Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Kim kichigimizga rahm qilmasa va kattamizning haqini bilmasa, bizdan emas”, dedilar.
Bu – mashhur hadis. Mo‘min-musulmonlar kichiklarga, bolalarga rahm qilishlari, mehribon bo‘lishlari, boshini silashlari, ayni paytda kattalarning hurmatini, e’zozini joyiga qo‘yishlari lozim. Bu ishlar mo‘minlarning siymosi, Islom jamiyati a’zosining belgisidir. Kichiklarga rahm qilmagan, kattalarga hurmat ko‘rsatmagan odamni.
Rasululloh (sollalohu alahi va sallam) “bizdan emas”, deyaptilar. Buni yaxshi anglab, amal qilishimiz kerak.
Ash’ariydan rivoyat qilinadi: Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Soch-soqoli oqargan musulmonni, Qur’onni yod olgan, unda g‘uluvga ketmagan hamda unga jafo qilmaganni va adolatli hukumdorni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir”.
Hadislarda zikr qilingan sunnat va savobli, shuningdek, insoniy fazilatlardan hisoblangan amallarni xalqimiz asrlar davomida hayotiga tadbiq etib kelmoqda.
Biroq hozirgi globallashuv jarayonida o‘zga jamiyatlardagi holatlar, oynaijahon orqali namoish etilayotganining fuqarolarimizning xorijiy mamlakatlarga qatnovi ko‘paygani, ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ib etilayotgan omillar, bir so‘z bilan aytganda, shiddat bilan tarqab borayotgan “ommaviy madaniyat”, afsuski, ba’zi hamyurtlarmizni chetlab o‘tayotgani yo‘q. Yaqinda bir oiladagi noxush voqiani eshitib juda hafa bo‘ldim. Farzandini yaxshi niyatlar bilan boqib katta qilgan, oliy ma’lumotli qilib ishga joylagan ota-onaga o‘g‘li ish joyidagi oylik maoshi kamligidan shikoyat qiladi. O‘zining orzu-havasiga yetmasligi va shunga o‘xshash vajlar bilan noliy boshlaydi. Otasi unga sabr-toqat bilan ish tutishini, hamma orzular birdaniga ro‘yobga chiqmasligini, barcha yaxshi niyatlarga mehnat ila erishish mumkinligini, agar moddiy tomondan yordam kerak bo‘lsa, otasi unga yordam berib turishga tayyor ekanini tushuntirishga harakat qiladi. Shunga qaramay navqiron yigit ota-onasining roziligisiz, ishxonasidagi rahbarlarni xabardor qilmagan holda, Birlashgan Amirliklarning Dubay shahriga ish izlab ketadi. U yerda ikki oy sarson-sargardon bo‘lib, ish topolmay, yuzi shuvit bo‘lib qaytadi. Natijada ish joyidan ajragan, ota-ona va mahalla-kuy oldida hijolatchilikda nima qilishni bilmay yuribdi.
O‘ylamay bosilgan birgina qadam endi boshalanayotgan hayot yo‘liga katta to‘siq qo‘ydi. Yigit hadisi shariflarda vasf etilgan sabr, qanoat, mehnatkashlik, ota-ona hurmati kabi nasihat, ko‘rsatmalariga amal qilmasligi mustaqil hayotining dastlabki qadamlaridayoq pand yedi.
Islom dini bizlarni har bir ishni boshlashdan oldin kattalar, yoshi ulug‘lar bilan kengashishga maslahatlashib olishga chorlaydi. Xalqimiz hayotida qadriyat darajasiga ko‘tarilgan bu ishlar, aslida ilohiy topshiriq bo‘lib, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Ishlaringizda ular bilan maslahatlashing” (Oli Imron, 159), demoqlik bilan Rasulini sahobalar bilan maslahatlashishga buyurmoqda. Demak, biz ham ushbu ilohiy ta’limotga amal qilib, maslahatgo‘ylarimizning tavsiyalariga amal qilmog‘imiz darkor.
Alloh taolo barchamizning komil insonlar sirasiga kirishimizni nasib etsin.
Zayniddin ESHONQULOV,
Samarqand viloyati vakilining o‘rinbosari,
“Imom Buxoriy” jome masjidi imom-xatibi
Saudiya Arabistonining Swift News internet nashri haj mavsumida ziyoratchilarimizga ko‘rsatilayotgan e’tiborni keng yoritdi. Maqola avvalida mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar rivojlanayotgani, ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari, o‘zaro tashriflari va samimiy muloqotlar haqida so‘z yuritilgan.
Nashrda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda haj kvotasi 3 barobar oshirilib, har yili 15 ming nafar fuqaro hojilik baxtiga musharraf bo‘layotgani, umra ziyoratchilari soni bir necha yuz mingni tashkil etishi yuqori baholangan.
Joriy mavsumda Madina shahriga yetib kelgan bo‘lajak hojilarimiz katta ehtirom ila kutib olinayotgani, ziyoratchilar respublikamizning 9 ta xalqaro aeroporti orqali munavvar shaharga kuzatilayotgani qayd etilgan. Shuningdek, muborak safar mobaynida har bir tadbir aniq reja asosida, yuksak saviyada amalga oshirilayotgani, tashkiliy-hujjat ishlari, toatu ibodatlar, istiqomat, oziq-ovqat, tibbiyot va transport xizmatlari yuqori sifat va darajada yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u qaratilgan.
Qisqacha aytganda, arab nashrida chop etilgan maqolada mamlakatimizda haj va umra tadbirlariga katta e’tibor berilib, mo‘min-musulmonlarning ulug‘ amallarini mukammal ado etishlari uchun barcha imkoniyatlar hozirlangani, bundan nafaqat yurtimiz ahli, balki saudiyalik mutasaddilar ham mamnun ekani bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati