Mening Bani Umayya ibn Zaydlik – u yer Madinaning chekka mahallalaridan biri – ansoriylardan bir qo‘shnim bor edi. Biz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam oldilariga tushishga navbatlashar edik. Bir kun u tushsa, bir kun men tushar edim. Men tushganimda o‘sha kungi vahiy va boshqa xabarlarni olib kelardim. U ham tushganda shunday qilardi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu
* * *
Madomiki insonlar orasida hadis talab qiladigan kishilar bor ekan, ular salohiyatda bardavom bo‘ladilar. Agar ilmni hadissiz talab qilsalar buziladilar.
Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh
* * *
Alloh taoloning dini borasida o‘z fikringiz asoslanib biror so‘z aytishdan saqlaninglar. Sunnatga ergashishni lozim tutinglar. Kim sunnatdan chiqsa adashadi.
Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh
* * *
Agar sunnat bo‘lmaganda, hech birimiz Qur’onni tushunmas edik.
Imom Abu Hanifa rahmatullohu alayh
* * *
Qachon hadis sahih bo‘lsa, u mening mazhabimdir.
Imom Shofe’iy rahmatullohu alayh
* * *
Rasululloh sallollohu alayhi va sallamdan bir hadisni rivoyat qilib, so‘ng boshqa gapni aytsam, qaysi osmon meni soyalantiradi va qaysi yer meni ko‘taradi?..
Imom Shofe’iy rahmatullohu alayh
* * *
Agar men muhaddislardan biror kishini ko‘rsam, go‘yo Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning as'hoblaridan birini ko‘rgandek bo‘laman.
Imom Shofe’iy rahmatullohu alayh
* * *
Sunnatlar Nuhning kemasi kabidir. Kim unga minsa najot topadi. Kim undan ortda qolsa, g‘arq bo‘ladi.
Imom Molik rahmatullohu alayh
* * *
Kishilarning ijmo’ qilinmagan fikrlaridan saqlaninglar. Robbingizdan nozil qilingan Qur’on va Payg‘ambaringiz keltirgan hadisga ergashinglar. Agar ma’nolarini tushunmasangiz ulamolaringizga havola qilinglar. Ular bilan tortishmanglar. Albatta, dinda tortishish munofiqlik qoldiqlaridandir.
Imom Molik rahmatullohu alayh
* * *
Mana shu zamon kabi hadis talab qilishga muhtoj bo‘lingan zamonni bilmayman. Bid’atlar zohir bo‘lib ketdi. Kimning huzurida hadis bo‘lmasa, bid’atlarga voqe’ bo‘ladi.
Imom Ahmad rahmatullohu alayh
* * *
Sizlarning hech biringiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan gaplashishni istamaydimi?!
Imom Ahmad rahmatullohu alayh
* * *
Mujtahid va muhaddis imomlarga ergashinglar. Chunki ular o‘zlarining foyda va zararlariga qaramasdan nima bo‘lsa yozadilar. O‘z nafsi xohishiga va fikriga ergashganlar esa, o‘zlaring zararlariga bo‘lgan biror narsani xech ham yozmaydilar.
Vaki’ rahmatullohu alayh
* * *
Agar mening nazdimda hadis tasbehdan afzal bo‘lmaganda edi, hadis aytmas edim.
Vaki’ rahmatullohu alayh
* * *
Alloh (roziligini) istab hadis talab qilgan kishidan afzalroq amal qilgan kishini bilmayman.
Sufyon Savriy rahmatullohu alayh
* * *
Kim hadis talab qilsa, batahqiq Alloh azza va jallaga bay’at qilibdi.
Ibn Uyayna rahmatullohu alayh
* * *
Men ushbu hadislarni senga bekorga, shundoq aytib bermoqdaman. Bizlardan bir kishi bundan oz narsa uchun ham Madinaga safar qilar edi.
Shu’ba rahmatullohu alayh
* * *
Men bir hadis uchun bir necha kecha-kunduzli masofaga safar qilar edim.
Sa’id ibn Musayyab
Qaysi bir so‘zim Qur’on va hadisga muvofiq kelsa uni olinglar. Muvofiq kelmaganini tark qilinglar.
Molik ibn Anas rahmatullohu alayh
* * *
Sunnatni lozim tutinglar va yosh farzandlaringizga o‘rgatinglar. Zero ulg‘ayganda odamlarga dinni o‘rgatadigan kishilar o‘shalar bo‘ladilar.
A’mash rahmatullohu alayh
* * *
Eng afzal musulmon Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning (amalda) yo‘q bo‘lib ketayotgan sunnatlarini amalga tatbiq qilgan kishidir. Ey sunnat egalari (muhaddislar) sabr qilinglar.
Imom Buxoriy rahmatullohu alayh
* * *
Mujtahidlik da’vosida bo‘lgan qozi va muftiyga hukmlarga bog‘liq hadislarni bilish shart ekaniga barcha ittifoq qilgan.
Ulamolar so‘zidan
Toshkent islom instituti Diniy fanlar kafedrasi o‘qituvchisi
Farhod Jo‘rayev.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi 30 yildan ziyod vaqt mobaynida Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani bosh imom-xatibi sifatida samarali faoliyat yuritgan "Abduolim ota" masjidi imom-xatibi Oxunjon domla Vosiyevning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Oxunjon domla Vosiyevning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi