko‘ra, giyohvand moddalardan biri bo‘lmish qora dori og‘iz yoki burun orqali inson tanasining ichkarisiga kirgach, u avvalo ichaklarga so‘riladi hamda qorindagi qon aylanish yo‘li bilan jigarga yetib boradi. Jigar uni oksidlab harorat, suv va karbonat angidridga aylantiradi hamda umumiy qon aylanish jarayoniga qo‘shilib ketishiga yordam beradi. Natijada jigarning hujayralari undan ta’sirlanib sirroz kasalligiga yo‘liqadi. Allohning marhamati bilan jigar hujayralari yana qayta tiklanadi. Lekin, qopa dorining qayta-qayta iste’mol qilinishi oqibatida "jigar sirrozi" kuchaya boradi. Jigar kichrayib qotib qolgach, uning faoliyati susayadi. Uning hujayralari atrofida jigar hazm qilolmagan yog‘liq moddalar cho‘kib qoladi. Giyohvand moddalarning oksidlari xalaqit bergani uchun yig‘ilib qolgan zararli moddalar qon aylanishi bilan muhim markaziy asab sistemasiga qadar yetib boradi, natijada asab hujayralari ishdan chiqib yaroqsiz holatga kelgach, insonda ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuq, qattiq-yumshoq va shirin-achchiqni sezish xususiyatlari yo‘qoladi.
Hukumatimiz tomonidan giyohvandlikning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, yoshlar o‘rtasida bu kabi jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq qilindi.
Respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2014 yilga “Sog‘lom bola yili” va 2016 yilga “Sog‘lom ona va bola yili” deb nom berilishi ham yurtimizda voyaga yetayotgan yosh avlodning jismonan sog‘lom bo‘lib o‘sishiga muhim zamin yaratdi.
Ayni paytda esa, Davlatimizning saylangan Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev ham bu borada keng qamrovli ishlarni izchillik bilan davom ettirmoqdalar. Shunday ekan, albatta, har birimiz oilada, mahallada, maktab, litsey, o‘rta maxsus va oliy o‘quv bilim yurtlarida kelajagimiz bo‘lgan farzandlarimiz, yoshlarimiz ta’lim tarbiyasi, odob-axloqiga jiddiy e’tibor qaratishimiz dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Muhammadnazar Qayumov,
O‘MI Masjidlar bo‘limi mudiri