Farzand niholga o‘xshaydi. Agar u o‘z vaqtida, yaxshi parvarish qilinmasa, to‘g‘ri o‘smay qolishi mumkin. Ota-onaning vazifasi esa bolaga chiroyli tarbiya berish, yaxshi inson qilib voyaga yetkazishdir. Bu borada Abdurauf Fitrat bunday yozadi: “Axloqi go‘zal farzand Allohning ne’matidir. Yaxshi tarbiya insonning baxtu iqboli omilidir. Ba’zi fe’lu atvor tug‘ma bo‘lsa-da, ko‘pincha u shakllanadi”.
Luqmoni Hakimdan “Nega o‘g‘lingizga juda ko‘p nasihat qilasiz?” deb so‘rashganida, u zot: “Keksalarning yoshlarga qilgan nasihati xuddi ko‘chatlarni voyaga yetkazadigan bog‘bon kabidir. U vaqt-vaqti bilan nihollarning ortiqcha shoxlarini kesadi, ular atrofidagi begona o‘t-o‘lanlarni tozalaydi. Xullas, uning mustahkam bo‘lib o‘sishi uchun bor kuch-quvvatini sarflaydi. Agar shunday qilsa, nihol yaxshi o‘sib, unadi. U hosilga kirgach, mevasi asaldek shirin bo‘ladi. Aks holda, bog‘bon beparvo bo‘lib, ko‘chatlarning ortiqcha shoxlarini kesmasa, ular baland o‘sib yaxshi hosil bermaydi. Oqibatda, bunday niholdan bog‘bonga kam foyda tegadi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qiladilar:
لأن يؤدب الرجل ولده خير من أن يتصدق بصاع
«Kishining o‘z farzandini chiroyli odob-axloq bilan tarbiyalashi ko‘p miqdordagi nafl sadaqa berishidan yaxshiroqdir» (Imom Termiziy rivoyati).
Boshqa hadisda bunday keladi:
ما نحل والد ولدا من نحل أفضل من أدب حسن
«Ota bolaga go‘zal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).
Bolaning tabiati, xulq-atvori oiladagi muhitga bog‘liq. Ota-ona tajribali tabibning bemorga nisbatan qilgan munosabati kabi bo‘lishlari kerak. Albatta, solih farzandlar o‘z-o‘zidan voyaga yetmaydi. Balki oilada ota-ona nazoratida tarbiyalanib, ulg‘ayadi. Bolalar tarbiyasiga beparvo bo‘lmaslik kerak. Aks holda, Alloh asrasin, ular yomon kishilarga aralashib qolishlari mumkin. Lo‘nda qilib aytganda, bola qalbi oppoq (turli yozuv yozish mumkin bo‘lgan) qog‘ozga o‘xshaydi. Unga imkon qadar yaxshi yozuvlar tushirish kerak. Farzandlarimiz yaxshi insonlar bo‘lib yetishishlari uchun ular tarbiyasiga chin ixlos bilan kirishib, bor imkoniyatlarni ishga solishimiz zarur.
Buyuk yurtdoshimiz Abu Ali ibn Sino farzand tarbiyasi haqida vasiyat qilib, bunday degan: «Yosh bola ta’lim-tarbiya oladigan joyda odob-axloqli, turmush tarzi namunali bolalar bo‘lishi lozim. Zero, yosh bola har bir narsani ularga taqlid qilib o‘rganadi va ular bilan do‘st tutinadi».
Muhtaram Prezidentimiz nutqlarining birida farzandlar tarbiyasi va ularning barkamol avlod bo‘lib yetishishida odob-axloqning o‘rni katta ekani haqida to‘xtalib, bunday deganlar: “Yoshlarimizga bugunning o‘zida alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Ular nafaqat ishonchimiz va kelajagimiz, yoshlar – bugungi va ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchidir. Ya’ni ertangi kun kutganimizdek bo‘lishi uchun bugunning o‘zida yoshlar tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarur” .
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, bolalar va o‘smirlarning jismonan sog‘lom, baquvvat, ruhan va ma’nan komil inson bo‘lib ulg‘ayishlari uchun katta e’tibor qaratilayotgani sir emas. Bunga muhtaram Yurtboshimizning tashabbuslari bilan 2005 yil «Onalar va bolalar yili», 2008 yil «Yoshlar yili», 2010 yil «Barkamol avlod yili», 2016 yil esa “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishi va bu borada katta hajmdagi ishlar amalga oshirilishi dalildir.
Har tomonlama barkamol farzandni voyaga yetkazish borasida ulug‘larning juda ko‘p nasihatlari bor. Ularda, eng oldin, bolalarda shakllantirilishi kerak bo‘lgan yaxshi xislatlar bunday bayon qilinadi: Islom, ilm, diyonat, qanoat, intizom, vijdon, vatanparvarlik, adolat, muhabbat, iffat, sabr, tilni (bo‘hton, chaqimchilik, g‘iybat kabilardan) tiyish, ibrat nazari bilan qarash, sir saqlash va hokazo.
Shu bilan birga, farzandni hasad, manmanlik, takabburlik, yolg‘on gapirish, aldash, munofiqlik, baxillik, bekorchilik, jahl, g‘azab, g‘iybat, behuda so‘zlarni gapirish, mazax qilish, shahvatga berilish, so‘kish, tama qilish, zulm, johillik kabi yomon xislatlar rivojlanishidan muhofaza qilish zarurligi ham aytiladi.
Ruhan tetik va axloqli farzand ilohiy ne’matdir. Farzandi barkamol inson bo‘lib voyaga yetishini istagan har bir ota-ona, uni avvalambor sog‘lom e’tiqod asosida tarbiyalashi kerak. Zero, to‘g‘ri va sog‘lom e’tiqod din asosidir. Aqidasi mustahkam shakllangan bola hech qachon adashmaydi, to‘g‘ri e’tiqoddan chalg‘imaydi. Modomiki, aqidasi bid’atxurofot va noto‘g‘ri tushunchalardan xoli bo‘lar ekan, uni hech kim adashtira olmaydi, o‘ziga qaram qilolmaydi. E’tiqod dinimiz negizi, hayotimiz poydevori ekan, uni to‘g‘ri shakllantirishimiz lozim. Demak, ishonchi o‘zgargan odamning hayot tarzi ham o‘zgarar ekan. Endi u o‘zi to‘g‘ri deb bilgan, ishongan ana shu aqidaning chiziqlaridan chetlanmaydi. Hazrat Mirzo Bedil aytadilar:
Boshidan qiyshiq bo‘lsa poydevor,
Osmonga yetsa ham qiyshiqdir devor.
So‘fi Ollohyor hazratlari bunday deganlar:
Aqida bilmagan shaytonga eldir,
Agar ming yil ibodat qilsa yeldir.
Shu bois dinni mustahkam e’tiqod asosida o‘rganish doimo dolzarb masalalardan bo‘lib kelgan. Shu e’tibordan ota-onalar farzand tarbiyasida uning e’tiqodiga alohida e’tibor berishlari zarur. Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin. Omin!
Tolibjon QODIROV
tayyorladi.
Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).
Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhabbat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.
Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayotidagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qondirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat barqarorligini ta’minlashdir.
Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).
Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.
Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.
Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.
Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinchligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fidoyilik ko‘rsatishi lozim.
Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).
Bu oyat nikohdagi juftlarning bir-biriga muhtojligi va ular o‘rtasidagi yaqinlikni ta’riflaydi.
Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqibatida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayotiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.
Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning boshqa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.
Kechira olish – go‘zal fazilat, dinimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqazishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.
Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.
Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.
Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mustahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.
Ubaydulloh ABDULLAYEV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi