Nikoh barcha payg‘ambarlarning sunnati hamda aziz-avliyolarning odatidir. Zero, u Allohning amri, Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning sunnatlari hamda mo‘min-musulmonlarning guvohliklari asosida quriladi.
Imom Shofi’iydan boshqa barcha ulamolar: “Nikoh ibodatdir. Zotan, oila qurishni Alloh va Rasuli buyurgan. Alloh va Rasuli amr etgan amal, albatta, ibodat bo‘ladi”, deyishgan. Mujtahidlarning peshvosi, mazhabboshimiz, imom A’zam Abu Hanifa (rahimahulloh) “Nikoh ibodatdir” deya hukm chiqarganlar.
عن أبي ذر رضي الله عنه: أنّ أناساً من أصحاب رسول الله صلى الله عليه وسلم قالوا للنبي صلى الله عليه وسلم: يا رسول الله، ذهب أهل الدثور بالأجور، يصلون كما نصلي ويصومون كما نصوم ويتصدقون بفضول أموالهم. قال: «أو ليس قد جعل الله لكم ما تصدقون به: إن لكم بكل تسبيحة صدقة، وكل تكبيرة صدقة، وكل تحميدة صدقة، وكل تهليلة صدقة، وأمر بالمعروف صدقة، ونهي عن منكر صدقة وفي بضع أحدكم صدقة». قالوا: يا رسول الله، أيأتي أحدنا شهوته ويكون له فيها أجر؟ قال: «أرأيتم لو وضعها في حرام أكان عليه وزر؟ فكذلك إذا وضعها في الحلال كان له أجر». رواه مسلم.
Abu Zar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning bir guruh faqir sahobalari Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga: «Yo Rasululloh! Moli ko‘p kishilar ajr-savoblarni egallab qo‘yishmoqda. Ular biz namoz o‘qiganimiz singari namoz o‘qiydilar, ro‘za tutganimiz kabi ro‘za tutadilar va sarmoyalarining ortiqchasini sadaqa qiladilar», deyishdi. Shunda u zoti bobarakot: “Alloh sizlarga sadaqa qiladigan narsalarni berib qo‘ymadimi?” Albatta, sizlar uchun har bir tasbeh[1] sadaqa[2]dir, har bir takbir[3] sadaqadir, har bir tahmid[4] sadaqadir, har bir tahlil[5] sadaqadir, amri ma’ruf (yaxshilikka chaqirish) sadaqadir, nahyi munkar (yomonlikdan qaytarish) sadaqadir. Har biringizning (jufti haloli bilan bo‘lgan jinsiy) yaqinligi ham sadaqadir», dedilar. Ular: «Yo Rasululloh! Birimiz shahvatini qondirsa, unga ham shu ishida ajr bo‘ladimi?» deyishdi. U zot: «Aytinglar-chi, agar u o‘sha (shahvati)ni haromga qo‘ysa (zino qilib qondirsa), unga gunoh yozilarmidi? Xuddi shunday. Qachon u (shahvati)ni halolga qo‘ysa (nikohidagi ayoli bilan yaqinlik qilib qondirsa), bu uning uchun ajr bo‘ladi», dedilar» (Imom Muslim rivoyati).
Zotan, nikoh davomida er-xotin bir-birini isloh etishga va Alloh taoloning ibodatida bir-biriga yordam berishga harakat qiladi. Dinimizda uylanmasa, zinoga ketish xavfi aniq bo‘lgan kishilarga oila qurish farz hisoblanadi. Zero, u shu orqali iffatini saqlaydi. Shu bois, bunday kishiga uylanish hatto haj ibodatidan ham oldinga qo‘yilgan. Zotan, oila qurganlar katta baxt-saodatga erishadilar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
مَنْ رَزَقَهُ الله امْرَأَةً صَالِحَةً فَقَدْ أَعَانَهُ عَلَى شَطْرِ دِينِهِ فَلْيَتَّقِ الله فِي الشَّطْرِ الْبَاقِي
«Alloh kimni soliha ayol bilan rizqlantirgan bo‘lsa, haqiqatan, unga dinining yarmiga yordam beribdi. Qolgan yarmida esa, Allohga taqvo qilsin», dedilar (Imom Tabaroniy va Hokim rivoyatlari).
Yana Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam):
إذا تزوج العبد فقد استكمل نصف الدين فليتق الله في النصف الباقي
«Qachon banda oila qursa, haqiqatan, dinning yarmini mukammal qilibdi. Qolgan yarmida esa, Allohga taqvo qilsin», dedilar» (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, uylanmoqchi kishi oila qurishdan oldin shariatimiz ko‘rsatmasi bo‘yicha quyidagilarga amal qilishimiz lozim:
هُوَ الَّذِي خَلَقَكُمْ مِنْ نَفْسٍ وَاحِدَةٍ وَجَعَلَ مِنْهَا زَوْجَهَا لِيَسْكُنَ إِلَيْهَا
“U (Alloh) sizlarni bir jondan yaratib, undan uning juftini unga (uylanib) taskin topishi uchun paydo qilgan zotdir” (A’rof surasi, 189-oyat).
Alloh subhonahu va taolo uylanmaganlarga dinining yarmini topishni, oila qurganlarga esa, dinining qolgan yarmiga erishishni nasib qilsin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
[1] Tasbeh – “Subhanalloh” – Alloh barcha nuqson-kamchiliklardan pokdir, deyish.
[2] Ya’ni, sadaqa berganchalik savobga tengdir.
[3] Takbir – “Allohu akbar” – Alloh buyukdir, deyish.
[4] Tahmid – “Alhamdu lillah” – Allohga hamd bo‘lsin, deyish.
[5] Tahlil – “La ilaha illalloh” – Allohdan o‘zga iloh yo‘q, deyish.
Diniy idora tasarrufidagi masjidlarda faoliyat yuritib kelayotgan imom-xatib va imom noiblari, otinoyilar, "Xadichai Kubro" madrasasi muddarisalari 2025 yil 6 yanvar kunidan boshlab 1 oy davom etadigan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazi va uning mintaqaviy filiallarida tashkil etilgan 144 soatlik malaka oshirish o‘quvlari jarayonida 138 nafar soha xodimlari tinglovchi sifatida malaka oshirdi.
Navbatdagi malaka oshirish o‘quvlari 3 fevraldan boshlanib, unda 129 nafar imom-xatib va imom noiblar tinglovchi sifatida ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati