TINCHLIK VA XOTIRJAMLIKNI QADRLASH INSONLARNING SHARAFLI BURCHLARIDIR!
Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslaklar o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liqligi ayon bo‘ladi. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng katta ne’mat ekanini ta’kidlab shunday deganlar: ya’ni: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh ta’oloning behisob bo‘lgan buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.
Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Odamlarning o‘zaro bir-birlariga bo‘lgan ishonch va sadoqatlari, mehr va muruvvatlarining samimiy bo‘lishi ham asosan xotirjamlikka bog‘liqdir. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi, xalqning Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etishlari uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Parvardigor Qur’oni karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab, bunday deydi: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz! (Baqara, 208). Darhaqiqat, tinchlik mavzui o‘ta muhim bo‘lganligi bois ham Qur’oni karim oyatlaridan o‘rin olgan. Arab tilidagi “salm”, “silm”, “salom”, va “islom” so‘zlari bir o‘zakdan chiqqan, turli ma’nodagi so‘zlar bo‘lsada, aynan bir maqsadga yo‘naltirilgandir.
Tinchlik va xotirjamlik – insoniyat bugun boshidan murakkab o‘zaro ziddiyatlarni kechirayotgan bir paytda suv va havodek zarurdir. Uning qadriga yetib, farzandlarimizni ham Yaratgan bergan bu tengsiz ne’matlarni qadrlamoqlari va asrab avaylamoq insoniyatning zimmamizdagi burchi ekanligini tushuntirmoqligimiz kerak. Bu barcha payg‘ambarlar qatorida bizning ham Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ning sunnati ekanligini yuqoridagi hadisdan bilib oldik. Islom tarixini o‘qir ekanmiz, unda insonni kimligi, nima uchun yaratilganligi, insonning zimmasiga qanday vazifalar yuklatilganligi, hayotda qanday inson bo‘lib yashashi kerakligi haqida berilgan tavsiyalar va ko‘rsatmalar bilan yaqindan tanishib chiqadi. Bu berilgan ne’matlarni qadriga yetishda va uni asrashda, bizga Payg‘amlarlarning otasi bo‘lgan, Ibrohim (a.s.) bu borada bashariyatga o‘rnak bo‘lganlar. Muqaddas dinimizning mo‘tabar manbasi Qur’oni karimda Ibrohim (a.s.)ning Vatanlari bo‘lgan Makka haqiga qilgan duolarida biz o‘rganayotgan mavzuimizning aynan tasdig‘idir. Shuningdek, Makka shahriga tinchlik va uning ahliga rizq so‘raganliklari so‘zimizning yorqin misolidir. Bu haqida bunday deyilagan: “Eslang: Ibrohim: “Ey, Rabbim, bu (Makka)ni tinchlik shahri qilgin va uning aholisidan Allohga va oxirat kuniga ishonuvchilarga (turli) mevalardan rizq qilib bergin” (Baqara, 126). Bu joyda Alloh taolo Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga o‘tgan ummatlarning payg‘ambarlarini hayotidan xabardor qilib, ummatlarini targ‘ib qilib, ulug‘ ne’matlar “Tinchlik” va “Xotirjam”likni qadrlab, asrab avaylab hayot kechirishga undalmoqda. O‘sha vaqtdagi tarixga nazar tashlasangiz Makka tinch shaharlardan bo‘lgan. Shunday bo‘lsada, bu tinchliki doimo so‘rab duo qilish muhim ekanligiga dalolatdir. Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) bilan sahobalar bir kuni suhbatlashib o‘tirganlarida, sahobalardan birlari Yo Rasululloh (s.a.v.) biz Alloh taolodan duo qiilb so‘raganimizda ko‘proq nimani so‘raylik deb savol qilishganda, janobimiz, habibimiz Payg‘ampbar (a.s.): “Alloh taolodan ofiyat (tinchlik, xotirjamlik)ni so‘ranglar” deb aytgan so‘zlari ham, insoniyat uchun bu ne’matlar nechog‘lik muhim ekanligiga dalolat qiladi. Tinch bo‘lib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, tinchlikni davomiy bo‘lishi uchundir. Bu xususida Qur’oni karimda bunday deyilgan:
“Yana Rabbingiz e’lon qilgan (bu so‘zlar)ni eslangiz: “Qasammki, agar (bergan ne’matlarimiga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukurlik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir” deb marhamat qilgan. (Ibrohim, 8).
Mazkur oyati karimani tinchlik va xotirjamlik uchun nima dahli bor deb fikr qiladigan insonlarga dinimiz chiroyli javob bergan. Ya’ni biz yuqorida tinchlik ham ne’matlarning eng ulug‘i ekanligi haqida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)dan hadisni eslab o‘tdik. Mazkur hadisga muvofiq bu buyuk ikki ne’at bardavom bo‘lishi uchun ham insondan shukr va qadrlash talab etilar ekan. Tinchlik hukm surib turgan joyga yana tinchlik so‘rab duo qilish esa, muqaddas dinimiz va davrimizning eng dolzarb sharafli vazifalaridan hisoblanadi. Inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, o‘zi yashab turgan, Alloh ne’mat qilib bergan Vatani, uning zilol suvlari, havosi, nozi ne’matlari va boshqa barcha sharoitlariga shukr qilib, uni ziyoda bo‘lishini so‘rab duo qilishi, Yaratganing, Vatanining, jamiyati va oilasi oldidagi sharafli burchidir.
Bugun dunyoda tinchligini va xotirjamligini yo‘qotgan mamlakat va u Yurtlarda istiqomat qilayotgan insonlar hayotlari, ta’bir joiz bo‘lsa nurafshon nurni yo‘qotgan, zimiston ichida qolgan insonlarga o‘xshadi. Bu holatni ko‘rgan, eshitgan insonda bir alamlik dard paydo bo‘ldai. Bu holatlardan ko‘rib, eshitib turgan insonlar ibrat olib, xulosalar chiqarib, o‘zlari uchun in’om qilingan tinchlik va xotirjamlikni qadrlashlari, asrab avaylashlari lozim bo‘ladi.
Shuning uchun ham biz Yurtimizdagi hukm surayotgan tinchlik, xotirjamlikni saqlash, uni turli xil g‘arazli xuruj va hamlalardan, fitna va bo‘htonlardan himoya qilish, g‘arzli va manfur kimsalarning makr va puch g‘oyalariga uchmasdan, aldanmasdan, yosh avlodlarimizni ham ulardan xabardor qilib, islom madaniyatining (tinchlik, xotirjamlik, bag‘rikenglik, o‘zarototuvli, mehr-oqibat v.h.k.) ezgu g‘oyalarini keng targ‘ib etishni dolzarb vazifa sifatida bilib, ushbular asosida faoliyat olib bormoq lozim bo‘ladi. Shuningdek, muqaddas dinimizni niqob qilib, o‘zlarining g‘arazli maqsadlariga erishishga urinayotgan firqa va oqimlarga qarshi doimo sergak va hushyor turish zarurligini doimo yodda tutmoq darkordir. Bu xususida Alloh taolo Qur’oni karimning “Moida” surasida bunday degan: “... Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir”, deyilgan (Moida 2). Ushbu oyatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ezgu niyat yo‘lida hamkorlik qilish yer yuzida TINCHLIK VA XOTIRJAMLIKNI barqaror bo‘lishiga bosh omillaridan ekanligiga targ‘ib qilingan.
Tinchlik va xotirjamlik – barcha davrlarda mamlakatlar, jamiyatlar, oilalarda yashagan insonlarning talab qilgan asosiy maqsadi bo‘lib kelgan. Bu ikki ne’mat uchun qilingan qancha harakatlar, xarajatlar ham so‘zimizga misoldir.
Tinchlik va xotirjamlik ne’matlari bashariyat uni saqlash uchun xoh qimmatli bo‘lsin, xoh arzon bo‘lsin barcha narsasini, aql-zakovat, mol-dunyo va kuch-quvvatini sarflashiga haqli bo‘lgan ulug‘ ne’matlardan ekani, buni bardavom bo‘lishi uchun uning sabablari, uni tutib turuvchi omillari va ustunlari ham bardavom bajarilishi lozim bo‘ladi.
Tinchlik va xotirjamlikni saqlash, uni qadrlash uchun insonlarni, yosh avlodni, erkak-ayollarni, xullas har bir shaxsni Allohning toatida, Allohga ma’siyat qilishdan qaytarish, bergan ne’matlarini qadrlash asosida tarbiyalash lozim bo‘ladi. Shuningdek, har bir inson o‘zining burchi va majburiyatlarini yaxshi bilishi va unga qat’iy amal qilishi dinimizning talab va tavsiyalaridandir.
Yuqorida ta’kidlab o‘tganimiz kabi, inson uchun tinchlik va xotirjamlik zarur va bu muqaddas dinimizning, davrimizning talabidir. Bu xususida Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) yana bir hadislarida shunday deganlar: “Kim oilasi tinch, jasadi salomat va huzurida bir kunlik taomi bor holatda tong ottirsa, unga dunyo to‘lig‘icha berilibdi”. (Imom Buxoriy rivoyat).
Jahonda ro‘y berib turgan notinchliklar, kishini dilini xufton qiladigan holatlar, bo‘lib turgan turli voqea va hodislardan bugun g‘aflatda qolish hech kimning haqqi yo‘q. Mamlakatlarni, jamiyatni, oilalarni, insonni halokat va falokatga uchratadigan eng yomon musibatlardan bu – beparvolik, g‘aflat, loqaydlik va shunga oid yomon hislatlardir. Bu insonlarga ko‘rinmaydigan illatlardan, kasalliklardandir desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuning uchun ham jannatmakaon Vatanimiz fuqarolari, barcha-barchamiz mazkur yomon hislatlardan chiqishimiz lozim va lobuddir.
Beparvolik, g‘aflat, loqaydliklardan dinimizda qat’iy qaytarib, u kabi illatlarga tushmaslikka targ‘ib etgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, dinimizning tinchlik va xotirjamlikka bo‘lgan e’tibori nechog‘lik katta, hamda bag‘rikenglik uning negizi ekanligi yaqqol nomoyon bo‘ladi. Inson o‘zidagi ne’matning qadrini uning ustida mulohaza yuritish, shu ne’matdan o‘zgalar ham bahramand yoki bebahra ekanligini o‘ylab ko‘rish bilan biladi. Bu esa yanada ko‘proq Allohga shukr qilishga undaydi. Ne’matning bardavom bo‘lishi, uning shukrni ado etilishiga bog‘liqdir. Tinchlik va xotirjamlik ana shunday amaliy shukr talab qiladigan ne’matlardandir. Bu ne’matning shukrini ado etish barchaning zimmasiga farzdir. Yoshi ulug‘ nuroniy otaxon va onaxonlarimiz ushbu ikki ulug‘ ne’matning mustahkamligini so‘rab duo qilishlari, yoshlilar o‘zlarining halol mehnatlari, uni himoya qilish uchun astoydil bel bog‘lashlari bilan bu ne’matning shukrini ado etgan bo‘lamiz. Shu bilan birga davrimiz va muqaddas dinimizning talab va tavsiyalarida amalga oshirgan bo‘lamiz.
Alloh taolo Yurtimiz tinchligi va xotirjamligini barqaror va bardavom, xalqimizning hayotini faravon qilsin.
Isomiddin AXROROV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi xodimi,
«Oqilon» jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmonlar Hunayn g‘azotida g‘alaba qozonishdi. Hunayn g‘azoti Shavvol oyida, hijratning sakkizinchi yili, Makka fathidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bilan Havozin va Saqiyf qabilalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan edi. Jangda g‘alaba qozongan musulmonlar katta g‘animatga (o‘ljaga) ega bo‘ldilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu g‘animatlarni qalbi Islomga moyil bo‘lgan yangi musulmonlarga taqsimlab berdilar. Qavmning kattalari Abu Sufyon, Uyayna, Aqra’, Suhayl ibn Amr va boshqalarga ham berdilar.
Vaholanki, ular Quraysh mushriklarining eng kattalari bo‘lib, uzoq yillar Payg‘ambarimizga qarshi urushgan kishilar edi. Ushbu g‘animatlar taqsimlanishidan bir necha kun oldingina islomni qabul qilishgan edi. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ansorlarga (Madinalik sahobalarga) ushbu g‘animatlardan hech narsa bermadilar.
Holbuki, ular Islomni yoyish va Payg‘ambar alayhissalomni himoya qilish uchun qonlarini to‘kkan, jonlarini fido qilgan kishilar edi. Bu holat ularning qalblariga og‘ir botdi va xasratlanib shunday deyishdi: «Qilichlarimizning tig‘idagi dushmanning qoni hali qotgani yo‘q, ammo g‘animatlardan boshqalar bahramand bo‘ldi. Bizga esa, hech narsa berilmadi».
Bu borada Sa’d ibn Uboda roziyallohu anhu kelib Payg‘ambarimizga bo‘layotgan gaplar xaqida, odamlarning qalbidagi xafalikni aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Sa’d, sen bu haqda nima deysan?” dedilar. Sa’d: “Men ham qavmim tarafidaman”, deb javob berdi. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Qavmingni mening huzurimga yig‘”, dedilar. Ular to‘planganlaridan keyin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamjuda buyuk, nihoyatda ta’sirli, qalblarni jumbushga keltiruvchi, ko‘zlarni yoshga to‘ldiruvchi xutba qildilar.
U zot ularga muloyimlik va muhabbat bilan quyidagicha murojaat qildilar: “Ey ansorlar! Men sizlarni gumroh holda topmaganmidim? Alloh taolo men tufayli sizlarni hidoyat qilmadimi? Sizlar tarqoq va parokanda emasmidinglar, Alloh taolo men sababli sizlarni birlashtirmadimi? Sizlar faqir va muhtoj emasmidinglar, Alloh taolo men orqali sizlarni boy qilmadimi?”.
Har safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam savol bilan murojaat qilganlarida, ular: “Alloh va Uning Rasulidan minnatdormiz”, deb javob qaytarishardi.
So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima uchun menga javob qaytarmayapsizlar?” dedilar. Ular yana: “Alloh va Rasulidan minnatdormiz!”, deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Agar istasangiz, sizlarning ham shunday deyishga haqqingiz bor: “Siz bizning huzurimizga qavmingiz tomonidan inkor qilingan holda keldingiz, biz esa, sizni tasdiqladik. Siz qavmingiz tomonidan yolg‘onchiga chiqarilgan edingiz, biz sizga ishondik, imon keltirdik va sizga yordam berdik. Siz o‘z yurtingizdan quvildingiz, biz esa, sizga panoh berdik. Siz muhtoj holda keldingiz, biz esa, Sizni o‘z mol-mulkimizga sherik qildik”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu so‘zlarni aytganlarida ular: Alloh va Uning rasuligina bizlarga minnat qilishga haqli, deyishdi. Aslida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu so‘zlarni ularga tavozelik va insof yuzasidan aytgan edilar. Lekin, haqiqatan olganda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minnat qilishga haqli edilar, ular har qancha minnatdor bo‘lsalar arziydi. Chunki agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Madinaga hijratlari bo‘lmaganida, ularning orasida yashamaganlarida, ularning boshqalardan farqlari bo‘lmas edi. Ansorlarning sha’ni yuksalmas edi, qadrlari ko‘tarilmas edi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarab: “Ey ansorlar! Nima deb o‘ylaysizlar, boshqalar qo‘y va tuyalar bilan uylariga qaytsalar, sizlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uylaringizga qaytishni istamaysizlarmi? Bundan rozimasmisizlar?”-dedilar.
Bu gapning naqadar ulug‘ligi, ansorlarning qalbiga yetib borishligini bilganlari uchun ham Rasululloh ularga g‘animatdan bermagan edilar.
So‘ngra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: “Agar hijrat qilmaganimda, albatta men ansorlardan bo‘lar edim, agar odamlar bir vodiyda yursalar, men ansorlar yurgan yo‘llardan yurar edim, ansorlar men uchun ichki kiyimimdek, boshqalar esa tashqi kiyimimdek”, dedilar va: “Allohim ansorlarga rahmatingni yog‘dir, ularning farzandlariga va farzandlarining farzandlariga ham”, deb ularning haqqiga duo qildilar.
Bu so‘zlarni tinglagan ansorlarning ko‘zlaridan yoshlar to‘kildi, soqollari xo‘l bo‘ldi. Ular yig‘lagan holatda: Biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni biz bilan bo‘lishlariga rozimiz, bizning g‘animatimiz, bizning ulushimiz bo‘lganlaridan rozimiz!” — deyishdi.
Shundan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni kelajakda bo‘ladigan fitnalardan ogohlantirib shunday dedilar:
“Mendan keyin sizlar o‘zingizga nisbatan adolatsizlikni ko‘rasizlar, ammo sabr qilinglar. Mening havzimda men bilan yuzlashguningizcha, sabr qilinglar!”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV