Har bir millatning o‘ziga xos urf-odati, turmush tarzi mavjud. Har bir urf-odat avloddan-avlodga meros bo‘lib qoladi yoki o‘zga bir millatdan o‘zlashtirilgan bo‘ladi. To‘y ham shunday urf-odatlardan biri bo‘lib, unda bo‘ladigan ba’zi bir qo‘shtirnoq ichidagi odatlarlarni “milliy meros” deb xalqimiz tomonidan asrab-avaylanishi achinarli hol.
Begona erkak va ayolni bir-biriga halol qiluvchi nikohning e’loni sababli beriladigan ziyofat to‘y deb nomlanadi. To‘y sunnat amal. Chunki Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) Safiyya onamizga uylanganlarida shirin taom va xurmo bilan, Zaynab binti Jahsh onamizga uylanganlarida esa, qo‘y so‘yib to‘y qilib berganlari bir necha hadislarda bayon qilingan. Yuqoridagi fikrimizga dalil tarzida quyidagi hadisni keltirishimiz mumkin.
Abu Bakr va Umar (roziyallohu anhumo)lar Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu)ga Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning qizlari Fotima (roziyallohu anho)ga sovchi qo‘yishini maslahat berishdi. U kishi Nabiy (alayhissalom)ni oldilariga kelib, nima deyishni bilmay, yerga qarab o‘tirdi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Alining bir hojati borligini, uni aytishga jur’at qila olmayotganini darhol sezdilar-da xijolatchilikni ko‘tarish uchun “Ali ibn Abu Tolibning qanday hojati bor?” dedilar. Hazrati Ali “Fotimaga sovchi bo‘lib kelgandim”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tezda mulohaza qilib, og‘ir botmaydigan qilib “Mahr berishga nima bor?” dedilar. “Hech narsam yo‘q, ey Allohning Rasuli”, dedi Ali. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Hutamiya sovuting qani?” deb so‘radilar. Ali (roziyallohu anhu) “O‘zimda”, deb javob berdilar. Rasululloh (sollallhu alayhi va sallam) “O‘shani olib kel”, dedilar. Ali ibn Abu Tolib (roziyallohu anhu) sovutni olib keldilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uni sotib kelinga sep qilishga buyurdilar.
Nikoh o‘qilgan kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) kuyov bo‘lmish – Ali (roziyallohu anhu)ga: “Kelinga bir to‘y ham qilib berish kerak”, dedilar. Shunda Sa’d ibn Muoz (roziyallohu anhu): “Menda qo‘y bor”, dedilar. Bir guruh ansoriylar jo‘xori yig‘ib kelishdi. Shu narsalar bilan to‘y ziyofati o‘tkazildi.
Muhtaram azizlar! Keling, biz ham to‘ylarimizga bir nazar solsak. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) buyurganlaridek bo‘lyaptimi?
To‘y Alloh taologa toatning bir ko‘rinishi hisoblanadi. Shuning uchun uni sunnatga muvofiq qilish lozim. To‘y harom va isroflardan xoli bo‘lsa, oila mustahkam bo‘ladi. Mustahkam oiladan solih-soliha farzandalar dunyoga keladi. Bunday farzandlar har bir millatu elat, el-yurt va jamiyatni rivojiga, ravnaqiga har sohada o‘z hissasini qo‘shadigan mo‘min-musulmonlar bo‘lib yetishadilar.
Bahriddin Jo‘rabek o‘g‘li
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berdi.
Turkiyaning nufuzli tahlil markazi ANKASAM (Ankara Kriz ve Siyaset Araştırmaları Merkezi) O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga bag‘ishlangan tahliliy maqola e’lon qildi.
“Yangi O‘zbekiston: Diniy sohadagi islohotlarning muvaffaqiyat formulasi” deb nomlangan ushbu tahliliy maqolada mamlakatimizda vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’limni takomillashtirish, islom merosini ilmiy asosda o‘rganish va jahonga tanitishga qaratilgan keng qamrovli ishlarga yuqori baho berilgan.
ANKASAMga ko‘ra, O‘zbekistonda qabul qilingan yangi siyosat va inson qadrini ustuvor qiymat sifatida belgilagan yondashuv so‘nggi yetti yilda diniy sohada chuqur, tizimli islohotlarni amalga oshirishga poydevor bo‘ldi. Xususan, tahlilchilarning tomonidan davlat va din munosabatlarini demokratiya va ma’rifat asosida qayta yo‘lga qo‘yish, diniy ta’lim muassasalarini xalqaro andozalarga mos ravishda rivojlantirish, ilm-fan va ma’rifatni islom dini bilan uyg‘unlashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlar e’tirof etilgan.
Maqolada ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi kabi muassasalarning faoliyati, ular orqali islom dinining haqiqiy insonparvarlik va ma’rifiy mohiyati keng yoritilayotgani ta’kidlangan. Ushbu markazlar faqat diniy emas, balki ilmiy-tadqiqot, madaniy-tarixiy merosni saqlash va ommalashtirish vazifasini ham bajarmoqda.
ANKASAM tahliliga ko‘ra, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlarning muvaffaqiyati – bu siyosiy iroda, strategiyali yondashuv, ilmiy asos va xalqaro hamkorlikni o‘zida uyg‘unlashtirgan modeldir. Shu jihatdan, O‘zbekiston tajribasi mintaqa davlatlari va islom olami uchun o‘rganishga arziydigan namunalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
ANKASAM kabi xalqaro nufuzga ega tahlil markazlari tomonidan bu kabi tahliliy maqolalar e’lon qilinishi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning ochiqligi, xalqaro standartlarga mosligi va jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.