عَنْ أَنَس بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:" لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ" رَوَاهُ البخاري
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, (komil) mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyat qilgan)
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat u zotning tiriklik paytlarida shaxslariga nisbatan bo‘lsa, endi ham shaxslariga, ham dinlariga, ham sunnatlariga nisbatan bo‘lishi kerak.
Iymonimizning komilligi U zotga bo‘lgan muhabbatimizga ta’alluqli bo‘lar ekan, ulamolar kishi qalbida Nabiy sollallohu alayhi vasallam sevgisi bor-yo‘qligining belgisi sifatida quyidagi o‘lchovni qo‘llashgan:
1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ziyoratlari muyassar bo‘lganida uni boy berish dunyodagi bor narsani boy berishdan og‘ir bo‘lishi;
2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amrlariga itoat etib, man qilgan narsalaridan saqlanish;
3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish va shariatlarini himoya qilish.
Shuningdek Rasululloh alayhissalomga bo‘lgan muhabbat U zotga ergashish bilan bo‘lar ekan, bu narsa Alloh taoloning bizlarga bo‘lgan muhabbati va mag‘firatini vojib qiladi. Zero, Alloh taolo:
قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ
"Ayting (ey, Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» deb marhamat qiladi.
Tarixda bunday muhabbatli zotlar ko‘p bo‘lgan. Shak-shubhasiz avalambor sahobai kiromlar bu borada birinchi bo‘lishgan va bizga ibrat ko‘rsatishgan. Sahobalarning bu muhabbatini Rasululloh alays salomning har bir so‘zini hech bir taraddudsiz ishonch bilan qabul qilishida, ularning Islom dinini himoya qilishida, bu yo‘lda mol-dunyolarini, jonlari va qonlarini tikishida va ularning hatto Rasululloh alayhissalomdan tushgan bir dona mo‘yni, tahorat qilgan suv tomchilarini, tuflagan tupuklarini talashib, bir-birlari bilan urishib ketay deyishlarida ko‘rishimiz mumkin. Yoki Rasululloh alayhissalom sahobalarning ko‘zlaridan ozroq vaqt g‘oib bo‘lib qolsalar ular o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolar edilar.
Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin Abdulloh ibn Umar sahroda ketayotib, bir joyga yetganda tuyasidan tushar va engashib o‘tar ekan. Buning sababini so‘raganlarga “Shu yerda bir daraxt bor edi, Hazrati Rasululloh uning tagidan xuddi shunday engashib o‘tardilar”, deb javob bergan edi.
Sahobalardan keyingi avlodlar ham bu borada katta ibrat bo‘lishgan va U zotga haqiqiy muhabbatlarini ko‘rsatishgan.
Imom Molikday zot ham dunyo ishlarida Nabiyga taqlid qilishda mashhur edi: Madinai munavvarada biror marta ulovga minib yurmadi, Ravzada imomlik qilganida doimo past ovozda gapirdi.
Mashhur saljuqiy podshohlardan Mahmud G‘aznaviy tahorati yo‘q paytda Muhammad ismli xodimini ismi bilan chaqirmay, “Hoy xodim” deb chorlardi.
Ahmad Yassaviy esa “Payg‘ambar yoshidan keyin mening bu tuproq ustida yurishim haromdir”, deya oxirzamon Nabiyiga sadoqatini izhor etib, odamlardan uzildi.
Uvays Qaraniy esa Uhud jangida Payg‘ambar alayhissalomning bir tishlari singani xabaridan so‘ng singani qay biri ekanini bilolmay barcha tishlarini o‘zidan begona qildi va Allohning Rasuliga sadoqat zavqidan masrur bo‘ldi.
Uhud jangida bir ayolning eri, ukasi va otasi shahid bo‘ldi. Uchchovining shahid bo‘lganini eshitgan ayol “Menga Rasulullohni ko‘rsatinglar, u zotni bir ko‘ray”, dedi. U zotni ko‘rganidan keyin “Ey Allohning Rasuli, siz sog‘-salomat ekansiz, menga qolgan musibatlar hechdir”, dedi.
"Oshiqun nabiy" nomi bilan mashhur bo‘lgan Abul Barakot Ayman ibn Muhammad Tunisiyning 17 ta bobosining ismi Muhammad bo‘lganligi rivoyat qilingan. Asli afrikalik bo‘lgan ushbu olim Madinai munavvaraga kelib to vafotlarigacha shu yerda qolgan va Baqi’ qabiristoniga dafn qilingan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbati kuchliligidan u kishi Payg‘ambarimiz haqlarida har kuni bitta qasida yozishni o‘ziga odat qilib olgan edi. Bunday misollarni son-sanoqsiz keltirishimiz mumkin.
Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga haqiqiy muhabbatli va u zotning yo‘llariga ergashuvchi bandalardan qilsin!
A. Qosimov
Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus
islom bilim yurti o‘qituvchisi
Hajga ketayotganlarga yoki hajdan qaytganlar haqqiga «Hajingiz mabrur haj bo‘sin!» deya duo qilinadi. Umuman, hojilarning o‘zlari ham o‘z hajlarining mabrur bo‘lishini istab, duoi xayrlar qiladilar. Nima uchun bunday duo qilinadi? Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadisi shariflari bor: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannat bo‘ladi!” (Imom Buxoriy, 3/1773; Imom Muslim, 2/1349).
Boshqa bir o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan insoniyat uchun eng afzal amallar qaysiligini so‘ralganida, ul zoti sharif tomonlaridan bunday amallar qatorida hajji mabrur ham sanab o‘tilgan edi (Imom Buxoriy, 2/1519; Imom Muslim, 1/83).
Shunday ekan, hajning qay tariqada mabrur bo‘lishini bilib olish juda zarur ekan. Avvalo «mabrur» so‘zining lug‘aviy ma’nosi qanday?
«Mabrur» so‘zi lug‘atda yaxshilik qilingan, qabul qilingan degan ma’nodadir. Uning «xolis» degan ma’nosi ham bor. Demak, «mabrur» so‘zi «maqbul» so‘ziga ma’nodosh bo‘ladi.
Mabrur haj bo‘lishi uchun quyidagilar bo‘lishi lozim:
1) Imom Buxoriyning “Tarixi kabir” asarida bir rivoyat bor. Unda mashhur olim Hasan Basriy rahimahullohning bunday degani naql qilinadi: “Mabrur haj shuki, hajdan dunyoda zohid holda, oxiratga rag‘batli bo‘lgan holatda qaytmoqlikdir” (Imom Buxoriy, «Tarixi kabir», 3/808).
Demak, hojilar yurtga qaytar ekanlar dunyo borasida zohid, zuhdu taqvoga berilgan, oxirat borasida esa unga rag‘bat qo‘ygan, harom va shubhali narsalarga parhezgor bo‘lib, har dam va har qadamda oxiratini o‘ylaydigan bo‘lishlari kerak ekan. Agar ana shunday hojilar bo‘lsa, ularning hajlarining mabrur bo‘lganining alomati ana shudir.
2) Haj vaqtida gunoh ish va qiliqlar aralashmagan haj mabrur bo‘ladi. Bu haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislari bor: «Kimki haj qilsa, yomon gap va yomon ish qilmasa, o‘tgan gunohlari kechiriladi» (Imom Termiziy, 2/808).
Hadisi sharifda tilga olingan “rafas” so‘zi lug‘atda shallaqilik qilish, behayo gaplarni gapirish, buzuq, iflos ishlarni qilish ma’nosida ekani aytiladi. Qur’oni karimda u «xotini bilan jinsiy yaqinlik qilish» ma’nosida kelgan. Bu yerda esa u umumiy bo‘lib, yomon gap-so‘z, qabih ishlar ma’nosida qo‘llangan. Demak, hajda bu xildagi ishlar mutlaqo mumkin emas.
3) Hajdan ko‘zlangan maqsad faqat Allohning farz qilgan hajini ado qilish bo‘lishi kerak. Shundagina haj mabrur bo‘ladi. Bu to‘g‘ridagi Hazrati Umar roziyallohu anhuning mana bu gapiga e’tibor bering:
“Kim mana bu Uyni boshqa narsani iroda qilmasdan haj qiladigan bo‘lsa, gunohlardan xuddi onasi tuqqan kundagidek bo‘lib chiqadi” (Ibn Abu Shayba, 3/12785).
Inson hajga borar ekan, tijorat, savdo-sotiq va boshqa shunga o‘xshash dunyoviy va hajdan o‘zga diniy ishlar hajning bahonasi ila safarning birinchi maqsadiga aylanib qolmasligi kerak.
Hazrati Umar roziyallohu anhu bir xotinning hajdan qaytayotganini ko‘rib, «Sayru sayohat qilib, do‘konlarni aylanib yuribsanmi?» debdilar. Xotin tasdiq javobini berganida, unga Hazrati Umar roziyallohu anhu: «Unday bo‘lsa, qaytadan haj qilgin!» degan ekan.
Bir kuni Hazrati Umar roziyallohu anhu Ka’baga suyanib o‘tirganida, Iroqdan kelgan hojilar u yoqdan bu yoqqa o‘ta boshlabdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhu ularni oldiga chaqiribdi. «Sizlar hajga keldinglarmi? Tavof qildinglarmi, Safo va Marva orasini sa’y qildinglarmi?» debdilar. Ular tasdiq javobini qilibdilar. «Hozir nima qilayapsizlar? Haj mavsumidan foydalanib qolyapsizlarmi?» debdi.
Hojilar fursatdan foydalanib, u yer bu yerlarni ko‘rib yurishganini, u yoqqa bu tomonga o‘tib, borib-kelib yurganlarini, boshqa xayrli amallar, ko‘proq zikr, ko‘proq nafl ibodatlar qilmayotganlarini aytishibdi. Shunda Hazrati Umar roziyallohu anhu ularga hajni qayta qilishlarini buyuribdilar (Ibn Abu Shayba, 3/12787).
Sahoba Abu Zarr roziyallohu anhu haj kunlarida Rabza degan joyni aylanib yurgan hojilarni ko‘rib, ularga hajlarini qayta qilishni burgan ekan.
Demak, inson haj kunlarini g‘animat bilishi, boshqa narsalarga, sovg‘a-salomlarga chalg‘ib ketib, ibodatlardan, zikrlardan qolib ketmasligi kerak. Shunda uning haji mabrur bo‘ladi.
4) Haji mabrur bo‘lganining alomati hoji haj qilib qaytganidan so‘ng uning holi yaxshi tarafga o‘zgarishidir. Har bir hoji o‘z holiga qarab ko‘rsin: ko‘proq ibodatlar qilayaptimi, o‘qiyotgan nafllari avvalgidan ko‘paydimi, odamlarga qilayotgan xayrli amallari ortdimi, og‘zidan chiqqan yomon gaplar endi yo‘qoldimi, yomon amallari yo‘qoldimi, hech kimga aytib bo‘lmaydigan gunohlari, aybu nuqsonlari ozaydimi?
5) Imom Qurtubiy rahimahulloh aytgan: “Haj mabrur bo‘lishi uchun haj arkonlari, manosiklari, amallari, farzu, vojibu sunnat va mustahablarining barchasi mukammal va to‘liq ado qilinishi kerak”. Bu juda muhim gap! Hojilar bunga e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi. Hajning amaliyotlarining birortasi qolib ketmasligi, amallarning ketma-ketligi, tartibi o‘zgarmasligi, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ymasligi, birovlar gapiga kirib oson va qulay yo‘lga o‘tib olmasligi kerak.
6) Muhammad Yusuf Bannuriy rahimahulloh hajning mabrur bo‘lishi uchun u riyodan xoli bo‘lmog‘i kerak, deb ta’kidlagan. Zotan, riyo savoblar kushandasidir. Xo‘jako‘rsinga, odamlar hoji desin, hammaning e’tibori va obro‘-hurmatiga sazovor bo‘lish maqsadida hajga borsa; hamma hajga borayapti-ku, deb odamlar ko‘zi uchun hajga ketsa, uning haji mabrur bo‘lmasligi mumkin.
7) Umuman, mabrur haj deganda gunoh, ma’siyat aralashmagan hajga aytiladi. Chunki uning «xolis haj» degan ma’nosi bor. Bu gunohlardan xoli, deganidir. Tavof asnosida, odamlar tiqilinchida birovga turtilmaslikka, birovning oyog‘ini bosib olmaslikka ham e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birovning ko‘ngliga og‘ir keladigan gaplarni gapirmaslik kerak. Buning uchun zikrga zo‘r berish kerak. Hajga borib, mehmonxonada oyoq uzatib yotib, umrida bir marta bo‘ladigan, atigi o‘n besh kunlik muborak safarida bu yoqdagi, yurtidagi dunyoviy ishlarini muhokama qilishning hech keragi yo‘q.
Barcha hojilarning hajlari mabrur, sa’ylari mashkur bo‘lsin!
Hamidulloh BЕRUNIY