Insonning hurmat qozonishi, kishilar o‘rtasida obro‘-e’tibor topishida uning go‘zal xulq-atvori muhim rol o‘ynadi. Shirinsuxanlik, muloyimlik, kattaga hurma, kichikka izzat, kengfe’llilik kabi fazilatlar, inson umrini bezaydi. Uni ham Allohning huzurida, ham bandalar oldida suyukli qiladi. Ana shunday go‘zal fazilatlar borasida Rasuli akram (sollallohu alayhi va sallam) mo‘min-musulmonlarga o‘rnak bo‘ldilar. Zero u zot shu vazifa bilan vazifalantirilgan edilar. Bu haqida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) bunday marhamat qiladilar: “Men go‘zal axloqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim!” (Imom Buxoriy).
Muhammad mustafo (sollallohu alayhi va sallam) o‘z ummatlariga juda ko‘plab axloq qoidalarini ta’lim berganlar. Mo‘min uchun ziynat bo‘ladigan fazilatlarni birma-bir bayon etganlar. Oisha (roziyallohu anho)ga qilgan pandu-nasihatlarida bunday degan ekanlar: «Ey Oisha, o‘zingga yumshoqlikni lozim tutgin, qo‘pollik va undan paydo bo‘ladigan yomonliklardan saqlan, chunki yumshoqlik aralashgan har bir narsa chiroyli bo‘lur va yumshoqlik aralashmagan narsaning ayblari ko‘rinib qolur».
Darhaqiqat, yumshoq, shirin so‘zli kishini barcha yaxshi ko‘radi, qo‘pol kishidan esa o‘zini chetga oladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ummatlarini ko‘rkam xulqli bo‘lishga chaqirib bunday deganlar: «Qiyomat kunida mo‘min bandaning barcha amallari tarozuga qo‘yilganda eng tosh bosadigan amali yaxshi xulqdir, Alloh taolo sharmsiz, behayo so‘z aytuvchilarni o‘ziga do‘st tumas».
Boshqa bir hadisi sharifda esa bunday marhamat qilinadi: «Odamlarga aralashmagan, ularning ozorlariga sabr qilmagan mo‘mindan, odamlarga aralashgan, ularning ozorlariga sabr qilgan mo‘min afzalroqdur».
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bir kuni sahobalaridan: «Xo‘sh, kimni eng kuchli odam deb o‘ylaysizlar?» – deb, so‘radilar. Sahobalar: «Raqibini tezlik bilan yengadigan, yiqitadigan kishi eng kuchli polvon bo‘ladi», deb javob berdilar. Shunda u zot (sollallohu alayhi va sallam): «Yo‘q, unday emas, jahli chiqqanda g‘azabini ichiga yuta oladigan kishi eng kuchlidir», dedilar. Shu sababdan Alloh taolo ham g‘azabini ichiga yuta oladigan kishilarni o‘z Qur’oni Karimida maqtagan: «U taqvodor zotlar yaxshi-yomon kunlarda infoq-ehson qiladigan, g‘azablarini ichiga yutadigan, odamlarning (xato-kamchiliklarini) avf etadigan kishilardir. Alloh taolo bunday yaxshilik qiluvchilarni sevadi». (Oli-Imron, 134).
Hikoya qilishlaricha, ulug‘lardan birining xizmatkori xo‘jayiniga taom keltirayotib, oyog‘i chalishib, yiqiladi va qo‘lidagi taom gilamga to‘kiladi. Xo‘jayinning jahli chiqadi. Shunda xizmatkor: «Ey taqsirim, Alloh taoloning so‘zini eslang», deydi. Alloh nima degan? – so‘raydi xo‘jayin. «Alloh taolo “G‘azabni yutuvchilar” – degan», javob beradi xizmatkor. Shunda xo‘jayin, «Mayli men ham g‘azabimni ichimga yutdim», deydi. «Alloh taolo yana: “Yaxshilik qiluvchilarni Alloh sevadi”, degan» davom etadi xizmatkor. Shunda xo‘jayin: «Alloh taolo uchun seni ozod qildim», deb xizmatkorni qullikdan ozod qiladi hamda ming dinor hadya beradi.
Ushbu hikoyatdan anglashiladiki, mo‘min Alloh taoloning amrlarini o‘z hayotiga tadbiq eta olsa, ikki dunyo saodatiga erishadi, inshoalloh. Zero, hikoyatning ikkala qahramoni ham Allohning amriga buyin ekkani, unga amal qilgani bois biri o‘tkinchi dunyo matohitni abadiy dunyodagi ulkan savobga aylantirdi. Boshqasi esa hurlikka erishidi...
Alloh taolo barchalarimizga go‘zal xulqli kishilardan bo‘lib, dargohi ilohiyda yuqori darajalarga ko‘tarilishni nasib etsin!
Adham DO‘SMATOV
Toshkent Islom Universiteti magistranti
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ota-onam meni majburlab erga bermoqchi, bola bilan ko‘rishdim va ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi. Keyin istixora o‘qishni boshladim va baribir ko‘nglim yumshamadi. Uydagilarga tushuntirdim, lekin meni eshitishmayapti. Men qanday yo‘l tutsam bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizda xotin-qizlarni majburlab erga berishdan man qilingan. Zero, nikoh ikki tomonning roziligi bilan tuziladi. Juvon bo‘lsa, u bilan ochiqcha gaplashiladi, bokira bo‘lsa, undan izn so‘raladi. Bokira (rozilik alomatlari bilan) sukut qilsa, bu uning nikohga izn bergani bo‘ladi.
Barcha fiqhiy manbalarimizda kelin va kuyov o‘z roziligini bildirishi (iyjob va qabul) nikohning asosiy rukni ekani bayon qilingan. Kelin-kuyovdan biri nikohga rozi bo‘lmasa, nikoh durust bo‘lmaydi.
Ota-onaning vazifasi esa farzandini boylik, mansab yoki boshqa g‘arazlar sababli ko‘r-ko‘rona uylanish yoki erga tegishga majburlash emas. Balki farzandiga juft bo‘layotgan yigit yo qizning diyonati, xulq-odobiga va kasb-hunariga e’tibor qilishdir.
O‘z o‘rnida turmush qurayotgan farzand ham ota-onasining tavsiyalari o‘rinli bo‘lsa, qabul qilishi, qaysarlik qilmay ularning hayotiy tajribalaridan foydalanishi kerak.
Xotin-qizlarni majburlab erga berish holatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalomning ayolga nikoh yo ajralishni tanlash ixtiyorini berganlari ma’lum. Hatto bir holatda qiz kambag‘al yigitni, ota-ona esa boy yigitni tanlaganida, u zot qizning ixtiyorini ustun qo‘yib:
لم ير للمتحابين مثل النكاح
«Bir-birini yaxshi ko‘rganlar uchun nikohdan yaxshisi yo‘qdir", dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati). Vallohu a’lam"
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.