Islom dini odamlarning doimo bir-birlariga yaxshilik qilishga amr qiladi. Jumladan, shu go‘zal dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan ota-onasiga yaxshlik qilish lozimligini tushuntirgan. Ota-ona har bir inson uchun juda mo‘tabar, e’zozli ulug‘ kishilardir. Ota-ona kim bo‘lishidan qat’i nazar, ularni hurmat-ehtirom bilan ularga yaxshilik qilish har bir farzand uchun zarur bo‘lgan vazifalardandir. Alloh taolo Qur’oni karimda ota onasiga yaxshilik qilishga amr qilib bunday deydi: “Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik...” (Ankabut, 8).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar: «Allohning roziligi ota-onaning roziligi va Allohning g‘azabida ota-onaning g‘azabidadir» (Abu Dovud rivoyati).
Shuningdek, kimki Alloh taoloni rozi etaman desa, ota-onasini rozi qilishga harakat qilsin. Chunki ota-ona farzandi uchun qilgan duolari maqbul bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam marhamat qiladilarki: “Uch duo darhol qabul bo‘ladi. Ularda hech qanday shak-shubha yo‘qdir. Mazlumning duosi, musofirning duosi va ota-onaning farzandlarini koyib qilgan duosi” (Buxoriy rivoyati).
Bir kishi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam! Sizning huzuringizga hijrat qilish va jihod qilishga bay’at qilish uchun keldim”, – dedi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onangdan birortasi hayotmi?”, – deb so‘radilar. U: “Ha, ikkisi ham hayotlar”, – dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan ajr olishni istaysanmi?” – dedilar. U kishi: “Ha”, – dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ota-onang huzuriga qaytib bor, keyin ular bilan birga bo‘lib, yaxshilik qil”, – dedilar.
Bu hadisdan bizga ma’lum bo‘ladiki, bizning hayoti dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni hurmat-izzitini joyiga qo‘yib, ularga xizmat qilib duolarini olishimiz kerak ekan. Chunki, ota-onaning xizmati barcha ezgu amallardan, qolaversa, o‘zi o‘nib o‘sgan diyoridan boshqa joyga mol-dunyo va ahli-oilasini tashlab hijrat qilishdek, hamda mushriklar tamonidan ezilyotgan mo‘minlarga yordam berish savobidan ko‘ra sharafli amal ekanligi ko‘rinib turibdi. Alloh barchalarimizniing dunyoga kelishimizga sababchi bo‘lgan ota-onalarimizni o‘tganlarini Alloh rahmat qilsin va borlarini salomat qilsin.
Manbalar asosida tayyorlandi.
Qodirxon Azizov,
Kosonsoy tuman bosh imom xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Shomga kelganlarida Amr ibn Oss roziyallohu anhu Misrning mavqeini, uning Rum uchun katta quvvat ekanligini eslatib, Hazrati Umardan uni fath qilishga izn so‘ragan edi. O‘sha vaqtda Misr Rumga qaram edi. Shuning uchun Rum tarafidan qo‘yilgan hokim tomonidan boshqarilar edi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ushbu taklifdan sal keyinroq Amr ibn Oss roziyallohu anhuni Misr tomon katta lashkar bilan yubordilar. Ortidan Zubayr ibn Avvom roziyallohu anhu boshchiligidagi madad kuchlarini jo‘natdilar.
Misr hukmdori Muqavqis yuborgan yepiskop va Josliyq, ya’ni nasorolarning Shomdagi kattasi ularning yo‘llarini to‘sib chiqib, urush qilmoqchi bo‘ldilar.
Amr roziyallohu anhu ularga uch kun muhlat berishni va ikkovlari bilan gaplashishni afzal ko‘rdi. So‘ng ularni oldilariga chaqirtirib, Islomni qabul qilishga yoki jizyaga rozi bo‘lishga da’vat qildi. Yana ularga Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning Bibi Hojar va Ismoil alayhissalom sababidan Misr ahliga yaxshilik qilish haqidagi vasiyatlarini eslatdi.
Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, sizlar Misrni fath qilursizlar. U bir yerki, u Qiyrot deyilur. Qachon uni fath qilsangiz, ahliga yaxshilik qilinglar. Chunki ular uchun zimma va qarindoshlik yoki zimma va qudachilik bor», degan edilar.
Ular bu gaplarni eshitib:
«Anbiyolardan boshqalar erisha olmaydigan uzoq qarindoshlik haqqi, senga qaytib kelgunimizcha bizga omonlik ber», dedilar.
«Men kabilar aldanmaslar. Lekin nazar solishingiz uchun ikkingizga uch kun muhlat beraman», dedi u.
Ular ziyoda qilishni so‘radilar. Amr yana bir kun qo‘shib berdi. Ular maslahat qilgani ketdilar.
Artabun urush qilmoqchi bo‘ldi va urishib yengildi. Amr turli shaharlarni qamal qilish uchun lashkarlar yubordi. Asosiy kuchlar Aynush-shams nomli joyda turdi. Ma’lum muddat qamaldan so‘ng qarshi taraf sulh so‘radi. Amr roziyallohu anhu Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bilan maslahat qilib, quyidagi ahdnomani yozib berdi:
Bismillahir rohmanir rohiym
Ushbu Amr ibn Ossning Misr ahlining jonlari, mollari, millatlari (dinlari), cherkovlari, xochlari, quruqliklari va suvlari uchun bergan omonligidir. Ularning mazkur narsalariga biror aralashuv bo‘lmaydi, kamsitilmaydi va ular bilan nubiylar (habashiylar) birga yashamaydi.
Misr ahliga, agar ular ushbu sulhga binoan jizya berishga kelishsalar, daryolari ziyoda bo‘lib turganda ellik ming dirham vojib bo‘lur. O‘g‘rilari qilgan jinoyat ham ularning zimmasida bo‘lur.
Agar ulardan kimlardir buni qabul qilishdan bosh tortadigan bo‘lsa, jizyadan o‘shalarning miqdoricha kamaytiriladi. Kim bosh tortsa, u bizning zimmamizda bo‘lmaydi. Agar daryolari to‘lalik vaqtidan ozayadigan bo‘lsa, ulardan (olinadigan jizya) o‘shaning miqdoricha kamaytiriladi. Ularning sulhiga rumliklardan va nubiylardan kim kirsa, unga ham ularga bo‘lgan imtiyozlar va majburiyatlar bo‘lur. Kim bosh tortib, boshqa tomonga ketishni iroda qilsa yoki bizning sultonimizdan chiqmoqchi bo‘lsa, u o‘z omonlik joyiga yetib olgunicha bizning omonlikdadir. Ularga (misrliklarga) vojib bo‘lgan narsaning uchdan biri o‘shalarga ham vojib bo‘lur.
Ushbu yozilganlarga Allohning ahdi va zimmasi, Uning Rasulining zimmasi, mo‘minlar amirining zimmasi va mo‘minlarning zimmasi bordir.
Yordam berishga rozi bo‘lgan nubiyliklarga jang qilinmasliklari va ichki va tashqi tijoratdan man qilinmasliklari sharti ila buncha bosh tuya va buncha ot.
Zubayr va uning ikki o‘g‘li: Abdulloh va Muhammad guvoh bo‘lishdi. Vurdon yozdi».
Ushbu hujjatdagi jizyaning hisobini qilgan ulamolar har boshga yiliga bir dinorning o‘ndan biri to‘g‘ri kelganini ta’kidlaydilar.
So‘ngra musulmonlar Amrning fustoti (chodiri) atrofiga o‘z fustotlarini o‘rnata boshladilar. Shu tariqa Qohiraning hozirgacha nomi saqlanib kelayotgan Fustot nomli nohiyasi paydo bo‘ldi.
Shundan so‘ng Amr ibn Oss roziyallohu anhu Iskandariya tomon yurdi. Yo‘ldagi mintaqalarda yashovchi qibtiy va rumliklar unga qarshilik ko‘rsatdilar. Musulmonlar ularning barchasini yengdilar. Amr roziyallohu anhu iskandariyaliklarga Misr sulhi kabi sulh taklif qildi, biroq ular ko‘nmadilar. Shuning uchun kuch ishlatib, fath qilishga to‘g‘ri keldi. Shunday bo‘lsa ham, ular ahli zimma deb hisob qilindilar. Avvalgi urushlar vaqtida rumliklar qibtiylarning ko‘p narsalarini zo‘rlik bilan tortib olgan edilar. Qibtlar Amr roziyallohu anhuga arz qilib, o‘sha qadimgi haqlarini olib berishni so‘radilar. Amr roziyallohu anhu hujjat va dalil keltirganlarning haqlarini qaytarib olib berdi.
Misr va Iskandariya fath qilingach, rumlar Qustantiniyaga ketdilar. Qibtlar va ularning boshlig‘i Muqavqis shartnomaga asosan yashab qoldilar. Amr roziyallohu anhu Muqavqisga o‘z qavmiga boshliq bo‘lishi uchun sharoit yaratib berdi. Ehtiyoj tug‘ilgan paytda musulmonlar unga maslahat ham solib turar edilar.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi