Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

Sahobalar

23.07.2016   22016   40 min.
Sahobalar

Sahobalarni yaxshi ko‘rish va ularni payg‘ambarlardan keyin eng afzal insonlar bo‘lgan, deb e’tiqod qilish har bir musulmonning burchi hisoblanadi. Chunki ular muqaddas Islom dinini butun bashariyatga yetkazish yo‘lidagi barcha mashaqqatlarni zimmalariga ko‘targan hamda bu vazifani to‘la-to‘kis ado etgan zotlardir. Shuning uchun dinini ulug‘lagan har bir musulmon ularni ham ulug‘lashi lozim bo‘lib qoladi.  

Sahoba so‘zi lug‘aviy jihatdan “do‘st bo‘lmoq”, “birga yurmoq” kabi ma’nolarni anglatadi.   

Istilohda esa “iymon keltirgan holatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘rishib, mo‘min holida vafot etgan kishi sahoba deyiladi”.

Sahobalarning fazilatlari

Sahobalar erishgan ulug‘ martabaga ulardan keyin hech bir bashar erisha olmaydi. Chunki ular fosiqlik va ulug‘likka nomunosib ishlardan pok ekanlari hatto tekshirib ham o‘tirilmaydigan darajadagi zotlar hisoblanadilar. Qur’oni karimda sahobai kiromlarga shunday xitob qilingan:

كُنْتُمْ خَيْرَ أُمَّةٍ أُخْرِجَتْ لِلنَّاسِ

Sizlar odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo‘ldilaringiz[1].

Ya’ni, ushbu oyati karimadagi vasf Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barcha ummatlariga taalluqli bo‘lsada, sahobai kiromlarning barchalariga mos keladigan xitob hisoblanadi.

Hadisi sharifda sahobalarning martabalari shunday bayon qilingan:

عَنْ أَبِى سَعِيدٍ الْخُدْرِىِّ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « لاَ تَسُبُّوا أَصْحَابِى فَوَالَّذِى نَفْسِى بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ أَحَدَكُمْ أَنْفَقَ مِثْلَ أُحُدٍ ذَهَبًا مَا أَدْرَكَ مُدَّ أَحَدِهِمْ وَلاَ نَصِيفَهُ » رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimni tahqirlamanglar, jonim uning qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, agar sizlardan biringiz Uhud (tog‘i) mislicha oltin sarflasa ham, ulardan birortasining “mud” (544 gramga teng o‘lchov birligi)iga ham, uning (mudning) yarmiga ham erisha olmaydi”.  Termiziy rivoyat qilgan.

Chunki bu zotlar payg‘ambarlarning so‘ngisiga sahoba bo‘lishdek baxtga sazovor bo‘lgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan hidoyat nurini boshqalarga yetkazish yo‘lida molu-jonlarini fido qilgan mo‘minlardir. Keyingilar esa faqat ular yetkazgan narsalarga rioya qiladigan mo‘minlar sanaladi.

Abu Zar’a Roziy rohmatullohi alayh sahobalarni ulug‘lash lozimligini ta’kidlab shunday degan: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan birortasini yomonotliq qilayotgan biror kimsani ko‘rsangiz bilingki u kimsa zindiq (dinsiz)dir. Chunki biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni haq deb bilamiz, (u zot olib kelgan) Qur’onni haq deb bilamiz, bizlarga esa Qur’onni ham, sunnatlarni ham sahobalar yetkazganlar. Shuning uchun ham Qur’on va sunnatni botilga chiqarmoqchi bo‘lgan kimsalargina bu ikkalasini yetkazgan zotlarni yomonotliq qilishga urinadilar. Vaholanki ularning o‘zlari guvohliklari qabul qilinmaydigan zindiqlardir”.

Sahobalarning adadi qancha bo‘lgan?

Sahobalarning adadi qancha bo‘lgani haqida tarix ulamolari aniq bir adadga ittifoq qilishmagan. Faqat ba’zi muhaqqiq olimlar ularning adadi yuz mingdan ortiq bo‘lgan, deganlar. Abu Zar’a Roziy rohmatullohi alayhdan “sahobalarning adadi bir yuz o‘n to‘rt mingta bo‘lgan”, degan qavl ham rivoyat qilingan. 

Jinlar ham sahoba hisoblanadimi?

Ulamolar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib iymon keltirgan va mo‘min holida vafot etgan jinlar ham sahoba hisoblanishini aytganlar. Bu haqida Mulla Ali Qoriy rohmatullohi alayh quyidagi qavlni rivoyat qilgan: “Saxoviy: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan va u zotga imon keltirgan jinlar ham sahoba hisoblanadi, chunki Rasululloh alayhis solatu vassalomning ularga ham payg‘ambar etib yuborilganlari qat’iy ravishda aniqdir”, degan.

Badriddin Shibliy Hanafiy rohmatullohi alayhdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib u zotga iymon keltirgan jinlarning oxirgisi yuzinchi hijriy sana atrofida davrlarida vafot etgani rivoyat qilingan. 

Islomni birinchi bo‘lib qabul qilgan sahobalar

Ibn Saloh rohmatullohi alayhning tahqiqlariga ko‘ra birinchi bo‘lib Islomni qabul qilgan sahoblar deganda quyidagi zotlar tushuniladi:

-         Hur erkaklardan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu;

-         Balog‘atga yetmagan yosh bolalar ichidan Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;

-         Ayollardan Xadija bintu Huvaylid roziyallohu anho onamiz;

-         Ozod qilingan qullardan Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu;

-         Qullardan Bilol roziyallohu anhu. 

Faqihlik bilan mashhur bo‘lgan sahobalar

Bir qancha sahobalar fiqhiy masalalar bilimdoni sifatida mashhur bo‘lganlar. Shu ma’noda quyidagi zotlardan ko‘plab fatvolar naql qilingan:

-         Umar ibn Xattob roziyallohu anhu;

-         Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu;

-         Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu;

-         Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu;

-         Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu;;

-         Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu;

-         Oisha roziyallohu anho.

-         Eng ko‘p fatvo bergan sahoba

Eng ko‘p fatvo bergan sahoba “Qur’on tarjimoni” laqabini olgan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo hisoblanadi. Chunki xulofoi roshidinlar va Abdulloh ibn Mas’ud singari ilmda peshqadam bo‘lgan zotlar sahobalarning ko‘pchiligi hayot bo‘lgan paytlarda vafot etib ketganlar. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo esa sahobalar kamayib ularning ilmlariga ehtiyoj kuchaygan vaqtlarda yashab o‘tgan. Shu sababli bu zotning fatvolari ko‘proq naql qilingan.  

Eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalar

Quyidagi sahobalar eng ko‘p hadis rivoyat qilgan sahobalar hisoblanadi:

1. Abu Hurayra roziyallohu anhu:                   5374 ta hadis rivoyat qilgan;

2. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu:       2630 ta hadis rivoyat qilgan;

3. Anas ibn Molik roziyallohu anhu:             2286 ta hadis rivoyat qilgan;

4. Oisha roziyallohu anho:                                2210 ta hadis rivoyat qilgan;

5. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:      1660 ta hadis rivoyat qilgan;

6. Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu:     1540 ta hadis rivoyat qilgan.

“Abodila” (Abdulloh ismli sahoba)lar

 Abdulloh ismli sahobalar 300 ga yaqin bo‘lgan. Lekin hadis ilmida “Abodila”lar deganda asli ismlari Abdulloh bo‘lgan quyidagi sahobalar  ko‘zda tutilgan bo‘ladi:    

1.     Abdulloh ibn Umar;

2.     Abdulloh ibn Abbos;

3.     Abdulloh ibn Zubayr;

4.     Abdulloh ibn Amr ibn Os yoki Abdulloh ibn Mas’ud.

Ushbu zotlar eng oxiri vafot etgan va keyingilar ularning ilmlariga nihoyatda muhtoj bo‘lib qolgan olim sahobalar hisoblanadi. Shunga ko‘ra bu zotlar boshqalardan “Abodila”lar nomi bilan ajralib turgan. Agar bu zotlar bir fatvoga ittifoq bo‘lsalar “bu Abodilalarning so‘zi” deyilgan.  

Tiriklik vaqtlaridayoq jannat bashorati berilgan sahobalar

Ba’zi sahobalarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning tiriklik vaqtlaridayoq jannatiy bo‘lishlarini xabar berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida ularning o‘ntasini nomma-nom sanaganlar. “Asharai mubashshara” (bashorat berilgan o‘n kishi) nomi bilan mashhur bo‘lgan sahobalar quyidagi zotlardir:

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ عَوْفٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ « أَبُو بَكْرٍ فِى الْجَنَّةِ وَعُمَرُ فِى الْجَنَّةِ وَعُثْمَانُ فِى الْجَنَّةِ وَعَلِىٌّ فِى الْجَنَّةِ وَطَلْحَةُ فِى الْجَنَّةِ وَالزُّبَيْرُ فِى الْجَنَّةِ وَعَبْدُ الرَّحْمَنِ بْنُ عَوْفٍ فِى الْجَنَّةِ وَسَعْدٌ فِى الْجَنَّةِ وَسَعِيدٌ فِى الْجَنَّةِ وَأَبُو عُبَيْدَةَ بْنُ الْجَرَّاحِ فِى الْجَنَّةِ ». رَوَهُ التِّرْمِذِيُّ

Abdurahmon ibn Avf raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam  dedilar: “Abu Bakr jannatda bo‘ladi, Umar jannatda bo‘ladi, Usmon jannatda bo‘ladi, Ali jannatda bo‘ladi, Talha jannatda bo‘ladi, Zubayr jannatda bo‘ladi, Abdurahmon ibn Avf jannatda bo‘ladi, Sa’d jannatda bo‘ladi, Sa’iyd jannatda bo‘ladi, Abu Ubayda ibn Jarroh jannatda bo‘ladi”.  Termiziy rivoyat qilgan.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga shunday deganlar:

  أَمَا تَرْضَيْنَ أَنْ تَكُونِى سَيِّدَةَ نِسَاءِ أَهْلِ الْجَنَّةِ

Jannat ahli ayollarining sayyidasi bo‘lishingizga rozi bo‘lmaysizmi!

Imom Nasoiy rivoyat qilgan hadisda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nabiralari Hasan va Husayn roziyallohu anhumolar haqida shunday deganlar:

أَنَّ الْحَسَنَ وَالْحُسَيْنَ سَيِّدَا شَبَابِ أَهْلِ الْجَنَّةِ

 

Albatta Hasan va Husayn jannat ahli yigitlarining sayyidlaridir.

Xulosa shuki, hadisi shariflarda nomlari aytilgan sahobalarni jannatiy deb e’tiqod qilinadi. Nomlari aytilmagan sahobalar haqida esa jannatiy bo‘lishlari boshqalardan ko‘ra ko‘proq umid qilinadi.    

Sahobalarning tabaqalari

Hokim Naysaburiy rohmatullohi alayh sahobalarni Islomni birinchi qabul qilganlari va ko‘plab ulug‘ ishlarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida bo‘lganlari e’tiboridan o‘n ikki tabaqaga ajratganlar:

1.               Oldindan Makkada Islomni qabul qilganlar tabaqasi;

2.               Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Islomga kelganidan keyin islomni qabul qilganlar tabaqasi.

3.               Habashiston muhojirlari tabaqasi. Mazkur muhojirlar "Habashiston muhojirlari" deb ataladigan alohida bir tabaqa sanaladi;

4.                Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan birinchi aqaba bay’atiga qatnashgan sahobalar tabaqasi;

5.                Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bay’at qilgan ikkinchi aqaba bay’atiga qatnashgan sahobalar tabaqasi;

6.                Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirishlaridan oldin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;

7.               Badrda qatnashgan sahobalar tabaqasi;

8.               Badr g‘azotidan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;

9.               Hudaybiya g‘azotidagi "Bay’atur rizvon" da qatnashgan sahobalar tabaqasi;

10.          Hudaybiyadan keyin hijrat qilgan sahobalar tabaqasi;

11.          Fath yilida musulmon bo‘lgan sahobalar tabaqasi;

12.          "Fath kuni" va "Hajjatul vado’"da yosh va go‘dak holida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolish baxtiga muyassar bo‘lgan sahobalar tabaqasi.

Sahobalarning eng so‘ngi vakillari va ular vafot etgan joylar

Quyidagi zotlar yoshlik paytlarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolish baxtiga sazovor bo‘lishgan hamda uzoq umr ko‘rgan sahobalar sanaladilar:  

-         Abu Tufayl Omir ibn Vosila roziyallohu anhu. 110 hijriy sanada Makkada vafot etgan;

-         Mahmud ibn Robi’ roziyallohu anhu. 99 hijriy sanada Madinada vafot etgan;

-         Anas ibn Molik roziyallohu anhu. 93 hijriy sanada  Basrada vafot etgan;

-         Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhu. 86 hijriy sanada  Kufada vafot etgan;

-         Abdulloh ibn Busr roziyallohu anhu. 96 hijriy sanada  Shomda vafot etgan;

-         Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’i Zubaydiy roziyallohu anhu 86 hijriy sanada  Misrda vafot etgan.

Shu o‘rinda aytish mumkinki mazhabboshimiz Imomi A’zam rohmatullohi alayh ushbu sahobalardan Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Horis ibn Jaz’i Zubaydiylarni va bulardan tashqari Jobir ibn Abdulloh Oisha bintu Ajrad singlari sahobalarni ko‘rib ulardan hadis rivoyat qilganlari haqida sahih qavllar kelgan. 

Payg‘ambarlar so‘ngisiga iymon keltirib u bilan birga yashashdek mislsiz saodatga yoki bir marta bo‘lsa ham u zotni ko‘rib qolishdek tengsiz baxtga sazovor bo‘lgan barcha mo‘minlarga Alloh taoloning roziligi bo‘lsin!

Alloh taolo barchalarimizni mazkur “yo‘lchi yulduz”larga iqtido qilib yashash baxtiga muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.

Abdulqodir Abdur Rahim

 

 



[1] Oli Imron surasi, 110-oyat. 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

10.07.2025   403   4 min.
​Jamoat haqining gunohi og‘ir!

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
 

Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.


Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.


Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.


Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz. 


Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.


Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.


Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya  berganlar.


Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).


Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.


Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!

 

G‘ayrat BOZOROV,

Dehqonobod tumani

“Oqrabot ota” jome masjidi

imom-xatibi

Maqolalar