Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyun, 2025   |   20 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:29
Asr
17:39
Shom
20:01
Xufton
21:40
Bismillah
16 Iyun, 2025, 20 Zulhijja, 1446

Farzand bebaho ne’mat

21.07.2016   8102   5 min.
Farzand bebaho ne’mat

Farzand niholga o‘xshaydi. Agar u o‘z vaqtida, yaxshi parvarish qilinmasa, to‘g‘ri o‘smay qolishi mumkin. Ota-onaning vazifasi esa bolaga chiroyli tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Bu borada Abdurauf Fitrat bunday yozadi: “Axloqi go‘zal farzand Allohning ne’matidir. Yaxshi tarbiya insonning baxtu iqboli omilidir. Ba’zi fe’lu atvor tug‘ma bo‘lsa-da, ko‘pincha u shakllanadi”.

Luqmoni Hakimdan “Nega o‘g‘lingizga juda ko‘p nasihat qilasiz?” deb so‘rashganida, u zot: “Keksalarning yoshlarga qilgan nasihati xuddi ko‘chatlarni voyaga yetkazadigan bog‘bon kabidir. U vaqt-vaqti bilan nihollarning ortiqcha shoxlarini kesadi, ular atrofidagi begona o‘t-o‘lanlarni tozalaydi. Xullas, uning mustahkam bo‘lib o‘sishi uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Agar shunday qilsa, nihol yaxshi o‘sib, unadi. U hosilga kirgach, mevasi asaldek shirin bo‘ladi. Aks holda, bog‘bon beparvo bo‘lib, ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesmasa, ular baland o‘sib yaxshi hosil bermaydi. Oqibatda, bunday niholdan bog‘bonga kam foyda tegadi”.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar:

لأن يؤدب الرجل ولده خير من أن يتصدق بصاع

«Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa­ berishidan yaxshiroqdir» (Imom Termiziy rivoyati).

Boshqa hadisda bunday keladi:

ما نحل والد ولدا من نحل أفضل من أدب حسن

«Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).

Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Ota-ona tajribali tabibning bemorga nisbatan qilgan munosabati kabi bo‘lishlari kerak. Albatta, solih farzandlar  o‘z-o‘zidan voyaga yet­maydi. Balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayadi. Bolalar tarbiyasiga beparvo bo‘lmaslik kerak. Aks holda, Alloh asrasin, ular yomon kishilarga aralashib qolishlari mumkin. Lo‘nda qilib aytganda, bola qalbi oppoq (turli yozuv yozish mumkin bo‘lgan) qog‘ozga o‘xshaydi. Unga imkon qadar yaxshi yozuvlar tushirish kerak. Farzandlarimiz yaxshi insonlar bo‘lib yetishishlari uchun ular tarbiyasiga chin ixlos bilan kirishib, bor imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur.  

Buyuk yurtdoshimiz Abu Ali ibn Sino farzand tarbiyasi haqida vasiyat qilib, bunday degan: «Yosh bola ta’lim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turmush tarzi namunali bolalar bo‘lishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib o‘rganadi va ular bilan do‘st tutinadi».

Muhtaram Prezidentimiz nutqlarining birida farzandlar tarbiyasi va ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishida odob-­axloqning o‘rni katta ekani haqida to‘xtalib, bunday deganlar: “Yoshlarimizga bugunning o‘zida alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Ular nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, yoshlar – bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Ya’ni ertangi kun kutganimizdek bo‘lishi uchun bugunning o‘zida yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur” .

Mamlakatimiz  mustaqillikka  erishgach, bolalar va o‘smirlarning jismonan sog‘lom, baquvvat, ruhan va ma’nan komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun katta e’tibor  qaratilayotgani sir emas. Bunga muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan 2005 yil «Onalar va bolalar yili», 2008 yil «Yoshlar yili», 2010 yil «Barkamol avlod yili», 2016 yil esa “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishi va bu borada katta hajmdagi ishlar amalga oshirilishi dalildir.

Har tomonlama barkamol farzandni voyaga yetkazish borasida ulug‘larning juda ko‘p nasihatlari bor. Ularda, eng oldin, bolalarda shakllantirilishi kerak bo‘lgan yaxshi xislatlar bunday bayon qilinadi: Islom, ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon, vatanparvarlik, adolat, muhabbat, iffat, sabr, tilni (bo‘hton, chaqimchilik, g‘iybat kabilardan) tiyish, ibrat nazari bilan qarash, sir saqlash va hokazo.

Shu bilan birga, farzandni hasad, manmanlik, takabburlik, yolg‘on gapirish, aldash, munofiqlik, baxillik, bekorchilik, jahl, g‘azab, g‘iybat, behuda so‘zlarni gapirish, mazax qilish, shahvatga berilish, so‘kish, tama qilish, zulm, johillik kabi yomon xislatlar rivojlanishidan muhofaza qilish zarurligi ham aytiladi.

Ruhan tetik va axloqli farzand ilohiy ne’matdir. Farzandi barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona, uni avvalambor sog‘lom e’tiqod asosida tarbiyalashi kerak. Zero, to‘g‘ri va sog‘lom e’tiqod din asosidir. Aqidasi mustahkam shakllangan bola hech qachon adashmaydi, to‘g‘ri e’tiqoddan chalg‘imaydi. Modomiki, aqidasi bid’at­xurofot va noto‘g‘ri tushunchalardan xoli bo‘lar ekan, uni hech kim adashtira olmaydi, o‘ziga qaram qilolmaydi. E’tiqod dinimiz negizi, hayotimiz poydevori ekan, uni to‘g‘ri shakllantirishimiz lozim. Demak, ishonchi o‘zgargan odamning hayot tarzi ham o‘zgarar ekan. Endi u o‘zi to‘g‘ri deb bilgan, ishongan ana shu aqidaning chiziqlaridan chetlanmaydi. Hazrat Mirzo Bedil aytadilar:

 

Boshidan qiyshiq bo‘lsa poydevor,

Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor.

 

So‘fi Ollohyor hazratlari bunday deganlar:

 

Aqida bilmagan shaytonga eldir,

Agar ming yil ibodat qilsa yeldir.

 

Shu bois dinni mustahkam e’tiqod asosida o‘rganish doimo dolzarb masalalardan bo‘lib kelgan. Shu e’tibordan ota-onalar farzand tarbiyasida uning e’tiqodiga alohida e’tibor berishlari zarur. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin. Omin!

 

Tolibjon QODIROV

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

12.06.2025   7270   4 min.
Institutni tamomlagan farzandga otaning nasihati

Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!

Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.


Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.


Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.


Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.

Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...

Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!

Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.

Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.

Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!

Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!

Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz. 

Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi. 

Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.

Davron NURMUHAMMAD