Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!.. ” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!» (Isro, 23).
Shokir ota ayoli Huriniso aya bilan baxtli hayot kechirdi. Farzandlarining barchasi hayotda o‘z o‘rnini topdi... Nevaralar ham birin-ketin voyaga yeta boshlashdi. Nevara kelin, nevara kuyov ko‘raman deb turgan payt Huriniso aya xastalanib, bandalikni bajo keltirdi.
Farzandlari onasining hamma ma’rakalarini o‘tkazishdi. Eng nufuzli to‘yxonalarda yuz kilolab oshlar damlandi. Ammo bularning hech biri Shokir otaning ko‘nglini yoritmadi. Uydagi har bir narsa ayolini eslatar, xotiralarini uyg‘otardi. O‘zi yolg‘iz qolsa, ancha vaqtgacha ko‘ziga uyqu kelmasdi. Keyingi paytlarda qon bosimi ko‘tariladigan bo‘lib qoldi. Eng qimmat dorilar ham, mohir shifokorlar ham dardini aritolmasdi.
Otasining yolg‘izlikdan qiynalayotgani, kun sayin so‘lib borayotganini ko‘rgan kichik o‘g‘il bir kuni asta gap boshladi:
– Gapni nimadan boshlasam ekan?.. Onamni hammamiz juda yaxshi ko‘rardik. Biroq taqdir ekan! Nima ham qilardik? Endi biz uchun muhimi – sizning borligingiz, salomatligingiz! Kim nima desa desin, menga sizning sog‘ligingiz, xotirjamligingiz kerak. Rozi bo‘lsangiz, soliha bir ayolni topib, nikohlab qo‘ysak?!
Shokir otaning ko‘zida yosh ko‘rindi. Kechagina do‘sti Turg‘un ham shu haqida gapirgandi. Erkak kishi keksayganida bir dardkashga muhtoj bo‘lib qolar ekan.
“O‘g‘lim, boringga shukr, rahmat!” – deya oldi ota.
Kichik o‘g‘il otasini uylantirish haqida akasi va singlisiga maslahat solganida, katta janjal ko‘tarildi.
– Otam senga og‘irlik qilyaptimi?
– Uy-joyga ega chiqadigan kerakmi senga?
– Onamni sen unutgan bo‘lsang unutgandirsan, bizlar unutganimiz yo‘q!
Shokir otaning dili qattiq og‘ridi, ko‘zlari namlandi. Aslida, onasining xotirasini aziz tutish haqida bong urayotgan shu farzandlar, onasi xastalanganda unga siltab muomala qilgan, qarashni malol olgan edilar. Ammo onaning vafotidan keyin ma’rakalarni el ko‘ziga, men farzandlik burchimni a’lo darajada bajarib qo‘ydim, deb o‘zini ko‘rsatish uchun dabdaba bilan o‘tkazayotgan edilar.
Yaxshilikni inson tirikligida qilish kerakligini hamma biladi-yu, ammo... Ota-onasi, yaqinlari o‘tib ketgan insonlarning ko‘pchiligi marhumlarning ruhi shod bo‘lishi uchun qozon-qozon osh berishni o‘ylab yurishadi-yu, yolg‘iz qolgan ota yoki onaning, jigarlarning, tiriklarning g‘amini yeyish, qalbiga quloq solish xayoliga kelmaydi. Bu qanday bedodlikki, yolg‘izlanib qolgan, ertalab uyg‘onamanmi, yo‘qmi, deb tong ottirayotgan keksalarning hayotini boshiga yolg‘izlik tushmagan, qalbi yarimlik ko‘rmagan farzandlar hal qilsa!..
Ularga otalar, onalar hayotini hal qilish huquqini kim berdi?!
Yolg‘iz keksalarning ko‘ngliga qarab, ular xohlasalar, yana turmush qurishlarini bir og‘iz aytib o‘tish farzandlardan lozimdir.
Bunday keksalarning taomini hozirlash, kiyim-kechagini but qilish bilan ularning yarim ko‘ngli to‘lib qolmaydi. Ularga bir hamdard, hamroh kerak.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Shariatimiz doimo mutaassiblikka qarshi bo‘lib, Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda bu ish qoralangan. Mutaassiblik oqibatida doimiy ravishda dinga zarar yetkazildi, bu hol hozirda davom etmoqda. Mutaassiblikdan yoshlarni himoya qilish uchun uning mazmun-mohiyatini, olimlar unga qanday ta’rif berganini bilishimiz lozim.
Mutaassiblik biron e’tiqodga yoki dunyoqarashga o‘ta berilganlik, o‘z fikrida qat’iy turib olib, boshqalarning fikrini inobatga olmaslik hamda inkor qilish va hamisha o‘zini haq deb bilishdir. Hozirgi zamon tili bilan bu fanatizm ham deyiladi.
Mutaassib kishi ko‘r-ko‘rona, xoh to‘g‘ri, xoh noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma’qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarnikini nohaq deb e’tiqod qilgan holda o‘z tushunchasini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.
“Kashshofu istilohotil funun” kitobida: “Mutaassiblik, garchi dalil ko‘rinib turgan bo‘lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir”, deb ta’riflangan.
Ulamolardan Alloma Taftazoniy rahimahulloh: “Mutaassiblik haq zohir bo‘lsa ham uni tan olmaslikdir”, deb aytgan.
Shayx Alovuddin Buxoriy rahmatullohi alayhi: “Dalil zohir bo‘lganda, aqidasi haqni tan olishdan to‘sadigan kishi mutaassib hisoblanadi”, degan.
Sodrush shari’a Ubaydulloh ibn Mas’ud Mahbubiy esa: “Bilingki, bid’at ikki ishning biridan paydo bo‘ladi. Birinchisi mutaassiblikdan, ikkinchisi ahmoqlikdan. Bir inson aqli joyida bo‘lgan holida qalbidagi aqidasi buzuq bo‘lgani bois haqni tan olmasdan katta ketsa, ana shu kimsa mutaassib bo‘ladi”, deb aytgan.
Alloh taolo bunday kimsalarga tahdid qilib Niso surasining 15-oyatida: «Kim o‘ziga hidoyat ravshan bo‘lgandan keyin Payg‘ambarga xilof qilsa va mo‘minlarning yo‘lidan boshqa yo‘lga yursa, ketgan tomonga qo‘yib qo‘yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy!», deb aytgan.
Shuningdek, mutaassib kishi jamiyat ichida tarafkashlik va bo‘linish yuzaga chiqishiga ham sababchi bo‘ladi. Bu ham muqaddas dinimizda qoralangan ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo barchamizni bunday kimsalardan bo‘lib qolishdan o‘zi panoh bersin, o‘zi hidoyat yo‘lga yo‘llasin!
Manba: “Diniy mutaassiblik, mohiyat, maqsad va uni oldini olish yo‘llari” kitobi
Abdusalomov Hojimurod,
Toshkent Islom instituti talabasi.