O'zbekiston elchisi Ulug'bek Maqsudov Butunjahon islom uyushmasi bosh kotibi Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Muloqot davomida Imom Buxoriy majmuasi hududida Payg'ambar alayhissalom siyrati va Islom tsivilizatsiyasi innovatsion muzeyini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shayx Muhammad bin Abdulkarim al-Issa O'zbekiston Prezidentining 2022 yil 17-18 avgust kunlari Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi va uning doirasida Payg'ambar alayhissalom siyrati va Islom tsivilizatsiyasi muzeyiga ziyoratini mamnuniyat bilan esga oldi. Uning aytishicha, ushbu tashrif ikki davlat o'rtasidagi aloqalarni tom ma'noda rivojlantirishi bilan birga, qardosh xalqlar manfaatlariga birdek xizmat qiladi.
«O'zbekiston hukumati tomonidan ko'plab musulmon davlatlar fuqarolariga mamlakatingizga vizasiz kirish tizimi joriy etilgani o'zaro munosabatlarni kengaytirish bilan birga Islom tamadduni rivojiga hissa qo'shgan buyuk allomalar merosi va tarixiy obidalarni ziyorat qilishlariga katta imkoniyat yaratib beradi», dedi Butunjahon islom uyushmasi bosh kotibi.
Shuningdek, suhbatdosh so'nggi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida Yangi O'zbekistonni barpo etish bo'yicha olib borayotgan oqilona siyosatni katta qiziqish bilan kuzatib borayotganini ta'kidladi.
O'zbekiston Prezidentining Samarqandda Imom Buxoriy majmuasini barpo etish bo'yicha bildirgan tashabbusi – davlat rahbari tomonidan islom ulamolariga bo'lgan yuksak hurmat va e'tibor ekanligi qayd etildi. Bosh kotib mazkur tashabbusni qo'llab-quvvatlab, majmuani barpo etishda Butunjahon islom uyushmasi barcha sa'y-harakatlarni safarbar etishini ma'lum qildi.
Tomonlar Yangi O'zbekistonda boshqa davlatlardan farqli o'laroq mukammal ishlab chiqilgan Payg'ambar alayhissalom siyrati, Imom Buxoriy hayoti va ijodi hamda islom tsivilizatsiyasiga bag'ishlangan innovatsion muzeyni qisqa muddatlarda barpo etishga umid bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar Imom Buxoriy majmuasi hududida Payg'ambar alayhissalom siyrati va Islom tsivilizatsiyasi innovatsion muzeyini tashkil bo'yicha tajriba almashishga kelishib oldilar.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.