Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Mart, 2025   |   15 Ramazon, 1446

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:35
Peshin
12:37
Asr
16:43
Shom
18:33
Xufton
19:45
Bismillah
15 Mart, 2025, 15 Ramazon, 1446

Allohga tavakkul qilish

03.08.2016   14918   5 min.
Allohga tavakkul qilish

Dunyoda yashab qadam bosayotgan har – bir inson yordam beruvchi, ko‘maklashuvchi, suyanuvchi va qalbi bilan unga yuzlanuvchi boshqa bir insonga muxtojdir. Shuning uchun foyda keltirish, zararlarni daf qilish, rizq talab qilish, dushmanga nisbatan yordam so‘rash, kasalliklarga shifo so‘rash uchun Allohga suyanish va U Zotga tavakkal qilish vojib amallardandir. Tavakkal qilish mo‘minlarning sifati, imonning sharti, qalbni quvvatlovchi va nafsni xotirjam qiluvchi omillarning asosidir. Allohga tavakkal qilish vojibligiga dalolat qiluvchi oyatlar Qur’oni Karimda ko‘p bo‘lib, ulardan:

Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan. Anfol surasi 2-oyat.

Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!* (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar. Oli Imron surasi 159-oyat.

Muttafaqun alayh bo‘lgan sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam jannatga hisobsiz kiruvchi yetmish ming mo‘minlarning sifatlarini bayon qilib ulardan Robbilariga tavakkal qiluvchilarni ham sanab o‘tganlar.

Ibrohim alayhissalom ham olovga tashlanganda Allohga tavakkal qilib “Hasbunalloh va ne’mal vakil” (Bizga yordam berishga Alloh kifoya qiladi va U Zot qanday ham yaxshi Yordam beruvchi) deb aytganlar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Sizlar Allohga haqiqiy tavakkal qilsalaringiz ertalab och chiqib kechqurun to‘q qaytgan qushlar kabi sizlarni ham rizqlantiradi”. Ahmad va Termiziy rivoyati.

Ibn Rajab tavakkal haqiqati haqida shunday deydilar: “U solih amallarni bajarishda, dunyo va oxirat ishlaridan bo‘lgan zararli narsalarni ketkazishda qalbni Allohga suyanishdagi sodiqligidir. Ya’ni, beradigan, man qiladigan, zarar beradigan va foyda keltiradigan Zot yagona Alloh deb bilish”.

Tavakkal - dinning yarmi bo‘lib, ikkinchi yarmi esa Allohga qaytishdir. Din - yordam so‘rash va ibodatdan iborat. Yordam so‘rash - tavakkal, Allohga qaytish esa - ibodatdir.

Banda dunyo ishlarida Allohga tavakkal qilish bilan birga qalbini va dinini isloh qilishda, tilini va irodasini saqlashda ham tavakkal qilish kerak. Shuning uchun barcha namozlarimizda Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina madad so‘raymiz.  deb iltijo qilamiz. Fotiha 5 oyat.

Ba’zilar tavakkalni sabablarni qilmasdan, uni ishlamay yotish deb tushunadilar. Bu xato tushunchadir. Ibni Rajab aytadilar: “Tavakkal qilish Alloh narsalarda taqdir qilib qo‘ygan sabablarni ushlab harakat qilishni inkor qilmaydi. Chunki Robbimiz sabablarni qilib, so‘ngra tavakkal qilishga buyuradi”. A’zolarimiz bilan sabablarni qilishdagi harakatimiz toat bo‘lsa, qalb bilan tavakkal qilishimiz imondir. Alloh Taolo marhamat qiladi:

Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Juma surasi 10-oyat.

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kishi ey Rasululloh hayvonni bog‘lab tavakkal qilaymi yoki uni qo‘yib yuborib tavakkal qilaymi?” dedi. Rasululloh: “Uni bog‘la va tavakkal qil” dedilar. Termiziy rivoyati.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Yaman ahli kerakli narsalarni olmasdan, “Biz tavakkal qiluvchilarmiz”, deb haj qilardilar. So‘ng ahli Makkaga kelib ulardan yordam so‘rardilar. Shunda, Alloh quyidagi oyatni nozil qildi. Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan)*. Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing**. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! Baqara surasi 197-oyat”. Buxoriy rivoyati.

Demak, tavakkal musulmon nazdida – qalb va nafs xotirjamligi bilan amal va orzu qilishdir. Va yana, Alloh hoxlagan narsa bo‘lib, hoxlamagan narsa bo‘lmaydi deb qat’iy e’tiqod qilish. Albatta, Alloh go‘zal amal qilganlarni savobini zoye ketkazmaydi. Insonlar tavakkal qilish borasida uch toifadir:

Tavakkal qilib, sabablarni qilmasdan ishlamaydiganlar. Bu Allohning koinotdagi sunnatiga xilof ishdir.

Sabablarini qilib tavakkal qilmaydiganlar. Ya’ni barcha narsaga o‘z kuchimiz va aqlimiz bilan erishamiz deb o‘ylaydiganlar.

Sabablarini qilib so‘ng Allohga tavakkal qiladilar. Bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib,  payg‘ambarlar va ularga ergashganlarning yo‘llaridir. Ba’zi olimlar tavakkulga quyidagicha ta’rif berganlar: “Tavakkal aslida ilmga ergashish bo‘lsa, haqiqiysi ishonchga suyanishdir”.

“Qalbinga Alloh taolodan o‘zga hech kim foyda va zarar yetkazmaydi degan hayoldan boshqasi kelmasligi, senga keladigan har qanday holatga taslim bo‘lishing, va undan qalbing iztirobga tushmasligidir”.

Alloh barchamizni O‘ziga haqiqiy tavakkal qiluvchilardan qilsin. 

Andijon shahar «Chinor» jome masjidi imom xatibi: A. Mo‘minov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ilm ahli hurmat va e’zozga loyiq

14.03.2025   5113   1 min.
Ilm ahli hurmat va e’zozga loyiq

Islom ilm egalarini qadrlaydigan ulug‘ dindir. Alloh Qur’oni karimda ilm egalarini maqtab, ularni yuksak darajalarga ko‘tarishi haqida va’da bergan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ham ilm egalarining qadri va sharafi haqida shunday deganlar:
 

“Alloh, Uning farishtalari, osmon va Yer aholisi, hatto uyasidagi chumoli va dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat tilab duo qilishadi” (Imom Termiziy).


Odamlarga halol-harom, oqu-qorani o‘rgatadigan olimlarning sharafi shu darajada. Alloh jamiki jonzotlarga ilm egalarini hurmat qilishni, ularning haqqiga duo qilishni, qadriga yetishni tayinlagan va ta’lim bergan. Shuning uchun har birimiz ilm egalarini qadrlashimiz, ko‘nglini olishimiz, ularning haqqiga mag‘firat so‘rab duo qilishimiz kerak.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi Andijon viloyati vakiligi va “Vaqf” xayriya jamoat fondi viloyat filiali hamkorligida tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad ham shundan iborat edi. Shu kuni Andijon shahrida joylashgan Sayyid Muhyiddin mahdum o‘rta maxsus islom bilim yurtida iftorlik dasturxoni yozildi. 250 nafar mudarris-o‘qituvchilar, ishchi-xizmatchi xodimlar va talabalar ishtirok etgan tadbirda viloyat bosh imom xatibi Mirzamaqsud domla Alimov ilm ahlining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi. Mudarris talabalar haqqiga duo qildi.

Dinu diyonatni o‘rgatadigan ustozlarni, ilmu toliblarni e’zozlanganlar Allohning ulkan ajru savoblariga erishsin!

Vaqf.uz

 

 

Ilm ahli hurmat va e’zozga loyiq Ilm ahli hurmat va e’zozga loyiq Ilm ahli hurmat va e’zozga loyiq