Misr va Suriya Islom olamida Qur’oni karimni qiroatini eng yaxshi va xush ovoz bilan o‘qiydigan qorilar yurtlari sifatida mashhurdir. Ayniqsa, Abdulbosit Abdussomad, Muhammad Siddiq Minshaviy, Mustafo Ismoil, Ali Banno kabi Qur’on hofizlarining shuhrati olamga keng yoyilgan. Ular orasida ustoz qorilardan, Qur’oni karim hofizi va homili Mahmud Xalil Husoriy alohida o‘rin tutadi.
Fazilatli shayx Mahmud Xalil Husoriy hijriy sana bo‘yicha 1335-yili Zulhijja oyida melodiy 1917 yili sentyabr oyining 17-kunida Misrning g‘arbiy viloyati Tontoning markazi Shubron namlah qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning otasi bo‘yra tayyorlab sotardi. Bo‘yrani arabchada “hasir”deyishadi. Shuning uchun u keyinchalik “Husoriy” taxallusi bilan mashhur bo‘ldi. Mahmudning bolalik va yoshlik davri otasiga tirikchilik ishlarida yordam berish bilan kechdi. Orada Qur’oni karimni hifz etishni boshladi va sakkiz yoshidayoq yod oldi. O‘sha davrning mashhur Qu’ron hofizi Ibrohim Salomdan saboq oldi. Tengdoshlari Mustafo Ismoil va Mahmud Ali Bannolar bilan musobaqalashib Qur’onni o‘rganishdi va tadqiq qilishdi.
Qur’oni karimni tajvid qoidalariga binoan mukammal qilib, xush ovoz bilan tilovat qilishi Mahmud Xalil Husoriyni butun mamlakatga mashhur qilib yubordi. U melodiy 1944 yili hijriy 1364 yili Misr radiosi tashkil etgan qorilar talovida ikki yuz nafar qori ichida birinchi o‘rinni egalladi va jahonning eng kuchli qorilaridan biri ekanini isbotladi.
U Qur’on hofizi bo‘libgina qolmadi. Tinimsiz izlanishlar, chuqur tadqiqotlar evaziga Qur’oni karim homiliga, yani, Qur’onni yoddan o‘qish bilan birga manolarini tushunib, uni hayotga tatbiq etuvchi, unga amal qiluvchi kishiga aylandi.
1944 yildan boshlab Masjidul Ahmadiyda, 1955 yilda esa Masjidul Husayniyda Qur’on tilovat qilib beruvchi va Misr qorixonalarini nazorat qiluvchi va taftishchisi edi. Keyinchalik melodiy 1961, hijriy 1381 yili shayxlik lovozimini boshqaruvchi etib tayinlanguniga qadar unga mudir o‘rinbosari etib tayinlandi. U birinchi bo‘lib melodiy 1961 yili, hijriy 1381 yili Hafs Osimdan qilgan rivoyaatga ko‘ra tartil ila o‘qilgan Qur’oni karimni ovozli ko‘rinishda chiqargan. Misrda chamasi 10 yil rodio eshittirishlarda Husoriy chiqargan birgina Qur’oni karimni ovozli nusxasidan foydalanilgan. Melodiy 1964 yili, hijriy 1384 yili Varsh Nofedan qilgan rivoyaatga ko‘ra tartil ila o‘qilgan Qur’oni karimni ovozli ko‘rinishi chiqaradi. Keyinchalik melodiy 1968 yili, hijriy 1388 yili Qolun ad-Duriydan qilgan rivoyaatga ko‘ra tartil ila o‘qilgan Qur’oni karimni ovozli ko‘rinishi chiqaradi. Mana shu yilning o‘zida “Butun Dunyo Islom Qorilari” birlashmasini raisi etib tayinlanadi.
1965 yili uni Misr Vaqf ishlari vazirligiga Qur’oni karim bo‘yicha maslahatchi vazifasiga tayinlashdi. Keyinchalik muqaddas Qur’oni majid sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari uchun unga “Qur’on fanlari doktori” degan unvon berildi. Qur’on homili ilohiy vahyning daxlsiz va o‘zgarishsiz asralishida katta qat’iyat va fidokorlik ko‘rsatdi. Isroilda Qur’oni karim izohlari buzib talqin qilinganida Mahmud Xusariy bu soxtakorliklarni birinchi bo‘lib keskin rad etdi. Mashhur qori ko‘plab Islom o‘lkalariga tashrif buyurib, o‘sha mamlakatlar musulmonlarining Qur’on bilan bog‘lanishlarini mustahkamlash, Ilohiy kalomni tilovat qilish, o‘rganish va amal qilishda, qorilar tayyorlash ishlarida ularga xolisona ko‘maklashdi. Bu xayrli amallarda ko‘p g‘ayrat va shijoat ko‘rsatdi. Uning ana shu sa’y-harakatlari natijasida g‘ayrimuslim o‘lkalardagi boshqa dindagilarning Islomga kirishlari sezilarli darajada ko‘paydi.
U hayotining so‘ngida o‘zining barcha mol mulkini uchdan birini Qur’oni karimni xizmati va Qur’oni karimni yodlovchilar uchun berilishini vasiyat qilgan.
Qur’on hofizi va homili Mahmud Xalil Husariy melodiy 1980-yili 24-Oktyabr, hijriy 1401-yil Muharram oyinig 16 dushanba kuni Quvaytga ketayotib, yo‘lda vafot etdi.
Ta’lif etgan kitoblari:
Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin.
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti 4-kurs talabasi
Karimov Ziyodulloh G‘aybullox O‘g‘li
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV