Alloh taolo Ahzob surasining 56-oyatida: “-Albatta Alloh va uning farishtalari Payg‘ambarga salovot ayturlar. Ey iymon keltirganlar! Siz ham Unga salovot ayting va ko‘p salom yo‘llang!”, deb marhamat qilgan.
Oyatdagi “yusollun” kalimasi – “salovot ayturlar" degan ma’noni anglatadi. Arab tilida salovat so‘zi “salot” kalimasining ko‘pligi hisoblanib, “duo, mag‘firat so‘rash” ma’nolarini bildiradi. Ammo duo ma’nosi Alloh taoloning salovat aytishi degan ma’noga to‘g‘ri kelmaydi. Alloh taolo Payg‘ambarning haqqiga duo qilmaydi, chunki bir kishining haqqiga duo qilish – uchinchi tomondan unga manfaat so‘rashdir. Alloh taologa nisbatan esa buning imkoni yo‘qdir. Ulamolar: “Salovat Alloh tomonidan bo‘lsa, rahmatdir va bu xos rahmatdir” deb aytib o‘tishgan.
Xos rahmat – Alloh subhanahu va taolo farishtalar huzurida u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni maqtash va ulug‘lashdir. Yana Robbul olaminning salavoti sano, ulug‘lash, ikrom qilish, xos shafqat, xos mag‘firat va shu kabi yaxshilik, fazl, ikrom, madh, sano, nur va ziyo ma’nolarini o‘zida jam qiladi. Alloh taoloning u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni ulug‘lashi bu dunyoda u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning zikrini oliy qilish, dinini zohir qilish, shariatini boqiy qilish hisoblanadi. Oxirat manzilida esa “maqomul mahmud”ni ato etish bilan avvalgiyu oxirgilarga u zotning fazllarini ko‘rsatish, ummatlariga shafoatchi bo‘lishlari, ajru savoblarini ko‘paytirish va barcha muqarrabu shohidlardan muqaddam ekanlarini zohir qilishdir.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) “yusollun” – “Payg‘ambarga salovat ayturlar” oyatini “barakot tilaydilar” deb, ya’ni “baraka tilab duo qiladilar”, deb izohlaganlar.
Farishtalarning salovati esa istig‘fordir ya’ni farishtalar tarafidan salovat aytish Allohdan mag‘firat so‘rash hisoblanadi. Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam)ga farishtalarning salovat aytishi u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning haqlariga duo qilishlari, istig‘for aytishlari ma’nosida bo‘ladi.
Mo‘minlarning Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga salovat aytishlari esa, ular tomonidan bo‘lgan duo va ulug‘lash ma’nosidadir.
Jumhur ulamolar: “Kishi umri mobaynida bir marotaba salovat aytish vojibdir. Nabiy (sallollohu alayhi va sallam)ga salovat yo‘llash, zikr – tasbeh, hamd aytish kabi ibodatdir” – deganlar.
Imom Nasoiy Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim menga bir marta salovat aytsa, Alloh unga o‘n marta salovat aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi” dedilar.
Imom Ahmad keltirgan hadisda Abdurohman ibn Amr (roziyallohu anhu): “Kimki Nabiy (sallollohu alayhi va sallam)ga bitta salovat yo‘llasa, Alloh taolo va farishtalar uning haqqiga yetmishta salovat yo‘llaydi” deb aytganlar.
Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom ibn Moja rivoyat qilgan hadisda esa Omir ibn Robi’aning otasi bunday deydi: “Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning: “Kim menga salovat aytsa, farishtalar unga ham menga aytgan salovatining barobarida salovat aytib turadilar. Banda salovatni xohlasa, oz aytsin, xohlasa ko‘p”, deganlarini eshitdim” degan.
Imom Shofe’iy va imom Bayhaqiydan keltirilgan haqisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlarning jannatda menga eng yaqin bo‘ladiganlaringiz, menga salovatni ko‘proq aytadiganlaringizdir. Bas, yorug‘ kecha va nurli kunda menga salovat aytishni ko‘paytiringlar”, dedilar. Hadisi sharifdagi “yorug‘ kecha”dan murod juma kechasi, “nurli kun”dan murod juma kunidir.
Demak, kim u zot (sollalohu alayhi va sallam)ga salovat aytuvchilardan bo‘lsa, Alloh taoloning va muborak farishtalarning salovatlariga noil bo‘lishi, hamda jannatda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga manzili yaqin bo‘ladiganlar qatorida turish baxtiga yetishadi, inshoalloh.
N.G‘ofurova,
“Xadichai Kubro” o‘rta-maxsus islom
bilim yurti o‘qituvchisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
“Al-Bahja” kitobida hazratimiz imom Bahouddin Muhammad Naqshbandiy quddisa sirruhuning o‘z muridlariga aytib qoldirgan ikki vasiyatlari bor. Tafakkur etuvchilar uchun g‘oyat qadrli bo‘lgani uchun bu ikki vasiyatni keltiramiz.
Birinchi buyuk vasiyat:
“So‘fiylik yo‘lining haqiqiy muridi, qaysi bir ulug‘ darajaga yetgan bo‘lmasin, hamisha o‘zini endi birinchi qadamini qo‘yayotgan, yangi boshlovchi sifatida ko‘rishi lozim”.
Ikkinchi buyuk vasiyat:
“Murid o‘zining tarbiyasi va ichki olamining tozaligi e’tiboridan qaysi bir yuksak cho‘qqiga ko‘tarilgan bo‘lmasin, baribir, o‘zining nafsini Fir’avnning nafsidan yuz chandon yomonroq deb e’tiqod qilishi kerak!”.
Aqlli inson, deylik, “itmi’non” — xotirjamlik deb nomlanmish baland maqomlarga ko‘tarilgan taqdirida ham nafsini o‘z holicha tashlab qo‘ymasdan, doimo nazorat qilib turmog‘i shart. Chunki hatto shunday kishilarni ham o‘z nafsining hiylayu nayrangidan to‘la himoyalangan, deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, biz oddiy odamlar jamiyatdagi yuqori lavozimlarni yaxshi ko‘rishligimizu bunchalar xudbinligimiz bilan qanday qilib nafsimizning yomonliklaridan saqlana olishimiz mumkin?! Yo Alloh, bizlarga o‘zing tavfiq bergin.
Agar Alloh madad bermasa, bizlar o‘z holimizcha nafsimizning shumligiyu uning sanoqsiz hiylalaridan hech qachon qutila olmaymiz. Insonning yomon xulqi esa, shubhasiz, uni baxtsizlikka, isyonga sudraydi. Shu sababli ham yomon xulq-atvor – bu xastalik bo‘lib, uning dori-darmoni tariqatdir. Yoxud yomon fe’lni go‘yo ma’naviy kir, ma’naviy ifloslik deydigan bo‘lsak, tariqat uni yuvadigan toza suvdir. Kirlardan qutulish uchun suvdan foydalanish zarur! Alloh Buyuk, Olim – barcha narsani Bilguvchidir. Xulqlarimizni kamolga yetkazishimiz va yomonliklarni tark etishimizda esa har narsaga Qodir, Buyuk va Qudratli Allohning madadiga muhtojiz. Uning madadi ruhiyatimizga hayot beruvchidir.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.