Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Payg‘ambar alayhissalomga muhabbatli zotlar...

13.10.2016   9061   13 min.
Payg‘ambar alayhissalomga muhabbatli zotlar...

عَنْ أَنَس بْنِ مَالِكٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:" لَا يُؤْمِنُ أَحَدُكُمْ حَتَّى أَكُونَ أَحَبَّ إِلَيْهِ مِنْ وَالِدِهِ وَوَلَدِهِ وَالنَّاسِ أَجْمَعِينَ" رَوَاهُ البخاري

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Sizdan birortangiz men unga ota-onasidan, bolasidan va odamlarning hammasidan mahbubroq bo‘lmagunimcha, (komil) mo‘min bo‘la olmaydi», dedilar».  

(Imom Buxoriy rivoyat qilgan)

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbat u zotning tiriklik paytlarida shaxslariga nisbatan bo‘lsa, endi ham shaxslariga, ham dinlariga, ham sunnatlariga nisbatan bo‘lishi kerak.

Iymonimizning komilligi U zotga bo‘lgan muhabbatimizga ta’alluqli bo‘lar ekan,  ulamolar kishi qalbida Nabiy sollallohu alayhi vasallam sevgisi bor-yo‘qligining belgisi sifatida quyidagi o‘lchovni qo‘llashgan:

1) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ziyoratlari muyassar bo‘lganida uni boy berish dunyodagi bor narsani boy berishdan og‘ir bo‘lishi;

2) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam amrlariga itoat etib, man qilgan narsalaridan saqlanish;

3) Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga amal qilish va shariatlarini himoya qilish. 

Shuningdek Rasululloh alayhissalomga bo‘lgan muhabbat U zotga ergashish bilan bo‘lar ekan, bu narsa Alloh taoloning bizlarga bo‘lgan muhabbati va mag‘firatini vojib qiladi. Zero, Alloh taolo:

قُلْ إِنْ كُنْتُمْ تُحِبُّونَ اللَّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللَّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللَّهُ غَفُورٌ رَحِيمٌ 

         "Ayting (ey, Muhammad!): «Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir» deb marhamat qiladi.

Tarixda bunday muhabbatli zotlar ko‘p bo‘lgan. Shak-shubhasiz avalambor sahobai kiromlar bu borada birinchi bo‘lishgan va bizga ibrat ko‘rsatishgan. Sahobalarning bu muhabbatini Rasululloh alays salomning har bir so‘zini hech bir taraddudsiz ishonch bilan qabul qilishida, ularning Islom dinini himoya qilishida, bu yo‘lda mol-dunyolarini, jonlari va qonlarini tikishida va ularning hatto Rasululloh alayhissalomdan tushgan bir dona mo‘yni, tahorat qilgan suv tomchilarini, tuflagan tupuklarini talashib, bir-birlari bilan urishib ketay deyishlarida ko‘rishimiz mumkin. Yoki Rasululloh alayhissalom sahobalarning ko‘zlaridan ozroq vaqt g‘oib bo‘lib qolsalar ular o‘zlarini qo‘yarga joy topolmay qolar edilar.

Jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin Abdulloh ibn Umar sahroda ketayotib, bir joyga yetganda tuyasidan tushar va engashib o‘tar ekan. Buning sababini so‘raganlarga “Shu yerda bir daraxt bor edi, Hazrati Rasululloh uning tagidan xuddi shunday engashib o‘tardilar”, deb javob bergan edi.

Sahobalardan keyingi avlodlar ham bu borada katta ibrat bo‘lishgan va U zotga haqiqiy muhabbatlarini ko‘rsatishgan.

Imom Molikday zot ham dunyo ishlarida Nabiyga taqlid qilishda mashhur edi: Madinai munavvarada biror marta ulovga minib yurmadi, Ravzada imomlik qilganida doimo past ovozda gapirdi.

Mashhur saljuqiy podshohlardan Mahmud G‘aznaviy tahorati yo‘q paytda Muhammad ismli xodimini ismi bilan chaqirmay, “Hoy xodim” deb chorlardi.

Ahmad Yassaviy esa “Payg‘ambar yoshidan keyin mening bu tuproq ustida yurishim haromdir”, deya oxirzamon Nabiyiga sadoqatini izhor etib, odamlardan uzildi.

Uvays Qaraniy esa Uhud jangida Payg‘ambar alayhissalomning bir tishlari singani xabaridan so‘ng singani qay biri ekanini bilolmay barcha tishlarini o‘zidan begona qildi va Allohning Rasuliga sadoqat zavqidan masrur bo‘ldi.

Uhud jangida bir ayolning eri, ukasi va otasi shahid bo‘ldi. Uchchovining shahid bo‘lganini eshitgan ayol “Menga Rasulullohni ko‘rsatinglar, u zotni bir ko‘ray”, dedi. U zotni ko‘rganidan keyin “Ey Allohning Rasuli, siz sog‘-salomat ekansiz, menga qolgan musibatlar hechdir”, dedi.

         "Oshiqun nabiy" nomi bilan mashhur bo‘lgan Abul Barakot Ayman ibn Muhammad Tunisiyning 17 ta bobosining ismi Muhammad bo‘lganligi rivoyat qilingan. Asli afrikalik bo‘lgan ushbu olim Madinai munavvaraga kelib to vafotlarigacha shu yerda qolgan va Baqi’ qabiristoniga dafn qilingan.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbati kuchliligidan u kishi Payg‘ambarimiz haqlarida har kuni bitta qasida yozishni o‘ziga odat qilib olgan edi. Bunday misollarni son-sanoqsiz keltirishimiz mumkin.

         Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga haqiqiy muhabbatli va u zotning yo‘llariga ergashuvchi bandalardan qilsin!

A. Qosimov

Xoja Buxoriy nomli o‘rta maxsus

islom bilim yurti o‘qituvchisi

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi – mutaxassislar

04.06.2025   9756   4 min.
Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar

 
 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvur olish imkoniyatiga ega bo‘lish mumkin. Shuningdek, Qur’on matnlari qanday saqlanib qolgani haqida ham ma’lumotlar taqdim etilishi kutilyapti. 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi megaloyiha — Islom sivilizatsiyasi markazining ekspozitsiyalarini shakllantirishda kontentlarni zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlash bosh vazifa sifatida belgilangan.

 

Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Markazning maxsus shtabida Qur’on zali ekspozitsiyasi bo‘yicha yakuniy taklif va xulosalar muhokama qilindi. Unda ekspozitsiyani mazmunan boyitish, noyob qo‘lyozmalarni tanlab joylashtirish, ularni zamonaviy texnologiyalar asosida keng ommaga taqdim etish kabi masalalar muhokama qilindi.


 

Zalda 114 ta noyob Qur’on qo‘lyozmasi to‘plangan bo‘lib, bu yurtimizda Qur’onga bo‘lgan hurmat va e’tiborni namoyon etadi. Qo‘lyozmalar orasida juda qadimiy va nodir nusxalar ham mavjud. Jumladan:

 

- “Katta Langar Qur’oni” — bugungi kunda juda kam sonli nusxalari saqlanib qolgan, ilk islomiy qo‘lyozmalardan biri;

 

Hazrati Usmon Qur’oni — Qur’onning ilk nashrlaridan biri bo‘lib, islom olamida muqaddas manba sifatida e’tirof etiladi.

 

Shuningdek, boshqa davrlarga oid ko‘plab arab grafikasida yozilgan, bezakli, noyob qo‘lyozmalar namoyish qilinadi. Bu qo‘lyozmalar tarixiy va diniy ahamiyatga ega bo‘lib, ularni o‘rganish orqali islom madaniyati va Qur’on ilmining turli davrlardagi rivojlanish bosqichlari haqida chuqur tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

 

Muhokamada Qur’on zalini tashkil etishda zamonaviy uslublarni qo‘llash, ya’ni nafaqat kitoblarni saqlash, balki ularni interaktiv va tushunarli shaklda taqdim etish masalalari muhim o‘rin tutdi. Jumladan, quyidagi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilmoqda:

interaktiv ekranlar – har bir qo‘lyozmaning sahifalarini yaqinlashtirib, harflari va bezaklarini ko‘rib chiqish imkoniyati;

audiogidlar (ovozli yo‘lboshchilar) – har bir eksponat haqida o‘zbek, arab, ingliz tillarida ma’lumotlar tinglash imkoniyati;

virtual ekspozitsiyalar – internet orqali Qur’on zalini masofadan turib tomosha qilish imkoniyati;

Zamonaviy yoritish va namoyish texnikasi – qo‘lyozmalarni zarar yetkazmasdan ko‘rsatish imkonini beradi.

 

Bu usullar orqali tashrif buyuruvchilar har bir Qur’on nusxasining tarixi, yozilgan davri, geografiyasi va san’at darajasi haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishadi.

 

Mazkur zal faqat ko‘rgazma emas, balki ilmiy tadqiqotlar olib boriladigan markaz ham bo‘ladi. Bu yerda sharqshunoslar, tarixchilar, filologlar, hattotlar va diniy olimlar uchun bebaho manbalar taqdim etiladi.

 

Hamidulla Lutfullayev, Sharqshunoslik instituti Tarixiy manbalar bo‘limi boshlig‘i, olim:


– Qur’oni karimning dastlabki davrlariga oid, ayniqsa Hazrati Usmon davrida yozilgan yettita qo‘lyozma nusxasi aniqlangan. Ekspozitsiyadan joy olishi kutilayotgan bu manbalar bizga Qur’on matni qanday saqlanib qolganini ko‘rsatadi va o‘rganishimizga zamin yaratadi. Qur’on zali yosh avlod, xorijiy mehmonlar, tadqiqotchilar va ziyoratchilar uchun diniy, madaniy va ilmiy boylikni bir joyda ko‘rish imkonini beradi.

 

Mazkur loyiha orqali O‘zbekiston musulmon olamida yana bir bor ilm, ma’naviyat va bag‘rikenglik markazi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda. Qur’on zali esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

cisc.uz

Qur’on matni saqlanib qolishiga oid manbalar aniqlandi  –  mutaxassislar
O'zbekiston yangiliklari