Muqaddas dinimizda har-bir mo'minning o'ziga yarasha haq va majburiyatlari bor. Bularning barchasi Robbisiga qullik qilish asnosidagi vazifalardir. Ya'ni, ibodatlar va muomalotlar. Ibodatlar deganda, banda bajarishi kerak bo'lgan barcha farz va nafl amallarni o'z ichiga oladi. Namoz, ro'za, zakot, haj va hokazolar kabi. Muomalotlar deganda esa, eng avvalo ota-ona va farzand borasidagi haq-huquqlar, so'ngra qarindosh-urug', qo'ni-qo'shni va jamiyatda yashovchi har-bir inson bilan qilinadigan ijtimoiy muloqotlardir. Ushbularga amal qilish bu - Alloh taolo tomonidan ajrlarga, mukofotlarga sazovor bo'lishning boisi bo'lsa, ularga rioya qilmaslik, albatta insonni gunohkor bo'lishiga va azobga duchor bo'lishiga sabab bo'ladi. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: ''Men jinlar va insonlarni faqat O'zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim'' (Zoriyot, 56). Ya'ni, ushbu oyatdagi ibodat ma'nosi, yuqorida zikr qilingan barcha haq va majburiyatlarni banda tomonidan ijrosini ta'minlab qo'yishdir. Shuning uchun ham dinni jamiyatda ahamiyati yuksak. Qaysi bir joyda din bo'lmasa, odamlar halol, haromning farqiga bormasa, gunohni nima ekanini anglamasa, oqibatini his etmasa, hohlagan ishini qilsa, tabiiyki, usha jamiyat parokandalikka yuz tutadi. Jinoyatchilik avj oladi. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: ''Din nasihatdir'', deb bejiz aytmaganlar. Ya'ni, agar shu nasihatchi dinimiz bo'lmasa, Alloh asrasin, holatimiz ancha ayanchli bo'lardi. Qolaversa, musulmonchilikda itoatsizlik, jinoyatlar sari etaklaydigan har-qanday holat, hoh u moddiy, hoh ma'naviy bo'lsin, qattiq qoralangan.
Alloh taolo O'zining Kalomida shunday deydi: "Yerni (Alloh xayrli ishlarga) yaroqli qilib qo'ygandan keyin (unda) buzg'unchilik qilmangiz! Unga (Allohga) ham qo'rqinch va ham umid bilan duo qilingiz! Allohning rahmati ezgu ish qiluvchilarga yaqindir." (A'rof, 56). Bir joyga borib buzg'unchilik qilish, odamlarni bir-biriga gij-gijlab, fitnalar qilishning o'zigina emas, balki ko'pincha ko'zimiz ilg'amaydigan mayda xatoliklarga yo'l qo'yishni ham aytsa bo'ladi. Chunki gohida biz e'tibor qilmaydigan ushbu kamchiliklar bora-bora ulkan gunohlarga aylanib ketishi mumkin.
Qonunchiligimizda, bir jinoyat qilgan odamga ayrim holatlarda, bir nechta moddalar qo'llaniladi. Ya'ni, falon moddaning a va b bandiga asosan aybdor, deb topilsin, degan ma'noda. Dinimizda ham shu kabi holat bor. Ya'ni, bitta gunoh ishni qilish ortidan bir nechta xatolik qilgan odam sifatida baholash. Masalan, bir mo'minning uyini o'margan odamni olaylik. O'g'rilik qilishi bir gunoh. Mo'minning moliga tajovuz qilish harom, bu ikkinchisi. Birovning uyiga so'roqsiz kirishi esa, uchinchi gunohdir. Ya'ni, birgina o'g'rilik ketidan uch xil gunohni bo'yniga yuklab olmoqda. Albatta bunday misollarni boshqa ko'rinishdagi xatolarda ham keltirish mumkin. Aytmoqchi bo'lganimiz, inson qaysi jinoyatga qo'l urmasin, o'g'irlik, zino, qatl kabi ulkan gunohlar bo'ladimi, yoki boshqa mayda bezorilikmi, toki sidqidildan pushaymon bo'lib, tavbalar qilmas ekan, oqibati alamli azob bo'ladi, o'zgasi emas. Bu tushunchalarni esa, bugungi kunda o'sib kelayotgan avlodga to'g'ri singdirishga harakat qilmas ekanmiz, kelajakda o'zimizga og'ir yuk bo'ladi.
Qodirjon Umurzakov
Pop tumani «Muhammadjon qori»jome masjidining imom-xatibi
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati