Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ota-onaga yaxshilik qilishga, ularning itoatida bo‘lishga juda ko‘p targ‘ib qilinadi. Ularning farzanddagi haqlari juda yuqori martabaga qo‘yiladi. Ammo hamma narsaning chegarasi bo‘lganidek, ota-onaga yaxshilik va itoat qilishning ham chegarasi bor. Quyida shu chegara haqida so‘z yuritiladi
عَنْ مُعَاوِيَةَ بْنِ الرَّيَّانِ؛ أَنَّهُ سَمِعَ رَجُلًا يَسْأَلُ عَطَاءً عَنْ رَجُلٍ لَهُ أُمٌّ وَامْرَأَةٌ، وَالْأُمُّ لَا تَرْضَى إِلَّا بِطَلَاقِ امْرَأَتِهِ، قَالَ: لِيَتَّقِ اللهَ فِي أُمِّهِ وَلِيَصِلْهَا. قَالَ: أَيُفَارِقُ امْرَأَتَهُ؟ قَالَ عَطَاءٌ: لَا. قَالَ الرَّجُلُ: فَإِنَّهَا لَا تَرْضَى إِلَّا بِذَلِكَ. قَالَ عَطَاءٌ: فَلَا أَرْضَاهَا اللهُ، امْرَأَتُهُ بِيَدِهِ إِنْ طَلَّقَهَا فَلَا حَرَجَ، وَإِنْ حَبِسَهَا فَلَا حَرَجَ.
Muoviya ibn Rayyondan rivoyat qilinadi:
«U bir kishining Atodan onasi va xotini bo‘lgan, onasi xotinini taloq qilishidan boshqa ishga rozi bo‘lmayotgan bir kishi haqida savol so‘raganini eshitdi. Shunda u: «Onasi borasida Allohga taqvo qilsin va unga silai rahm qilaversin», dedi. «Xotinini qo‘yib yuboradimi?» dedi. «Yo‘q», dedi Ato. Shunda haligi odam: «Onasi shundan boshqaga rozi bo‘lmayapti», dedi. «Uni Alloh rozi qilmasin! Xotini qo‘lida. Taloq qilsa ham tanglik yo‘q, tutib qolsa ham tanglik yo‘q», dedi».
Sharh: Ota-ona farzandni Allohning g‘azabini keltiradigan narsaga buyurganda uni qilmaslik kerak bo‘ladi. Taloq xuddi shunday narsa. Agar taloq tushsa, Rahmonning Arshi larzaga keladi, deyiladi. Shuning uchun bu rivoyat ona bolasidan xotinini taloq qilishni qattiq talab qilsa ham, bunga ruxsat yo‘qligining dalili sifatida keltirilibdi.
Allohning amriga, dinning ta’limotiga qaralsa, ota-onaning haqqi juda ulug‘. Bu haqiqatni har bir musulmon, kim bo‘lishidan qat’i nazar, yaxshi biladi va ota-onaning haqqini qo‘ldan kelganicha ado etishga harakat qiladi. Ammo dunyodagi barcha maxluqotlarga oid narsalarning chegarasi bo‘lgani kabi, ota-ona haqqining ham chegarasi bor. Bandaning Allohning amriga zid bo‘lgan xohishi rad qilinadi. Xoliqqa ma’siyat bo‘ladigan narsada maxluqqa itoat qilinmaydi.
Islom ta’limotida iloji boricha oilani mustahkamlashga amr qilingan. Boshqa birovning, agar o‘sha birov ota-ona bo‘lsa ham, xohishiga binoan oilani buzishga ruxsat yo‘q. Bu haqiqatni barcha ulamolar o‘zlarining qadimgi va yangi kitoblarida ta’kidlaganlar.
Muhammad ibn Muflih ibn Muhammad Maqdisiyning «Al-Odobush-Shar’iyya» nomli kitobida bu ma’noda alohida fasl bor. Unda jumladan, quyidagilar aytiladi:
«Fasl: Xotinini taloq qilishda ota-onaga itoat qilish vojib bo‘lmaydi. Agar otasi unga xotinini taloq qilishni amr etsa, ijobat qilmaydi. Buni as'hoblarimizning ko‘pi zikr qilgan».
Shayx Taqiyyuddin onasi tomonidan xotinini taloq qilish amr qilingan kishi haqida: «Uning uchun xotinini taloq qilish halol bo‘lmaydi. U onasiga yaxshilik qilaveradi. Xotinini taloq qilish onasiga yaxshilik qilishdan emas», degan.
Bu ma’nodagi hukmlar hozirgi fiqhiy kitoblarda ham kelgan.
Xuddi shu ma’no qizini majburlab ajratib olishga urinadigan ota-onalar haqida ham aytiladi.
Shariatning hukmi shu bo‘lganidan keyin, ota-onalar insof qilishlari va o‘z farzandlarining oilasini buzishni o‘zlariga ep ko‘rmasliklari kerak.
«Bir kishi imom Ahmaddan: «Otam xotinimni taloq qilishimni buyurmoqda», deb fatvo so‘radi. «Uni taloq qilma!» dedi. «Umar roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga xotinini taloq qilishni amr qilgan emasmi?» dedi. «Otang Umar roziyallohu anhudek bo‘lganda sen ham qilasan», dedi».
Ya’ni «Otang Umarga o‘xshab haq va adolatni, havoyi nafsga ergashmaslikni biladigan darajaga yetmaguncha, xotiningni taloq qilmay tur» («Mavsu’a Fiqhiyya». 80-juz. 71-72-betlar).
عَنْ حُمَيْدٍ، عَنِ الْحَسَنِ قَالَ: قِيلَ لَهُ: رَجُلٌ أَمَرَتْهُ أُمُّهُ أَنْ يُطَلِّقَ امْرَأَتَهُ؟ قَالَ الْحَسَنُ: لَيْسَ الطَّلَاقُ مِنْ بِرِّهَا فِي شَيْءٍ.
Humayddan rivoyat qilinadi:
«Hasanga: «Bir kishini onasi xotinini taloq qilishga buyurdi?» deyishdi. (Shunda) Hasan: «Taloq onaga yaxshilik qilish ishlaridan emas», dedi».
Sharh: Odamlar tarafidan Hasan Basriy rahmatullohi alayhiga: «Bir odamning onasi «Xotiningni taloq qilasan», deb turib olsa, nima qiladi?» deyilgan ekan. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytibdilarki, «Xotinini taloq qilish onaga yaxshilik bo‘ladigan ishlardan emas». Ya’ni onaning xursandchiligi uchun qilinadigan ish emas. Bu esa onasi «Xotiningni taloq qilasan», deb turib olsa, taloq qilish kerak emas. Onasining bu talabi noto‘g‘ri talab, noshar’iy talab. Uni qilmasa, bolasi gunohkor bo‘lmaydi, deganidir.
عَنْ أَبِي سِنَانٍ قَالَ: سَمِعْتُ سَعِيدَ بْنَ جُبَيْرٍ قَالَ: لُدِغْتُ، فَأَمَرَتْنِي أُمِّي أَنْ أَسْتَرْقِيَ، فَكَرِهْتُ أَنْ أَعْصِيَهَا، فَنَاوَلْتُ الرُّقَا بِيَدِي الَّتِي لَمْ تُلْدَغْ.
Abu Sinandan rivoyat qilinadi:
«Sa’id ibn Jubayrning shunday deganini eshitdim: «Meni chayon chaqib oldi. Onam menga riqoni ishlatishimni amr etdi. Unga osiy bo‘lishni istamadim va riqoni chaqilmagan qo‘lim bilan tutdim».
Sharh: Sa’id ibn Jubayr tobe’inlarning juda ulug‘ olimlaridan bo‘lgan. Bir kuni u kishining qo‘llarini chayon chaqib olibdi. Onalari jon holatda johiliylarning «riqo» deb nomlanadigan tumorini tutqazib: «Mana shuni surkasang, yaxshi bo‘ladi, shuni surkasang, yaxshi bo‘ladi», debdi. «Shunda, onamning ko‘ngli qolmasin, ya’ni men u kishiga osiy bo‘lmayin, dedim-da, haligi tumorni olib, sog‘ qo‘limga surtdim», deydi Sa’id ibn Jubayr.
Bu yerda onani xafa qilmaslik uchun hiyla ishlatilgan, lekin e’tiqodga zarar yetadigan narsa qilinmagan. O‘sha narsa meni tuzatib yuboradi, deb e’tiqod qilish shirkka olib boradi. Albatta, mo‘min-musulmon odam bunday qilmaydi. Ona tushunmasdan, haligi gapni aytib turibdi. Olim odam onamni xafa qilmay, deb, tumorni olib, sog‘ qo‘liga surtibdi. Chaqilgan qo‘l og‘rib turgan, lekin bir yo‘la ikki narsaning ham uddasidan chiqqan ekanlar. Ya’ni onalarini ham rozi qilganlar, shirkka ham yo‘l qo‘ymaganlar.
Demak, ba’zi ota-onalar tushunmasdan, noshar’iy ishlarni qilishni talab etganlarida, hiyla ishlatib bo‘lsa ham, gunohga yaqin yo‘lamaslik chorasini axtarish kerak.
عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عُمَرَ قَالَ: كَانَتْ عِنْدِي امْرَأَةٌ، وَكُنْتُ أُحِبُّهَا، وَكَانَ أَبِي عُمَرُ يَكْرَهُهَا، فَأَمَرَنِي أَنْ أُطَلِّقَهَا، فَأَبَيْتُ، فَذَكَرَ ذَلِكَ لِلنَبِيِّ ، فَدَعَانِي: «يَا عَبْدَ اللهِ، طَلِّقِ امْرَأَتَكَ».
Abdulloh ibn Umardan rivoyat qilinadi:
«Mening bir ayolim bor edi. Uni yaxshi ko‘rar edim. Lekin otam Umar uni yoqtirmas edi. U menga uni taloq qilishimni buyurdi. Men xohlamadim. U buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga zikr qildi. Shunda u zot meni chaqirib: «Ey Abdulloh! Xotiningni taloq qil!» dedilar».
Sharh: Bu yerdagi rivoyat oldingilariga tamoman teskari. Ota taloq qilishni so‘rayapti. Bola esa xohlamayapti. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa otani qo‘llayaptilar. Bu yerda gap kimning ustida ketayotganiga e’tibor berish lozim, ya’ni hazrati Umar roziyallohu anhuning ilmlariga va e’tiqodlariga zarracha shubha bo‘lmagani uchun gap boshqacha bo‘lmoqda. Zero, hazrati Umar – ulug‘ odam, mujtahidlarning mujtahidi, Rasulullohning eng yaqin kishilari. U kishi o‘g‘illarining adashganini yaxshi bilgan bo‘lsalar kerak. Kelindagi bir narsani ko‘rib, aniqlamasalar va shariatga muvofiq bo‘lmasa, gapirmas edilar. Ya’ni, hazrati Umar roziyallohu anhu noshar’iy gapni o‘g‘liga aytib, «Shunday qil», deb buyurmasdilar.
Shu aytayotgan buyruqlarida o‘g‘illariga ham, o‘zlariga ham, taloq qilinayotgan xotinga ham shar’iy jihatdan yaxshilik borligi uchun qilganlar bu ishni. Ana shuni e’tiborga olish lozim.
Buni umumiy qilib, hazrati Umar o‘g‘liga xotinini taloq qilish haqida buyruq bergan ekan, biz ham shunday qilsak, sunnat bo‘lar ekan, demaslik kerak. Biz sahobiyning amalini qilamiz, degan gap bo‘lmasligi lozim. U kishi buni bilib turib, hamma yog‘ini joy-joyiga qo‘yib qilganlar.
Yuqorida ham zikr qilib o‘tilganidek, imom Ahmad ibn Hanbaldan bir odam: «Otam xotinimni taloq qilishimni buyurmoqda», deb fatvo so‘radi. «Uni taloq qilma!» dedilar. «Umar roziyallohu anhu o‘g‘li Abdullohga xotinini taloq qilishni amr qilgan emasmi?» dedi haligi odam. Shunda u kishi: «Otang Umar roziyallohu anhudek bo‘lganda sen ham qilasan», deb rad qildilar.
Mashhur hanafiy olimlardan Mullo Ali Qori ota-onaga zulm bo‘lsa ham, yaxshilik qilish haqidagi gap borasida: «Bu ayni kamoldir. Ammo joizlikning asli e’tiboridan, (ota-ona tomonidan) xotini bilan ajrashish haqida amr bo‘lsa, uni taloq qilish lozim bo‘lmaydi. Agar ota-ona qattiq ozor topsalar ham», degan.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.