Yaratganga shukrki, bugungi kunda yurtimizda ikki mingdan ziyod masjidlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Yangidan-yangi masjidlar qurilmoqda, ta’mir talablari ta’mirlanib, chiroyli holatga keltirilmoqda. O‘tgan yili Toshkent shahrida qad rostlagan mahobatli “Minor” jome masjidi, hozirda qurilish ishlari jadal davom etayotgan “Jo‘rabek” jome masjidi, o‘tgan yili qaytadan qurilgan “Avayxon”, “Yakkasaroy”, “Pulemas ota” masjidlari bu kabi savobli ishlarning yaqqol namunasidir. Bu kabi bunyodkorlik ishlari nafaqat poytaxtimizda balki yurtimizning barcha viloyatlar miqyosida ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2016 yil 29 iyul muborak juma kunida, Surxondaryo viloyati Uzun tumani “Bobotog‘” QFY “Oqmasjid” mahallasi “Oybuloq” qishlog‘i hududida joylashgan “Oqmasjid” nomli yangi jome masjid namozxonlar ixtiyoriga topshirildi. Shu munosabat bilan masjidning ochilish tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi boshlig‘i Abdulhamid Tursunov, Surxondaryo viloyati bosh imom-xatibi Ergashali Rutamov va keng jamoatchilik hamda yoshi ulug‘ keksalarimiz ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bu kabi xayrli ishlar diniy qadriyatlarga bo‘lgan ulkan e’tiborning natijasi ekanini ta’kidlashdi. Shuningdek, bu borada oyati karimada ham quyidagicha ta’kidlangani eslatib o‘tildi: “Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga imon keltirgan, namozni barkamol o‘qigan, zakot bergan va faqat Allohdangina qo‘rqqan kishilar obod qilurlar. Aynan o‘shalar hidoyat topuvchilardan bo‘lishlari mumkin” (Tavba, 18). Ushbu oyati karimadan ham ma’lum bo‘ladiki, masjidlarni obod qilish, ularni ta’mirlash yuksak imon va mustahkam e’tiqodning ko‘rinishidir.
Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagida, bunyodkorlar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayratlari bilan mehnat qilishdi. Zero, masjid qurish, uni obod qilishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Kim Allohning roziligini istab masjid qursa, Alloh unga jannatda qasr barpo qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Haqiqatan ham, masjidlarni ko‘rkam qilish, qulay sharoitlarni tashkil etish katta ajr beriladigan amallardandir. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan banday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”.
Darhaqiqat, masjidlar obodligi yurt obodligidir. Zero, masjidga ibodat qilish uchun kelgan kishilar ona-Vatan tinchligi, xalq osoyishtaligini so‘rab, duo qilishadi. Bu mustajob duolarning sharofati ila Yaratgan yurtimizni yanada farovon qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘lim bir eshik. Barcha insonlar undan o‘tadi. Eh koshki, bu eshikka kirgandan keyin mening uyim qanaqaligi ma’lum bo‘lsa?!
Birodar! Qarang, qabrdagilar bir-birlariga juda yaqin yotishibdi. Lekin ular sirtdan yaqin qo‘shni. Aslida esa, bir-birlarining yoniga ham bora olmaydilar.
Usmon roziyallohu anhu qachon qabr yonidan o‘tsalar, shu darajada yig‘lar edilarki, soqollari ko‘z yoshlaridan ho‘l bo‘lib ketardi.
U kishidan: "Siz nega jannat va do‘zaxni esga olganingizda yig‘lamaysiz. Lekin qabrni ko‘rib yig‘laysiz?" deb so‘rashdi. U kishi shunday dedilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Qabr oxiratning ilk manzilidir", deganlar. Shunga ko‘ra, agar mayyit qabrdagi azobdan najot topsa, undan keyingi hayot oson bo‘ladi. Agar qabrdagi azobdan najot topa olmasa, u holda undan keyingi hayot qiyin bo‘ladi.
Yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Men qabrdan ko‘ra daxshatliroq biror manzarani ko‘rmadim", deganlar.
Biz uchun bu qabrlarda ibrat yo‘qmi? Qarang, boy ham, faqir ham, zo‘ravon ham, kuchsiz ham, oq tanli ham, qora tanli ham, podshoh ham, fuqaro ham barcha barobar yotibdi. Ular dunyoga qaytishni xohlaydilar. Boylik jamlash yoki qasr qurish uchun emas, balki, koshki men bir namoz o‘qish uchun muhlat topsam, koshki bizga bir martagina "Subhanalloh" deyish uchun fursat berilsa, deb, shu amallarni qilish uchun dunyoga qaytishni xohlaydilar. Lekin endi iloji yo‘q. Nomai a’mol yopilib bo‘ldi. Ruh jismdan chiqqan. Hayot muhlati tugab bo‘lgan. Endi har bir mayyit o‘z amalining garovi o‘laroq qabrida yotibdi...
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan