Sayyidul bashar Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam insoniyatning eng ulug‘ va eng kamtar vakili edilar. U zot mo‘minlarga muloyimlik bilan muomala qilardilar. Sahobalar boy-kambag‘al yoki chiroyli-xunukligidan qat’i nazar, ularga bir xil munosabatda bo‘lardilar. U zot hammaga tabassum qilardilar, isrofga yo‘l qo‘ymagan holda saxiy, qalbi xokisor, mo‘minlarga rahm-shafqatli edilar.
U zot kechirimli bo‘lganlar. O‘zlariga yetkazilgan ozorlarni avf etardilar. Shuncha aziyat yetkazishiga qaramay qavmlarini la’natlamaganlar. “Yo Alloh, ularni kechir! Chunki ular bilishmaydi!” deb duo-iltijo qilardilar. Biroq shariat hukmi toptalganda, Alloh belgilab bergan chegaradan chiqilganda, adolatli hukm chiqarar, jinoyatchiga munosib jazolardilar.
Mana bu rivoyat so‘zimizning isbotidir.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: مَا انْتَقَمَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لِنَفْسِهِ فِي شَيْءٍ يُؤْتَى إِلَيْهِ حَتَّى يُنْتَهَكَ مِنْ حُرُمَاتِ اللهِ فَيَنْتَقِمَ للهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Oisha roziyallohu anho rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlariga qilingan ish uchun intiqom olmasdilar. Magar Alloh belgilab bergan chegaradan chiqilsa, Alloh uchun intiqom olardilar” (Buxoriy rivoyat qilgan).
Rasululloh alayhissalomning har bir holatlari, hatto sukutlarida ham Alloh roziligi niyat qilinardi. U zot zinhor o‘z nafslari uchun birovdan qasos olgan emaslar. Agar Alloh belgilab qo‘ygan qonun-qoidalar buzilsa, o‘shanda jinoyatchilarni munosib jazolaganlar. Olamlarga rahmat etib yuborilgan zot – faqat shariat hukmiga hurmatsizlik qilingandagina – jinoyatchilarga qattiqqo‘l muomalada bo‘lardilar. Chunki vaziyat shuni taqozo etardi.
وَعَنْ أَبِي مَسْعُودٍ قَالَ: أَتَى النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلٌ فَكَلَّمَهُ فَجَعَلَ تُرْعَدُ فَرَائِصُهُ فَقَالَ لَهُ: هَوِّنْ عَلَيْكَ فَإِنِّي لَسْتُ بِمَلِكٍ إِنَّمَا أَنَا ابْنُ امْرَأَةٍ تَأْكُلُ الْقَدِيدَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَابْنُ سَعْدٍ وَالطَّبَرَانِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.
Abu Mas’uddan rivoyat qilinishicha, bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam huzurlariga keldi. U zot o‘sha kishi bilan gaplashdilar. Shunda u dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. Rasululloh unga: “Qo‘rqma! Men podshoh emasman. Balki quyoshda quritilgan go‘sht yeydigan (oddiy) ayolning o‘g‘liman”, dedilar (Ibn Moja, Hokim, Ibn Sa’d va Tabaroniy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
Rivoyatda aytilishicha, bir kishi hojat yuzasidan Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga kelib, u zot bilan gaplashganda hayajonlanib ketib dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. Buni ko‘rgan Rasuli akram unga qarata: – Qo‘rqma! O‘zingni bos. Men podshoh emasman! Balki quyoshda quritilgan go‘sht yeydigan oddiy bir ayolning o‘g‘liman, – dedilar.
U zotning kamtarliklarini qarang! Odamlar bor, hamma uning soyasiga salom berishini xohlaydi. Odamlar bor, kelganida tik turib xizmatida hoziru nozir bo‘lishi, hurmatini joyiga qo‘yishini yoqtiradi. Odamlar bor, marosimlarda davraning turidan joy berilishini istaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam esa nafaqat insonlarning, payg‘ambarlarning ulug‘ bo‘lsalar ham kamsuqum, kamtar inson edilar. Bir kishi huzurlarida turib, salobatlaridan qo‘rqib, hayajondan qaltiray boshlaganida unga muloyimlik bilan muomala qildilar. Kamtarlik qanaqa bo‘lishini Payg‘ambarimizdan o‘rganaylik, azizlar!
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam podshohlardan ortiq bo‘lsalar ortiq edilarki, zinhor kam emasdilar. Tasarruflarida boylik ham yetarli edi. Aytganlari aytgan, deganlari degan edi. Minglab sahobalari xizmatlarida kamarbasta turishardi. Islom jamiyatining hukmdori edilar. Shunday bo‘lsa-da, o‘ta xokisor bo‘lganlar. Nega? Chunki u zot manmanlik qanday ofat ekanini yaxshi bilganlar, Allohni sizu bizdan ko‘ra yaxshiroq taniganlar. Shuning uchun qalblarida kibrga tariqcha joy bermaganlar, tavoze’ libosini lozim tutganlar. Alloh taolo u zotga go‘zal xulqlarni, chiroyli odoblarni bergandi.
وَعَنْ يَحْيَى بْنِ أَبِي كَثِيرٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: آكُلُ كَمَا يَأْكُلُ الْعَبْدُ وَأَجْلِسُ كَمَا يَجْلِسُ الْعَبْدُ فَإِنَّمَا أَنَا عَبْدٌ وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْلِسُ مُحْتَفِزًا. رَوَاهُ ابْنُ سَعْدٍ فِي الطَّبَقَاتِ الْكُبْرَى.
Yahyo ibn Abu Kasirdan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Men bir qul kabi (ovqat) yeyman. Bir qul kabi o‘tiraman. Zero, men bir qulman”, dedilar. Nabiy sollallohu alayhi va sallam (turib ketishga shaylanayotgandek) tik o‘tirardilar (Ibn Sa’d “At-tabaqotul kubro”da rivoyat qilgan). Rasuli akram payg‘ambar bo‘lishlariga qaramay juda kamtar inson edilar. Qolaversa, “Men oddiy odamman. Qul qanday taom yesa, shunday yeyman. Qul qanday o‘tirsa, shunday o‘tiraman”, deb marhamat qilardilar. Payg‘ambar alayhissalom faqat til bilan emas, amal bilan ham ko‘pchilikka o‘rnak edilar. Sahobalar u zotning muborak hayotlari, ibratli xislatlari haqida keltirgan rivoyatlar shuni ko‘rsatadi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘zlarining bandaliklari bilan faxrlanar, Allohga qul ekanlarini aytishdan tortinmasdilar. U zotning qalblari tavoze’ xislati bilan ziynatlangani bois oddiy bandalarga xos turmush tarzini ma’qul ko‘rganlar. Qul qanday yashasa, shunday yashaganlar, qul qanday o‘tirsa, ovqatlansa, shunday o‘tirganlar, taomlanganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning yurish-turishlarida, umuman hayotlarida mutakabbirlarga xos bironta ham jihatni ko‘rmaysiz. Hammasi oddiy va ulug‘vor.
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: مَا عَلِمْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَكَلَ عَلَى سُكْرُجَةٍ قَطُّ وَلاَ خُبِزَ لَهُ مُرَقَّقٌ قَطُّ وَلاَ أَكَلَ عَلَى خِوَانٍ قَطُّ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَأَحْمَدُ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam sukruja yeganlarini, u zot uchun yumshoq non yopilganini, xontaxta ustida taomlanganlarini bilmayman” (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyat qilgan).
“Sukruja”ni ba’zilar sirkaga o‘xshash narsa, u ovqat hazmi yengil bo‘lishi uchun iste’mol qilinadi, desalar, boshqalar uni lagan, deb izohlashgan. Bu rivoyatda Rasululloh alayhissalom taomlanish bobida o‘ta kamtar bo‘lganlariga ishora qilinmoqda.
Rivoyatdan olinadigan foydalar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: أُتِيَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ بِتَمْرٍ عَتِيقٍ فَجَعَلَ يُفَتِّشُهُ يُخْرِجُ السُّوسَ مِنْهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallamga eski xurmo olib kelindi. Shunda u zot xurmodagi zararkundalarni chiqarish uchun uni diqqat bilan tekshira boshladilar” (Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih). Bu yerda eski mevalar tarkibida qurt-qumursqa bo‘lishi ehtimoli bo‘lganda, uni tekshirib iste’mol qilinishi zikr qilinmoqda. Shuningdek – bu rivoyatdan – mevaga qurt tushishi bilan harom bo‘lmasligini ham bilib olamiz. Mazkur rivoyatda Payg‘ambarimizning kamtarliklariga ham alohida urg‘u berilmoqda. U zot payg‘ambar bo‘la turib, eski xurmolarni qabul qilar, ularni o‘zlari tekshirib ko‘rardilar. U zotning o‘ta ulug‘ maqomlari odamlar nazdida kichik sanalgan bunday ishlarni qilishdan to‘smasdi. Kamtarlik mana shunday bo‘ladi!
Rivoyatdan olinadigan xulosalar:
عَنْ أَنَسٍ أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: اللَّهُمَّ أَحْيِنِي مِسْكِينًا وَأَمِتْنِي مِسْكِينًا وَاحْشُرْنِي فِي زُمْرَةِ الْمَسَاكِينِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَقَالَتْ عَائِشَةُ: لِمَ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: إِنَّهُمْ يَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ قَبْلَ أَغْنِيَائِهِمْ بِأَرْبَعِينَ خَرِيفًا يَا عَائِشَةُ لاَ تَرُدِّي الْمِسْكِينَ وَلَوْ بِشِقِّ تَمْرَةٍ يَا عَائِشَةُ أَحِبِّي الْمَسَاكِينَ وَقَرِّبِيهِمْ فَإِنَّ اللهَ يُقَرِّبُكِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo Alloh, meni miskin holda yashatgin. Meni miskin holda vafot ettir! Qiyomat kuni meni miskinlar jamoasida hashr qil!” deb duo qildilar. Shunda Oisha: “Nima sababdan (bunday duo qilyapsiz,) ey Rasululloh?” deb so‘radi. U zot: “Sababi ular boylardan qirq yil oldin jannatga kiradilar. Ey Oisha, miskinni (quruq) qaytarma! Yarimta xurmo berib bo‘lsa ham (ularga sadaqa qil). Ey Oisha, miskinlarni (chin dildan) yaxshi ko‘r, ularga yaqin bo‘l. Shunda Alloh qiyomat kuni seni ularga yaqin qiladi”, dedilar (Termiziy va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
Ibn Asir: “Bu bilan u zot tavoze’ va xokisorlikni, mutakabbir kimsalardan bo‘lmaslikni iroda qilganlar”, degan (Manba: “Madorijus solikin”). Oisha roziyallohu anho aytadi: “Sizlar ibodatlarning eng afzalidan: tavoze’dan g‘aflatda qolyapsizlar” (Buxoriy rivoyat qilgan).
Boshqa rivoyatlarda Payg‘ambar alayhissalom boylik so‘raganlari keltirilgan. Bu bobdagi dalillarni jamlagan ulamolar: “U zot alayhissalom xorlikka sabab bo‘luvchi o‘ta qashshoqlikdan va tug‘yonga ketkazuvchi boylikdan panoh so‘raganlar”, deb aytishgan.
Ushbu rivoyatdan olinadigan xulosalar:
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَعُودُ الْمَرِيضَ وَيَشْهَدُ الْجَنَازَةَ وَيَرْكَبُ الْحِمَارَ وَيُجِيبُ دَعْوَةَ الْعَبْدِ وَكَانَ يَوْمَ بَنِي قُرَيْظَةَ عَلَى حِمَارٍ مَخْطُومٍ بِحَبْلٍ مِنْ لِيفٍ عَلَيْهِ إِكَافٌ مِنْ لِيفٍ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَابْنُ مَاجَهْ وَالْحَاكِمُ وَأَبُو يَعْلَى وَسَنَدُهُ ضَعِيفٌ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam kasalni borib ko‘rar, janozada ishtirok etar, eshak minar, qulning taklifini qabul qilardilar. Bani Qurayza kuni o‘simlik tolasidan eshilgan arqon bilan yuganlangan eshakka mingandilar. Uning egari ham toladan edi” (Termiziy, Ibn Moja, Hokim va Abu Ya’lo rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi zaif).
Rasuli akram jundan libos kiyar, eshak minar, oddiy qul biron joyga taklif etsa, mamnuniyat bilan qabul qilar, qo‘yni bog‘lab qo‘yib o‘zlari sog‘ardilar. U zot mehmonlarga o‘zlariga xizmat qilardilar. Mo‘min-musulmonlar janozasida qatnashib, haqlariga duolar qilardilar. Biron kishi kasal bo‘lib qolganini eshitsalar, borib ko‘rib, hol-ahvol so‘rar, bemorning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zlarni aytardilar.
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَجْلِسُ عَلَى الأَرْضِ وَيَأْكُلُ عَلَى الأَرْضِ وَيَعْتَقِلُ الشَّاةَ وَيُجِيبُ دَعْوَةَ الْمَمْلُوكِ عَلَى خُبْزِ الشَّعِيرِ. رَوَاهُ الطَّبَرَانِيُّ وَالْبَيْهَقِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yerda o‘tirar, yerda taomlanar, qo‘yni bog‘lar, agar mamluk arpa unidan tayyorlangan nonga taklif etsa, ijobat qilardilar” (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi hasan).
Payg‘ambar alayhissalom xontaxtada o‘tirmaganlar, taomni yerda iste’mol qilganlar. Agar bir qul arpa unidan non yopib, mehmonga chaqirsa, albatta ijobat qilardilar. Hammaga – shohga ham, gadoga ham, boyga ham, kambag‘alga ham birdek yaxshi munosabatda bo‘lardilar.
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّهُ مَرَّ عَلَى صِبْيَانٍ فَسَلَّمَ عَلَيْهِمْ وَقَالَ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَفْعَلُهُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, u bolalar oldidan o‘ta turib ularga salom berdi va: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday qilardilar”, dedi (Buxoriy rivoyat qilgan). Bolalarga salom berishlari Payg‘ambarimizning naqadar kamtar inson bo‘lganlarini ko‘rsatadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, yoshligida bolalar bilan o‘ynab yurganida Rasululloh alayhissalom ular oldiga kelib salom berganlar (Ibn Moja rivoyat qilgan. Rivoyat sanadi sahih).
Odilxon qori Yunusxon o‘g‘li/muxlis.uz
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:
«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).
Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).
Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.
Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.
Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.
Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».
"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.