Siyrat kitoblarida tiriklik chog‘ida jannatni ikki marta sotib olgan kishi haqida so‘z yuritilgan. Bu ulug‘ zot haqida o‘zlarining ham asrlari bo‘lgan buyuk sahoba Abu Hurayra roziyallohu anhu quyidagilarni aytgan
Abu Hurayra roziyallohu anhu: "Usmon jannatni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan ikki marta sotib oldi. Birinchisi, musulmonlar uchun "Ruvma" qudug‘ini qazib Alloh yo‘lida hadya qildi. Ikkinchisi, Askarlarning qiynalib qolganlarini Alloh yo‘lida o‘z hisobidan taminladi", dedilar.
Ha Usmon roziyallohu anhu shunaqa saxovatli zot edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin musulmonlarga qahatchilik keldi. O‘sha paytlari Usmon roziyallohu anhu chetdan mol olib kelib tijorat bilan shug‘ullanar edilar. Ayni qahatchilik payti madinalik musulmonlar yo‘qchilikdan tinkasi qurib madori qolmagan bir vaqtda madinada "Usmonning karvoni juda katta mol bilan Madinaga kirib kelyapdi", degan gap tarqaldi. Madinadagi puldor odamlar darhol karvonga peshvoz chiqib, hali madinaga kirmagan karvondagi barcha molni sotib olishga urunishdi. Usmon roziyallohu anhu ularga: "Mollarim insonlarga juda kerakli. Madinaga olib kirsam bir zumda sotib olishadi. Kim qancha beradi", dedilar. Ular: "Madinadagi narxdan bir baravar ko‘p beramiz", deyishdi. Usmon roziyallohu anhu: "Yo‘q. Bu kam", dedilar. Ular: "Ikki baravar", deyishdi. Usmon roziyallohu anhu: "Yo‘q Bu ham kam", dedilar. Shu yo‘sinda ular "Birga to‘rt yoki besh baravar ko‘paytirib beramiz, bundan boshqa, ortirib bera olmaymiz, bundan oshiqcha beradigan odamni Madinadan topa olmaysan deyishi. Usmon roziyallohu anhu: "Men birga o‘n qilib beradiganni topdim", dedilar. Ular hayratlanib kim ekan o‘sha boyvachcha, deyishdi. Usmon roziyallohu anhu: "U Allohdir. Guvoh bo‘ling manashu karvondagi barcha mollarim Alloh yo‘lida madinaliklarga hadya", dedilar.
Ha tirikligida jannat yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va Payg‘ambarimiz tomonlaridan: "Usmon endi nima qilsa qilaversin, men undan roziman", deb aytilgan xushxabarni eshitgan, bu shaxs Usmon roziyallohu anhu edilar.
Alloh barchamizni to‘g‘ri yo‘lga boshlasin, va jannatidan joy ato qilsin. Omin!!!
Nurmuhammedova Vasila
Islom dini biror shaxs, guruh, mol-dunyoga nisbatan va obro‘-e’tibor topish uchun qilinadigan har qanday mutaassiblik va firqalarga bo‘linishni qoralaydi, tarafkashlikni johiliyat holatiga o‘xshatadi.
Mutaassiblikning turli ko‘rinishlari bor bo‘lib, ular kishining o‘zi, mol-dunyosi, farzandlari, millatini boshqalardan afzal bilib, bu yo‘lda ashaddiy ravishda kurashishi demakdir. Mo‘tabar manbalarimizda ota-bobolari va o‘zining nasabi bilan faxrlanish tuyg‘usi kishini do‘zaxga tortadi deb ta’kidlangan.
Mutaassiblik turlaridan biri bu diniy mutaassiblikdir. Diniy mutaassiblik deganda, ma’lum bir dinda asos bo‘lgan, ushbu din vakillari amal qiladigan ta’limot va qoidalarga qarshi chiqish, diniy tushunchalarni shariat ko‘rsatmalariga zid ravishda o‘zicha talqin qilib, boshqalarni unga ergashishga chorlash nazarda tutiladi. Diniy mutaassiblikning eng katta xatarlaridan biri bu, dinlararo muloqotga rahna solishdir.
Dinda mutaassibona harakat, dinda chuqur ketish, haddan oshish, Qur’on va Sunnatda kelgan ta’limotlarga zid ravishda o‘z fikriga ergashishni qattiq qoralanadi. Dinda haddan oshish deganda shariat belgilab qo‘ygan chegaradan chiqib ketish tushuniladi. Bu ish aqidada bo‘lsin, so‘z yoki amalda bo‘lsin, baribir. Bu borada Alloh taolo Baqara surasida “Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o‘shalar, ana o‘shalar, zolimlardir”, deb marhamat qiladi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam: “Dinda haddan oshishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki, sizlardan oldin o‘tganlarni dinda haddan oshishlik halok qilgandir” deb uqtirganlar.
Shunday ekan, bugungi kundagi ko‘plab muammolarning ildizi mutaassiblik va haddan oshish ekanligini hammamiz chuqur anglashimiz lozim. Xulosa o‘rnida, bu kabi muammolarning yechimi sifatida Faqih doktor Vahba Mustafo Zuhayliy janoblarining ushbu so‘zlarini keltirish bilan yakunlaymiz: “Islom mo‘tadil din bo‘lib haqiqatlardan birortasida chetga chiqishga yoki haddan oshishga yo‘l qo‘ymasligini anglatadi. Islomda va boshqa dinlarda dinda haddan oshish ham, e’tiqodda bir taraflama va g‘ayritabiiy bo‘lish ham, haddan tashqari qattiq olish ham, juda bo‘sh qo‘yib yuborish ham yo‘q…”.
Alloh ta’olo barchamizni haq yo‘ldan adashtirmasin.
Kosonsoy tumani "Sodod" jome masjidi imom-xatibi
Bahodir Mirfayziyev
Manba: @Softalimotlar