Hozirgi kunda odamlar orasida jamiyatni zaiflashuviga, insonlarda bir-birlariga nisbatan gina-adovat va nafrat paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgan illatlardan biri buzuq niyatlardan behabar, pokiza ayollarga tuhmat toshini otib, ularni badnom qilishdir albatta. Alloh taoloning kalomida va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida unday kimsalarga bu dunyoda qilinishi kerak bo‘lgan muomala va ularni oxiratdagi xatarli xolatlari batafsil bayon qilingan.
Alloh taolo “Nur” surasi aytadi: «Albatta, (bo‘zuq niyatlardan) bexabar, poqiza, mo‘mina ayollarni badnom qiladigan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham la’natga duchor bo‘ladilar. Ular uchun ulug‘ azob bordir. U Kun (qiyomat)da qilib o‘tgan (bo‘htonlari) sababli ularning tillari ham, qo‘l-oyoklari ham o‘zlarining ziyonlariga guvohlik berur» (23-24oyat).
Va yana Alloh taolo "Nur" surasining boshqa oyatida marhamat qiladi: «Iffatli ayollarni (zinokor deb) haqoratlagan, so‘ngra (bu da’volariga) to‘rtta guvoh keltira olmagan kimsalarni sakson darradan uringiz va abadul-abad ularning guvohliklarini qabul qilmangiz! Ana o‘shalar fosiq kishilardir»(4-oyat).
Haromdan saqlangan, poqiza ayolga kimda-kim «zinoqor» yoki «fohisha» deb tuhmat qilsa, unga dunyo-yu oxiratda la’nat va ulkan azob bo‘lishini, bu dunyoda esa sakson darra urilib, garchi ishonchli bo‘lsa-da, guvohligi boshqa qabul qilinmasligini Alloh taolo bayon qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yettita halok qiluvchi ishdan saqlaninglar», deb ular orasida: «(Bo‘zuq niyatlardan) g‘ofil, poqiza, mo‘mina ayollarga tuhmat qilish»ni ham sanab o‘tganlar (Muttafaqun alayh).
Tuhmat qilish - poqiza ayolga «yey zinoqor» yoki «yey fohisha» va yo shunga ma’nodosh so‘zlarni aytish, eriga «yey fohishaning eri» o‘g‘liga «yey fohishaning o‘g‘li» qiziga «yey fohishaning qizi» deyish yoki shu kabi so‘zlarni so‘zlashdir. Bironta erkak yoki ayol boshqa bir erkak yoki ayolga va yo yosh bolaga shu va shunga o‘xshash so‘zlarni aytsa, shu so‘zlarning rostligiga to‘rtta guvoh keltirishi lozim. Agar keltira olmasa, tuhmatga uchragan erkak yoki ayol talab qilsa,jamiyat va hukumat oldida jazoga tortiladi.
Ko‘p johillar bexayo so‘zlarni aytishga odatlanib qolishgan. Holbuki, ular mana shu so‘zlari bilan dunyoda gunohkor, oxiratda azobga giriftor bo‘ladilar. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Banda o‘ylamasdan bir so‘zni aytadi-da, u sababli mashriq bilan mag‘rib orasidagi masofadan uzunroq masofali do‘zaxga qo‘laydi» deganlar (Muttafaqun alayh).
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Odam farzandi xatolarining aksariyati tilidandir», dedilar» (Tabaroniy, Bayxakiy rivoyati).
Boshqa bir hadisi sharifda: «Kimki Alloh va oxirat kuniga ishonar ekan, unda yaxshi gap gapirsin yoki sukut saqlasin», deyilgan (Muttafaqun alayh).
Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Tiliga egalik qilgan, uyi sig‘dirgan va xatolariga yig‘lagan kishiga jannat bo‘lsin», dedilar (Tabaroniy rivoyati).
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Mo‘min ta’na qiluvchi, la’nat aytuvchi, axloqsiz va bexayo so‘zlovchi bo‘lmaydi» (Termiziy rivoyati).
Alloh taolo lutf-marhamati ila barchamizni tillarimiz yomonligidan saqlasin. Albatta, u saxovatli, marhamatli zotdir.
Imom Buxori nomli toshkent islom instituti
talabasi Abdussomad Abdulbosit
Bu mavzuda salaflarimizdan kelgan bir qancha ta’sirli rivoyatlar bor. Quyida ularning ayrimlarini keltiraman:
1. Shaqiq Balxiy rahimahulloh aytadi:
"Men xushu’ni Isroil ibn Yunusdan o‘rgandim. Biz uning atrofida edik, u o‘ng tomonida kim bor, chap tomonida kim borligini bilmasdi — oxirat haqida tafakkur qilardi".
2. Yusuf ibn Asbat rahimahulloh aytadi:
"Sufyon ibn Uyayna rahimahulloh menga xufton namozidan so‘ng: "Tahorat idishini (obdasta) bergin", dedi. Unga berdim. U o‘ng qo‘li bilan olib, chap qo‘lini o‘ng qo‘lining ustiga qo‘ydi va tafakkurga cho‘mdi. Men uxlab qoldim, so‘ng saharda turdim — qarasam, idish hali ham qo‘lida. "Tong otdi", dedim. U esa bunday dedi: "Sen idishni bergan paytingdan buyon shu holda oxirat haqida tafakkur qildim".
3. Abdulloh ibn Muborak rahimahullohdan rivoyat:
U Suhayl ibn Adiyni sukunatda, tafakkurda ko‘rib:
"Qaysi nuqtaga yetding?" deb so‘radi.
U: "Sirot ko‘prigidaman", deb javob berdi.
4. Muhammad ibn Vase’ rahimahullohdan rivoyat:
Basralik bir kishi Abu Zarr vafotidan keyin uning xotini Ummu Zarrga borib, uning ibodatini so‘radi. U bunday dedi: "Abu Zarr kun bo‘yi uyning bir chetida tafakkur qilib o‘tirardi".
5. Ummu Dardo (Abu Dardoning xotini) aytadi:
"Abu Dardo roziyallohu anhuning eng afzal ibodati — tafakkur va ibrat olish edi".
6. Sirriy Saqatiy rahimahulloh aytadi:
"Har kuni burnimga qarayman — yuzim qorayganmi, deb. Tanish joyda o‘lishni yoqtirmayman — yer meni qabul qilmay qo‘ysa, sharmanda bo‘lishdan qo‘rqaman".
7. Abu Shurayh rahimahulloh haqida:
Bir kuni u yurib ketayotgan edi, to‘xtab, ko‘ylagini boshiga tashlab, yig‘lashga tushdi.
Uni ko‘rib: "Nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U bunday javob berdi: "O‘tgan umrimni, kam amalimni, yaqinlashgan ajalimni tafakkur qildim".
8. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bir kuni yig‘ladi. Sababini so‘rashdi. U bunday dedi: "Dunyo va uning shahvatlari haqida o‘yladim. Ular tugamay turib, achchiq alam bilan almashadi. Agar buning o‘zida ibrat bo‘lmasa ham, aqlli kishi uchun unda pand nasihat bor. Endi o‘z holingizga qarang, ahli oilangiz, yaxshi ko‘rgan kishilaringiz bilan bugun jam bo‘lib turibsiz, ertagachi? Ertaga esa, albatta ulardan ajralish bor".
9. Dovud Toiy rahimahullohning holati:
U to‘lin oy kechasi uyning tomiga chiqdi. Osmonga qarab Osmon va yerning yaratilishi haqida tafakkurga cho‘mdi va yig‘lay boshladi. Shunchalik qattiq ta’sirlandiki, tomdan qo‘shnisining hovlisiga yiqilib tushganini sezmay qoldi. Qo‘shni uni o‘g‘ri deb o‘ylab, qilichiga yopishdi. Ammo kelib qarasa — Dovud ekan. "Qanday qilib tomdan tushib ketding?" - deb so‘radi. Dovud: "Qanday yiqilganimni sezganim yo‘q", deb javob berdi.
10. Sufyon Savriy rahimahulloh haqida:
U do‘stlari bilan o‘tirgan edi, chiroq o‘chib qoldi. Hamma yoqni zulmat qopladi. Keyin chiroqni yoqishdi. Qarasalar, Sufyonning ko‘zlaridan oqayotgan yoshi yuzi yuvyapti. Undan: "Senga nima bo‘ldi, nega yig‘layapsan?" deb so‘rashdi.
U: "Shu onda qabr zulmatini esladim…", deb javob berdi.
Xulosa:
Salafi solihlar har bir holatda tafakkur qilganlar — taom yeganda, yurganda, yotganda, hatto suv idishini ushlab turgan paytda ham oxiratni eslab yig‘lardilar. Ular uchun tafakkur — ibodatning qalbi edi.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV